Oʻrta Osiyo xonliklarida, xususan, Buxoro amirligida toshbosma usulida kitob nashr etish ishlari Yevropa, Osiyo, Rossiya davlatlaridan keyin, XIX asr oxirida yoʻlga qoʻyildi. Arab mamlakatlari, Eron va Hindistonda esa toshbosma kitoblar nashri XIX asrning boshlarida paydo boʻlgan [4:270-285]. XIX asrning 80-yillariga qadar toshbosma kitoblar amirlikka Hindiston, Arab mamlakatlari, Turkiya va Rossiyadan olib kelib sotilgan [2:254]. Dastlabki litografiyalar Turkiston general-gubernatorligi hududida yuzaga kelgan. Toshbosma usulda kitob chiqarish jamiyatning turli sohaga oid bilimlarga boʻlgan talablarini qondirishga yaqindan yordam berdi, ilmiy bilimlarni targʻib qilish va axborot tarqatish doirasini kengaytirdi, kitoblar arzonlashib, adadi koʻpayishiga sabab boʻldi. Kitoblarni bosma (poligrafiya) usulida chop etish uchun, eng avvalo, bosmaxonalar ochish, ularni zarur dastgohlar, uskuna va jihozlar, tipografiya texnikalari bilan taʼminlash zarur edi.
Bundan tashqari, nashr ishlari uchun mutaxassislar ham kerak boʻlib, bu amirlik sharoitida hal etilishi qiyin masala hisoblanardi [3:100]. Nashr ishlari haqidagi quyidagi maʼlumotlarni arxiv hujjatlari asosida koʻrib chiqamiz.
Shu tariqa, XX asr boshlarida Buxoroda nashr ishlarida litografiyadan keng foydalanila boshlandi. Amirlikda birinchi toshbosma nashriyotlar 1901-yili Kogonda tashkil etilib, “Baranovskiy litografiyasi”ni 1903-yili O. Levin, 1904-1913 yillarda Gaysinskiy va Bendeskiy, 1913-yildan esa yana O.Levin boshqargan [1:115]. Keyingi Obidjon Mahmudov matbaasi, bu bosmaxona 1905-yili Qoʻqonga koʻchirilgan. Buxoro shahrida 1910-yili “Orif afandi matbaasi” tashkil qilingan. Shu tariqa, Buxoro amirligida toshbosma texnikasida kitob chop etish yangi Buxoroda (Kogonda, yahudiy Levin litografiyasi), keyinchalik Buxoro shahrining oʻzida 70 dan ortiq xususiy nashrlar ham yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, Buxoroda nashr va noshirlik ishlari bilan Sayyidxoʻja, Mullo Sulton Murodxoʻja, Hoji Azim Margʻinoniy, Abduvosiy Oqsoqol, Mullo Najmiddin, Abdurahim Buxoriy, Mullo Muhammad Qosim, Muhammadiy maxdum (Mullo Muhammadiy Maxdum Buxoriy, Mullo Muhammadiy maxdum), Qozi Rahimjon Buxoriy, Sayyid Murod xoʻja (Murodxoʻja Toshkandiy), Sayyidxon, Sayyid Mahmud va Abdumajid ibn Abduvakil Oqsoqol, O. Levin, Mullo Sayyid Ahmad, Sayyid Murod xoʻjalar kabi shaxslarning xususiy nashriyotlari boʻlib, hamda kitob savdosi bilan shugʻullanganlar(Mazkur shaxslarning nomlari OʻzR FA SHI fondida saqlanayotgan Buxoroda chop etilgan toshbosma kitoblarning maʼlumotlari asosida aniqlandi).
Shu oʻrinda amirlikdagi litografiya ishlari ustidan Chor maʼmurlari nazorati oʻrnatilganligini qayd etib oʻtish lozim. Rossiya ichki ishlar vazirligi nashr ishlari boʻyicha Bosh boshqarmasi tomonidan yuborilgan sirkulyar xatda barcha guberniyalardagi mavjud bosmaxonalar va ularning nashrlari ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish zarurligi toʻgʻrisida koʻrsatma berilgan [6:19].
Buxoroda XX asr boshlariga kelib nashr ishlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ishchi uyushmasi tashkil etilganligi, Buxoro stansiyasi ishchi uyushmasining nashr ishlari boʻyicha 1918-yil 11-yanvarda imzolangan majlis qarorida nashr ishlari, xodimlari va ularga belgilangan oylik maoshi haqidagi bayonnoma quyida berilgan:
Ishchi uyushmasi umumiy majlis qarori asosida tipografiya ishi ikki shaxsga ishonib topshirildi; yaʼni uyushma aʼzosi va Buxoro hukumati tomonidan bir nafar amaldor tayinlanishi belgilangan. Ishchi uyushmasi tomonidan bir ovozdan uyushma aʼzosi I.F.Melnikov, Buxoro hukumati tomonidan esa, ularning xohishiga koʻra tayinlanishi belgilanib, ularga toʻliq ishonch bildirilishi koʻrsatilgan. Ular tipografiya ishlarini yoʻlga qoʻyish, pul operatsiyalarini amalga oshirishlari taʼkidlangan[5:76]. Oldingi mudirning yetarli tajribaga ega emasligi va tipolitografiya ishlarini tushunmasligi sababli hozirda korxonaning texnik taʼminoti tugallanmagan, yaʼni zarur jihozlar bilan taʼminlanmaganligi sababli tipografiya hech qanday foyda olmagan, aksincha zarar koʻrgan. Tipolitografiyani toʻliq jihozlash maqsadida 50 000 (Ellik ming) rubl miqdorida moliyaviy qoʻllab-quvvatlash Buxoro hukumati hisobidan qoplanilishini soʻrab murojaat etilgan va ushbu mablagʻga quyidagilarni xarid qilish taqsimlangan [12:77]
1.1 jadvalga qarang.
№ |
Tipo-litografiya jihozlari |
summa |
1. |
Litografiya(toshbosma) |
3000 rubl |
2. |
bosmaxona |
5000 rubl |
3. |
kitoblarni muqovalash |
8000 rubl |
4. |
chiziqli |
1000 rubl |
5. |
toʻplam |
5000 rubl |
6. |
4- toifadan (kiruvchi) sarflar |
22000 rubl |
Shuningdek, tipo-litografiya xodimlarining ish haqlari ham koʻrsatib oʻtilgan: tipografiya ishlarini yuritishda bir qator mutaxassislar jalb etilgan boʻlib, ularning har biri alohida vazifani bajargan. Masalan, tipografiya jihozlarini sozlovchi A. Razvozov –320 rubl, yogʻ ishlab chiqaruvchi Masuilov –310 rubl, omborchi I. Bugayev 300 – rubl, bosmaxonani sozlovchilari Karixalev – 300 rubl, Kajuxova – 300 rubl, harflarni terib yozuvchi Abduraxmonov – 287 rubl, Ashurov – 250 rubl, Siromyatnikova – 200 rubl, Konstantinov – 200 rubl, Kuznesova – 200 rubl, muqovachi – Zimin 200 rubl, Tumanov – 200 rubl, litografiya ishlarini qabul qiluvchi Misheryakova – 200 rubl, harflarni teruvchi Alekseyeva – 175 rubl, 4 toifali bogʻlovchi Ribina – 150 rubl, kitob muqovalarini qoplovchi Astashina –150 rubl, harflarni teruvchi Makrushina – 150 rubl, muqova qoplovchi Melnikova – 159 rubl, farrosh – 150 rubl, qoʻriqchi Turobov – 150 rubl, oshpaz Muxanovalarga – 130 rubl maosh belgilangan. Nashr ishlarida 15 nafardan ortiq mutaxassis faoliyat yuritgan.
Buxoro hukumati tipolitografiya xizmatchilarining oylik maoshi oʻn ikki ming uch yuz yigirma ikki (12322) rublni tashkil etganligi taʼkidlanadi. Baʼzi bir arxiv hujjatida esa Buxoro hukumati tomonidan litografiya ishlarini yoʻlga qoʻyish uchun katta amaldor Abdul Gʻofur-Xoʻja qorovulbegi toshbosma uslubida nashr ishlarini oʻz nomiga qonuniylashtirganligi taʼkidlanib, vete bosmaxonasini oʻzi va Nasimga rasmiylashtirgan. Bosmaxonani xususiylashtirish uchun Buxoro hukumati tomonidan berilgan ishonchnomaga binoan A.Melnikov bosmaxona ishchisi, deb tan olingan va ishonchnoma Qushbegi muhri [10:81] bilan tasdiqlangan.
Buxorodagi rus fuqarosiga 1917 — yil 5-sentyabrdagi xatda oliy hazratlaridan bosmaxona uchun zarur boʻlgan materiallar uchun 50 000 soʻm miqdorida qoʻshimcha kredit berilishi soʻralgan. Shu yilning (1917) 12-sentyabrida Rossiya-Osiyo bankiga koʻp marta Rossiya Rezidensiyasining joriy №949 hisob raqamiga pul qabul qilish haqida maʼlumot berilib, yashash joyidan maʼlum miqdorini qabul qilishni tasdiqlashi soʻrab murojaat etilgan[9:7].
Rossiya hukumatiga nashriyot mudiri Bugayev tomonidan yoʻllangan xatda nashriyot uchun 500 rubl miqdordagi kvitansiya yuborilishi taʼkidlanib, shu bilan birga Buxoroda yashovchi A.Y.Millerning Buxoro bosmaxonasi uchun qilgan xizmat safari xarajatlari qoplanishi va Mirza Mustafo Mirakxoʻrning 1917- yil 22-iyundagi xatiga asosan kerakli summa ushlab qolinib, unga yuborilish haqida koʻrsatma berilgan[8:50].
Boshqa bir hujjatda esa Buxoro hukumati bosmaxonasi hayʼati tomonidan berilgan bayonnoma Buxoro hukumatiga tegishli nashr ishlarida ayrim bosmaxona egalarining ish yuritish jarayonidagi kelishmovchilik haqida. Buxoro hukumati bosmaxonasi mudiri Bugayev va bosmaxona ishchilari oʻrtasidagi kelishmovchilikni ishchi guruh koʻrib chiqib, bayonnoma hayʼat aʼzolari tomonidan tuzilgan, ular Mixail Aleksandrovich Preobrajenskiy, Ivan Ivanovich Imnyakov va Buxoro bosmaxonasi vakili Mirza Naim Qoroulbegi. Ushbu bayonnoma koʻchirmasida 1918-yil 5-yanvardan boshlab butun bosmaxonaning ishlarini olib borish bosmaxona ishchilari tomonidan tanlangan uch kishi – Yevgeniy Shepelev, Ivan Melnikov, Sergey Medvedkov hamda Buxoro hukumati vakili Abdugʻafur Xoʻja Jevachilardan iborat. Bosmaxonada mol-mulk inventarizatsiyasi yoʻqligini inobatga olib, guruh oʻsha kunning oʻzidayoq darhol mol-mulkni inventarizatsiya qilishni boshlashi va yashash joyidan hisob-kitobni talab qilishi kerak boʻlgan. Bosmaxonadagi holatdan qatʼi nazar kassani qayta koʻrib chiqish, dekabr oyi uchun hisobot 2-3 kun orasida rezidentlikka taqdim etilishi, rezidentlik ushbu hisobotni tegishli hujjatlar bilan taqqoslab koʻrsatishi talab etilgan. Yanvar oyining 5 kunidagi xarajatlar va daromadlar yuqoridagi guruh tomonidan tekshirilishi kerak[7:29], shuningdek, kirish va sarf-xarajatlarning qolgan qismini qabul qilishi lozim. Kassani tekshirganda toʻrt yuz ellik yetti soʻm 79 tiyin naqd pul boʻlgan. Litografiya ishlari uchun qilingan 60-sonli kvitansiya II-xarajat buyrugʻi 1918-yilda keltirilgan.
Boshqa bir xatda Buxoroda yashovchi rus fuqarosiga L. N. Levin tomonidan tipografiya mahsuloti va qolgan qogʻozni taxminan 130000 rubl miqdorida sotib olish toʻgʻrisida taklif qilingan va quyidagi shart bilan: 20 foiz miqdorida pul toʻlash va qolgan summani 6 oy davomida kredit orqali toʻlash. Bosmaxonadagi qogʻoz uch oyga yetishi haqida xabar berilgan[11:73].
Xulosa qilib aytganda, XX asr boshlarida Buxoro va Kogonda toshbosma kitoblarning nashri yoʻlga qoʻyildi. Nashr ishi daromad keltiradigan faoliyat turi sifatida mahalliy ishbilarmonlarning ham diqqatini tortganligi bois tez rivojlandi. Bosmaxonalarda, asosan diniy (arab tilida), adabiy-axloqiy (fors tilida) mavzudagi asarlar hamda xalq ogʻzaki ijodi namunalari (oʻzbek tilida) nashr qilingan. Buxoro nashriyotlarining mahsulotlari faqat xonlikda emas, balki butun Turkiston va qoʻshni davlatlar hududlarida ham tarqalgan. Mazkur davrda kitobat sanʼatida yangi bosqich toshbosma usulida kitob chop etish nashriyotlarning bosqichi boshlandi.
-
Бобохонов А. Ўзбек матбааси тарихидан – Б.115.
-
Вяткин В.Л. Бухарский книжный рынок// Туркестанские ведомости. 1897 – С. 254. (№64)
-
Гафаров Н. История культурно-просветительской деятельности джадидов в Бухарском эмирате – Худжант, 2000 – С.100.
-
Марр Ю. Н. Типографии современного Ирана (1925-1926)//Статьи и сообщения. VII. М.,– Л., 1939. – С. 270-285.
-
OʻzMA I-3- fond, 2-roʻyxat, 722 — yigʻma jild, 76-varaq.
-
OʻzMA I 1- fond, 17- roʻyxat, 32002 — yigʻma jild, 19-varaq.
-
OʻzMA I-3- fond, 2-roʻyxat, 722- yigʻma jild, 29-varaq.
-
OʻzMA I-3- fond, 2- roʻyxat, 722- yigʻma jild, 50-varaq.
-
OʻzMA I-3- fond, 2- roʻyxat, 722- yigʻma jild, 7-varaq.
-
OʻzMA I-3- fond, 2- roʻyxat, 722- yigʻma jild, 81- a, b varaqlar.
-
OʻzMAI-3- fond, 2- roʻyxat, 722- yigʻma jild ish, 73-varaq.
-
Oʻsha joyda… 77-varaq.