Maʼlumki, sovetlar hukmronligi davrida barcha yoʻnalishlar qatori, diniy sohada ham mustamlakachilik siyosati amalga oshirildi. Diniy qadriyatlarimizni taqiqlash, oʻrganishni cheklash, allomalarimiz ilmiy merosini xalqimizdan yashirish va boshqalar shular jumlasidandir. Natijada, buyuk allomalarimizning koʻplab nodir asarlari yoʻqotildi, muqaddas qadamjolar oyoq osti qilindi, tarixiy binolar, qabristonlar buzib tashlandi. Bunday holat xalqimiz maʼnaviy hayotida ogʻriqli iz qoldirdi.
Sovet hukmronligi davrida hukumat tomonidan amalga oshirilgan dinga qarshi siyosat tufayli diniy muassasalar, xususan, masjidlar soni yildan yilga kamayib borgan. Jumladan, 1917 yilda sobiq Rossiya imperiyasi hududida masjidlar soni 25 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 1970 yilga kelib, bu davlatning vorisi hisoblangan Sovet Ittifoqida ularning soni 500 taga tushib qolgan edi [2:176]. 1980-yillar oxiriga kelib Sovet Ittifoqining deyarli 45-50 million aholisi oʻzini musulmon hisoblagan boʻlsa, ular ibodat qilayotgan masjidlar soni yuqorida keltirilgan raqamdan oshmadi. Bu davrda rasman roʻyxatga olingan masjid va madrasalar tashqarisida diniy faoliyat bilan shugʻullanish man etildi [5].
Bu davrda sovet hukumati xalqaro maydondagi ayrim jihatlardan koʻz yuma olmas edi. Xususan, Vyetnam urushi, Yaqin Sharqdagi mojarolar, kuchayib borayotgan sovuq urush sharoitida islom dunyosi mamlakatlarining xayrixohligiga erishish lozim edi. Shu maqsadda, ichki siyosatda ham din borasida ayrim tadbirlarni amalga oshirishga majbur boʻldi. Imom Buxoriyning 1974 yilda 1200 yilligining nishonlanishi shu maqsadda qoʻyilgan qadamlardan biri edi. Bu amalda xalqaro ahamiyatga ega voqea boʻldi. Shu yili 20-23 avgust kunlari oʻtkazilgan “Imom al-Buxoriy va bugungi kun” mavzusidagi ilmiy konferensiya mazkur bayramning yakuni boʻldi. Unda barcha Diniy boshqarmalar va yuzga yaqin masjid vakillari ishtirok etdi. Konferensiyada sobiq Ittifoqning koʻzga koʻringan diniy arboblari bilan bir qatorda Osiyo, Afrika va Yevropaning 27 ta davlatidan 60 dan ortiq yirik ilohiyotchi olimlar va din arboblari, shuningdek, Butunjahon Islom Ligasi vakillari qatnashdi [1:80].
Sobiq Ittifoqda, yuqorida aytilganidek, 1985 yilda sovet jamiyatini yangilash borasida chuqur islohotlar boshlandi. Bu davrda huquqiy davlat qurish, yangicha siyosiy fikrlash, sotsializmning yangicha qiyofasi kabi masalalar bilan bir qatorda, davlat va din munosabatlarini yaxshilash masalasi ham kun tartibiga qoʻyildi. Bu ishlar natijasida 1989 yil may oyida KPSS Markaziy Qoʻmitasining Ideologiya komissiyasi majlisida “Vijdon erkinligi toʻgʻrisida”gi yangi qonun loyihasi muhokama qilindi. 1988 yilda Rusda xristianlik joriy etilganining 1000 yilligini nishonlash nafaqat xristian cherkovi uchun, balki mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida katta voqea boʻldi. Bu davlat va din munosabatlarida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlardan dalolat edi [1:83].
Bunday oʻzgarishlar tezda Oʻrta Osiyo respublikalariga ham yetib keldi. Xususan, 1988-1989 yillarda Oʻzbekistonning barcha viloyatlarida masjidlar ochildi, 1930-1950 yillarda tortib olingan qator maqbara va masjidlar dindorlarga qaytarib berildi. Hukumatning maxsus qarori bilan Qurʼoni karimning nodir nusxasi – Musʼhafi Usmon musulmonlarga qaytarib berildi. Bundan tashqari, “Sovet Sharqi musulmonlari” jurnali olti tilda (oʻzbek, arab, fors, dariy, ingliz va fransuz tillarida) chiqarila boshladi. Shu bilan birga, taqvim (oy kalendari), diniy broshyura va plakatlar ham chop etish yoʻlga qoʻyildi. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy tavalludining 1200 yilligiga bagʻishlab, diniy boshqarma tomonidan “Sahihul Buxoriy”, “Sulosiyot al-Buxoriy”, “Al-adab al-mufrad” kabi asarlari chop etildi. Shuningdek, Imom Termiziyning 1200 yilligiga bagʻishlab, besh jildlik asarlar toʻplami nashr qilindi [1:84].
Bu davrda mahalliy kadrlar yurtimizda diniy qadriyatlarni asrab-avaylash borasida jonbozlik koʻrsatdi. Mana shunday shaxslardan biri Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, sobiq muftiy Ziyovuddinxon Eshon Boboxon oʻgʻli edi. Uning tashabbusi bilan 1971 yil 1 noyabrda “Oliy diniy madrasa” tashkil etildi va “Namozgoh” masjidida faoliyat yuritdi. Yuqorida aytilganidek, 1974 yilda Imom Buxoriy tavalludining 1200 yillik yubileyining keng nishonlanishi munosabati bilan ushbu bilim dargohiga buyuk vatandoshimizning nomi berilib, oliy mahad, yaʼni Toshkent islom instituti deb yuritila boshladi [8]. Ushbu taʼlim dargohi sobiq Ittifoqda yagona edi. Shu sababli, bu yerga SSSRning boshqa musulmon oʻlkalaridan ham talabalar tahsil olgan. Yaratganni inkor etuvchi tuzum sharoitida oliy diniy bilim yurtini ochish katta jasorat talab qilar edi. Shu sababli, Toshkent islom instituti yuqorida aytilganidek, sobiq Ittifoqda yagona boʻlib, Kavkazorti, Shimoliy Kavkaz, SSSRning Yevropa qismi va Sibir musulmonlari diniy boshqarmalarining boʻlajak kadrlari ham shu yerda tahsil olgan. Ammo tahsil oluvchilar soni kam boʻlib, bu, oʻz navbatida, diniy sohaga ixtisoslashmagan oliy oʻquv yurtlari bilan solishtirganda katta farqni tashkil qilar edi. Bu holat esa diniy soha faoliyatini cheklar edi. Xususan, 1980 yil holatiga koʻra, oliy mahadda 30 kishi taʼlim olganini koʻrish mumkin [1:103].
Shu oʻrinda, bu davrda buyuk allomalar abadiy qoʻnim topgan joylarning xarobaga aylantirilgan toʻgʻrisida ham aytib oʻtish joiz. Maʼlumki, Imom Buxoriy dafn etilgan joyda (hozirgi Payariq tumani, Xartang qishlogʻi) XVI asrda kichikkina maqbara tiklangan, yoniga masjid qurilib, hovlisiga bir necha tup chinor ekilgan edi. Sovet hukmronligi davrida esa, Allomaning nafaqat ilmiy merosini oʻrganish ishlariga yetarlicha eʼtibor berilmadi, balki uning qabri joylashgan hudud xarobazorga aylantirildi. Bunday holatdan nafaqat yurtimiz musulmonlari, balki ayrim nufuzli xorijiy mehmonlar ham norozi boʻlgan edi. Livanning taniqli jamoat arboblaridan biri Shayx Naim al-Jisrning 1956 yildagi Sovet Ittifoqiga tashrifi bu fikrimizni isbotlaydi. Xalqaro maydonda oʻziga tarafdorlar yigʻish bilan mashgʻul boʻlgan sovet hukumati musulmon mamlakatlari bilan ham munosabatlarni mustahkamlashga harakat qiladi. Bundan asosiy koʻzlangan maqsad, bu mamlakatlarni uning geosiyosiy raqibi AQSH tomoniga ogʻib ketishning oldini olish edi. Shu bilan birga, bu ikki buyuk davlatni ushbu davlatlarning tabiiy zaxiralari ham qiziqtirar edi.
Shu maqsadda sovet hukumati musulmon mamlakatlari bilan aloqalarni mustahkamlash payiga tushadi. Buning uchun birinchi boʻlib, sovetlarga xayrixoh Livan mamlakati tanlab olinadi. Livanning taniqli davlat va jamoat arboblari mamlakatga taklif qilinadi va oʻzini diniy sohada ochiq mamlakat sifatida koʻrsatishga urinadi. Ammo sovet hukumatining bunday ishlari oʻzi kutgan natijani bermaydi. Yuqorida ismi keltirilgan Livanlik yirik jamoat arbobi Shayx Nadim al-Jisr boshliq mehmonlar Sovet Ittifoqiga tashrif buyurgach, Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilish istagini bildiradi. Tabiiyki, bu vaqtda Alloma qabri xarob ahvolda boʻlib, uning atrofi paxtazorga aylantirilgan, yonidagi masjidda esa kimyoviy oʻgʻitlar saqlanar edi. Shu bilan birga, sovet rasmiylarining hech biri Imom Buxoriy qabri qayerda ekani toʻgʻrisida maʼlumotga ega emas edi.
Tezkorlik bilan amalga oshirilgan surishtiruvlar natijasida Alloma qabri Samarqand viloyatining Xartang qishlogʻida ekani maʼlum boʻladi. Sovet maxsus xizmatlari livanlik muftiyni atay poyezdga chiqaradi. Chunki mehmon Toshkentga yetib kelgunicha maqbarani biroz yaxshilash va masjidni taʼmirlash koʻzda tutiladi. Bu paytda atrofdagi qishloq ahli bu ishga imkon qadar yordam beradi. Ular maqbara va masjid atrofini chiqindi uyumlardan tozalash uchun uch-toʻrt kun tinmay ishlaydi [9].
Shayx Nadim al-Jisr sahar vaqti Xartangga keladi. Mashinadan tushib, Imom Buxoriy maqbarasi tomon yura boshlaydi. Nogahon, kuzatib kelgan va peshvoz chiqqanlar oʻrtasida oʻtirib oladi. Hamma uni hayron kuzatib turardi. U Qurʼon tilovat qila boshlaydi. Shu holda peshingacha oʻtiradi. Yumib olgan koʻzlaridan toʻxtovsiz yosh oqadi. Nihoyat, u tilovatni toʻxtatadi. Oʻrnidan turib, yonidagilardan: “Eng kattangiz qaysingiz? Men Respublika Prezidenti bilan uchrashishni xohlayman”, deydi. Mehmonni Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining oʻsha paytdagi raisi qabul qiladi. Uchrashuvda livanlik muftiy Imom Buxoriy maqbarasi va atrofidagi tuprogʻining vazniga teng ogʻirlikda oltin berib, sotib olish istagini bildiradi. Prezidium raisi unga bu yodgorlik Imom Buxoriyning yuksak maqomiga mos ravishda qayta qurilishini aytadi [3:24-25]. Shayx Nadim al-Jisriyning safari shunday tushkun kayfiyatda nihoyasiga yetadi. Mehmon oʻz yurtiga qaytib ketgach, u yerda uzoq yillar muftiy lavozimida faoliyat yuritadi. Ammo uning bu masalani biror joyda koʻtargani toʻgʻrisida maʼlumot mavjud emas.
Bu davrda Sovet Ittifoqiga tashrif buyurgan musulmon mamlakatlari yetakchilari ham Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilish istagini bildiradi. Bunda 1956 yilda Indoneziya Prezidenti general Sukarnoning tashrifi muhim ahamiyatga ega. Sovet Ittifoqiga tashrif davomida mehmon davlat prezidenti Samarqanddagi Imom Buxoriy qabrini ziyorat qiladi [4]. Shu oʻrinda aytish mumkinki, Prezident Sukarno ulugʻ alloma qabrini ziyorat qilish orqali Indoneziya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ziyorat turizmiga asos solgan shaxs sifatida tarixga kirdi. U Oʻzbekistonga safari soʻngida oʻzbek xalqini “Koʻzga uzoq, qalbga yaqin” maʼnosidagi indonez maqoli orqali taʼriflagan edi [6].
Sovet hukmronligi davrida nafaqat Imom Buxoriy abadiy qoʻnim topgan maskan, balki boshqa ulugʻ allomalar yotgan joylar ham xarobazorga aylantirildi yoki buzib tashlandi. Imom Moturidiy Shayx Abu Nasr Margʻinoniy qabri ham shular jumlasidandir. Ushbu ikki alloma qabri rus bosqini va sovet tuzumi davrida unutildi va toptaldi. Bu qabrlar joylashgan Chokardiza qabristonining katta qismi 1947-yilda aholiga beriladi. Aslida Chokardiza qabristonining bu holati Buxoro amiri Nasrullo davrida boshlangan edi. U 1840-yillar atrofida Samarqanddagi islomni qabul qilgan va xalq orasida “chala” degan nom olgan yahudiylarga ushbu qabristonning bir chekkasini ajratib, alohida yahudiy mahallasi va qabristonini barpo etishga ruxsat bergan edi. Bunday kaltabinlik oqibatida qanchadan qancha aziz ulamolar xoki yahudiylar tiklagan hovli joylar ostida qolib ketadi. Hatto, oʻsha paytda ayrim hovlilarning sahni juda mashhur ulamolarning qabrtoshlari bilan yopilgan. 1878-yilda allaqachon oʻz ahdidan qaytgan yahudiylar Chokardizada devor tiklab, oʻz qabristonini alohida qilib oladi. Bu yerda ular sinagoga ham tiklaydi [7]. Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, Chokardiza qabristoni Islom olamida Makka va Madinadan soʻng ulugʻ ulamolar dafn etilgan uchinchi moʻtabar joy sifatida tan olinadi.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, sovet hukmronligi yillarida Oʻzbekistonda diniy qadriyatlarimizga qarshi kurash olib borildi. Bu holat turli koʻrinishlarda roʻy berdi. Allomalar asarlarini yoʻq qilish, ular qoʻnim topgan maskanlarni xarobaga aylantirish yoki buzib tashlash, diniy taʼlimni cheklash va boshqalar shular jumlasidandir. Shuningdek, bunday ishlarni amalga oshirish uchun turli yillarda tegishli qarorlar eʼlon qilindi. Hukumat tomonidan tazyiq va siquvlarga qaramasdan, yurtimizning asl farzandlari nafaqat diniy qadriyatlarimizni saqlab qolishga intildi, balki uni rivojlantirish choralarini koʻrdi. Sovet hukumati dahriylik siyosatini tashqi siyosiy holatiga qarab oʻzgartirib turdi. Musulmon mamlakatlariga oʻzini diniy siyosatda ochiq koʻrsatishga urinishi ortidan ayrim cheklovlarni yumshatishga majbur boʻldi. Ammo shunday boʻlsa-da, bunday tazyiq va cheklovlar Oʻzbekiston oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritgunga qadar u yoki bu tarzda davom etdi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Gʻafurov U. Oʻzbekistonda islom taʼlimi tizimi: shonli tarix, istibdod zulmidan omon qolish va nurli istiqbol. Monografiya. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi, 2023.
- Ziyoyeva D. Turkistonda milliy-ozodlik harakati (Mustabid tuzumga qarshi 1916 yil va 1918-1924 yillardagi xalq kurashlari tarixshunosligi). – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2000.
- Imom Buxoriyga hurmat: istiqlolgacha, istiqloldan soʻng. Hidoyat jurnali, 2011 yil 8 son.
- http://old.muslim.uz/index.php…
- https://bestpublication.org/in…
- https://islom.uz/maqola/11525
- https://kh-davron.uz/ijod/maqo…
- https://oliymahad.uz/institut-…
- https://ziyouz.com/books/jurna…