Ayni kunlarda Markazda amaliyot oʻtayotgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindori Majdiy Folih ilmiy izlanishlari taqdimotini oʻtkazdi.
«Islom meʼmorligi hamda fiqh ilmining shahar va atrof-muhitga taʼsiri» mavzusida tashkil etilgan taqdimot Tunis poytaxtining eski shahar qismi – Madina misolida islomda shaharsozlik anʼanalarining fiqh ilmiga xos tarzda shakllanish jarayonlariga bagʻishlandi.
Tadqiqotchi dastavval Tunis Madinasining tarixiga, turli sulolalar davridagi rivojlanish bosqichlariga toʻxtaldi. Ayni damda poytaxt – Tunisning aksariyat, yaʼni 700 ga yaqin diqqatga sazovor joylari oʻrin olgan Madina shahar maydonining 6 foizini (270 gektar) egallaydi. Hozir poytaxt aholisining oʻndan bir qismi (taxminan 100 ming kishi) istiqomat qilayotgan maskan milodiy 700-yillarda Hasan ibn Noʻmon hukmronligi davrida oʻziga xos tarixiy va iqtisodiy markazga aylanib, keyinchalik Fotimiylar, Almohadlar va Havsidlar davrida Shimoliy Afrikada poytaxt va intellektual markaz maqomini oladi. Finikiyaliklardan boshlab fransuz mustamlakachilarigacha boʻlgan istilolar paytida koʻplab oʻzgarishlarga uchragan eski shahar XVIII asr oxiridan buyon deyarli asl holatida saqlangan. Binolari oʻta zich qurilgan Madinaning jinkoʻchalari, xiyobonlari va boshi berk koʻchalari koʻp. Markazdagi Buyuk Zaytuna masjidi atrofida 26 ta bozor va 700 ga yaqin obida joylashgan. Bozorlari ikki tomonida junli mato, kiyim-kechak, atir-upa, meva-cheva, kitob doʻkonlari tizilgan yopiq koʻchadan iborat. Hunarmandlar bozorlar chekkasidan oʻrin olgan.
Majdiy Folih Tunis Madinasidagi uy-joylar tarhiga alohida eʼtibor qaratdi. Hovlilar nosimmetrik dizaynda, islom arkonlariga mos qilib qurilgan. Ichki makon daxlsizligi ustuvor ahamiyatga ega hovlilarda oila aʼzolarining osmon, quyosh, umuman, tabiat bilan bogʻlanish imkoni yaratilgan. Eshik va derazalar joylashuvi, binolar balandligidagi oʻzaro muvofiqlik va, umuman, islomdagi qoʻshnilik odoblari, ijtimoiy tartiblar va shariat qonunlariga asosan barpo etilgan uylar ijtimoiy xulq-atvorni belgilab, islom urbanizatsiyasining namunasini namoyon qiladi. Bunda qoʻshni hovlini quyosh nuri va toza havodan toʻsib qoʻymaslik, oʻzgalar mulkiga hurmat, hadisga koʻra, koʻchalarning ikkita tuya yonma-yon oʻtishi uchun zarur 3,5 metrlik kengligi, drenaj tizimi, nopok kimyoviy modda va chiqindilar joyi, nizolar yechimida oldinroq oʻrnashgan qoʻshnining ustuvorligi kabi muhim jihat va qadriyatlar inobatga olingan.
Tunisning 1979-yilda YUNESKOning Jahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan koʻhna Madinasi bugun nafaqat shonli oʻtmish guvohi, balki doimiy rivojlanishdagi tarixiy markazlardan biridir.
Stipendiat olimlarning eski shahar landshafti, chegaralari va arxitekturasiga oid asarlari toʻgʻrisida soʻzlab, umumiy jihatdan islom meʼmorligiga doir huquqiy matnlardan iborat koʻplab manbalar va ulardagi maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.
Xorijlik tadqiqotchi taqdimot yakunida Markazdagi ilmiy amaliyoti davomida izlanishlarini mamlakatimiz tarixiy shaharlaridagi obidalarning meʼmoriy yechimlarini oʻrganish asnosida davom ettirish maqsadini bayon qildi.
Tadbir qizgʻin savol-javoblar va muhokamalar bilan davom etdi.