Joriy yilning 20-iyul kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida “Imom Buxoriyning islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.
Buyuk muhaddisning tavallud kuni munosabati bilan tashkil etilgan anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Hadis ilmi maktabi rahbariyati va ilmiy jamoasi, Samarqanddagi oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari, Fanlar akademiyasining Arxeologiya instituti olimlari, Musulmonlar idorasi hamda Samarqand viloyatidagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya ochilishida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov alloma nomi bilan ataladigan innovatsion muzey konsepsiyasi loyihasining taqdimotini oʻtkazdi.
Tadbirda katta tarixga ega islom ilmlari borasida butun musulmon dunyosida boy tajriba toʻplangani, tabiiyki, bunda koʻhna Movarounnahr va zamonaviy Markaziy Osiyo mutafakkirlarining hissasi beqiyosligi, allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni asrab-avaylab, kelajak avlodga yetkazishda innovatsion muzey ham muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi.
Yangidan barpo qilinayotgan majmuada tashkil etilayotgan muzeyda Imom Buxoriyning hayoti, ilmiy yoʻli, oʻsha davr tarixi zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida namoyish etiladi. Uni tashkil etishdan maqsad – majmuani faqat ziyorat maskani emas, balki insonlar qalbini ilm va hikmat bilan zabt etadigan, ayniqsa, yoshlarning hayotda adashmasdan, toʻgʻri yoʻl topishiga xizmat qiladigan maʼrifat oʻchogʻiga aylantirishdan iborat. Muzeyni yaratishda Madina shahridagi paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyi, Istanbuldagi Panorama 1453 tarix muzeyi, Bursa fath muzeyi, Anqaradagi turk xalqlari tarixi muzeyi, Parijdagi Luvr muzeyi va Britaniya muzeyi tajribasidan foydalanilgan.
Ш.Зиёдов 9 pavilyondan iborat “Imom Buxoriy innovatsion muzeyi”ning har bir boʻlimi boʻyicha – ularning maqsadi, qaysi mavzularga yoʻnalgani, joylanadigan kontent yuzasidan atroflicha maʼlumot berdi.
Ishtirokchilar soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar nafaqat, yurtimiz ulamolari, balki butun islom olamining yetuk namoyandalari tomonidan yuksak baholanib, islom ilmlari rivojiga benazir hissa qoʻshgan alloma va mutafakkirlar ilmiy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish uchun mustahkam poydevor yaratganini taʼkidladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining tashkil etilishi bu borada zalvorli qadam boʻldi. Xususan, muhaddislar imomi, hadis ilmida moʻminlarning amiri – Imom Buxoriy xotirasi va merosiga chuqur ehtirom koʻrsatilib, uni oʻrganish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Muhaddislar sultoni xoki abadiy qoʻnim topgan maskan qayta qurilyapti, uning yonida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyat koʻrsatyapti. Mazkur muassasa ilmiy xodimlari tomonidan ayni kungacha 77 nomdagi kitob va xalqchil risola nashrga tayyorlandi, buyuk allomalarimizning 40 ta noyob asari oʻzbek tiliga oʻgirildi. Mahalliy va xorijiy nashrlarda mingdan ziyod ilmiy maqola eʼlon qilindi.
Tashkil etilgan konferensiya ham islom ilmi va madaniyati rivojida beqiyos oʻrin tutgan Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning buyuk mufassir va mujtahid sifatidagi siyratini yana bir bor namoyon etdi. Unda islom dinining ezgulik, tinchlikparvarlik va insoniylik tamoyillariga asoslangan mohiyati takror-takror tilga olinib, yurtimizdan yetishib chiqqan ulugʻ alloma va mutafakkirlar nomlarini abadiylashtirish, ularning hayoti va ilmiy-maʼnaviy merosini tadqiq etish va ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari chuqur mamnuniyat bilan eʼtirof etildi.
Ishtirokchilar, ayniqsa, islomning moʻtabar manbalaridan boʻlgan hadislarni jamlab, ulardan eng ishonchlilarini saralab, alohida mavzularga boʻlingan holda kitob holiga keltirgan yetuk muhaddis – Hazrat Buxoriyning hayoti va maʼnaviy merosini, islom ilmlari rivoji yoʻlidagi buyuk xizmatlarini yanada izchil oʻrganish va jamoatchilik orasida kengroq targʻib qilish zaruratini alohida qayd etdi.
Anjuman doirasida qatnashchilar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati, shuningdek, Imom Buxoriy majmuasi qurilish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Ishtirokchilar alloma xotirasi va merosiga chuqur hurmat-ehtirom tariqasida Imom Buxoriy majmuasida uning shoh asari boʻlmish “Sahihul Buxoriy” toʻplamini xatm qildi. Qoʻllar duoga ochilib, yurtimizga, islom olami va butun bashariyatga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq soʻraldi.
Konferensiya ishini 22-iyul kuni Toshkent shahrida davom ettiradi.