“Hijrat” soʻzi lugʻatda “tark etmoq” maʼnosini anglatadi. Sharʼiy istilohda esa, musulmon odamning joni va dinini asrash uchun vatanini tark etishi tushuniladi.
Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asaridagi birinchi hadisda bu maʼno ochiq ifodalangan.
Umar ibn Xattobdan rivoyat qilinadi:
“Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini eshitdim: “Albatta, amallar niyatlarga bogʻliqdir va har bir kishi uchun niyat qilgan narsasi boʻladi. Bas, kimning hijrati Alloh va Rasuliga boʻlsa, uning hijrati Alloh va Rasuliga boʻlgan hisoblanadi. Kimning hijrati molu dunyoga boʻlsa, unga erishadi yoki biror ayolga boʻlsa, unga uylanadi. Uning hijrati hijrat qilgan narsasiga boʻladi”.
Hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijrat muqaddas islomiy tushunchalardan ekanini bayon qilish bilan birga, Makkadan Madinaga hijrat qilgan musulmonlarni har bir ishda niyatni yaxshi qilish va Allohning rizosini istash zarur ekaniga daʼvat qilganlar. Ammo Makka fath etilgandan keyin Rasulullohsollallohu alayhi vasallam musulmonlarni u yerdan hijrat qilishini man etganlar. Bu Sahihul Buxoriyda kelgan quyidagi hadisda oʻz ifodasini topgan:
Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Fathdan soʻng hijrat yoʻqdir…”, dedilar.
Mazkur hadis Makka toʻgʻrisida aytilgan boʻlsa-da, shaharning fath etilgani undan hijrat qilish joiz emasligiga sabab boʻlgani uchun ushbu hukm barcha fath etilgan diyorlarga tegishli hisoblanadi. Demak, qaysi diyor bir marta fath etilgan boʻlsa, undan hijrat qilish mumkin emas. Ammo yuqorida taʼkidlanganidek, kofirlar tomonidan ishgʻol qilinib, musulmonlarning joni va diniga xavf tugʻilgan diyorda hijrat hukmi yangidan joriy boʻladi. Chunki hijratdan koʻzlangan asl maqsad musulmonning joni va dinini saqlab qolishdir.
Davlat rahbari musulmonlardan boʻlgan va musulmonlar emin-erkin ibodat qila oladigan diyordan kamchilik topishga urinib, odamlarni hijrat qilishga chaqirish fitnaning ayni oʻzidir. Chunki bundan koʻzlangan asl maqsad hijrat emas, balki yoshlarni har xil urushlarga jalb etishdir. Buni ularning gapiga aldanib, koʻp yillar begona yurtlarda sarson boʻlib, oxir- oqibat Allohning marhamati bilan vataniga qaytib kelishga muyassar boʻlgan musulmonlar misolida bilib olish mumkin. Oʻtgan davr mobaynida adashgan toifalarning koʻrsatmasiga amal qilganlar biror islom diyorida tinch va farovon hayot kechirgani kuzatilmadi. Mazkur holatlar Oʻzbekiston musulmonlar uchun eng bexavotir joy ekanini koʻrsatadi.
Qolaversa, hijratdan toʻsadigan omillar uning soqit boʻlishini taʼminlaydi. Masalan, hijrat qilish uchun moddiy imkoniyati boʻlmaslik, keksalik yoki yoshlik kabi omillar hijratning soqit boʻlishiga sabab boʻladi. Alloh taolo buni Qurʼoni karimda quyidagicha bayon qilgan:
“Farishtalar oʻziga zulm qilgan kimsalarni vafot ettirayotganda: “(Dunyoda) qanday holda edingiz?” deydi. Ular: “Biz Yerda kuchsiz edik”, deydi. (Farishtalar:) “Allohning Yeri keng emasmidiki, unda hijrat qilsangiz?!” deydi. Ana oʻshalarning joyi doʻzaxdir. U juda ham yomon joydir. Lekin erkak, ayol va bolalardan chorasiz boʻlgan va yoʻl topa olmaydigan zaiflari bundan mustasnodir. Alloh ularni afv qiladi. Alloh afv qiluvchi va magʻfiratli Zotdir”.
Bu oyatda Alloh taologa toat-ibodat qilishdan toʻsilganini bahona qilib, U Zotga ibodat qilmaganlar qoralanmoqda. Chunki ular boshqa yerga borib, emin-erkin ibodat qilish imkoniyatiga ega edi. Oyatning davomida qari, bemor, ayol va yosh bolaga hijrat vojib boʻlmasligi ochiq bayon etilgan.
Hijratdan toʻsadigan omillardan yana biri ota-ona boʻlib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni yolgʻiz tashlab ketishdan qaytarganlar. Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad” asarida bunday keltirgan:
Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi:
“Bir kishi ota-onasini yigʻlatib, hijrat qilishga ahdu paymon qilish uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Ularning oldiga qaytib borgin-da, qanday yigʻlatgan boʻlsang, shunday kuldir!” dedilar”.
Ota-onasini tashlab ketish joiz emasligi haqida kelgan hadislar juda koʻp boʻlib, ularning baʼzisida ota-onaga xizmat qilish jihoddan ham afzal ekani ochiq ifodalangan. Imom Buxoriy “Sahihul Buxoriy” asarida “Ota-onasining iznisiz jihod qilmaydi” degan alohida bob ajratib, unda quyidagi hadisni keltirgan:
Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi:
“Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: “Jihodga chiqaman”, dedi. U zot: “Ota-onang bormi?” deb soʻradilar. U: “Ha”, dedi. “Unday boʻlsa, ular (xizmati)da jihod qil!” dedilar.
Mazkur hadisda ota-onaga xizmat qilish jihoddan afzal va savobliroq ekaniga dalil bor. U zot “ota-onang musulmonmi?” deb soʻramadilar. Demak, bu masalada ota-onaning musulmon yoki kofirligining ahamiyati yoʻq.
Abu Amr Shayboniy Abdulloh (ibn Masʼud)ning hovlisiga ishora qilib: “Bizga mana shu hovlining egasi bunday xabar berdi”, dedi:
“Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Qaysi amal Allohga suyukliroq?” deb soʻradim. U zot: “Vaqtida oʻqilgan namoz”, dedilar. Men: “Undan keyin qaysi?” dedim. U zot: “Ota-onaga yaxshilik qilish”, dedilar. Men: “Undan keyin qaysi?” dedim. U zot: “Alloh yoʻlida jihod qilish”, dedilar. Abdulloh aytadi: “U zot bularni menga aytdilar. Agar yana soʻrasam, javob beraverar edilar”.
Hadisda ota-onaga yaxshilik qilish jihoddan oldin qoʻyilgan.
Ota-onaga xizmat qilish jihoddan afzal ekaniga Qurʼoni karimda ham dalil bor.
Alloh taolo: “Robbing Oʻzidan boshqaga ibodat qilmasligingizni va ota-onaga yaxshilik qilishni hukm qildi”, degan. Bu namozdan keyin eng afzal va savobli amal ota-onaga yaxshilik qilish ekaniga yaqqol dalildir. Chunki oyatda Allohga ibodat qilishdan keyingi oʻrinda ota-onaga yaxshilik qilish zikr etilgan. Xullas, hamma dalillar jamlansa, ota-onaning iznisiz hijrat qilish va jihodga chiqish joiz emasligi maʼlum boʻladi.
Adashgan toifalar sirlari fosh boʻlib qolishidan qoʻrqib, bu kabi qatʼiy va muttafaqun alayh dalillarni biror marta tilga olmaydi. Bu ularning kitob-u sunnatdan oʻzining gʻarazli maqsadida foydalanayotganini koʻrsatadi. Ular yoshlarning ilmsizligidan foydalanib, oyat va hadislarni oʻzlari xohlagancha talqin qilmoqda. Masalan, ulardan biri: “Ibrohim alayhissalom otasi kofir boʻlgani uchun uni tashlab ketgan. Siz ham ota-onangizni tashlab, hijrat qiling!” deydi. Ming afsuski, unga ergashganlardan birortasi: “Ibrohim alayhissalom haqidagi qissalarda bunday maʼno yoʻq. Balki Ibrohim alayhissalom otasiga juda mehribon boʻlgan. Bir oyatda otasi Ozar uni toshboʻron qilib oʻldirmoqchi boʻlgani va uydan haydab chiqarganidan keyin noiloj otasini tark etgani, shunda ham otasiga salomatlik tilab, unga istigʻfor aytishini maʼlum qilgani aks etgan boʻlsa, boshqa oyatda Ibrohim alayhissalom otasining kofir holda oʻlganini bilgandan keyin unga istigʻfor aytishni toʻxtatgani, Ibrohim alayhissalom juda koʻp duo qiluvchi va mehribon kishi boʻlgani bayon qilingan”, deyishga ilmi yetmaydi. Yoki ulardan birortasi: “Bizning ota-onamiz kofir emas. “Allohdan oʻzga iloh yoʻq va Muhammad uning elchisidir” degan odamni kofir deyishga nima haqqingiz bor? Yoki bu toyyib kalimani aytgan odam musulmon hisoblanishi haqidagi hadislarni inkor qilasizmi?!” deya olmaydi. Shayxlari: “Ular namoz oʻqimagani uchun kofir”, desa, birortasi: “Ularning koʻpchiligi namozxon. Baʼzilari namoz oʻqimasa-da, namoz oʻqishni niyat qiladi. Ular namozning farzligini inkor qilmaydi”, deb javob berishdan ojiz.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, yoshlarimiz adashgan toifalarning ustki koʻrinishiga uchishni tark qilib, ishonchli olimlarning aniq dalillariga quloq solmas ekan, hech qachon zalolat botqogʻidan chiqa olmaydi. Oʻzi, ota-onasi va musulmonlar jamiyatini xavf ostida qoldirishda davom etadi. Savobga erishish oʻrniga gunohga botadi. Alloh taolo zalolat yoʻliga bilmasdan kirib qolgan birodarlarimizni Oʻz fazlu marhamati bilan toʻgʻri yoʻlga hidoyat qilsin!