Urgutlik Asrorxon ibn Muftiy Umarxon – Muftaqir zullisonayn shoir, mudarris, maʼrifatparvar, muftiy boʻlib, koʻp yillar davomida Urgut bekligida qozi vazifasida faoliyat olib borgan. Qozi Eshon Asrorxon 1875-yilda tavallud topgan. Boshlangʻich taʼlimni Choʻbin madrasasida olgan. Yoshlik chogʻlaridayoq Jomiy, Navoiy, Bedil, Mir Kashmiriy, Muqimiy va boshqa yirik shoirlar asarini zoʻr eʼtibor bilan oʻqigan.
Ilmga chanqoqlik Muftaqirni Buxoroga yetakladi. U 1891-1892-yillarda Mir Arab madrasasiga qabul qilindi. Madrasani tugatgan Muftaqir 1905-yilda Urgutga qaytadi va umrining soʻnggi kunigacha “Naqshin” madrasasida mudarrislik qiladi. U oʻz zamonasining yetuk jamoat arbobi darajasiga koʻtarilgan ulamolardan biridir.
Maʼrifatchi Qozi Asrorxon 1920-1925-yillarda Mir Arab madrasasida oʻqishni rus inqilobi tufayli tugata olmagan talabalarni Urgutga chaqirtirib, ularga saboq berishni yoʻlga qoʻygan. Uning tashabbusi bilan “Naqshin” madrasasi yonida ikki qavatli katta xonaqoh qurilgan. Unda 200 talabaning yashab, oʻqishi uchun imkoniyat yaratilgan. Buyuk maʼrifatparvar Urgut madrasalarida dars berish uchun Buxorodagi mashhur madrasalar mudarrislarini taklif etgan va ular kelib yoshlarga ilm oʻrgatgan.
XIX asr adabiyoti rivojiga urgutlik shoirlar ham munosib hissa qoʻshgan. Urgutlik adabiyotshunos olim A.Abdurahmonovning bu boradagi ilmiy tadqiqotlari diqqatga sazovordir. Muallif oʻz asarida bir necha olim va shoirlarning oʻtmishda barakali ijod qilganini yoritib bergan. Shulardan biri urgutlik shoir va jamoat arbobi Muftaqirdir. Shuningdek, yozuvchi Farmon Toshevning “Samarqandlik adiblar” nomli risolasida ham Muftaqir toʻgʻrisida maʼlumot berilgan.
Muftaqir oʻz zamondoshi boʻlgan isteʼdodli shoirlar Doiy Uratepagiy, Sadri Ziyo Buxoriy, Vasliy Samarqandiy, Neʼmatillo Muhtaram, Abdulla Xoʻja Abdi va Taslim Qoratepagiylar bilan ijodiy muloqotda boʻlgan. Lirik sheʼrlarini Muftaqir, hajviy sheʼrlarini esa Pashminapoʻsh taxallusi bilan yozgan. U zullisonayn shoir edi. Yaʼni tojikcha va oʻzbekcha (forscha-turk) sheʼr yozgan. Muftaqirdan ikki yirik devon qolgan. Lekin bu devonlar kimning qoʻlida qolgani va qayerda ekani maʼlum emas.
Shuningdek, ulamolardan Xatirchi tumanida yashab oʻtgan ulamo Mullo Qodir va balandqishloqlik Mullo Isoq shoir Muftaqir haqida qiziqarli maʼlumot bergan. Ular shoirni doimo alohida bir mehr bilan eslab, oʻz ustozi sifatida iliq fikr bildirgan. Shoirning farzandi Said Abdulhay Eshon bobo hayotlik chogʻlarida otasidan qolgan bir ruboiyni adabiyotshunos olim A.Abdurahmonovga aytib bergan:
Bu aytishuv ikki doʻstning bir-biriga nihoyatda yaqin boʻlganidan dalolat beradi.
Balandqishloqlik Mullo Husenxon bobo biz bilan suhbatda bunday deydi:
– Padari buzrukvorimiz Navoiy va Bedilni oʻqib, hayotda gʻam-hasratga toʻlib toshgan Muftaqir sheʼrlarining juda koʻp qismini yoddan bilar edi. Ayniqsa, shoirning hazil-mutoyiba sheʼrlarini juda shavq bilan oʻqir ediki, biz ham ularni eshitib zavq olganmiz. Muftaqir – serqirra ijodkor boʻlib, shoir Navoiy va Bedilga qiziqishi nihoyatda kuchli boʻlgan.
Muftaqirning oʻgʻli Eshon Shamsiddinxonning guvohlik berishicha, Urgutning talaygina mashhur va zukko ilm sohiblari uning shogirdlari boʻlgan. Chunonchi urgutlik taniqli sharqshunos olim Qutbiddin Muhiddinov – Qutbiy, shoir Musannif Abdulaziz, shuningdek, Mulla Isoq, Mullo Sharif, Mullo Shonazar, Mullo Begboy va Mullo Xudoyberdi shular jumlasidandir. Qozi Asrorxon Muftaqir 1926-yilda mustamlakachilar tomonidan milliy-ozodlik harakati vakillarini qoʻllab-quvvatlashda ayblanadi. Ular xalq hurmatiga sazovor boʻlgan bu insonni zaharlab oʻldiradi. Bu, oʻz navbatida, shoirning katta eʼtiborga ega ekanini koʻrsatadi. Shu nuqtayi nazardan karaganda, Muftaqir urgutlik irshodpanoh Eshon Valixon boboning yaqin qarindoshi va shayx Muhiddinxonning yaqin doʻsti, maslakdoshi edi.
Dushanbe shahridagi “Donish” nashriyotida chop etilgan Abdullaxoʻja Abdi qalamiga mansub “Tazkiratush shuaro” asarida Muftaqir haqida iliq soʻzlar aytilgan. Shuningdek, bunday soʻzlar Neʼmatillo Muhtaramning “Tazkiratush shuaro” kitobida ham keltirilgan.
Mustaqillik tufayli oʻtmishimizga xolis va toʻgʻri baho berish imkoniyati yaratildi. Shu sababdan Urgutda yashab oʻtgan olimlar, ulamolar va shoirlar ijodini oʻrganish muhim ahamiyatga egadir.
Qozi Asrorxon – Muftaqir oʻz faoliyatini Farididdin Attor, Abdurahmon Jomiy, Yoqub Charxiy, Xoja Ahror Vali, Maxdumi Aʼzam kabi yetuk ulamolarimiz va ularning suluklari asosida davom ettirib kelgan. Ammo XIX asr oxiri – XX asr boshlariga kelib bu tariqat yoʻli tazyiqqa uchradi. Faqat mustaqillikka erishganimizdan keyin tasavvuf va tariqatga ham xolis hamda haqqoniy baho berish asosiy vazifalar qatoridan joy oldi. Tarixda xalqimiz yuksalish va inqiroz davrlarini boshidan kechirdi. Savodsizlik, ijtimoiy qoloqlik, mustabidlik, ilgʻor fikrli kishilarni oʻldirish va kitoblarga oʻt qoʻyish kabi holatlar yurtdoshlarimiz ruhini ezdi.
Yangi Oʻzbekistondan ona yurti va jahon tarixiga oʻzgacha nazar bilan qaraydigan, jiddiy va xolis munosabatga ega, oʻz Vatani tarixi va mustaqilligidan faxrlanadigan yoshlar yetishib chiqmoqda. Maʼlumki, oʻn besh asrdan buyon islom dini mehr-oqibat, poklik, odob-axloq, sabr-toqatlilik taʼlimoti bilan xalq eʼtiborini oʻziga jalb etib kelmoqda. Afsuski, din tarixida ham islom taʼlimotini buzib koʻrsatish hollari boʻlgan. Ammo istiqlol sharofati bilan minglab diniy madrasa, maktab va oliy taʼlim muassasalari ochildi.
Inqilob bosqini davrlarida sharoit ogʻirlashgan, zamon birmuncha notinch, aholining ziyoli qatlami, sayyid va eshonlar, mullalar qattiq taʼqib ostiga olingan edi. Ana shunday kishilardan biri Umarxoja oʻgʻli Muftaqir boʻlib, u bu davrda Urgutning yetuk ulamosi, shoiri, Ulugʻbek madrasasi mudarrisi va barcha urgutliklar qatori oʻz qishlogʻi taqdiri uchun bosqinchilarga qarshi kurashda faol ishtirok etgan hamda rahbarlik qilgan kishilardan biridir.
Mustaqillik sharofati bilan bugungi kunda tumanning barcha goʻshalari qayta chiroy ochmoqda. Oʻz qadriyatlarimizni tiklash uchun Muftaqirdek taniqli yurtdoshimizning nomini abadiylashtirish, qoldirgan sheʼriy devonlarini izlab topish va nashr qilish muhim ahamiyatga egadir. Bu esa, adabiyotshunoslarimiz oldidagi dolzarb vazifalardan biridir.
-
Karimov I.A. Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch. – T.: Ma’naviyat, 2008.
-
Oʻzbekiston ulamolari. Tuzuvchilar: X.Yoʻldoshxoʻjayev, I.Qayumova. – T.: Movarounnahr, 2015.
-
Abdulloxoja Abdi. Tazkiratush shuaro. Kamol Ayniy tahriri ostida. 1951.
-
Neʼmatullo Moʻhtaram. Tazkiratush shuaro. Kamol Ayniy tahriri ostida. 1951.
-
Ostonaqulov I., Abduahatov N., Toshqulov A. Bir umr dostoni. – T.: Mumtoz soʻz, 2013.
-
Choriyev A. Hazrati Sulton tarixi va Hazrati Bashir manoqibi. – T.: Sharq, 1996.
-
Zoti bobarakot – Shayx Qutbiddin Urgutiy. Tuzuvchi. Filologiya fanlari doktori, professor M.Muhiddinov. – T.: Tamaddun, 2020.
-
Turdiyev Sh. Qismat. Hidoyat jurnali. 2007-yil 9-son. – B.26-27.
-
Respondent: Shamsiddin ota Asrorxonov – Urgut.