Home / MAQOLALAR / OʻTMISH VOQEALARINI AKS ETTIRUVCHI MUHIM MANBA

OʻTMISH VOQEALARINI AKS ETTIRUVCHI MUHIM MANBA

Xiva xonligidagi siyosiy va iqtisodiy jarayonlar kabi u yerdagi madaniy hayot ham yurtimiz tarixida oʻchmas iz qoldirgan. Xonlikdagi madaniyat oʻziga xos yoʻnalishlarda davom etdi. Madaniy hayot ravnaqi taʼlim-tarbiya, adabiyot, tarixnavislik, meʼmorchilik va amaliy sanʼat kabilarda kuzatiladi.

Bu davrda Nurmuhammad Gʻarib Andalibning (1710-1770) “Said Vaqqos”, “Zaynul arab”, “Yusuf va Zulayho”, “Layli va Majnun” kabi dostonlari mashhur boʻldi, shuningdek, Muhammad Niyoz Nishotiy, Muhammad Xokisor, Tabibiy, Munis, Komil Xorazmiy, Komdon, Murodiy kabi shoirlarning ijodi rivoj topdi.

Saltanatda deyarli barcha xonlar davriga tegishli asarlar yaratildi. Jumladan, Ollohqulixon davriga oid “Riyozud davla”, Rahimqulixon hukmronligi yillarini oʻz ichiga olgan “Zubdatut tavorix”, keyingi davrlarga doir voqealar toʻgʻrisida “Jomeʼul voqeoti sultoniy”, “Gulshani davlat”, “Shohidi iqbol” asarlari mashhurdir.

Tarixiy asarlar orasida Abulgʻozi Bahodirxonning “Shajarai turk” va “Shajarai tarokima” kitoblari oʻzbek tilida bitilgan muhim tarixiy asarlar hisoblanadi. Tarixnavislik anʼanalarini keyinchalik Munis, Ogahiy, Muhammad Yusuf Bayoniy kabi mutafakkirlar davom ettirdi.

“Gʻazaliyoti Mugʻanniy”[1] uchta asar jamlangan majmua tarkibidagi bir asar boʻlib, qoʻlyozma, nastaʼliq xatida yozilgan. Majmuaning 1b varagʻi “Bismillahir rohmanir rohiym” soʻzlari bilan boshlanib, Yaratganga hamdu sano, Paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamga durudu salavot zikr etilib, sahifa oxirida 1244/1827-yil sanasi qayd etilgan.

Majmua “Farzi ayn”, “Gʻazaliyoti Mugʻanniy” va “Marsiyai ahbobi mushfiq” nomli uch qismdan iborat boʻlib, jami 133 a-b varaqdan tarkib topgan. Birinchi “Farzi ayn” qismi majmuaning 2a-22b varaqlarini oʻz ichiga olib, avval hamdu sano, duo, tavhid kalimasining sharofati, imon, tahorat, tayammum, gʻusl, namoz, roʻza, zakot farzlari bayoni, taom yemak masalalari qatorida vojib, sunnat, mustahab, makruh kabi amallar gʻazal koʻrinishida bayon etilgan. Har bir mavzu boshi alohida qizil hoshiyali chizma ichiga olinib, uning nomlari ham qizil siyohda yozilgan.

Ikkinchi qismi “Gʻazaliyoti Mugʻanniy” 25b-129a varaqlarini oʻz ichiga olib, Xiva xonlaridan Muhammad Rahimxon, Ollohqulixon va ushbu davr xonlik tarixiga bagʻishlangan voqealar tasvirlangan,

Bayt:

Xoni jahongir shohi komyob,
Qildi Haq Ollohqulixon, deb xitob.
Boʻldi bu davlatda bu yangligʻ quyosh,
Boʻlmangiz ahbob anga pardapoʻsh (22a varaq).

Asarda xonlik qoʻshini, uning tarkibi va tashqi hududlarga yurishlari tarixiga oid quyidagi maʼlumotlar bayon qilingan.

Bayt:

Sanga haq roʻzi etti toju taxt,
Shohlardin baland davlatu baxt.
Din qilichin urub jahon olding,
Tobeʼi mulki Isfahon olding (127b-128a varaq)…

Asarning 125b varagʻida quyidagi satrlar keltirilgan,

Bayt:

Sana tammati kitob budur,
Ming ikki yuz oʻtuz toʻqquzdur.
Bir yarim yilda bu tamom boʻldi,
Nogahon xat chekar ekon yolgʻuz.

“Gʻazaliyoti Mugʻanniy” 1239/1822-yili boshlanib, bir yarim yil mobaynida yozilgan. Ushbu boʻlimning 129a varagʻida 1245/1828-yilda koʻchirilganligi qayd etilgan.

Majmuaning uchinchi qismi “Marsiyai ahbobi mushfiq” deb nomlangan. Boʻlim 129b-133b varaqlarni oʻz ichiga oladi.

Mazkur kitob muallifi haqida soʻz ketganda, asarning boshidan oxirigacha “Mugʻanniy” taxallusi bilan gʻazal va baytlar bitilgan. Asarda muallif ismiga ishora boʻlgan, ushbu holatni koʻrish mumkin:

Bayt:

Muhammad Rahimxon kelib ot anga,
Ki zotigʻa shohliq atoyi Xudo.
Kelib qurrati oliy Xon ibn Xon,
Ota mulkini ayladi jobajo.
Chu Ollohqulixon der inoqi oliy,
Izzat aylamakdur ishi doimo.
Salomat salomat salomat salim,
Oliy zamon Muhammad Rahim (120a varaq).

Birinchidan asarda Muhammad Rahim davrigacha boʻlgan voqealar tasvirlangan. Ikkinchidan, asar oxiridagi “Marsiya”da Muhammad Rahimxon nomi kelmagan. Uchinchidan, asar 1822-1824-yillar oraligʻida yozilganligi hamda muallif asarni yozib tugatgach, bashoratomuz tarzda umri nihoyasiga yetayotganini yozgan. Toʻrtinchidan, asarda koʻplab hududlarni bosib olingani, beshinchidan Muhammad Rahimxonning oʻzidan keyin kelishi kutilayotgan taxt vorisi Ollohqulixonga adovatda boʻlmaslik hamda unga yordam berish toʻgʻrisidagi soʻzlari, shuningdek, davlat boshqaruvida islohotlar oʻtkazganligi kabi voqealarga eʼtibor qaratgan. Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, asar Muhammad Rahimxon yozgan yoki bevosita uning koʻrsatmasi bilan tasnif etilgan, deb xulosa qilish mumkin.

Umuman olganda ushbu asar Xiva xonligining siyosiy-ijtimoiy, madaniy va adabiy hayotiga oid noyob asarlardan biri ekanligi diqqatga sazovordir. Xiva xonligi – Oʻzbekiston davlatchiligi va boshqaruvi tarixiga, shuningdek, iqtisodiy va madaniy hayotida oʻz oʻrniga egadir. Tarixiy manbalar jamiyat taraqqiyotining mintaqadagi oʻziga xos tomonlarini oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi.

[1] Mazkur qoʻlyozma asar toyloqlik Mexrojiddin Amonov shaxsiy kutubxonasida saqlanadi.
 Hafizulloh BOYQOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …