Home / MAQOLALAR / HADISLARDAN HUKM OLISH VA HAYOTGA TATBIQ ETISH UCHUN ZARUR BOʻLGAN BILIMLAR(3-qism)

HADISLARDAN HUKM OLISH VA HAYOTGA TATBIQ ETISH UCHUN ZARUR BOʻLGAN BILIMLAR(3-qism)

Maʼlumki, hadis ilmi Alloh huzuridagi ilmlarning eng buyugidir. Islomning ilk davrlaridanoq uni oʻrganishga qiziqish kuchli boʻlgan. Bizning yurtimizda ham islom kirib kelishi bilan hadislarga alohida eʼtibor qaratilgan. Hadis ilmidan taʼlim olish va taʼlim berish kuchli ragʻbatlantirilgan. Shu sababli yurtimizdan koʻplab muhaddis ulamolar yetishib chiqqan. Ammo ular hadislardan hukm chiqarmagan. Hadislardan hukm olish kalom va fiqh ilmi ulamolari eʼtiboriga havola qilingan. Chunki mustaqil ravishda ijtihod qilib, hadislardan hukm chiqarish va ularni amaliyotga tatbiq etish, yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, kishidan bir qancha ilmni talab qiladi. Quyida bu ilmlar roʻyxatini davom ettiramiz. Kishi hadisdan hukm chiqarish uchun yana quyidagi bilimlarni oʻzlashtirishi zarur:

  1. Hadisning aytilish sababi va tarixini bilish. Hadisning aytilish sababi, zohiriy maʼnosi va maqsadini yaxshi tushunib yetish, undagi hukmning xos yoki umumga oidligini ajratib olish uni toʻgʻri talqin qilish uchun zaruriy omillardan hisoblanadi. Baʼzi hadislarning aytilish sababi va oʻziga xos maqsadi bor. Ayrimlarida muayyan bir shaxs, zamon, makon va shart-sharoitga oid muammolar aytiladi.
  2. Hadis sanadining muttasil (uzluksiz) yoki munqatiʼ (uzilgan) ekanini bilish. Roviylar zanjirida uzilish boʻlgan, sanadi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yetib bormagan hech bir xabar qabul qilinmagan. Silsiladagi barcha roviylar ishonchli ekani aniqlanganda ham bu oʻsha hadisning sahih ekanini bildirmaydi. Sanadning muttasilligi va birorta ham roviy tushib qolmagani ham isbotlanishi lozim. Qaysidir oʻrinda roviyning tushib qolgani aniqlansa, hadis ishonchsiz hisoblanadi. Sanadning uzluksizligiga ishonch hosil qilish uchun hadis eshitganini daʼvo qilgan kishi bilan koʻrishgan-koʻrishmaganini aniqlash lozim. Hadis ilmi ulamolari bunday qiyin va nozik ishni yuksak darajada, aniqlik bilan ado etgan. Har bir roviyning ishonchligi va xotirasini tahlil qilish bilan birga, uning ustozlari va talabalarini ham oʻrgangan.

Muxtasar aytganda, roviylarni tanqidiy nuqtayi nazardan oʻrganishda muhim sanalgan bunday tekshiruv zanjirning uzluksiz yoki buning aksi ekanini aniqlash bilan bogʻliq. Deylik, roviy hadisni unga havola qilgan kishidan bevosita eshitmagani aniqlansa, bunday xabar “munqatiʼ” (uzilgan) sanaladi va ishonchli hisoblanmaydi.

  1. Hadisning sahih yo zaifligini bilish.
  2. Hadisning maqbul yo mardud ekanini aniqlay olish.
  3. Maqbul sahih hadisning maʼmulun bih yo gʻayri maʼmulin bih ekanini bilish.
  4. Maqbul sahih hadisning muhkam yo mutashobihligini aniqlay olish.
  5. Maqbul sahih hadisning xos yo ommaga taalluqli ekanini bilish.
  6. Hadisning zohiriy va botiniy maʼnolarini anglash.
  7. Hadisning musulmonlar uchun dolzarb yo aksincha ekanini bilish.
  8. Hadisning aqidaviy, fiqhiy, ijtimoiy ahamiyatini anglab yetish.
  9. Hadis asosida chiqarilgan fatvo toʻrtta mashhur mazhabning birortasiga xilof boʻlmasligi.
  10. Yashab turgan joyida urf boʻlgan mazhabga zid fatvo bermaslik.
  11. Hadis asosida chiqarilgan fatvo musulmonlar orasida tushunmovchilik keltirib chiqarib, tafriqaga sabab boʻlmasligi.
  12. Hadis asosida chiqarilgan hukm islom dinining besh maqsadiga – jon, din, nasab, oila, mol-mulk va obroʻ himoyasiga muvofiq kelishi.
  13. Hukm yo fatvo tashvish keltirmasligi, boshi berk yoʻlga kiritib qoʻymasligi. Alloh taolo bu haqda bunday marhamat qilgan:

(Ey Muhammad!) Biz Sizga bu Qurʼonni (din ishida) mashaqqat chekishingiz uchun nozil qilmadik”[1].

  1. Hukm yo fatvodan maqsad musulmonlarni qiynayotgan masala yechimini topib, undan xalos etishga xizmat qilishi.

(Ey Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz”[2].

  1. Mahalliy ulamolar hadisdan hukm chiqarib, fatvo beruvchi kishining olimligini eʼtirof etishi. Diniy masalalar yechimini ummat ulamolari eʼtirof etgan taniqli olimlardan olish talabi islomning ilk davrlaridan joriy etilgan boʻlib, hozirgacha amal qilib kelinmoqda. Tarixga nazar solsak, hatto Imom Buxoriydek muhaddislar ham imtihon qilingan. Ammo diniga eʼtiborsiz, masala yechimini kimdan olayotganiga ahamiyat bermaydigan ayrim musulmonlar ijtimoiy tarmoqda oʻzi biror marta yuzlashmagan, ulamolar eʼtirof etmagan kishilarga suyanib qolayotgani afsuslanarli holatdir.

Albatta, hukm va fatvo uchun qoʻyiladigan talablarning hammasini keltirish katta hajmli ish boʻlib, uni yana davom ettirish mumkin. Ammo yuqorida keltirilgan maʼlumotlarning oʻzi ham hadislardan hukm chiqarish va tatbiq etish oson emas ekanini anglab yetishga kifoya qiladi. Bunda nihoyatda ehtiyot boʻlish lozim. Muqaddas dinimizga oid masalalar yechimi, fatvo va hukmlarni ijtimoiy tarmoqlardagi har xil kimsalardan emas, aksincha, xalqimiz hurmatiga sazovor boʻlgan ulamolar, imom-xatiblar va diniy arboblardan olish eng toʻgʻri yoʻldir.

Xulosa qilib aytish mumkinki, diniy ilmni egallamasdan Qurʼon va hadisdan bahs qilish joiz emas. Ilmsiz ravishda hadislardan  bu halol yo harom, bu kofir yoki gunohkor deb oʻzboshimchalik bilan xulosa chiqarish kichik xatoning katta ofatga aylanib ketishiga olib keladi.

[1] Toha surasi, 2-oyat.
[2] Anbiyo surasi, 107-oyat.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …