Home / MAQOLALAR / HAKIM TERMIZIYNING “AL-HUQUQ” ASARIDA IJTIMOIY HUQUQ MASALALARI

HAKIM TERMIZIYNING “AL-HUQUQ” ASARIDA IJTIMOIY HUQUQ MASALALARI

Hakim Termiziy (vaf. 932-y.) oʻz asarlarida islom huquqiga oid koʻplab masalalarni yoritgan. Anʼanaviy fiqh masalalarini ularning maʼnaviy jihatlariga urgʻu bergan holda talqin qilish Hakim Termiziyning oʻziga xos uslubi hisoblanadi. Bu kabi uslubni uning “Bayon al-farq”, “Navodir al-usul”, “Al-Akyos val mugʻtarrun” kabi asarlarida uchratish mumkin. Hakim Termiziyning huquqqa oid yana bir muhim asari – “Al-Huquq” boʻlib, hozirga qadar qoʻlyozma holatdadir. Uning yagona deb hisoblangan nusxasi Turkiyaning Ismoil Soib kutubxonasida saqlanadi. Qoʻlyozma hijriy 543/1148-yilda koʻchirib tugatilgan [2:271]. Mazkur toʻplamda Hakim Termiziy qalamiga mansub 11 asar jamlangan. Ular quyidagilardir: “Kitob ar-riyoda”, “Bayon al-ilm”, “Masoil fin niyya va gʻoyriha”, “Javab kitab minar Ray”, “Al-Akyos val mugʻtarrun”, “Ajvibatal masoil”, “Fil Farq baynal oyot val karomot”, “Kitab al-huquq”, “Badʼ ash-shaʼn”, “Fi Masoil at-taʼbir”, “Manozil qosidin ilalloh”. “Al-Huquq” asari qoʻlyozma toʻplami orasida 177 b – 209 b varaqlarda joylashgan [3:44]. Mazkur asarda Yaratuvchi, Uning Paygʻambari, ota-ona, qarindoshlar va hayot davomida roʻbaroʻ boʻladigan jamiyatning boshqa aʼzolariga oid huquq va majburiyatlar qamrab olingan [1:90-91]. Shuningdek, hayvonlarga oid alohida bir bob ham asardan oʻrin olgan. Asarda muallif inson hayotida duch keladigan diniy, ijtimoiy, siyosiy, shaxsiy, mulkiy huquq va majburiyatlarni jamiyatdagi 16 toifa va hayvonot olamiga nisbatan ochib beradi. Termiziy bob nomlarini atashda “marofiq” (foydalar, yaxshiliklar) soʻzini ishlatadi: “Marofiq ar-Rasul sollallohu alayhi va sallam”, “Marofiq as-sulton” va shu kabi ulamo, muazzin, imom, ota-ona, farzand, er-xotin, qarindosh, qoʻshni, xizmatkor, yuk tashuvchi hayvon, tabib, gʻassol, harbiy, muhtasib va oʻqituvchilarga tegishli huquq va majburiyatlarni zikr etadi. Har bir bob avvalida oʻsha toifalarning jamiyatga keltiradigan foydasi zikr etiladi. Dalil sifatida mavzuga oid oyat, hadis va sahobiylar asarlari keltiriladi. Ular asosida insonning kimlar oldida qanday majburiyati bor ekani, ular nimadan kelib chiqishi va qanday qilib aʼlo tarzda bajarilishi muhokama qilinadi. Hakim Termiziy bu masalalarni yoritishda fiqh va odob-axloq meʼyorlarini uygʻun holda taqdim etadi. 

Asar “Alloh rahmatiga olsin, Abu Abdulloh Hakim Termiziyning “Huquq” kitobi, Allohning nomi bilan, Robbim Rahmatingdan kuch olaman” sarlavhasi bilan boshlanadi. Soʻng Termiziyga xos qisqa hamd keltiriladi: “Alhamdu lillahi Robbil aʼalamiyn valiyyul hamdi va ahlihi, ammo baʼd… Biz bandalikni ikki koʻrinishda topdik, biri – amr (buyurilgan) va nahy (qaytarilgan)larni qaror toptirish, ikkinchisi – haqdorlarga shukr keltirish” [4:177b-178a]. Shundan soʻng, shukrga oid Qurʼon oyatlari keltiriladi. Yaratganga shukr keltirish, Uning buyrugʻiga asosan, ota-ona, qarindosh, yetim, miskin, qoʻshni, musofir va qoʻl ostidagi xodimlarga yaxshilik qilish bilan boʻlishi taʼkidlanadi. Mana shunda banda oʻz zimmasidagi haqlardan birini ado etgan hisoblanadi.

“Marofiq ar-Rasul” bobida Alloh Paygʻambar (a.s.) orqali bandani hidoyatga yoʻllagani, uning joni, moli va sharafini saqlagani uchun “Uning haqqidir”, deb u Zotning haqqini ado etish yoʻllari koʻrsatiladi, yaʼni salavot aytish, Uning qabri oldida ovoz koʻtarmaslik, avlodlari va arablarni eʼzozlash va boshqalar [4:178a-179a]. “Marofiq as-sulton” bobida sultonning jamiyat moddiy va maʼnaviy hayotidagi tartibni saqlashdagi oʻrni, kezi kelganda jazo berishi yoki marhamat koʻrsatishi kabi faoliyati uchun shukrona keltirish yoʻllari bayon qilinadi: unga quloq solish, itoat va ehtirom koʻrsatish, orqasidan yomon otliq qilmaslik, oʻzining qilgan duolari bilan uni ham siylash, kerak vaqtda yordam va nasihat berish, shafqat va turli vaziyatlar uchun salohiyat tilab duo qilish, adolatga targʻib qilish va boshqalar [4:179a-181a]. “Marofiq al-ulamo” bobida ulamolar ummatning hidoyat peshvolari ekani, Paygʻambar oʻrinbosari, ummatga nisbatan farzandlarini tarbiyalayotgan onalar maqomida ekanini aytib, ularning haqlari quyidagicha ado etilishini bayon qiladi: “Uni ismi bilan chaqirmaslik, xodimi singari unga taʼzim bilan qarash, oʻzingga ham, unga ham tegishli boʻlmagan masalani soʻramaslik, gʻazablantirmaslik, gap qaytarmaslik, soʻzini boʻlmaslik, oldida tovushni pasaytirish, uning huzurida bekorchi soʻzlar aytmaslik, xato va kamchiliklarida ayblamaslik, shaʼniga tegmaslik, dinini saqlash, maishiy ishlari va muammolarida dastak boʻlish, oʻziga ravo koʻrgan narsani unga ham ravo koʻrish” [4:181 a-182 b] va boshqalar.

“Marofiq al-muazzinin” bobida muazzinlar masʼuliyati, ularga atalgan mukofot va xizmatining ahamiyati yoritilib, haqqi quyidagicha ado etilishi aytiladi: “hurmat koʻrsatish, azoniga javob aytish, vaqtidan kechiksa, uni kutib turish va bosim oʻtkazmaslik, masjidda uni kuttirib ushlab qolmaslik, iqomatni aytgunga qadar azon va iqomat oʻrtasida namozini oʻqib olguncha kutib turish, unga masjidni toza ushlash, tartibini saqlashda koʻmak berish va boshqalar. Zero, u sening diningni saqlashda ishtirok etadi” [4:182b-184a]. “Imomlarning yaxshiliklari (foydalari)” bobida Paygʻambar (a.s.) ning imomlarga rushd, adolat va istiqomat soʻrab qilgan duolari sharofati bilan shu xislatlarga ega imomlar namozda oldinga oʻtsa, har bir insonning namozi 25-marta koʻpayadi. Uning sendagi haqlari: hurmat qilishing, choʻzib yuborgani yoki qisqa oʻqigani uchun tergamasliging, qoʻshnilaringdan ham uni ustun koʻrishing, barcha namozxon va muazzin imom tahorat qilayotgan boʻlsa, uni kutib turishi” [4:184a] va boshqalar.

“Ota-ona foydalari va ularning huquqlari” nomli bobda onaning farzand tugʻish va oyoqqa turgʻizishdagi fidoyiligi, otaning qishu yozda oila nafaqasi uchun ter toʻkishi, tarbiya va taʼliming bilan shugʻullanishi va boshqa senga yaxshiliklarini qayd etib, ularning haqlarini bayon qiladi: “ularni oʻzingdan afzal bilishing, oʻzingdan avval yedirishing va kiyintirishing, hamma ishingni ular bilan muvofiqlashtirishing, ularning ishini eʼzozlashing, har kuni ertalab salomlashishing, ahvolini, muammolarini, ehtiyojini surishtirishing, tovushingni ularga koʻtarmasliging, ularning huzurida aziyat yetkazuvchi soʻz aytmasliging, kunduzi orqasida yurib, kechasi esa oldiga oʻtib yoʻl koʻrsatib ketishing, ehtiyoji uchun molingdan bemalol foydalanishi tadbirini qilishing, vafotidan keyin haqiga istigʻfor aytishing, qilgan yaxshi amallaringdan ularga nasiba bagʻishlashing, oʻrniga haj qilishing, qarzlarini uzishing, qarindoshlarini ziyorat qilishing, yana haqlaridan: ularga oʻqrayib qaramasliging, soʻzini boʻlmasliging, ular turganda oʻtirib olmasliging, ularni koʻrganda oʻrningdan turishing, yotoqlarida yotmasliging, xursandchilik va qaygʻulariga sherik boʻlishing, boy boʻlsang, hayit kunlari ularning nomidan sadaqa qilishing, qurbonlik qilishing, yana haqlaridan – oʻzingdan ham ularning haqlariga rioya qilishing, agar turmush qurgan boʻlsang, koʻnglida rashk qoʻzgʻamaslik uchun ayolingga qiladigan yaxshiligingni yashirishing, onangni har vaqt ayolingdan ustun koʻrishing va u bilan koʻproq maslahatlashishing, har bir ishingni ota-onang izni va maslahati, tabarruk duolari bilan qilishing, haj va jihodga ularning izni bilan chiqishing, yana haqlaridan – agar seni chaqirishsa, zudlik bilan har qanday yumushni tashlab yetib borishing, vafotidan keyin esa qabrlarini ziyorat qilishing. Hadisda keltirilishicha, kim ota-onasi yoki ulardan birining qabrini har juma kuni ziyorat qilsa, magʻfirat qilinadi va yaxshilardan yoziladi” [4:184a-189b].

“Farzand yaxshiliklari (foydalari)” bobida farzand balogʻatga yetgunga qadar undan jannat hidi kelishi, katta boʻlganda koʻmakchi, ota-onasi vafotidan keyin ularning ismini olib yurishi, yaxshilik qilsa, ularga ham savobi borishi, vasiyat va kelishuvlarni ado etishi aytiladi. Uning haqqi esa: “nafaqa qilishing, yaxshi ism qoʻyishing, odob berishing, uning ismini kunya qilishing, tahqirlamasliging, fazilatli axloq bilan tarbiyalashing, odamlarning qoʻllaridagi narsadan behojat qilishing, kiyinishini yaxshilashing, oʻzingdagi parhezkorlikni unda ham tarbiyalashing, uning Qurʼon tilovatiga eʼtibor qilishing, boy boʻlsang balogʻatga yetganda hajga yuborishing, uylantirishing, unga farzand tilab duo qilishing, hech qachon qargʻamasliging, zero bu narsa uni halok qiladi”[4:189b-190a].

“Er-xotin yaxshiliklari (foydalari)” bobida er va ayolning bir-biridan oladigan manfaat va yaxshiliklari zikr qilinadi: “sakinat, oʻzaro yordam, hamkorlikdagi maishiy hayot, farzand tarbiyasi, erning oiladagi vazifalari va ayolning vazifalari, ayolning uyidagi vazifalarini oʻz oʻrniga qoʻyishi erkaklarning jihodiga teng ekani, agar ayol taqinchoq, boʻyoq, xushboʻylik, misvok, soch va kokil parvarishi, badan tozaligi va shu kabilarni eri uchun qilsa, vojib haqqini ado etgan boʻlishi. Erning majburiyatlari esa –nafaqa, maskan taʼminoti, ayolni himoya qilish, ayoli uchun bezanishi, hamma oʻz yoshiga munosib ravishda oʻziga qarab yurishi, yoshlarning bezanishi yoshi kattalarnikidan farq qilishi”, kabi masalalar bayon etilgan.

Mazkur bobda Hakim Termiziy oʻz davrida paydo boʻlgan “mutazohhid” (soxta zohid)lar toifasining nikoh masalasidagi notoʻgʻri qarashlarini isloh qiladi: “Bu masalada johil mutazohhidlar toifasi adashib qoldi. Bu masalalarni (oila qurish) soqit qilish zohidlik, deb oʻyladi. Ular haqlarni zoye qilib boʻldi. Bilmaydiki, zohidlik qalbda, nafsda esa ragʻbat boʻladi. Nafsga yordam bersang, ragʻbat oʻladi va zohidlik zohir boʻladi. Zohidlikning maʼnosi – narsalardan mustaqil boʻlishingdir. Lugʻatda “zahiyd”, yaʼni “kam narsa” deyiladi. Bu zaif johillar ziynatlardan xoli, chunki ularda shahvatini magʻlub qiladigan quvvati yoʻq. Birlarini koʻrasan: kir boʻlib ketgan xaliqon kiyib olgan, iflosligidan badboʻy hid taraladi, oilasi bilan ham shu holatda yashab keladi, oʻzi beodob va axloqsiz, mana shu holatiga rom boʻlgan. Bular nafrat uygʻotadigan shaxslardir. Yana aytadilarki, “ziynatlanib olgan odamlar Allohning yaratganiga rozi boʻlmay, Alloh yaratgan narsaga oʻzgartirish kirityapti”, deb “Allohning yaratganlarini oʻzgartiradilar” (Niso, 119) oyatini dalil keltiradi. Bu shaytonning adashtirishidir. Zero, bu Allohning yaratganlarini oʻzgartirish emas, balki Alloh inson uchun yaratgan ziynat va taqinchoqlar bilan bezanishdir. Alloh taolo aytadi: “U yangi goʻsht (baliq goʻshti) yeyishlaringiz va taqadigan taqinchoqlar chiqarib olishlaringiz uchun (sizlarga) dengizni ham boʻysundirib qoʻygan Zotdir” (Nahl surasi 14-oyat).

Bu taqinchoqlar tilla, kumush va marvaridlardan boʻladi, ularni Alloh kim uchun yaratdi, chorvalargami yoki odamiylargami? …. Ziynat – tashqi koʻrinishni bezashdir, misoli: soch, zulf va kokillarni parvarishlash, surma surish, pardoz qilish, taqinchoqlar taqish, misoli: bilakuzuk, uzuk, shoda, zirak, oyoq halqasi va kiyimlar…

Agar ziynatlanish zoye qilinsa, ayollarning nafsi och boʻla boradi, koʻzlari va kokillari koʻrimsiz boʻlib ketadi, kaftlari boʻzaradi, oqibatda bezanishdan chiqib qoladi” [4:191a-197b].

“Qarindoshlarning foydalari va ularning haqlari” bobida nasab qarindoshlar oʻrtasidagi yaqinlik, hamkorlik va yelkadoshlik asosiga tayanishi, begona kishi ham muammolaringda yordam berishi, ammo haqiqiy muammolar kelganda, sendan chetlanishi, qarindoshda esa tomiridagi qon junbishga kelib, bunday qilishga yoʻl qoʻymasligi, seni muhofaza qilishi, begona esa himoya qilmasligi, chunki uning qonida qarindoshlaring qonidagi taft yoʻq, binobarin, silai rahm orqali yuzaga kelgan mehribonchilik qonda yashiringani bayon qilinadi. Qarindosh haqlari – ziyorat qilishing, imkoning, toqating va yaqinliging darajasida rishtani bogʻlab turishingdir. Paygʻambar (a.s.) qarindoshlar bilan aloqani aqalli “salom” berish bilan ushlab turing, deb marhamat qilganlar[4:197a-198a].

“Qoʻshnilarning yaxshilik va foydalari” bobida qoʻshni falokat kelganda kechayu-kunduz eng tezkor yordamchi ekani, qarindoshdan oldin yordam qoʻlini choʻzishi, undan maishiy narsalar, uy anjomlari olib turishing yoritiladi: qozon, tovoq, qop, bolta, tarozi, non, xamir kabi. “Zero, inson ehtiyojlar olamida yashaydi, jannatdagina odamlar bir-biridan behojat boʻladi. Bu dunyoda esa odamlarning ishi bir-biriga tushadi, umumiy foydalanish narsalariga eng haqlisi qoʻshnidir, bir-biridan narsa olib turadi. Uylarida foydalaniladigan anjomlar, idish, koʻrpa-toʻshak, chorva, taom, yana oʻrtalarida qoʻshnichilikdagi beriladigan narsalar, oʻzaro sovgʻa, qarz oldi-berdisi kabi oʻzaro munosabatlar insonning umri davomida qoʻshnilar orasida muomalada boʻladi. Buning haqqi oʻziga munosib tarzda vojib boʻladi.

Qoʻshnining sendagi haqqi – unga  aziyat yetkazmasliging, sendan zulm koʻrmasligi. Ahli tafsirga koʻra, qoʻshning sendan olishi mumkin boʻlgan yordamning avvali –zakot va oxirgisi boltadir. Yana haqlaridan – qoʻshning yoʻqligida uning narsalariga qarab turishing, musibatlarda yordam koʻrsatishing, unga ofiyat va tinchlik soʻrab duo qilishing, qaytib kelganida ziyorat qilishing va salomlashishing, yana haqlaridan undan zulmni aritishda va yengishda yordam berishing, qozoningdagi qovurilayotgan goʻsht hidi bilan unga aziyat yetkazmasliging, toki unga ham suzib chiqarmaguningcha, sening uyingga chiqib turadigan bolalaridan ularning ishtahasini qoʻzgʻaydigan, lekin ota-onasi olib bera olmaydigan narsalarni berkitib turishing, toki ota-onasi bundan aziyat chekmasin, agar bolalar bilib qolsa, imkoning yetgancha ularga ham ulashishing. Qoʻshnining haqlaridan – uning uyidan oshirib uy qurmasliging, shu tufayli qishda quyosh tushishi va yozda shamol aylanishini toʻsmasliging, oʻzingga yaxshi koʻrgan narsani unga ham ravo koʻrishing, shu xususiyat asosida qoʻshni bilan muomala qilib, u bilan barcha munosabatlaringda oʻzingga yaxshi koʻrgan muomalani qila olsang, oʻzingga berilishi yaxshi koʻrgan narsangni unga taqdim qilsang, u holda sendagi ilm ochilibdi, yoʻling kengayibdi, endi shuni mustahkam tut. Zero Alloh taolo bandalarini qoʻshnilariga yaxshilik qilishga chaqirgan: “Qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qoʻshni-yu begona qoʻshni, yoningizdagi hamrohingiz, yoʻlovchi (musofir)ga va qoʻl ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)”(Niso surasi 36-oyat). Hadislarda Paygʻambar (a.s.)  Jabroil menga qoʻshnichilik haqqi borasida shu darajada koʻp koʻrsatma berdiki, men qoʻshni ham meros olsa kerak, deb oʻylab qoldim”, deb marhamat qilganlar [4:198a-199b].

“Xizmatkorlarning foydalari” bobida xizmatkorlarning qishin-yozin uyingdagi xizmatingni bajarishi, uy yumushlarida yordam berishi, ogʻiringni yengil qilishi va boshqalar bayon etilgan. “Xodim va xizmatchilarning haqlari: toqati yetmaydigan vazifani yuklamaslik, tunda uxlash vaqti boʻlganda ishlatmaslik, odamlar yotadigan vaqtgacha uni ishlatish mumkin, haqlaridan yana oʻzing yeydigan taomdan yedirishing va oʻzing kiyadigandan kiydirishing, agar taoming nozik taʼblarning taomi boʻlsa, unda unga xizmatchilar taomini berib, yoniga ishtahasini soʻndiradigan miqdorda oʻz taomingdan ham qoʻshishing, agar kiyinishingda diding nozik boʻlsa, u holda unga xizmatchilarning dagʻal, pishiq, arzon narxli kiyimidan olib ber, yoniga dam oladigan kunlari: bayram (hayit), juma va boshqalarda kiyib oʻzini xursand qiladigan yumshoq poʻrim kiyimlardan qoʻshib ber. Yana haqlaridan – voyaga yetgan xizmatkorlarni uylantirish va turmushga berish. Ibn Muborak (Marvaziy) Alloh uni rahmat qilsin, hech qachon xizmatkorlariga “buni qil, buni bajar”, demagan ekan. Zero, buni zolimlarning buyruqlariga oʻxshatgan ekan. Shuning uchun “Buni qilishni nima deb oʻylaysan? Buni bajarishni qanday koʻrasan?”, der ekan. Haqlaridan yana – xizmatkorni oʻz ota-onasidan, farzandidan ajratmasliging, tahorat, namoz, Qurʼon oʻqishni oʻrgatishing hamda toqating darajasida muloyimlik bilan toʻgʻri yoʻlga solishing. Zero, xizmatkor xoʻjayini xuddi oʻz oilasi kabi ularning yurish-turishiga ham masʼul boʻladi, yaʼni hisob-kitob qilinadi”[4:199 b-201 b].

“Chorva va ulovlarning foydalari” bobida ulovlarning yuk tashish, safarga borish, mashaqqatni yengillashtirishdagi foydasi bilan birga, goʻshti, suti, terisi va junidan inson foydalanishi bayon qilinadi. “Ularga ham insonga taʼsir qiladigan ochlik, tashnalik, issiq, sovuq, aziyat, mashaqqat va ogʻir mehnat taʼsir koʻrsatadi. Ularning keltiradigan foydasi uchun shukronasini keltirish zimmangda boʻladi. Uning shukronasi esa yemishini berish, sugʻorish, mehnatdan keyin dam oldirish, toqatidan ortiq yuk ortmaslik, egar osti yara boʻlsa aziyat yetkazmaydigan qilib egar-jabduqlarni toʻgʻrilash, tuyoqlarini qirqish, parvarish qilish, safarda boʻshanib olishi uchun toʻxtab turish va hatto yuklarini tushirib qoʻyish, charchogʻini ketkazish uchun siypalash, yurganda yumshoq va tekis yoʻl tanlash, yurish qiyin joylarda ustidan tushish, orqasidan itarish yoki jilovidan tortish, uzoq turiladigan joyda ulovni kursi qilib olmaslik va boshqalar. Bu hayvonlar muhtoj narsalarini ifoda etolmaydi va u bilan oʻzini taʼminlay olmaydi. Kimki, ularning xizmatidan foydalansa-yu, hojatini ado etmasa, shukronasini keltirmagan boʻladi, Qiyomat kuni Alloh huzurida xusumat qilinadi.

Ularning huquqlaridan – urmaslik, illo majburiy oʻrinlarda: toʻgʻri yoʻldan tortib ketaversa, qaysarlik qilaversa, hurkaversa, yuk ortishga yaqinlashtirmasagina mumkin. Ammo boshqa holatda urmasin. Sogʻin hayvon boʻlsa, sogʻish uchun kuch ishlatmasin, bolasi boʻlsa, unga nasibasini qoldirsin. Bolasiga rahm koʻrsatsin va onasidan ajratmasin. Agar soʻymoqchi boʻlsa, pichoqni koʻziga koʻrsatmay charxlab olsin.

Bu chorva, yerdagi boshqa hayvonlar, dengiz mavjudotlari, uchib yurgan qushlar hammasi Allohning yaratganlari, barchasi hayvonot olami. Alloh taolo ularni senga foydasi tegishi uchun yaratdi, seni ularga nohaq aziyat yetkazishga haqqing yoʻq. Agar oʻzingni shunday tutsang, zulm koʻrsatgan, shukrona keltirmagan, neʼmatga nonkoʻrlik qilgan boʻlasan” [4:201b-204a].

“Tabiblarning foydalari” bobida tabiblarning bandalarga tegadigan manfaatlari bayon qilinadi. Xususan, “ular inson ruhiyatini yaxshilab, sinovlarga sabrli boʻlishga yordam beradi. Yana foydalaridan, ular inson badanidagi illatlarni davolaydi, badaning sogʻayadi, kayfiyating koʻtariladi, ishtahang ochiladi, hayotingdan zavqlanasan, ular Robbing ibodatiga shay boʻlishing uchun kuchga kirgizadi. Shu xizmati tufayli ularga nisbatan senga majburiyat vojib boʻladi. Tabibning haqlaridan – agar uning tib ilmiga ishonsang, senga muolaja qilayotganda aytganlariga xilof ish qilmasliging. Agar seni davolash uchun oʻralib yotishni buyursa, itoat qilib oʻralib ol, toki unga yaxshi-yomon gap tegmasin. Boʻlmasa, u odamlarga muomalasini yomon qiladi, fasod ish kattalashib ketadi. Chunki u seni nigohi bilan koʻrikdan oʻtkazdi, ilmi bilan davoladi, sen esa dorilarni vaqtida ichmading yoki koʻpaytirib yubording yoxud kamaytirding, buyurganidek oʻranib olmading, u esa seni davolash uchun nima buyurganini eslab qolgan boʻladi. Sen esa uning aytganini qilmay, ishini yoʻqqa chiqarding va shaʼniga yomon gap keltirding. Uning haqlaridan: unga itoat qilishing, aytganidek bajarishing, xizmatini taqdirlashing, agar uning qoʻlida shifo topsang, buni uning oʻzidan ham odamlardan ham berkitmasliging, odamlarga tanitishing, toki bu ishing bergan shifosi uchun Allohga shukrona va tabibga minnatdorchilik boʻladi. Qaysi bir joyda tabiblar masalasida muammo boʻlsa, oʻsha yurtda kasali bor xonadonga zarar yetadi, aholisiga koʻp gʻam-tashvish tushadi, ahvoli tang boʻladi. Tabiblarga bu ilm berilgan, ularning foydasi namoyon boʻlgan, odamlarning ishi esa faqat bunga shukr keltirish, shukronalari esa yuqorida zikr qilingan huquqlarni ado etish bilan boʻladi” [4:204a-205a].

“Gʻassollarning foydalari” nomli bobda gʻassollarning ahamiyati, kasb qiyinchiligi, gʻassol mayyitni dafnga tayyorlab, amalga oshirayotgan ishi mayyit egalariga madad boʻlishi kabi foydalari bayon qilinadi. “Gʻassollarning haqlari: ularni hurmat qilishing, eʼzozlashing, mayyitni koʻmishga taalluqli barcha narsani keltirib qoʻyishing, issiq va sovuq suv, ishqor, ip, kafan, idishlar muhayyo qilish, yigʻi-sigʻi tovushlarini unga eshittirmaslik tadbirini koʻrishing, bu kabi yigʻilar bilan yuragini siqmaslik, bu narsalar bilan uni mashgʻul qilmaslik, unga Allohdan madad tilab duo qilish” [4:205a-206a].

“Harbiylar foydalari” bobida vatan himoyasi yoʻlida chegara sarhadlarini qoʻriqlayotgan harbiylar – gʻoziy va murobitlar faoliyati koʻriladi. “Murobitlar – bu nomni oila ahli, farzandlari, yaqinlari, uy-joyi, barcha qulaylik sharoitlaridan oʻzini bogʻlagani – tiyilgani (ar. robata – bogʻlamoq) uchun olgan. U Allohga qurbatni afzal koʻrgan. Harbiyning sendagi haqlari – unga ehtirom koʻrsatishing, shaʼnini koʻtarishing, moling, tanang va tiling bilan yordam koʻrsatishing, uning ishini chiroyli koʻrsatishing, unga Allohdan sabot va oliy mukofot  tilashing, odamlarni ham uni hurmat qilishga, tanishiga undashing, yoʻqligida uyida qolgan molini muhofaza qilishing, ahliga yaxshilik bilan muomala qilishing, muammolarida imkoning darajasida madad boʻlishing, ularning haqqiga duo qilishing. Agar harbiy qaytib kelsa, uning ziyoratiga chiqishing hamda unga baraka va qabul tilab duo qilishing. Agar uni harbiy xizmatga kuzatayotgan boʻlsang ham uni duo bilan kuzatishing. Zero, bu kabi ishlar uning faoliyatiga yordam va madad boʻladi” [4:206a-207b].

