Home / HADIS / MOL-MULKNI QAYERDAN TOPGANIGA PARVO QILISH

MOL-MULKNI QAYERDAN TOPGANIGA PARVO QILISH

(Bir hadis sharhi)

Dinimiz odamlarni halol rizq topishga chaqiradi. Savobli ishning ajrini bayon etadi. Barcha jabhalarda harom qilingan narsalardan foydalanishdan ogohlantiradi.

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ رضى الله عنه عَنِ النَّبِىِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ  يَأْتِى عَلَى النَّاسِ زَمَانٌ ، لاَ يُبَالِى الْمَرْءُ مَا أَخَذَ مِنْهُ أَمِنَ الْحَلاَلِ أَمْ مِنَ الْحَرَامِ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarning boshiga bir zamon keladi, kishi (molini) haloldanmi yoki haromdanmi – qayerdan topganiga parvo qilmay qoʻyadi”, dedilar”.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu hadisi shariflarida yaqinda odamlarning ahvoli oʻzgarishi va zamonlar almashishini xabar bermoqdalar. Ummatning boshiga shunday vaqt kelar ekanki, dini zaiflashib, vijdon va kafillik buzilarkan. Mol-dunyo yigʻishga hirs qoʻyib, uning qayerdan kelganiga, halolmi, harommi ahamiyat bermay qoʻyar ekan. Pulni qanday yoʻl bilan qoʻlga kiritganiga – halol savdo yoʻli bilanmi, qoʻl mehnati bilanmi yo oʻzlashtirib olishdanmi, sudxoʻrlikdanmi, qimordanmi, poraxoʻrlikdanmi – parvo qilmay qoʻyar ekan. Maqsad qanday yoʻl bilan boʻlsa ham mol-mulk yigʻish boʻlib qolar ekan. Bu har qanday odam shu zamonning qurboni boʻladi degani emas. Paygʻambar alayhissalom shulardan boʻlib qolishdan qaytarganlar. Insoniylikka toʻgʻri kelmaydigan kasb-kor qilib, pul topishdan qattiq ogoh etganlar. Chunki bu ish sohibini falokat va musibatga duchor qiladi. Yaratganning gʻazabini keltirib, duoning ijobatiga toʻsiq boʻladi. Ustiga-ustak, haromning yuki nafaqat oʻziga, balki butun xalqqa zarar yetkazadi. Jamiyatda axloqiy muammolar paydo boʻlishiga, oʻgʻirlik, talonchilik, poraxoʻrlik, sudxoʻrlik, aldov, oʻlchov va tarozidan urib qolish, birovning haqqini, yetimning molini botil yoʻl bilan yeyish, yashirin va oshkor axloqsizliklarning keng tarqalishiga sabab boʻladi.

Halol rizqni talab qilish har bir musulmonga zarurdir. Muqaddas dinimiz maqtovga loyiq va shariatga muvofiq mol-mulk topish va kasb-kor qilishga chaqiradi. Bunga erishish uchun mavjud qonun-qoidalarga rioya etish, shaxs va jamoat manfaatlarini himoya qilish hamda haddan oshmaslik talab etiladi. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:

﴿يَا أَيُّهَا النَّاسُ كُلُوا مِمَّا فِي الْأَرْضِ حَلَالًا طَيِّبًا وَلَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُبِين﴾

“Ey odamlar! Yer yuzidagi narsalardan halol-poklarini yenglar, shayton izidan ergashmanglar, chunki u sizlarga ochiq dushmandir”[1]. Shayton insonlarga halol yedirmaslik bilan ularni Allohning itoatidan chiqarishga harakat qiladi. Shaytonning qiziqtirishiga mahliyo boʻlib qolgan nodon esa halol-haromni farqlamaydigan, his etmaydigan darajaga tushib qoladi.

Baʼzi odamlar ochkoʻzlik va baxillik bilan Parvardigoriga tuhmat qilib, oʻzi uchun haromni halol, halolni harom qilib oladi. Bu haqda Alloh taolo bunday deydi:

﴿قُلْ أَرَأَيْتُمْ مَا أَنْزَلَ اللَّهُ لَكُمْ مِنْ رِزْقٍ فَجَعَلْتُمْ مِنْهُ حَرَامًا وَحَلَالًا قُلْ آللَّهُ أَذِنَ لَكُمْ أَمْ عَلَى اللَّهِ تَفْتَرُون﴾

Ayting: Koʻrdingizmi, Alloh sizlar uchun nozil qilgan rizqdan (birini) harom, boshqasini halol qilib oldingiz. Ayting: Bas, koʻrdingizmi, sizlarga Alloh ruxsat berdimi yoki Allohga tuhmat qilyapsizlarmi?![2]

Harom yoʻl bilan daromad topishga undovchi sabablar va ularning zararlari haqida yana aytadigan boʻlsak, birinchisi Allohdan qoʻrqish va hayoning yoʻqligidir. Qoʻrquv va hayo odamni himoya qiladigan, harom yoʻlga yurishdan saqlaydigan omildir. Agar insondan hayo ketsa, topayotgani haloldanmi yoki haromdanmi, bunga beparvo boʻladi. Hayosizlikning qanday yomon ekanini quyidagi hadisdan xulosa qilsak boʻladi: “Abu Masʼud Badriy roziyallohu anhu bunday soʻzlab berdi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Uyalmasang, xohlaganingni qilaver” degan gap odamlarga birinchi nubuvvat soʻzlaridandir”, dedilar” (Buxoriy rivoyat qilgan). Demak, birinchi boʻlib hayoli boʻlishga harakat qilish zarur ekan.

Daromad olishga hirs qoʻyish. Ayrimlar tirikchilik masalasida shoshqaloqlik qiladi, mol-dunyoga har qanday yoʻl bilan, hatto harom yoʻl bilan boʻlsa ham ega boʻlishni istaydi. Ularning asosiy maqsadi faqat daromad qilish boʻlib qoladi.

Dunyo oʻtkinchi, har bir inson topgan-tutgani, sarflagani uchun Alloh taoloning huzurida masʼuldir. Oqil odam oʻtkinchi neʼmat tufayli dinini sotmaydi.

Tama va qanoatsizlik. Kishi rizqning taqsimlanganiga inonmogʻi zarur. Tama qilgani bilan ham, qanoatsiz boʻlgani bilan ham, oʻlchab berilganidan koʻpiga ega boʻlolmaydi. Halolda baraka va halovat borligini unutib, haromdan hazar qilmagan kishining gunohkor boʻlgani qoladi.

Harom daromadning zararlari itoat etishdan qalbning qoraligi va aʼzolarning dangasaligida namoyon boʻladi. Shuningdek, rizq va umrdan barakani ketkazadi.

Mana shulardan ehtiyot boʻlishimiz oʻzimizning foydamizgadir. Dinimizda har bir moʻmin bandaga faqatgina halol rizq topish farz qilingandir. Haromga qoʻl urish mutlaqo mumkin emas.

[1] Baqara surasi, 168-oyat.
[2] Yunus surasi, 59-oyat.
Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi 

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …