XIX asr ikkinchi yarimida Chor Rossiyasining Markaziy Osiyoni istilo qilishi bu hududdagi musulmon jamiyatining rus va u orqali Gʻarb madaniyati bilan toʻqnashuviga olib keldi. Bu jamiyatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini keskin oʻzgartirishi tabiiy edi.
Toshbosma kitoblar yordamida Turkiston hududida chop etilgan ilk manbalarni aniqlash va ular yordamida Rossiya imperiyasining madaniy va diniy siyosatini tadqiq etish mumkin.
Bu yoʻnalishda bir necha tadqiqotlar olib borilgan. Xronologik tartibda oladigan boʻlsak, Markaziy Osiyoda milliy kitobatchilik tarixi bilan birinchi boʻlib shugʻullangan olimlardan biri Husayn Shamsdir. U oʻzbek tilida “Matbaachilik va uning qisqacha tarixi” [7] risolasini yozgan.
Shuningdek, A.B.Yazbedev Xiva toshbosmasi haqida maʼlumot beruvchi bir necha monografiyalar muallifidir. Olim faqat Xiva xonligiga oid asarlar bilan cheklangan. Ularning mavzulari manbashunoslik emas, balki sanʼatshunoslik jihatidan oʻrganilgan [14;15;16;17]. Bu yoʻnalishda R.Mahmudova [4], M.Rustamov [5], va R.Xolmatovning [6] ham maqola va tezislari eʼlon qilingan. Ular ilmiy-maʼrifiy jamoatchilik va keng kitobxonlar ommasining mazkur davr haqida yangicha tasavvur hosil qilishiga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, G.N.Chabrov [8;9;10] va O.P.Sheglovaning [11] tadqiqotlarida ushbu mavzuga qisman qoʻl urilgan.
Toshbosma asarlar Gʻarbda ham oʻrganilgan, hatto bir qator kataloglar nashr etilgan. Masalan, Edvardsning [1] inglizcha, G.Щyeglovaning [12] ruscha, Xonbobo Mushorning[19] forscha tadqiqotlari shular jumlasidandir.
Lekin hanuz keng qamrovli, umumlashtiruvchi tadqiqot oʻtkazilgani yoʻq. Ushbu maqola ana shu ilmiy ehtiyoj taqozosi tufayli vujudga keldi.
Tadqiqot obyekti va predmeti sifatida mazkur davr kitobat tarixini oʻrganish uchun XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda ilk bor nashr qilingan toshbosma kitoblar tanlandi.
Markaziy Osiyoda kitob nashr qilishning toshbosma usuli tanlanishining oʻz sabablari bor. Gap shundaki, odatda har qanday jamiyatda kitobat ishi bilan bogʻliq boʻlgan jarayonlarga yangiliklar birdaniga kirib kelavermaydi. Har qanday sivilizatsiyada kitobat shakllari va usullarining almashishi ogʻir kechadi. Markaziy Osiyo va unga qoʻshni mintaqalarda kitob chop qilish Gʻarb mamlakatlariga nisbatan tarixan kech paydo boʻlgani bunga yaqqol misoldir. Buning qator obyektiv va subyektiv sabablari mavjud edi. Avvalo, ikki ming yillik davr mobaynida tanho hukmronlik qilgan nusxa koʻchirish, yaʼni qoʻlyozma usulini, ikkinchidan, xattotlik sanʼati hunarmandlikining kuchli anʼanalarga asoslanganini aytib oʻtish lozim. Jamiyatning texnologik yangiliklardan hadiksirashi, texnik tafakkur darajasi va ijtimoiy ong shakllari ham shunday omillardan edi. Shuningdek, din peshvolarining fan va texnikaga oid ilgʻor kashfiyotlarga keskin salbiy munosabati sabab boʻlgan.
Sharq va Gʻarb madaniyatlari chorrahasida joylashgan Turkiya misolida bu yangilik qachon va qanday paydo boʻlganini koʻrib chiqaylik.
Istanbulda dastlabki yevropacha bosmaxona 1494-yili ochilgan. XVI asrda arman, XVII asr boshlarida esa grek bosmaxonalari paydo boʻlgan. XVIII asrlarda Usmoniylar xalifaligi (1299/1300-1922) hududida yevropaliklar, arman va grek jamoalarining oʻnlab bosmaxonalari faoliyat yuritgan. Ammo turkcha va boshqa sharqiy tillarda kitob nashr etish davlat tomonidan taqiqlangan edi. 1727-yil 5-iyulda Sulton Ahmad IIIning (1703-1730) kitob nashr qilishni joriy etish toʻgʻrisidagi farmonidan keyingina turk matbaachisi Ibrohim Mutafarriq (1674-1746) oʻsha yilning dekabrʼ oyida Istanbulda dastlabki turk bosmaxonasini ochishga muvaffaq boʻladi. Uning birinchi bosma kitobi “Arabcha-turkcha lugʻat” edi.
Istanbulda ilk chop etilgan milliy asar Abu Nasr Javhariy qalamiga mansub asar – “Sihhoh”ning 1729-yildagi turkcha tarjimasi edi.
Bir asr oʻtib, Fath Alishoh (1797-1834) davrida, 1825-yili Eronning Tabriz shahrida milliy toshbosma ishga tushdi va unda “Tarixi Abbosiy” nashr etildi [10]. Aslida bu yerda matbaachilik Safaviylar davrida (1502-1736-yillar) boshlangan. Birinchi matbaa uskunalari XVII asrning birinchi yarmida Italiyadan keltirilgan. Kitobshunoslarning maʼlumotlariga koʻra, oʻsha davrda Eronda arab, fors va arman tillarida kitoblar nashr etilgan. Birinchisiga katoliklar oqimidan boʻlgan karmelitlar, ikkinchisiga armanlar asos solgan.
Karmelitlar rohibi Tadeush[1] 1618-yil safaviy shoh Abbos Ining (1587-1628) Qazvindagi qarorgohida mehmon boʻlib, arab imlosida ishlaydigan matbaa anjomlarini koʻrsatadi. Hukmdor unga Isfahon shahrida bosmaxona ochishni topshiradi.
Arab va fors tillarida kitoblar nashr qilish bahonasida nasroniy kitoblar chop etib, missionerlikni rivojlantirishni koʻzlagan Tadeush Abbos Ining ruxsati bilan Vatikanga matbaa uskunalarini soʻrab xat yozadi va 1629-yilning yanvar oyida ular Rimdan Isfahonga keltiriladi [2].
Eronda tashkil topgan ikkinchi bosmaxona armanlarniki edi. Uni Isfahon yaqinidagi Julfa degan qishloqda Yakobyan ismli kishi ochgan. Asli savdogar boʻlgan bu odam Istanbulda yashaydigan doʻsti Abgar Tokatesi bilan matbaachilikni oʻrganish uchun Yevropaga ketadi. Eronga qaytib kelgandan keyin oʻnga yaqin xodim yordamida bosmaxona ishini yoʻlga qoʻyadi. U ketma-ket ikkita asarni, yaʼni “Karomatli Pavelning yoʻriqnomalari” (1641) va “Diniy aytimlar” (1642) kitoblarini arman tilida nashr etgani maʼlum. Lekin Tavrotni chop qilmoqchi boʻlganida hokimiyat tomonidan matbaasi yopiladi. Arman kitobshunosi R.A.Ishxanyan Julfadagi matbaa haqida yozar ekan, oʻz davrining bilimli kishilaridan boʻlgan Xachatur Kesseratsi uning “ruhlantiruvchisi va yoʻlboshchisi” ekanini qayd qiladi [3].
Umuman, Eronda XIX asrdan boshlab Tabriz, Tehron kabi shaharlarda davlatga qarashli va xususiy matbaa uylari tashkil etila boshlagan. 1880- yillarga kelib, Tabrizda 10 ga yaqin. Tehronda undan ham koʻp bosmaxona faoliyat yuritgan.
Hindistonda ilk toshbosma kitoblar 1556-yildan, u ham boʻlsa, portugallar tomonidan lotin tilida nashr etila boshlagan. Fors tilidagi ilk kitob – “Inshoi Xirqarniy” 1781-yilda chiqqan. 1788-yilda Xotifiyning “Layli va Majnun”, 1788-yilda Saʼdiy Sheroziyning “Guliston”, asarlari, 1792-yilda esa Hofiz Sheroziyning “Devon”i nashr etilgan. Umuman, Hindistonda milliy matbaachilik rivojlanishi XIX asrning 30-yillaridan keyingi davrga toʻgʻri keladi. 1830-yilda Konipur shahrida, 1831-yilda Laknau shahrida ilk toshbosma kitoblar chop etilgan [13:232].
Misrda matbaa ishi 1798-1801-yillarda boshlangan. Muhammad ʻAli (1806-1849) hukmronligi davrida, 1815-yili Musabikiy nomli kishi nashr ishlarini oʻrganish uchun Italiyaga yuboriladi. U toʻrt yildan keyin keladi va 1820-yilda birinchi milliy matbaa uyini – “Hukumat matbaasi”ni tashkil etadi [13: 239-240].
Rossiyada ilk nashr Pyotr I (1682-1725) davrida yuz bergan. 1711-yili uning 34 sahifalik “Manifest” asari chop etiladi. Bu asar oradan 11-yil vaqt oʻtib, 1722-yili arab tilida Astraxanda bosilgan. 1728-yilda Fanlar akademiyasida, 1755-yildan esa Moskva universitetida arab yozuvidagi kitoblar nashr etish yoʻlga qoʻyilgan. Yekaterina IIning koʻrsatmasiga binoan, 1787-yilda Sankt-Peterburgdagi “Osiyo matbaasi”da Qurʼoni karim ilk bor Turkiyadan keltirilgan asl nusxa asosida nashr etilgan. Keyin 1787-1798-yillarda olti marta qayta bosmada chiqarilgan [13:250-253].
Qozon shahri Rossiyaning XIX asrdagi madaniy va ilmiy jihatdan eng rivojlangan markazlaridan boʻlgan. Bu yerdagi sharq matbaachiligi Sankt-Peterburg va Moskvani ham ortda qoldirib ketgan. Ushbu shaharda kitoblar asosan turkiyda, shuningdek, arabiy va forsiyda chop etilishining rivojlanishiga ikkita sababni koʻrsatish mumkin. Birinchidan, Qozon shahri XIX asrning birinchi yarmida rus sharqshunoslik ilmining asosiy markazlaridan biri edi. 1804-yildayoq sharq tillarini oʻrgatadigan universitetlar ochilgan (u 1854-yilgacha Qozonda faoliyat yuritib, keyin Sankt-Peteburgga koʻchirilgan). Ikkinchidan, Qozon XVIII asrning boshidan XIX asrning 20-yillari oxirigacha Rossiyada sharq matbaasi rivojiga katta hissa qoʻshgan tatarlar shahri edi. Turkiyani istisno qilganda, turkiy xalqlar orasida tatarlar elida XIX asrda butun umrini matbaachilik va kitob savdosiga bagʻishlagan odamlar koʻp boʻlgan. Markaziy Osiyoda bunday odamlar XIX asrning ikkinchi yarmida, yaʼni matbaachilik paydo boʻlgandan keyin faoliyat yurita boshlagan.
Qoʻshni mamlakatlarda matbaachilik ancha avval boshlangan. Lekin Markaziy Osiyoga dastlabki matbaalar kirib kelishi bevosita musulmon mamlakatlar emas, balki mustamlaka davlat yordamida amalga oshdi. Keyinchalik tatarlar uning rivojlanishiga hissa qoʻshgan. Qozonda chop etilgan tafsir va islom tarixiga oid asarlar, shariat qonunchiligiga doir kitoblar, tibbiyot, adabiyot va mantiqqa tegishli arabcha, forscha va turkiy xalqlar tilida chop etilgan nashrlar butun turkiy xalqlar orasiga tezlikda tarqab ketardi. Bu yerda ilk bor 1807-yili “Osiyo” matbaasida “Sayfi muluk” asari chop etilgan boʻlsa, 1839-yilda mashhur “Qissai Yusuf” nashr qilingan.
Markaziy Osiyoda kitob nashriga salbiy munosabat yoʻq emasdi, albatta. Lekin inson tabiatidagi yangilikka intiluvchanlik sabab kishilarda kitob chop qilishga boʻlgan qiziqish ortaverdi. Bir vaqtning oʻzida qoʻlyozma, bosma va toshbosma kitoblarning parallel rivojlanishi Turkistonda, xususan, Xorazmda kitobchilik taraqqiyotining xarakterli xususiyati hisoblanadi. Harf terilmaydigan, poligrafik terminologiyasi boʻyicha yassi chop etish (litografiya) – matnning oldidan qogʻoz varagʻiga bitilgan va tosh shaklga teskarisi tushirilgan aksdan nusxa koʻchirish usuli qoʻllangan. U Markaziy Osiyo shaharlarida keng yoyilgan. Xiva xonligida chop qilishning aynan shu usuli tanlanishi va mustahkam oʻrin olishining asosiy sabablaridan bir shuki, kitob nashr qilish jarayonida xattot mehnatidan ajralmas tarkibiy qism sifatida foydalanilgan. Lekin bu qoʻlyozma bobidagi koʻp ming yillik anʼanalarini toʻxtatib qoʻymagan. Aksincha, kitob fondini koʻpaytirishda xattotlar xizmatidan foydalanilgan. Bu koʻp asrlik qoʻlyozma kitoblar orasidan matn jihatidan toʻla, sifatlilarni qayta nusxa koʻchirish uchun tanlab olishga yordam berardi. Xattotlarning mahorat va qobiliyatini toʻlaroq ishga solish uchun yangi imkoniyatlar ochardi. Shu bois Xivada toshbosma qadim anʼanalarga qoʻshilib ketdi.
Yana bir boshqa sabab shu ediki, toshbosma kitob bosish usuli harf terish usuli (tipografiya)dan farqli oʻlaroq, harf teruvchilar, muharrirlar, korrektorlar ishi bilan bogʻliq koʻplab sertashvish jarayonlarni talab qilmasdi. Harf terish va chop etish dastgohlari, qimmatbaho va kamyob arabcha bosma harf (shrift)lar uchun ham sarf-xarajatlardan xalos etardi. Eng ahamiyatli tomoni shunda ediki, xususiy tadbirkorlik uchun ham toshbosma usuli arzon tushar edi. Har holda, oʻsha davrda Markaziy Osiyodagi uch xonlikda iqtisod ancha orqada boʻlganini yoddan chiqarmaslik kerak.
Toshbosma usulining paydo boʻlishi va rivojlanishi butun Markaziy Osiyo madaniy taraqqiyotida muhim bosqich boʻldi. U tarixiy ahamiyat kasb etib, kitob chop qilish faollashganidan darak berardi. Ilgari mashhur boʻlgan tarix, falsafa, lugʻatshunoslikka oid ilmiy asarlar mumtoz adabiyot namoyandalari asarlarining qoʻlyozmalari toshbosma usuli uchun birinchi navbatdagi manba vazifasini oʻtadi va kitobxonlarning katta qismiga yetib bordi. Shu nashrlar tufayli bugun biz qoʻlyozmalari saqlanib qolmagan yoki kamyob asarlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga egamiz.
Oʻzbek milliy nashr ishida toshbosma usuli mustahkam oʻrin olishi va rivojlanishining yana bir muhim omili shuki, turli maktab va oqimlari boʻlgan xattotlik sanʼati, koʻp miqdordagi muqovasozlik ustaxonalari mavjud ekaniga, ularda oʻrtacha haq evaziga mohir xattotlar istalgan qoʻlyozmani qayta koʻchirib berishi mumkin boʻlganiga qaramay, qoʻlyozmachilik xalqning oʻsib borayotgan ehtiyojini qondira olmas edi. Oʻsha davrda koʻpgina musulmon oʻlkalarida toshbosma matbaa mavjud boʻlib, Markaziy Osiyoga ularda chop qilingan ancha arzon kitoblar kelardi. Turkiya, Eron va Tataristonda nashr etilgan asarlar turkistonlik maʼrifatparvarlarning koʻzlarini qizdirar edi. Bundan tashqari, Xiva xonligida kitobxonlik madaniyati juda rivojlangan, maktab va madrasalar koʻp boʻlib, bu ham kitobga ehtiyojni oshirardi.
Xullas, Markaziy Osiyoda toshbosma matbaa paydo boʻlgandan keyin noshir va kitobfurushlar talabdan kelib chiqqan xolda, oʻzining fan va adabiyot tarixidan xabardorligi, xattotlar mahorati, Sharq xalqlari kitob fondlari xazinasiga asoslanib, turli mavzularda kitoblar chiqarishga kirishib ketgan.
- Edwards E.E. A Catalogue of Persian Printed Books in the British Museum. L., 1922.
- Floor W.M. The first printing-press in Iran//ZDMG. 1980. Bd.130. 2 –P. 370.
- Ишханян Р. А. Книгопечатание в Армении. XVI-XVII вв. М:, – 1964. – C. 127.
- Махмудова Р. Литографированные произведения и их значение в истории узбекской литературы (конец XIX – начало XX.). – Т.: 1971
- Рустамов М.И. История книг и книжного дела в Средней Азии (вторая половина XIX –первая четверть XX в.в. Автореферат. дисс. – Т.,1968.
- Холматов. Р. «Из истории узбекской старопечатной арабографичной книги и книжной культуры в городах Ферганской долины. (1867-1917)» автореферат. дисс. – Т.,1986.
- Ҳусайн Шамс. Матбаачилик ва унинг қисқача тарихи. – Самарқанд. УзГИЗ. – 1930. –Б.56.
- Чабров Г.Н. К изучению Среднеазиатского книжного переплета // Народы Азии и Африки. Изд. Академия Наук СССР. – М., 1965. – С.136-141. (ИВАН).
- Чабров Г.Н. Книгопечатание в Средней Азии второй половины XIX в. – В. кн.: 400 лет русского книгопечатание (Т.1). М., 1964. – Б.458-462.
- Чабров. Г. Н. У истоков узбекской полиграфии. Книга. Исследования и материалы. Сборник IV. Изд. Всесоюзной книжной палаты. – М., – 1961. – С.317.
- Щеглова О.П. Иранская литографированная книга. –М. Наука. –1979. – С.254.
- Щеглова О.П. Каталог литографированных книг на персидском языке в собрании Ленинградского отделения Института востоковедения АН СССР. – М.: Наука. 1975. I-II том.
- Язбердиев А. Гундогар метбечилиги ва коне туркмен басма китоплары. – Ашгабат, 2002. – Б.232.
- Язбердиев Алмаз. Книжное дело в древней Средней Азии (1995).
- Язбердиев Алмаз. Из истории библиографирования национальной печати народов Средней Азии второй половины XIX и первой четверти XX века. 1974.
- Язбердиев Алмаз. Издательское дело в дореволюционном Туркменистане (1993).,
- Язбердиев Алмаз. Старопечатные Туркменские книги. (проблемы собрания, библиографирования и изучения). – М.: Ориент –пресс. 2001. – С.168.
- Язбердиев Алмаз. Туркменская книга на арабской графике. (1981 на турк. Язык.).
- فهرست كتابهاى جابى فارسى، كرد آورند خانبابا مشار، جلد اول (الف-ت)، جلد دوم (ث-ز)، تهران، 1341-1350-