Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga tashrifi davom etyapti.
Navbatdagi manzil madaniy meros obyektlari soni koʻpligi bilan alohida ajralib turuvchi Jidda shahri boʻldi. Delegatsiya aʼzolari Abdurauf Hasan Xalil muzeyida boʻldi.
Aytish joizki, haqiqiy sanʼatning ildizi mahorat va donishmandlikka borib taqaladi. Shu bois xoh u oʻtmishda, xoh zamonaviy hayotda boʻlsin, insonga estetik zavq bagʻishlaydi, dunyoqarashini kengaytiradi va borliqni mohiyatan anglashiga ragʻbat beradi. Mazkur muzeyga tashrif buyurganlar ham inson qoʻli bilan yaratilgan shunday asarlarning shaydosiga aylanishi shubhasizdir.
Abdurauf Hasan Xalil koʻp yillar Saudiya Arabistonida tashqi ishlar vaziri yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan va mamlakatning boshqa davlatlar bilan diplomatik aloqalarini mustahkamlashga hissa qoʻshgan. Bu davrda toʻplagan kolleksiyasi asosida xususiy muzey shakllantirgan.
Abdurauf Xalil muzeyi Xalqaro Taybat ilm-fan va bilimlar shahrining bir qismi boʻlib, Jiddada boʻlishi shart boʻlgan muzeydir. Muzey haqiqatan ham oʻziga xos shahar. U 12 binodagi 300 xonada islomdan oldingi va islom tarixini jonlantiradi. Muzey Saudiya Arabistoni merosi uyi, Islom merosi uyi, xalqaro meros uyi va jamoat merosini oʻz ichiga oladi.
Bu yerda Markaziy Osiyo tarixi bilan bogʻliq koʻplab eksponatlar ham bor. Masalan, XIX asrda Toshkentda mis idishga ishlangan miniatyura, XIV asrda Qurʼon oyatlari bilan zeb berilgan Temuriylar davriga oid choynak, X asrda, Somoniylar davrida yasalgan sopol kosa shular jumlasidan.
Delegatsiya aʼzolari va muzey xodimlari oʻrtasida kechgan muloqot jarayonida muzeyning tashkil etilishi, eksponatlarni namoyish qilish va jarayonda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish mavzulari muhokama qilindi. Eng muhimi, eksponatda yoritilgan mavzulardagi ochiqlik, erkinlik va islomdan boshqa madaniyatlarga nisbatan hurmat ruhidir.
– Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan madaniy-gumanitar sohada amalga oshirilayotgan megaloyiha. Shu bois uning ekspozitsiyasini yangi mazmun bilan boyitish masalasida izlanishlar olib borilyapti, – deydi delagatsiya aʼzosi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov. – Davlat rahbari topshirigʻiga asosan, nafaqat oʻzimizning va xorijiy olimlar, tarixchilar, mutaxassis va ekspertlar fikri, balki xalqaro tajriba ham oʻrganilyapti. Saudiya Arabistoniga safarimiz ayrim hollarda duch kelinadigan notoʻgʻri talqinlarga barham bera olgani bilan ham ahamiyatlidir. Chunki, Podshohlikdagi muzeylarda islomdan avvalgi davr ham yoritilgan. Qolaversa, insonlarning, xususan ayollarning siymolari aks etgan hunarmandlik va musavvirlik ishlari ham namoyishga qoʻyilgan.
Darhaqiqat, muzey ekspozitsiyasi chin maʼnoda madaniyatlararo chorraha vazifasini oʻtayapti va dini, eʼtiqodi, millatidan qatʼi nazar, tashrif buyuruvchilarga hayrat ulashyapti. Eng muhimi, islomning bagʻrikenglik tamoyillarini oʻzida toʻla aks ettirgan. Namoyishga qoʻyilgan turli eksponatlar misolida buni yanada yorqinroq koʻrish mumkin.
Abdurauf Hasan Xalil muzeyida turli sivilizatsiyalarga oid badiiy va arxeologik asarlar, jumladan, Xitoy, Yevropa va islom olamining turli mintaqalariga oid asarlar mavjud. Odamlar va hayvonlarning haqiqiy oʻlchamdagi koʻplab maketlari, portretlar va muayyan bir voqelikni aks ettirgan suratlar namoyon.
– Mamlakatlarimiz oʻrtasida masofa katta boʻlsa-da, muzey ekspozitsiyasida bu u qadar koʻzga tashlanmaydi. Bu yerda Qurʼon oyatlari bilan zeblangan Temuriylar davriga oid idishlar va boshqa koʻplab eksponatlarni koʻrib, yurtimiz tarixiga yuksak hurmat va eʼtiborni yana bir karra his qildik, – deydi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi direktori Firdavs Abduxoliqov. – Saudiya Arabistoniga safar, aytish joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning diniy-maʼrifiy sohalarda olib borayotgan siyosati, saʼy-harkatlari namunalaridan biridir. Bu ilm ahliga ilhom berib, shu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlarning yangi bosqichga koʻtarilishiga xizmat qilyapti.
Muzeyga tashrif davomida kelgusidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.
Delegatsiya oʻz ishini davom ettiryapti.