Home / MAQOLALAR / HAKIM TERMIZIYNING HADIS ILMIDA TUTGAN OʻRNI VA BU SOHAGA OID ASARLARI TAHLILI

HAKIM TERMIZIYNING HADIS ILMIDA TUTGAN OʻRNI VA BU SOHAGA OID ASARLARI TAHLILI

Oʻrta asrlarda ilm-fan va islom madaniyati rivojida Movarounnahr va Xurosondan yetishib chiqqan ulamolar ilmiy merosi katta oʻrin tutgan. Ayniqsa, tafsir, hadis, aqida, tasavvuf va fiqh kabi islomiy ilmlar taraqqiyotida Samarqand, Buxoro, Termiz, Shosh, Margʻilon kabi qadimiy shaharlarda faoliyat yuritgan olimlar ilmiy merosi alohida ahamiyatga ega. Qadim Termizdan yetishib chiqqan Hakim Termiziy (820-932) ham ana shunday olimlardan biridir. Toʻliq ismi Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bashir boʻlib, “Abu Abdulloh” kunyasi, “Hakim” (donishmand, hikmat sohibi) unvoni va “Termiziy” nisbasi bilan mashhur boʻlgan. Alloma islomiy fanlarga oid koʻplab kitob muallifidir. Uning tafsir, hadis sharhi, tasavvuf, fiqh ilmlariga oid asarlari ushbu fanlar boʻyicha yozilgan eng qadimgi va moʻtabar manbalardan sanaladi. Shunga qaramay, koʻpchilik uni tasavvuf olimi sifatida tanigan. U Termiz shahrida tavallud topib, ilk taʼlimni otasi – davrining taniqli muhaddis va faqihi Ali ibn Hasan Termiziydan olgan. Otasi vafot etgach, Termizdagi yetakchi olimlar qoʻlida tahsil olgan. Soʻng yirik islomiy markaz boʻlgan shaharlarga safar qilib, u yerlardagi yirik muhaddislardan hadis eshitgan.

Allomaga tasavvuf olimi sifatida qarash natijasida uning islomiy fanlar boʻyicha martabasi, ayniqsa, hadis ilmidagi darajasiga shubha bilan qarash hollari uchraydi. Jumladan, muarrix Kamoliddin ibn Adim shunday olimlardandir. Uning fikri koʻplab olimlar tomonidan tahlil qilinib, unga munosib javob berilgan. Jumladan, yirik muhaddis Ibn Hajar Asqaloniy “Lison al-miyzon” kitobida uni toʻliq naql qilgan: “Biz zikr etganimiz Hakim Termiziy hadis ahlidan emas. Uning hadis rivoyati ham yoʻq. Men uni rivoyat ilmi va hadislar maʼnosini chuqur anglash (diroyat) ilmini biladi deb oʻylamayman…”. Iqtibosni tahlil qilgan Ibn Hajar Asqaloniy unga munosabat bildirib: “Qasamki, Ibn Adim bu soʻzida mubolagʻa qilib yubordi. Buni Ibn Adim ham qaysidir imomdan naql etgani yuzasidan ilmiy omonat oʻlaroq bu joyda zikr etdim. Yoʻqsa, bu gapni tilga olmas edim”, deydi [1: 5,308]. Bundan koʻrinadiki, Ibn Hajar Asqaloniy Ibn Adimning soʻzini qabul qilmagan. Qolaversa, ilmiy doiralarda katta  olimlar haqida bunga oʻxshash fikrni aytish toʻgʻri emas demoqchi boʻlgan.

Suriyalik professor S.Zakkor buni inkor etib: “Kamoliddin ibn Adimdek olimning Hakim Termiziy haqidagi bu gapi qarshisida kishi oʻyga toladi. Ibn Adim yetuk tarixchi olim boʻlsa, Hakim Termiziy haqida bu gaplarni qanday aytishi mumkin?! Yoʻq, bular Ibn Adim nomidan toʻqilgan yolgʻon boʻlsa kerak. Buni ayrim tarixchilarning maʼlumoti ham quvvatlaydi. Unga koʻra, Ibn Adim “Bugʻyatut-talab fi tarixi Halab” nomli tarix kitobini nihoyasiga yetkaza olmagan. Undan kitobning qoralamasi qolgan xolos” [7: 12,64]. S.Zakkorning fikrini kitobida keltirgan doktor Ahmad Abdurahim Soyih unga hamfikr ekanini taʼkidlab, qoralamani nashrga tayyorlash jarayonida unga ayrim asossiz maʼlumotlar, jumladan, Hakim Termiziy haqidagi gap ham kiritib yuborilgan boʻlishi mumkin ekaniga ishora qilgan [3: 188]. Demak, bu tanqid asosli emas, balki asl manbasi noaniq va uydirma gap boʻlishi mumkin. Qolaversa, bunday fikr bilan Hakim Termiziyning hadis ilmidagi darajasi tushib qolmaydi.

Hakim Termiziy martabasini anglash uchun uning asarlari haqida maʼlumotga ega boʻlishi kerak. Alloma asarlarining aniq soni bugunga qadar biror manbada keltirilmagan. Chunki tarixiy manbalarda bu borada turli fikrlar mavjud. Bu koʻrsatkichlar uning 30 tadan 400 tagacha kitob va risola taʼlif etganiga ishora qiladi. Jumladan, doktor Ali Muhammad Bijoviy undan oʻttizga yaqin risola va kitob qolganini aytgan [4: 12]. Misrlik professor Muhammad Juyushiy (vaf. 2006) Hakim Termiziydan 60 dan ziyod kitob va katta-kichik hajmdagi 200 dan ortiq risola qolganini aytgan. Shuningdek, u allomaning 68 ta asari nomini sanab, baʼzilari yoʻqolgani, ayrimlari Hakim Termiziyga tegishli emasligini taʼkidlagan. Soʻng uning qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozma kitoblaridan 50 tasiga ilmiy tavsif yozgan. Shuningdek, u Hakim Termiziy ilmiy merosini mazmuniga koʻra, tafsir, hadis, aqida va kalom ilmi, fiqh, tilshunoslik, shariat ahkomlari falsafasi yoki shariat maqsadlari, tasavvuf tarixi, tasavvufiy qarashlar kabi fanlarga tasniflash mumkin ekanini aytgan (6: 53-159). Bu esa, Hakim Termiziyning qomusiy alloma ekanini koʻrsatadi. Taʼkidlash kerakki, bu asarlar toʻliq hadis toʻplami boʻlmasa-da, Hakim Termiziy ularning barcha mavzularida hadis keltirgan. Ular orasida “Navodir al-usul fi maʼrifati ahodis ar-Rasul”, “al-Manhiyyot”, “ar-Raddu alal-muattila” kabi asarlarini toʻliq hadis kitoblari deb baholash mumkin. Shuningdek, “al-Amsol min al-Kitob vas-sunna” asari ham tafsir va hadis ilmiga oid mumtoz manba hisoblanadi.  “Al-Manhiyyot” toʻplamida shariatda taʼqiqlangan amallarga oid hadislar  jamlangan. “Ar-Raddu alal-muattila” asari moʻtazila oqimining muattila firqasiga raddiya maʼnosida yozilgan. Bu firqa Alloh taoloning azaliy oliy sifatlarini inkor etish bilan mashhur. Hakim Termiziy ularga Alloh taoloning qadim sifatlari sobit ekaniga dalil boʻlgan hadislarni jamlab, unda ahli sunnani quvvatlagan. Doktor Muhammad Juyushiy ham bu asarlar haqida toʻxtalib, bu haqda fikr-mulohazalarini bayon qilgan [6: 176-178].

“Al-Amsol minal Kitob vas-sunna” asarini nafaqat hadislar sharhi boʻyicha, balki tafsir ilmida ham oʻziga xos yoʻnalishga asos solgan muhim manba sifatida baholash mumkin. Muallif unda Qurʼon oyatlari va hadislardagi pandu nasihat va ibratli hikmatlar aks etgan zarbulmasallardan bir nechtasini  keltirib, ularning zamiridagi haqiqatlarni sodda va ravon uslubda bayon qilgan. Asar uch qismdan iborat boʻlib, 1-2 qismida Qurʼon va hadisdagi masallar, 3 qismida esa, hukamolarning masalga aylanib ketgan hikmatli soʻzlari bayon etilgan. Oyatlar qismida 29 ta masal 36 ta oyat misolida ifoda etilgan. Sunnatlar qismida esa, masallar eks etgan 32 ta hadis keltirilgan.  Hukamolar masallarini sharhlashda ham hadislardan unumli foydalangan muallif ushbu bobda 52 ta hadis keltirgan. Asarda umumiy 74 ta hadis qoʻllangan. Shunga koʻra, doktor Muhammad Juyushiy bu kitobni Hakim Termiziyning hadislar sharhiga bagʻishlangan asarlari qatorida sanab oʻtgan [6: 176].

Bu asarning ilk yigʻma-qiyosiy matni 1975-yilda doktor Ali Muhammad Bijoviy tomonidan nashr etilgan. 1987-yilda esa, doktor Sayyid Jumayliy tahriri bilan chop etilgan. 2002-yilda Solim Mustafo Badriy, 2007-yilda shayx Ahmad Abdul-Ol Tahtoviy tomonidan asarning sharh va ilmiy tahqiq ekani daʼvo qilingan zamonaviy nashrlari tayyorlangan. Shuningdek, doktor Ahmad Soyihning tadqiq va tahriri bilan ham chop etilgan. Ogohlantirib oʻtish kerakki, soʻngi uchala nashrni umuman ilmiy tahrir va sharh deb baholab boʻlmaydi. Ularda birorta sharh boʻlmaganidan tashqari, hatto asar nomini xato yozgan oʻrinlari ham uchraydi. Marokashlik doktor Xolid Zahriy shu maʼnoda ushbu uchala “akademik” nashrlarni salbiy baholagan [8: 85-88]. Asarni 2023-yili B.Aʼzamov va A.Muratov toʻliq tarjima qildi.

Hakim Termiziyning hadis sharhiga oid shoh asari “Navodir al-usul fi maʼrifat ahodis ar-Rasul” ekani shubhasiz. Asarning dunyo boʻylab qoʻlyozma nusxalari tarqalgani, zamonasining ilmiy doiralarida eʼtirof etilgani, mashhur mufassir va muhaddislar undan istifoda olgani va boshqalar bunga dalildir. Jumladan, 2008-yilda Ismoil Ibrohim Mutavalli Avaz uning ikki jildli zamonaviy nashrini, 2010-yilda termiziyshunos olim Tavfiq Mahmud Takla yetti jildli ilmiy-tanqidiy matnni tayyorlagan. Shuningdek, 2015-yili Doktor Nuriddin Shukriy ibn Ali al-Burduriy asarning oltita qoʻlyozmasi asosida besh jildli ilmiy-tanqidiy matnni, 2020-yilda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi olimlari “Navodir al-usul” va “al-Masoil” asarlarini toʻrt jildli ilmiy-tanqidiy matnini  nashr qilgan. 2021-yilda esa, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (1952-2015) rohimahulloh tomonidan asarning “Rasul sollallohu alayhi vasallam hadislaridagi Nodir asllar” degan nom bilan amalga oshirilgan muxtasar tarjimasi nashr etildi. Tarjimon hayotligida yakunlangan ushbu tarjima uning vafotidan olti yil oʻtgach ilm ahli qoʻliga yetdi.

Asarning xalqaro miqyosda keng oʻrganilib, ilmiy-tanqidiy matnlari va tarjimalari nashr etilishi uning ilmiy qiymati yuqori ekanini koʻrsatadi.

Hakim Termiziyning muhaddislar orasida tutgan oʻrni va “Navodir al-usul” kitobi mazmuni, uni hadis manbalari orasidagi darajasiga toʻxtalgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh quyidagicha yozadi: “Hakim Termiziy rahmatullohi alayhi oʻz davrida hadis ilmini yaxshi oʻzlashtirgan olimlardan boʻlganini u kishining hayoti va ilmiy faoliyatini oʻrgangan barcha olimlar alohida taʼkidlaydi. U kishi Xuroson mashoyixlarining eng ulugʻlaridandir. Hadislarini otasi, Qutayba ibn Saʼiyd, Solih ibn Abdulloh Termiziy, Yaʼqub Davraqiy, Ali ibn Hajar Saʼjiy, Solih ibn Muhammad Termiziy, Utba ibn Abdulloh Marvaziy, Yahyo ibn Muso, Ibod ibn Yaʼqub Ravojaniy, Iso ibn Ahmad Asqaloniy Balxiy, Sufyon ibn Vakiyʼ va boshqalardan rivoyat qilgan. … Hakim Termiziy rahmatullohi alayhning bu ulugʻ asarini hadislarning sharhi boʻyicha eng qadimgi asarlardan desak, mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. …Hakim Termiziy rahmatullohi alayhning bu kitobi qadimda ham mashhur boʻlgan. Katta ulamolar ham bu kitobdan oʻz asarlarida iqtiboslar keltirganlar [10: 29-53]. Bu satrlar muallifi Hakim Termiziyga hadis ilmi boʻyicha bildirilgan eʼtirozlarni keskin rad qilib, allomaning  zamondosh va keyingi asrlardagi olimlar nazarida yuksak qadr-qiymatga ega boʻlganini taʼkidlamoqda.

Mahalliy olimlarimizdan I.Usmonovning “Navodir al-usul” asari haqidagi fikri ham Hakim Termiziy hadis va tasavvuf ilmlari bilimdoni boʻlgani va asarlarida bu uygʻunlikni tatbiq etganini koʻrsatadi: “… Hakim Termiziy ushbu asarida faqat hadislarni jamlash bilan cheklanmay, har bir hadisni mufassal sharhlab, uning botiniy va zohiriy maʼnolarini, hikmatini koʻrsatib, hadisning mazmun-mohiyatini har tomonlama tahlil qiladi hamda hadisning asl magʻziga yetib borishga, uni toʻliq idrok etishga harakat qiladi. Uning har bir sharhida tasavvufiy talqin sezilib turadi. Asarda hadislarni inson maʼnaviy-ruhiy va maishiy hayotida qanday tatbiq qilish mumkinligi koʻrsatib berilgan” [11: 6].

Hakim Termiziyga bildirilgan tanqidlarga muqobil ravishda uning mashhur muhaddis ustozlardan taʼlim olganiga ham eʼtibor qaratish kerak. Zero, ustozning ilmiy salohiyati shogird kamolotida katta ahamiyat kasb etadi. Shu maʼnoda allomaning ayrim ustozlari va ularning hadis ilmida tutgan oʻrin va martabalariga qisqacha toʻxtalib oʻtish muhimdir.

Avvalo, Hakim Termiziy ilm ahli va ziyolilar xonadonida tavallud topgan. Otasi Ali ibn Hasan Termiziy uning ilk ustozidir. Ali ibn Hasan  muhaddis va oʻz davrining koʻzga koʻringan faqihi boʻlib, koʻplab shaharlarga ilmiy safar qilgan. Mashhur muarrix Xatib Bagʻdodiy uning Bagʻdod shahriga borib, u yerda hadis rivoyat qilgani haqida yozgan [2:11,373]. Onasi va ona tomonidan bobosi ham hadis roviylaridan boʻlgan. Zero, u “Ar-raddu ala-l-muattila” va “Navodir al-usul” asarlarida ikkita hadisni onasi Ummu Oishadan, u esa, otasi Sahldan rivoyat qilgan. U onasini “Ummu Oisha bint Sahl ibn Solim” shaklida zikr qilgan [5: 68-99]. Bu holat uning oilaviy ilmiy silsila va hadis maktabi muhiti taʼsirida yoshlikdan ilmga muhabbat qoʻyganini koʻrsatadi.

Hakim Termiziyning ustozlari qay darajadagi muhaddislar boʻlganini bilish uchun mustalahul-hadis ilmidagi ayrim istilohlarga toʻxtalib oʻtish kerak. Unga koʻra, muhaddislar zobti (zehni, hifzi), axloqi va din-diyonati, ilmiy salohiyatiga koʻra, olti darajaga ajratiladi. Har bir darajaning oʻziga xos laqab – unvoni boʻlib, eng yuqori pogʻonani “amirul-muʼminin fil-hadis” (hadis ilmida moʻminlarning amiri, eng yetakchi muhaddis) ilmiy unvoniga ega muhaddislar egallaydi. Sufyon Savriy, Abdulloh ibn Muborak, Ahmad ibn Hanbal, Imom Buxoriy va Imom Muslim kabi buyuk muhaddislar shu qatorda sanaladi [12: 1,3-4]. Yana ushbu fanda “Sihohi sitta” (Olti ishonchli toʻplam) degan atama ham boʻlib, ahli sunna va jamoa olimlari uni faqat sahih hadislar toʻplangan oltita kitobga nisbatan ishlatadi. Ular Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy”, Imom Muslimning “Sahihi Muslim”, Imom Nasoiyning “Sunani Nasoiy”, Imom Abu Dovudning “Sunani Abu Dovud”, Imom Termiziyning “Sunani Termiziy”, Imom Ibn Mojaning “Sunani Ibn Moja” hadislar toʻplamidir [13: 153].

Shu oʻrinda Hakim Termiziyning ustozlariga eʼtibor qilinsa, ular qatorida Xurosonning yirik muhaddisi, “amirul-muʼminin fil-hadis” darajasidagi Qutayba ibn Saʼidni, shuningdek, Solih ibn Abdulloh va Sufyon ibn Vakiʼ kabi oʻz davrining peshqadam muhaddislarini koʻrish mumkin. Bu olimlar ushbu “Olti ishonchli toʻplam” musanniflariga ustoz boʻlgan. Ulardan Imom Buxoriy, Imom Muslim, Abu Iso Termiziy kabi buyuk muhaddislar hadis rivoyat qilgan. Hakim Termiziy ham safar qilib, bevosita ushbu zotlarning hadis halqalarida ishtirok etib, ulardan eshitgan hadislarini rivoyat qilgan. Bu esa, Hakim Termiziyning ushbu muhaddislar bilan ustozi bir ekani, u nafaqat tasavvuf ilmi nazariyotchisi, balki hadis ilmida ham yetuk alloma ekanini koʻrsatadi. Zero, Hakim Termiziy asarlarida oʻz sanadi bilan rivoyat qilgan hadislarni koʻplab muhaddislar oʻzining “sahih”, “sunan” va “musnad” turkumidagi kitoblarida rivoyat qilgan. Bundan Hakim Termiziy rivoyat qilgan hadislar ishonchli ekanini anglash mumkin.

Qolaversa, buyuk olimlar tarjimayi holiga bagʻishlangan manbalarda uning oddiy roviy emas, balki hofiz darajasidagi muhaddis ekani mashhur olimlar tomonidan eʼtirof etilgan. Hakim Termiziyning hadis ilmidagi darajasini idrok etish uchun, avvalo, hadis ilmlari fanidagi “hofiz” degan ilmiy unvon mazmunini bilib olish lozim. Imom Zahabiy ushbu daraja sohibi “musnid” va “muhaddis” deb ataluvchi hadisni sanadi bilan rivoyat qilib, ularning maʼnosi va roviylari haqida ilmga ega boʻlgan muhaddislardan yuqori turishini bayon etgan [12: 1,3-4]. Maʼlumki, Imom Zahabiy muhaddislar darajacini oltiga taqsimlab, qanday sifatga ega muhaddis qaysi darajada sanalishini bayon etgan. Bu taqsimotga hadis ilmi olimlari rozi boʻlib, hadis ilmida roviylar darajasi oʻsha taqsimot asosida aniqlanadi. Ushbu taqsimotning muassisi boʻlgan Imom Zahabiy (mil. 1274-1348) Hakim Termiziy haqida “Tazkirat al-huffoz” asarida “U zohid imom, hofiz, muazzin, koʻplab kitob tasnif etgan”, deb eʼtirof etgan [12: 2,645]. Imom Zahabiydek, umumeʼtirof etilgan olim biror allomaning ilmiy salohiyati haqida soʻz yuritganda unga tamalluq qilishi yoki uning darajasini soxtakorlik bilan boʻrttirib yozishi mumkin emas. U kabi olimlar har bir yozgan narsasiga Qiyomat kunida javob berishini anglagan holda qalam tebratishi shubhasiz. Shunga koʻra, Imom Zahabiyning Hakim Termiziyga bergan bu taʼrifi sharʼiy omonat yuzasidan berilgan bahodir. Shuningdek, “hadis ilmida moʻminlar amiri” darajasidagi mashhur muhaddis Ibn Hajar Asqaloniy (mil. 1371-1448): “U zot musulmonlarning imomlaridan biri, usuluddin va hadislar maʼnolariga oid katta kitoblar musannifi, buyuk olimlar bilan hamsuhbat boʻlgan”, deb yozgan [1: 5,308]. Abu Nuʼaym Isfahoniy (mil. 947-1038), Abu Abdurahmon Sulamiy (mil. 936-1021), Tojuddin Subkiy (mil. 1327-1370) kabi olimlar ham oʻz asarlarida uning Xuroson va Iroqdagi muhaddislardan koʻplab hadis eshitib yozgani, hadis rivoyati bilan shugʻullangan yirik muhaddis ekani, foydali kitob va risolalar taʼlif etgani va boshqalar haqida maʼlumot bergan [6: 175].