“Muhtasiblar foydalari” bobida ularning koʻprik va rabotlarni taʼmirlash, yoʻl solish, oʻz mahallasidagi muammolarini hal qilish, masjid va maqbaralarni butlash, oʻt oʻchirish, toʻgʻon yorilsa, suv yoʻlini yopish, mahallada sodir boʻlgan jinoyatlarni surishtirish kabi ishlarni amalga oshirishdagi jonbozligi bayon qilinadi. Bu ishlar uchun haqlar vojibdir. Vaqf omonatlari, musulmonlar ishlari, yetimlar moli ularning qoʻliga topshirilgan. Agar bu tabaqa yoʻq boʻlib qolsa, islom va uning ahliga koʻp ziyon yetadi, katta ishlar zoye boʻladi. Biror boshqa tabaqa vakillari ular oʻrnini bosa olmaydi, izidan yura olmaydi. Bu ish faqat ular bilangina amalga oshadi. Goʻyoki, ular shu ish uchun yaratilgan. Ularning foydasi hammaga yetadi. Muhtasib haqlari esa – ehtirom qilishing, shaʼnini koʻtarishing, ularning mehnatini chiroyli qilib koʻrsatishing, shu ishlarga targʻib qilishing, eʼzozlashing, ommadan afzal koʻrishing, ularga madad, yordam va tavfiq soʻrab duo qilishing, oʻzing va moling bilan tasalli berishing, toki ular bundan kuch oladi va faoliyatida quvvati ziyoda boʻladi” [4:207b-208a].

Asarning eng soʻnggi – “Muallimning foydalari” bobida oʻqituvchilarning farzandni oʻqish, yozish, savod chiqarish, odob va tarbiya berishdagi ahamiyati bayon qilinadi. “Uning haqlari: tiling bilan unga minnatdorchilik bildirishing, u haqda yaxshi maqtovlar aytishing, (kerak boʻlsa) poyabzalini koʻtarib yurishing, sening farzanding bilan shugʻullangan kunlari uchun unga moddiy yordam qilishing, toki oʻzini shu vazifaga toʻliq bagʻishlasin. Oldingilar shunday qilgan, oldindan taʼlimni tugatadigan bolaga vazifa tayyorlab qoʻygan, bola taʼlimni tugatib, nima bilan shugʻullanishini oldindan bilgan. Haqlaridan yana u bilan kelishilgan mablagʻni kechiktirmasliging, payshanba-juma, hayit, Navroʻz va Mehrjon bayrami kunlari tuhfa berib turishingdir” [4:208a-209b]. Bob yakunida farzandga taʼlim-tarbiya berayotgan muallimdan moddiy yordamni ushlab qolgan kishi, zolim, haqlarni yashirgan va Alloh neʼmatlarini inkor qilgan holida Allohga roʻbaroʻ boʻlishi aytiladi.   

Hakim Termiziy “Al-Huquq” asarida tanlab olgan toifalar jamiyatda ijtimoiy yukni tortadigan kuch ekanini koʻrish mumkin. Bular jamiyat diqqat markazida turadigan qatlam boʻlib, ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashda bevosita va bilvosita taʼsiri bor. Mazkur toifalarni shartli 3 guruhga ajratish mumkin: boshqaruv – Paygʻambar (a.s.), sulton, harbiy va muhtasiblar, kasb vakillari – ulamo, imom, muazzin, tabib, gʻassol va oʻqituvchilar, ijtimoiy aloqalar – ota-ona, farzand, er-xotin, qarindosh, qoʻshni va xizmatkorlar.

Asarda aynan shu toifalar huquqi haqida bayon qilinishi, jamiyatda ularga eʼtiborni oʻz oʻrniga qoʻyish zaruriyatidan kelib chiqadi. Yuqorida qayd qilingan toifalarning barchasi jamiyat ijtimoiy hayotida muhim oʻrin tutadi. Barchasining koʻlami, taʼsir doirasi va faoliyat yoʻnalishi har xil boʻlsa-da, ammo jamiyat ravnaqi, barqarorligi, maʼnaviy kamoloti va ijtimoiy munosabatlarida har biri muayyan ahamiyat kasb etadi. Asarda ijtimoiy huquqqa uygʻun holda diniy, shaxsiy va siyosiy huquq koʻrinishlarini kuzatish mumkin. Masalan, Paygʻambar (a.s.), imom va muazzinlarga oid jamiyat majburiyatlari diniy huquq bilan bogʻliq boʻlsa, podshoh, harbiy va muhtasiblar bilan bogʻliq munosabatlarda siyosiy huquq elementlari koʻzga tashlanadi. Ota-ona, farzand, er-xotin, qarindosh, qoʻshni, xizmatkor, tabib, gʻassol va oʻqituvchilarga oid huquq va majburiyatlarda esa shaxsiy huquqqa oid namunalarni koʻrish mumkin. Hakim Termiziy ota-ona, farzand, er-xotin, qarindosh, qoʻshni va xizmatkorlarga oid shaxsiy huquqlarni ijtimoiy himoya huquqi bilan hamohang tarzda bayon qiladi. Quldorlik jamiyatida xizmatkor – qullar huquqi alohida ajratib koʻrsatilishi, xoʻjayin majburiyatlarining batafsil yoritib berilishi ham alohida eʼtiborni tortadi. Muallif mazkur huquq va majburiyatlarni islom dini manbalari asosida yoritib beradi. Har bir bobda mavzuga aloqador Qurʼon oyatlari, hadislar va sahobiylar soʻzlaridan dalillarni koʻplab keltiradi. Asarda har bir toifaning huquqlari aralash tarzda, yaʼni farz, vojib, sunnat va mandub kategoriyasiga tegishli haq-huquqlar yaxlit holda ajratilmay keltirilgan. Aksariyat qayd etilgan huquqlarni mustahab kategoriyasiga kiritish mumkin. Ushbu huquqlar ijtimoiy odob tushunchasi bilan ham uygʻundir. Hakim Termiziyning hayvonlar huquqlariga oid fikri ham alohida ahamiyatga ega. Asarda hayvonlar huquqi va ularga nisbatan egasining majburiyatlari ham aynan islom taʼlimotlariga asoslangan holda shakllangan. Hakim Termiziy yuqorida sanab oʻtilgan huquqlarni yaxlit, bir-birini toʻldirgan holda tasvirlagan. Mazkur asarda maqosid ash-sharianing 5 tamoyili: din, jon, aql, nasl va mol muhofazasi masalasi tarqoq holda keltirilganini koʻrish mumkin.Termiziy garchi fiqhdagi maqosid ash-sharia yoʻnalishiga asos solgan boʻlsa-da, uning davrida bu tamoyillar hali alohida ajralib turadigan xususiyat kasb etmagani namoyon boʻladi.

Asarning er-xotinlik foydalari masalasiga bagʻishlangan bobida Hakim Termiziy oʻz davridagi “mutazohhid” (soxta zohid)lar toifasini tanqid qilib oʻtadi. Ularning nikoh qurmaslik haqidagi qarashini isloh qilish bilan birga, ushbu toifa misolida shaxsning jamiyatda yurish-turish, tashqi koʻrinish etikasi masalalarini ham muolaja qiladi. Ularni jamiyatdagi barqarorlikka salbiy taʼsiridan ogohlantiradi. Asarda diniy ayyomlar bilan yonma-yon Navroʻz va Mehrjon bayramiga eʼtibor qilinishi, oʻsha vaqtda ham bu bayramlar aholi oʻrtasida nishonlanganini bildiradi. Eʼtiborli jihati shundaki, bular islomiy bayramlar bilan birga zikr etilib, ularga nisbatan ijobiy munosabat bildirilgan, hatto bu kunlari sovgʻa berish haqida fikr keltirilgan. Bir soʻz bilan aytganda, ushbu asarni jamiyatdagi qatlamlar oʻrtasidagi bogʻliqlikni kuchaytirish, ijtimoiy barqarorlik va  himoyani taʼminlashga qaratilgan, shuningdek, oʻz davri uchun ilgʻor, ijtimoiy huquq janrida yozilgan ilk kitoblardan biri, deb baholash mumkin.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Juyushiy M. Al-Hakim at-Termiziy: dirosatun li osorihi va afkarihi. – Qohira: Dor an-nahda al-arabiyya, 1980.
  2. Zahriy X. Hakim Xuroson va anis az-zamon. – Rabot: Dor al-omon, 2013.
  3. Radtke B. Al-Hakim at-Tirmidi. – Freiburg: Klaus Schwarz Verlag, 1980.
  4. Hakim Termiziy. Al-Huquq. Ismoil Soib fondi qoʻlyozmasi, inv. № 1575.
IBROHIM USMONOV,
OʻzR FA Sharqshunoslik instituti doktoranti,
tarix fanlari nomzodi, dotsent

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …