Amir Temur va temuriylar davrida Movarounnahr va Xurosonda, xususan, poytaxt Samarqandda fan va madaniyatning yangidan tugʻilishi, taʼlim tizimining rivojlanishi Amir Temur va uning nabiralari Muhammad Sulton va Mirzo Ulugʻbek nomi bilan bogʻliq. Ular ilm-fan sohasini hamisha qoʻllab-quvvatlagan.
Sharq oʻlkalarida taʼlim tizimi va uning bosqichlari bizgacha yetib kelgan manbalar asosida qator olimlar tomonidan tadqiq etilib, natijalari turli tillarga tarjima qilingan [3].
Maʼlumki, XIV asr oxirida Movarounnahrda Amir Temur saltanati tashkil topganidan soʻng mamlakatni birlashtirish va turli yurishlar uyushtirish bilan birga taʼlim tizimini yaxshilash boʻyicha ham keng koʻlamdagi ishlar amalga oshirildi. Samarqandda Amir Temurning xotinlari – Saroymulkxonim madrasasi, Tuman ogʻo xonaqoh va kulohfurushon timi, nabirasi Muhammad Sulton madrasasi, amirlaridan Idiku Temur Feruzshoh madrasasi, amaldorlaridan Samarqand sadri mavlono Qutbiddin madrasa qurdirdi. Bundan tashqari, yuqorida nomlari keltirilgan mashhur insonlardan boshqa shaxslar tomonidan ham qator inshootlar, jumladan, madrasalar bunyod etilgan.
Madrasalarda oʻqish arab tilida olib borilgan. Shuning uchun arab tili morfologiyasi va sintaksisi chuqur oʻrgatilgan. Oʻqitiladigan hamma asar yoki ularning sharhlari arab tilida yozilgan edi. Shuning uchun talabalardan arab tilini mukammal bilish jiddiy talab qilingan. Bu esa mudarrislardan ham, talabalardan ham katta masʼuliyat talab etgan.
Oʻqitiladigan ilmlar tasnifi, oʻqitish saviyasi, mudarrislar mavqeiga binoan madrasalar ikki bosqichga boʻlingan. Birinchisi umumiy taʼlim beruvchi oʻquv maskani – u madrasa deb atalgan. Bunday madrasalarda ilmi naqliya – diniy ilmlar ancha chuqur oʻrganilgan. Ilmi aqliya – tabiiy fanlardan esa umumiy maʼlumot berilgan. Bu turdagi madrasalar kichikroq shaharlarda, tumanlarda, baʼzi katta mahallalarda ham boʻlgan. Umumiy taʼlim madrasalarini bitirgan talabalar, koʻproq, maktablarda oʻqituvchi, masjidlarda imom, qozixonalarda mufti yoki boshqa lavozimlarda ishlagan. Lekin bunday madrasani bitirganlar ichidagi iqtidorli talabalar ikkinchisi – madrasayi oliyada oʻqishni davom ettirgan.
Madrasayi oliya taʼlim-tarbiyaning eng oliy bosqichi hisoblangan. Bunday madrasalar asosan ilm-fan rivojlangan Samarqand, Buxoro, Xiva va Hirot kabi shaharlarda boʻlgan.
Qoida boʻyicha madrasalarda oʻqish kunlari haftaning toʻrt kuni – shanba, yakshanba, dushanba, seshanba, ikki kuni – chorshanba va payshanba dars tayyorlash kunlari, juma esa dam olish kuni hisoblangan. Oʻqish bir yilda olti oy davom etgan. Aslida oʻquv yili mezon oyining birinchi kuni (21-sentyabr) da boshlanib, hamal oyining birinchi kuni (21-mart)da tugagan. Qolgan hamal, savr, javzo, saraton, asad, sumbula oylari taʼtil davri boʻlib, talabalar tirikchilik (hunarmandchilik, dehqonchilik, masjidlarda imomlik va h.) bilan band edi. Baʼzilari esa madrasalarda qolib, oʻqishni mustaqil tarzda davom ettirgan.
Oʻqitish tanlov asosida olib borilgan. Bilimi kuchli talabalar oʻqishni davom ettirgan, ilm saviyasi yetarli boʻlmagan talabalar oʻqishdan ozod etilgan. Jumladan, Hirotdagi Ixlosiya madrasasida har 30 kunda 30 ta talabadan kuchlilari ajratib olinar edi [13]. Madrasaga boshlangʻich taʼlim maktabini tugatgan oʻspirinlar qabul qilingan.
Madrasalardagi oʻquv muddati haqida soʻz yuritganda, shuni taʼkidlab oʻtish kerakki, turli madrasalarda oʻquv muddati bilim doirasiga qarab turlicha boʻlgan. Movarounnahr madrasalarida, jumladan, Ulugʻbek madrasasida oʻqish muddati 19-20 yilga moʻljallangan oʻquv reja asosida tuzilgan. Baʼzi vaqfnomalarga koʻra, oʻquv muddati 21 yilga uzaytirilgan yoki baʼzan 8 yilga qisqartirilgan. Ulugʻbek madrasasida oʻquv muddati rasman 8 yilga moʻljallangan [4]. Shunga binoan oʻquv rejasi ishlab chiqilgan. Lekin Ulugʻbek madrasasida oʻqib, ijozatnoma olish muddati oʻn olti yil ham boʻlgani haqida Shamsiddin Muhammad Balxiyning sanad (shahodatnoma)i dalolat beradi [8].
Madrasalarda asosan oʻrganilayotgan fanlar tarkibida ulumi naqliya (Qurʼon, hadis, fiqh, tasavvuf) va u bilan bogʻliq ilohiy ilmlardan tashqari, dunyoviy fanlar chuqur oʻqitilgan. Tarix, adabiyot, falsafa, jugʻrofiya, aniq fanlar, tibbiyot, xattotlik sanʼati, sheʼriyat va boshqa fanlar shular jumlasidandir. Lekin baʼzi madrasalarda yoʻnalishiga qarab, xususan, Ulugʻbek madrasasida riyoziyot, handasa, ilmi hayʼat, tarix, jugʻrofiya, ilmi aruz, muhandislik, arab tili va uning morfologiyasi, falsafa, mantiq fanlariga katta eʼtibor berilgan.
Madrasani bitirgan talabalarga ijozatnoma (diplom) berilar edi. Bu ijozatnoma talabalarga dars oʻtish, yaʼni mudarrislik qilish huquqini bergan. Ijozatnomada talaba tomonidan oʻzlashtirgan ilm (sohasi) va oʻrgangan asarlar nomi yozilgan.
Talabalar ichida oʻz qobiliyati va isteʼdodi bilan alohida ajralib turgan talabalarga madrasada dars oʻtishga ijozatnoma berilib, shu madrasada mudarris sifatida faoliyat olib borgan. Masalan, Mirzo Ulugʻbek madrasasida Ali Qushchi va Abdurahmon Jomiy mudarris sifatida faoliyat yuritdi.
Shunday ijozatnomalardan biri, aniqrogʻi Ulugʻbek madrasasining bosh mudarrisi Salohiddin Muso Qozizoda Rumiy tomonidan 1435-yili berilgan ijozatnoma Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Qoʻlyozmalar fondida saqlab kelinmoqda [7]. Akademik B.Ahmedov “Ulugʻbek” nomli risolasida uning oʻzbekcha tarjimasini keltirgan. U quyidagicha: “Shamsiddin Muhammad Balxiy ilm tahsil qilish uchun vatanidan uzoq yerlarga safar qilishni ixtiyor qildi. Musofirlikning ogʻir zahmatlariga chidadi… U Samarqandda oʻn olti yil chamasi istiqomat qildi. Uning talab vodiysida ilmning tiniq suviga tashnaligi kun sari ortib turdi. Idrokli va ziyrak boʻlgani uchun darslarni tez tushunar edi. Dars vaqtlarida Abu Bakr Urmaviyning “Lavom al-asror min matoleʼ al-anvor” kitobining yashirin sirlarini tushundi. “Badoyeʼ al-ibkor min tavoleʼ al-afkor” asarining pardalari nuqtalarini ochdi. Shuningdek, “Talvihot al-tavzeh” kitobi uning eʼtiborini tortdi. “Minhoj al-vusul ilo al-usul”ni tinmayin mutolaa qildi. Nihoyatda tortilib va harakat qilib “Ihkom al-ahkom muntaxab muntahil amal va-s-suol” kitoblarini ham etishdi. “Mafoteh abvob al-adab”ni tahsil qildi. “Kashshof” va uning ishonchli sharhlaridagi chiroyli iboralarning yuzlaridan parda ochdi.
“Qurʼon” oyatlari dengizidan durlar olib chiqdi. Undan tashqari “Mavokiy al-kalom” sahifalaridagi latif soʻzlar hamda maqsadlaridan voqif boʻldi. “Hidoya” dalillariga erishdi. Sheʼriy masalalarni bilish uchun “Nihoya” (“Hidoya” sharhi)ga toʻgʻri yoʻl topdi. Ushbu darajaga yetgach, yurtdoshlarini oʻz ilmidan naflantirish uchun vataniga qaytmoqchi boʻldi. Mendan oliy sanad bilan ijozat berishimni iltimos qildi. Men uning iltimosini qabul qildim…
Qozizoda Rumiy nomi bilan mashhur boʻlgan faqir ul-haqir Muso ibn Muhammad ibn Mahmud 838-yil rajab oyining oʻrtalari (1435-yil fevral oyining oʻrtalari)”.
Madrasalarga nafaqat ushbu dargoh joylashgan shaharda yashovchi, balki boshqa hududlardan kelgan talabalar ham qabul qilinar edi. Baʼzi madrasalarning dongʻi ketgani uchun ularda taʼlim olishga talabalar boshqa shaharlardan kelgan. Hirotdagi Ixlosiya madrasasiga taʼlim olishga turli mamlakatlardan talabalar kelib oʻqib, madrasani bitirgach, oʻz vatanlariga qaytgan. Bu madrasada 20 yil mobaynida minglab talaba oʻqib chiqqan.
Temuriylar davrida koʻzga koʻringan madrasalarga oʻqishga kirishga, uni tugatishga davlat tomonidan keng imkoniyat yaratilgan edi.
Madrasada olimlar bilimini oshirish borasida ham katta ishlar amalga oshirilgan. Hirotdagi Gʻiyosiya madrasasiga shayxulislom Mavlono Shahobiddin Abalhaq at-Tusiy (vaf.812/1410) Tusdan kelgan [10]. Qunduzda joylashgan Ishqamish qishlogʻida yashovchi Mavlono Muhammad Badaxshiy Samarqandga kelgan, Mirzo Ulugʻbek madrasasida yaxshi taʼlim olib, uyiga qaytgan [14]. Mavlono Abdurahmon Jomiy 1436-yil Samarqandga kelib, Mirzo Ulugʻbek madrasasida alloma Qozizoda Rumiy va yosh mudarris Fazlulloh Abu Layslardan taʼlim olgan. Shamsiddin Muhammad Balxiy ham Balxdan kelib Mirzo Ulugʻbek madrasasida ilm olish uchun Samarqandda oʻn olti yil istiqomat qilgan [2]. Hirot madrasalarida Mirzo Ulugʻbek astronomiya maktabi namoyandalari asarlaridan ham maʼruza qilingan. Shohruh madrasasida Muhammad Jajarmiy mudarrislik qilib, Mirzo Ulugʻbekning shogirdi Ali Qushchining “Sharx-i tajrid” nomli asaridan maʼruza oʻqigan. Tinglovchilar orasida Abdurahmon Jomiy ham boʻlgan.
Oʻrganilayotgan davrning yetuk olimlari turli fanlar boʻyicha madrasa oʻquvchilari uchun darslik yaratgan. Jumladan, Alisher Navoiyning ustozi Mahdumi Mavlono Fasihiddin Muhammad Nizomiy (Ohund) morfologiya va sintaksis boʻyicha oʻquv qoʻllanma yozgan. Uning falsafa va riyoziyot fanlariga oid asarlaridan madrasa talabalari darslik sifatida keng foydalangan [6].
Maʼlumki, Mavlono Saʼdiddin Masʼud Taftazoniyning (vaf. 1511) merosi Oʻrta asrlarning deyarli hamma bilim sohalarini qamrab olgan 40 dan ortiq asarlardan iboratdir. Uning qalamiga mansub barcha asarlaridan, Qurʼonga yozilgan sharhi bundan istisno, XIV asr ikkinchi yarmidan XVI asr ikkinchi yarmigacha boʻlgan davrda Movarounnahr madrasalarida darslik sifatida foydalanilgan.
Mavlono Saʼdiddin Masʼud Taftazoniy madrasa talabalari orasida keng tarqalgan bir qator “Risola”larni yozgan. Ular orasida eng mashhuri “Alvohi xavotir” (“Xotira taxtasi”) edi [12].
Madrasalarda davlat maʼmuriyatida xizmat qiluvchi, elchilik ishlari bilan shugʻullanuvchi va lashkarboshilar ham tayyorlangan. Aynan shu holatdan kelib chiqqan holda baʼzi madrasalarda ixtisosligiga koʻra ulumi aqliya, ulumi maʼmuriya, ulumi harbiya fan sohalaridan maʼruza oʻqilgan.
Olimlar yigʻilishi (kengashi) ham tez-tez boʻlib turgan va unda ularning maʼlumotini oshirish uchun har gal yangi asarlar yuzasidan maʼruza qilingan. Jumladan, Mirzo Ulugʻbek atrofida Samarqandda toʻqsondan ortiq olimlar yigʻilgan. Buni Zayniddin Vosifiyning quyidagi maʼlumoti isbotlaydi: “Aytadilarki, olimlar yigʻilish kuni toʻqson alloma nazdida mavlono Xofiy “Al-Majist”dan dars aytibdur” [5].
Maʼlumki, hozirgi oliygohlarni – institut, universitetlarni tamomlagan iqtidorli talabalar shu oliygohda keyinchalik ustozlik qilishga taklif qilinadi. Fikrimizcha, bu anʼana bizgacha temuriylar davridan yetib kelgan. Ulugʻbek madrasasida ham qobiliyatli yoshlar madrasani bitirganidan keyin mudarris sifatida olib qolingan. Jumladan, Aloiddin Ali Qushchi, Abdurahmon Jomiy, Mansur Koshiy va boshqalar Qozizoda Rumiy va Mirzo Ulugʻbek eʼtiboriga tushgan va shu madrasada dars bergan. Abdurahmon Jomiy bir qancha vaqt Ulugʻbek madrasasida sarf va nahvdan dars oʻtgan. U keyinchalik, mudarrislik tajribalarini umumlashtirib “Sharhi mullo” asarini yozdi. Aslida, bu asar “Al-Qofiya” asariga sharh boʻlib, XX asr boshlarida ham madrasalarda asosiy darsliklardan biri sifatida oʻqitilgan.
Har bir madrasada, albatta, mutavalli lavozimi boʻlgan. U asosan xoʻjalik ishlari bilan shugʻullangan. Uning zimmasiga madrasaga tegishli vaqf yerlarini ijaraga berish, undan tushadigan daromadni, shuningdek, vaqfning ixtiyorida boʻlgan karvonsaroy, doʻkon, tegirmon va boshqa koʻchmas mulklardan keladigan daromadlarni oqilona taqsimlash, madrasa xodimlariga maosh, talabalarga esa vazifa (stipendiya) sifatida mablagʻ, oziq-ovqat mahsulotlari ajratish kabi xoʻjalik ishlarini olib borgan.
Samarqanddagi Mirzo Ulugʻbek madrasasi Movarounnahr va Xurosonning eng eʼtiborli madrasalaridan biri boʻlgan. U ikki qavatli boʻlib, 55 nafar hujrasi boʻlgan. Har bir hujra 2 talabaga moʻljallangan, uch xona: yotoqxona, darsxona, qaznoq (oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar uchun)dan iborat boʻlgan.
Talabalarni oʻqitishda ularni yuqorida aytilganidek, quyi, oʻrta va yuqori guruhlarga boʻlib chiqilgan edi. Talabalarga beriladigan vazifa (stipendiya)larni ularning oʻqish saviyasiga qarab belgilangan. Madrasani rasmiy oʻqish muddati ichida tugatmagan talabalarga maosh berilmagan [9:9].
Buxoro madrasasining vaqfnomasi hozircha nomaʼlumdir. Lekin 1841-1843-yillarda Buxoroda boʻlgan rus sayyohi N.V.Xanikov maʼlumotiga koʻra, shu yillari madrasa talabalari yilida 3,5 tillo olgan [11].
Shuni taʼkidlab oʻtish joizki, madrasa vaqfnomalarida nafaqat iqtisodiy jihatlari, balki ulardagi tartib-intizom, oʻqitiladigan fanlar, talabalarning uch guruh: adno, avsat, aʼloga boʻlib oʻqitilishi haqida ham soʻz yuritiladi. Demak, har bir guruhga xos oʻquv dasturi ishlab chiqilgan edi.
XV asr Movarounnahr va Xuroson madrasalarida oʻqish muddati rasman 8 yil boʻlgan. Agar talaba shu 8 yil ichida dastur talablarini bajara olmasa, belgilangan vazifa (stipendiya) toʻxtatilgan va talaba belgilangan imtiyozlardan mahrum boʻlgan.
Alisher Navoiy “Vaqfiya” asarida madrasadagi tartib-intizom haqida quyidagi maʼlumotni keltiradi: “Shart ulkim, madrasa mavolisi (egasi) madrasada batutat qilgʻaylarkim, agar oʻzga yerda sokin boʻlub, dars chogʻi hozir boʻlmasalar, muqarrar qilgʻon vazifaning nisfin olgʻaylar va bu madrasa va xonaqohning mudarrisidin yo talaba va mutavalli va shayx va huffoz va soyir amalasidin nomashruʼ amre sodir boʻlsa, ikki qatlagʻacha sharʼan har muvohazagʻa mustavjib boʻlsalar, anga koʻra boʻlsalar, anga koʻra taʼzir va ehtisob qilsunlar. Uch qatla vujud tutqondin soʻngra ixroj qilsunlar, dagʻi oʻrniga yana kishi nasb qilsunlar” [1].
Koʻrinib turibdiki, madrasadagi tartib-intizom, talabalarning darsga qatnashi qattiq nazorat ostida boʻlgan, darsga qatnashmaganlarga vazifa berish toʻxtatilgan. Agar talaba uch marta sababsiz darsni qoldirsa, madrasadan chiqarilgan, uning oʻrniga munosib talaba qabul qilingan.
Xullas, madrasalar qurilishi sababsiz emas edi. Chunki Amir Temur saltanatga asos solib, uni yanada mustahkamlash uchun savodli amaldorlar, ziyolilar yetishtirishga zarurat paydo boʻlgan edi. Amir Temur va temuriylar davrida taʼlim tizimi rivojiga katta eʼtibor qaratilgan. Amir Temur qayerda boʻlmasin, oʻzi bilan Samarqandga koʻzga koʻringan olim-u fuzalolarni olib kelib, taʼlim va fan rivojiga hissa qoʻshishiga sharoit yaratib bergan. Oʻzidan ilgari Movarounnahrda qurilgan va turli sabablar tufayli buzilib ketgan madrasalarni tiklab, ularda talabalar taʼlim olishi uchun imkoniyat yaratgan. Amir Temurdan keyin Mirzo Ulugʻbek Movarounnahrda, Shohrux, Sulton Husayn Boyqaro va Badiuzzamon esa Xurosonda uning bu boradagi ishlarini davom ettirdi. Mudarris va talabalar ehtiyoji (maosh, taom, kiyim-kechak, yotoq, oʻqishga kerakli narsalar va b.) davlat mablagʻlari va vaqf mulklari hisobidan taʼminlab turildi.
Darhaqiqat, Oʻrta asrlarda madrasalar ilm-u urfon va ziyo tarqatish maskani boʻlgan. Hozirgi kunda yurtimizdagi universitet va institutlar yuqoridagi madrasalar vorisi sifatida xizmat qilmoqda.
-
Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami. Vaqfiya. T.14
-
Ahmedov B. Ulugʻbek. Esse. – B.112-113.
-
Бартольд В.В. Улугбек и его время.; Мец А. Die Renissance des Islams. 1922. Ўша муаллиф, Мусульманский ренессанс. – Москва: Наука, 1966; Абдуллаев В., Валиходжаев Б. Дыхание веков. – Самарканд, 1970; Ihsan ogʻlu E.Osmanli egitim muesseseleri. // Osmanli devleti ve medeniyeti tarihi. 2 cilt. – Istanbul, 1998. – Б.232-251.
-
Вехи времен. Альманах-89. – Ташкент: Ғафур Ғулом, 1989. – С.87; Valixoʻjayev B. Samarqandda oliy taʼlim – madrasai oliya – universitet tarixidan lavhalar. 28-bet; Тахиров М. Педагогические взгляды Мирзы Улугбека. – С.63.
-
Зайниддин Восифий. Бадоеъул вақоеъ. – Б.50-51.
-
Матвиевская Г.П., Тиллашев Х. Математические и астрономические рукописи… – С.25; Юсупова Д. Жизнь и труды Хондамира. – С.97-98.
-
Oʻz FA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondi. Inv. R 106 83-Sh.
-
OʻzFA Abu Rayhon nomidagi Sharqshunoslik Instituti qoʻlyozmalar fondi. Inv. №10683/ III: Axmedov B. Ulugʻbek. Esse. –Toshkent: Yosh gvardiya, 1989. – B.112-113.
-
Oʻrolov A., Xojixonov M. Ulugʻbek yaratgan maʼnaviyat. – B.9.
-
Фасих Хавафи. Муджмал-и Фасихи. – С.157.
-
Ханыков Н.В. Описание Бухарского ханства. СПб.1943. – С.86; Бартольд В.В. Соч. Т.II. Ч.2. – С.125.
-
Xondamir. Makorim al-axloq. Kembr. nashri. 133 b, 157 b-varaqlar; Юсупова Д. Жизнь и труды Хондамира. – С.115.
-
Xondamir. Maʼosir al-muluk. Tehr. nashri. 175-bet. Юсупова Д. Жизнь и труды Хондамира. – С.149.
-
Xondamir. Habibus siyar. Tehr. nashri. IV j., – B.349; Юсупова Д. Жизны и труды Хондамира. – С.156.