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Hakim Termiziy barcha islomiy ilmlar boʻyicha qomusiy olimdir. Xususan, uning hadis ilmidagi oʻrni beqiyos boʻlib, ushbu fanga oid asarlari jahon olimlari qiziqib oʻrganadigan klassik manbalar qatoridan oʻrin olgan. Zero, Hakim Termiziy ham Imom Buxoriy va Imom Abu Iso Termiziy taʼlim olgan yetakchi olim va muhaddislar huzurida hadis eshitib, yozib olgan. Shuningdek, ularni shogirdlariga oʻz sanadi bilan rivoyat qilgan va kitoblariga kiritgan. Yuqoridagi maʼlumotlarga koʻra, Hakim Termiziy tasavvuf nazariyotchisi boʻlishi bilan birga, Movarounnahr muhaddisi ham boʻlgan. Shuningdek, u rivoyat qilgan hadislarini ishonchli hadislar sirasiga kiradi deb hisoblash mumkin.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Ahmad ibn Hajar Asqaloniy. Lison al-miyzon. – Bayrut: Dar al-kutub al-ilmiya, 1998.
  2. Ahmad ibn Ali ibn Sobit Xatib Bagʻdodiy. Tarixu Bagʻdod. – Bagʻdod: Dor al-gʻarb al-islomiy, 2001.
  3. Doktor Ahmad Abdurahim Soyih. Al-Hakim at-Termiziy va nazariyyatuhu fis-suluk. – Qohira: Maktabatu-s-saqofatid-diniya, 2006.
  4. Doktor Ali Muhammad Bijoviy tadqiqoti. Hakim Termiziyning “Al-Amsol minal Kitob vas-sunna” asarining kirish qismi. – Qohira: Maktabatu Dar at-turos, 1975.
  5. Doktor Joʻrabek ibn Omon tadqiqoti. Al-Hakim at-Termiziy. Kitobu tafsir al-Qurʼon al-musamma Bahr at-tafsir. – Istanbul: Dar al-kutub al-arabiya, 2023.
  6. Doktor Muhammad Ibrohim Juyushiy. Al-Hakim at-Termiziy: dirosa li osorihi va afkorihi. – Qohira: Dar an-nahda al-arabiya, 1980.
  7. Doktor Suhayl Zakkor. Ibn al-Adim muarrixu Halab va bilodi-sh-Shom. “Nahjul-islom” ilmiy jurnali. – Suriya: Vizoratul-avqof, 1982. 12-son. – B. 64.
  8. Doktor Xolid Zahriy. Hakimu Xuroson va anisuz-zamon. – Rabot: Dor al-Amon, 2013.
  9. Mustafo Abdulqodir Ato tahqiqi. Al-Hakim at-Termiziy. Navodir al-usul fi maʼrifati ahoidsir ar-rasul. – Bayrut: Dar al-kutub al-ilmiya, 1992.
  10. Tarjimon: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Rasul sollallohu alayhi vasallam hadislaridagi Nodir asllar. – Toshkent: Hilol-Nashr, 2021.
  11.  Tarjimon: Ibrohim Usmonov. Hakim Termiziy asarlaridan saylanma. – Toshkent: Movarounnahr, 2017.
  12. Shamsuddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Tazkirat al-huffoz. – Bayrut: Dar al-kutub al-ilmiya, 1998.
  13. Shayx Abdulfattoh Abu Gʻudda tahqiqi. Shayx Tohir Jazoiriy. Tavjiyhun-nazar ila usulil-asar. – Halab: Maktabatul matbuotil islomiya, 2010.
BAHODIRJON AʼZAMOV,
OʻzXIA tayanch doktoranti,
Toshkent islom instituti oʻqituvchisi

Check Also

ABDURAHMON IBN XALDUNNING “TARIXI IBN XALDUN” ASARI TADQIQOTCHILAR NIGOHIDA

Tarix insoniyatning ilk davrlaridan bugungi kungacha davom etadigan uzoq jarayonni qamrab oladi. Mifologik davr rivoyatlarga …