Home / MAQOLALAR / BEHBUDIY VA UNING DAVLATCHILIK GʻOYASI

BEHBUDIY VA UNING DAVLATCHILIK GʻOYASI

Mahmudxoʻja Behbudiy XX asr boʻsagʻasida Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy harakatning eng yirik namoyandasi, yangi davr oʻzbek madaniyati asoschisidir. Turkiston jadidlari peshvosi, mustaqil respublika gʻoyasi tashabbuskorlaridan biri, yangi maktab nazariyotchisi va amaliyotchisi, oʻzbek dramaturgiyasini boshlab bergan birinchi dramaturg, teatrga asos solgan shaxs, noshir va jurnalist. U tariximizning gʻoyat ogʻir va murakkab davrida yashadi.

Markaziy Osiyoda XVI asrdan boshlangan ijtimoiy inqiroz va davlat boshqaruvidagi turgʻunlik millat va xalqni holdan toydirdi. Bunday imkoniyatdan foydalangan Rossiya imperiyasi oʻlkani istilo qildi. Mustamlakachilar zoʻr berib, bu hududni turgʻun holatda saqlashga urindi. Mana shunday sharoitda Vatanni butunlay yoʻq boʻlish xavfidan saqlab qolish, yoshlarni erk, ozodlik va mustaqillik ruhida tarbiyalash Behbudiy kabi fidoyi ziyolilar zimmasiga tushdi.

Ushbu maqolada milliy mentalitetimizga xos milliy davlatchilik boshqaruvining shakllanishi va takomillashib borishini Behbudiy asarlari orqali asoslashga harakat qildik. Behbudiyning davlat, davlat boshqaruvi, Turkiston muxtoriyati haqidagi fikr, mulohaza va loyihalarini axloq falsafasi nuqtayi nazaridan oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Maʼrifatparvarning Vatan kelajagi haqidagi orzu va dunyoqarashi bugungi kunda maʼnaviyat sohasida davlatimiz yuritayotgan siyosat bilan hamohangdir.

Behbudiyning ijtimoiy-siyosiy va axloqiy qarashlari shakllanishi¬da sayohat, yurt kezish, dunyo ilmi va tajribasini oʻrganish ayniqsa katta rol oʻynagan. U qayerga bormasin, oʻsha yerdagi idora usuli va jamiyatning demokratik jarayonlari bilan qiziqdi. Behbudiy asos solgan “Oyna” jurnalining 1914-1915-yillardagi bir qancha sonida bosilgan “Sayohat xotiralari” adib dunyoqarashi toʻgʻrisida muayyan tasavvur hosil qilishga imkon beradi. Bu borada nemis olimasi Ingebor Baldauf fikriga qoʻshilish mumkin. U ham ushbu masala haqida soʻz yuritib, agar “Oyna” Parijdan Yaponiyaga qadar dunyoni Oʻrta Osiyo burjuaziyasiga koʻrsatgan boʻlsa, “Sayohat xotiralari” Turkiston qarshisidagi musulmon Sharqini kashf etib berdi”, deb yozgan [1:3]. Shubhasiz, Behbudiy oʻz xalqi kelajagini faqat maʼrifat bilangina bogʻlamagan. Alloma oʻz xalqining kelajagi qanday kechishi lozimligi masalasi bilan ham qiziqqan. Shuning uchun boshqa davlatlar siyosiy tuzumini oʻrgangan va ularning qay biridan andoza olish mumkinligi toʻgʻrisida bosh qotirgan. U oʻz xalqi taraqqiyotini nafaqat maʼrifati, bal¬ki siyosiy maqomining oʻzgarishida, mustaqilligini qoʻlga kiritishda, deb bilgan.

Mustaqillikka erishish yoʻlidagi eng muhim qadamlardan biri, Behbudiy nazarida, yoshlar va keksa avlod vakillari birlashuvidir. U yosh avlod oʻzidagi shoshqaloqlik illatidan qutulib, masalani hal qilishda ilmiy asosga suyangan holda ish koʻrishi va mustahkam iroda namoyon etishi lozimligini taʼkidlagan. Behbudiyning “Kitobi muntaxabi jugʻrofiyai umumiy” (“Umumiy jugʻrofiyadan saylanma kitob”) asarining maʼlum qismi insonning maishiy hayoti, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy masalalarga bagʻishlangan. “Hukumat va hukmronlar” faslida quyidagi fikrni bildiradi: “Yer yuzidagi badaviy (madaniyatdan uzoqroq) va madaniy xalqlarni hukmdor va sardorlari boʻladurki, (ularni) bek, amir, shoh va boshqa ism va lugʻatlar ila ataydurlar. Har bir tilda hukumdorlarni(ng) lugʻati boshqadur. Ovrupo xalqi imperatoʻr, qirol, doʻqa, prins, prezident, knaz, tsar (sar) va boshqa lugʻatlar ila atalgan har bir hukumdorni martaba va hukumati boshqa navʼdur” [2:4].

Behbudiy zamonasidagi mavjud idora usullarini uch guruhga boʻladi:

  1. Idorai mustaqalla (davlat boshqaruvining monarxiya koʻrinishi);
  2. Idorai mashruta (konstitutsiyaviy parlament hokimiyati);
  3. Idorai jumhuriyat (respublika).

Behbudiy bu idora usullarini shunday izohlagan:

  1. “Ani ustidan qaraguvchi podshoh sohibi ixtiyor va har bir royi va amri zakun va nizom boʻladur. Amri, hukmi maslahatxonalarni ittifoqi, xohishi, hukmu oʻshal imperatorni mustahkam qilish imzosigʻa mavkufdur. Shunday imperatorlarni yangidan mansub boʻlishi har bir davlat va hukumatda muqarrariy qonun va odatlar boʻycha meros yoinki valiahdlik qoidalari va oʻshal hukumatni qoʻygan “tar¬tib va tadbirgʻa muvofiq boʻladur” [2:5]. Demak, XX asr boshidagi Yevropa davlatlarida mavjud uch siyosiy tuzumdan biri monarxiya boʻlib, unda saltanat egasining qarashlari ustuvor ahamiyatga ega boʻlgan.
  2. Idorai mashruta – “… bu hukumatgʻa tobeʼ odamlar aksar ahli ilm va hunardurlar. Elu urugʻlari ilm, hunar va dunyo ishlarigʻa taraqqiy qilgandurki, shu tariqa fuqarolar oʻz arolaridan insonlik, ilm va dunyodan xabarlik odamlarni oʻzlarigʻa katta va boshqargʻuvchi vakil saylaydurlar va shul tariqa saylangan vakillarni podshoh jamlab, muqarrariy mahkamalarga mamlakatdorlik ishlarigʻa aralashib, mashvarat ila tuzatilmoq va muhofazat qilinmoqigʻa koʻz boʻlmoqlari uchun qaror beradurki, alarni(ng) majlis va mahkamalari “Millat majlisi”, “maslahatxona”, “parlamentu”, “El majlisi” degan ismlar ila yod qilinadur. Yana baʼzi maslahatxonalar borki, maslahatboshilarni hukumdor(podshoh)larning oʻzi tayin qiladur. Ushbu millat majlisini(ng) chilon (aʼzo)lari mashvarat ila mamlakatdorlik ishlarigʻa aralashadur. Podshoh bu majlis amrigʻa tobeʼdur. Majlis maʼbuson (deputatlar)ni(ng) royi boʻlmaguncha katta ishlarni boshlanmoqigʻa amr va hukum qilolmaydur. Xulosa, imperator sohib ixtiyor boʻlmay, durustroq ishlargʻa qonun va nizomlarni chiqarilmoqigʻa butun el majlisigʻa tobeʼ boʻlib turadur”[3:42]. Behbudiy tasnifidagi ikkinchi davlat tuzumi parlamentar respublikadir. Davlat qurilishining bu turida saltanat egasi parlament yo “millat majlisi” raʼyiga qaraydi va uning qonunlariga boʻysunadi.
  3. “Idorai jumhuriyat” aksar fuqarosi ahli ilm boʻlib, bu ahli donish aholini saylagan vakillari, yaʼni hukumatgʻa yetti yilgʻacha oʻz mamlakat va hukumatlarini boshqarmogʻi uchun oʻz oralaridan bir nafar donishmand odamni boshliq saylaydurlarki, “raisi jumhuriyat”, “sadrnishini millat”, “prezident” ataladur. Bu rais goʻyo bir oriziy (vaqtincha), omonat podshohdir. Har bir hukm va amru tartibni, mamlakat va koʻyga taalluq ishni, Millat majlisini(ng) qilib bergan dasturlamal, yaʼni qonun va nizom nomalarigʻa muvofiq qilib, butun elgʻa tobeʼ, alarni(ng) hukmu talablarini oʻrnigʻa keltiruvchidur. Bu ikki toifani(ng) podshohi baʼzi mamlakatdorlik mutasaddilarini taftish qilmoqgʻa, tergʻovgʻa bermoqgʻa, hatto, oʻshal soatda birdan bekor qildurmoqgʻa baʼzi Millat majlislarini(ng) ixtiyori bordur. Hozirgi Ovrupo hukumatlarini(ng) raftori, odati shu uch usulni(ng) biriga doxil, tobeʼ va muvofiqdur. Bu ikki toifani podshohi baʼzi mamlakatga “Elga tobe boʻlub turarman”, deb qasam ichib, baʼd mansabgʻa chiqadur. Mustaqil hukumdorlarni(ng) qoʻl ostida ham majlislar va mashvarat mahkamalari bordur. Ilmsiz hukumatlardek necha milyoʻn xalqni(ng) maishati, raftori, ixtiyori bir nafar odam (podsho)ni(ng) ixtiyor yo royi va hukmigʻa yoʻqdur. Bir nafarni(ng) aqli, fikri ila oʻn nafar arosida na qadar farq bordur? Ushbu sabablardandurki, ozgina Ovrupo xalqi butun kurrai arzga hokim va mutasarrif (ega)durlar. Sabab: hukumat, ilm va daroyat, qonun, musovot (tenglik), mashvarat (maslahat) va tadbirdur” [4:146].

Jadidlar tarixiy-madaniy anʼana orqali mustaqillikka erishish va “majlisi ulamo” (yaʼni, parlamentarizm)ni shakllantirish tarafdori edi. Jadidlar siyosiy oqim sifatida paydo boʻlgan. Toʻgʻri, jadidlar ham “qadimiylar” va “zamonaviylar”, yaʼni konservatorlar va liberal demokratik gʻoya tarafdorlariga boʻlingan. Sharqshunos olim Zakiy Validiy esdaligidan bu yondashuvlar oʻrtasidagi farqni anglash mumkin. U “Bugungi turk eli (Turkiston) va yaqin tarixi” asarida 1917-yil aprel oyida oʻtkazilgan “Turkiston musulmonlarining birinchi kongressi” haqida bunday yozadi: “Kongressda ziyolilarning bir qismi (bilqissa Choʻqayev va Shohinaxmedov), Qozondan kelgan vakillar (Orenburgda chiqayotgan “Vaqit” gazetasi muharriri Kobir Bekir va hukumat aʼzosi sifatida Toshkentga kelgan Sadri Maqsudiylarning) taʼsiri ostida Turkistonning boshqaruv usuli masalasida federatsion qurilish fikriga muxolif boʻldilar. Munavvarqori va uning ayrim doʻstlari ham taraddudda qoldilar. Faqat Mahmudxoʻja Behbudiy bilan men avtonomiya va federatsiya fikrini yoqlab, oxirigacha bu ishonchimizda mustaqil turdik” [5:357].

Yevropa mamlakatlaridagi davlat boshqaruv tuzumini Behbudiy uch guruhga ajratadi. Bu davlat tuzumlari oʻrtasidagi farqni ham shu davlatlar tasarrufidagi xalqning ilmli yoki ilmsizligi, maʼrifatli yoki maʼrifatsizligi bilan bogʻlaydi. Xalq qanday madaniyat va maʼrifat bosqichiga koʻtarilgan boʻlsa, uni idora etayotgan siyosiy tuzum ham shu xalq darajasini aks ettirishi mumkinligiga eʼtiborni qaratadi. Xulosa qilganda, Behbudiy oʻzi yashagan davrdagi Turkistonda hukmronligini oʻrnatgan rus chorizmi va muvaqqat hukumatning mustamlakachilik siyosatini fosh qiladi va oʻsha davrdagi qonunlarni tanqid qiladi. Oʻzining kitob va maqolalarida Turkistonning siyosiy va ijtimoiy ahvoliga eʼtiborni qaratadi. Ozodlik va mustaqillikka xalqning ijtimoiy va siyosiy ongini oshirish orqali erishish mumkin ekanini taʼkidlaydi.

Behbudiy XX asr boshlarida Yevropa davlatlarida mavjud boʻlgan uch siyosiy tuzumni chuqur oʻrgangan, uning ijobiy va salbiy tomonlarini koʻrsatib bergan. Kerak boʻlsa, ulardan andoza olish lozimligini taʼkidlagan. Behbudiy dunyoqarashi sharq taʼlimotlariga mos keladigan, ammo Yevropa siyosiy qarashlarining ijobiy jihatlarini qamragan holda shakllandi.

Jadidlar Turkistonda respublika vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qonunlarni nashr etish, hokimiyat, boshqaruv va sudning oliy organlarini tashkil qilish, davlat tuzilmalarini yaratish va hokazolarga jiddiy eʼtibor bilan qaragan. Shu tariqa demokratik jamiyatni shakllantirish ustuvor maqsad qilib qoʻyilgan. Unda demokratik huquq va erkinliklar berilishi, shuningdek, konstitutsiyaviy kafolatlanishi masalalari koʻzda tutilgan. Bu borada Behbudiyning “Turkiston madaniy muxtoriyati loyihasi” [4:146] dasturi bevosita jadidlarning Turkistonda demokratik davlat qurishning nazariy asoslarini yaratishga intilishi deb qarash mumkin.

Mahmudxoʻja Behbudiy milliy til masalasiga katta eʼtibor qaratdi. Uning birgina “Oyna” jurnali maʼrifat va madaniyat tarqatishga juda katta xizmat qildi. Unda millat va uning haq-huquqi, tarixi, tili, adabiyoti masalalari va dunyodagi vaziyatga doir qiziqarli maqolalar berib borilgan. Ayniqsa til masalalari muharrirning hamisha diqqat markazida turgan. Behbudiy millatning taraqqiyoti uchun bir necha til bilishni shart deb hisoblagan. Masalan u jurnalning 1913-yil avgustdagi birinchi – nishona sonidayoq “Ikki emas, toʻrt til lozim” degan maqola bilan chiqqan edi.

Mahmudxoʻja Behbudiyning ilmiy, ijodiy, pedagogik faoliyati va merosi alohida ahamiyatga molik. XX asr oʻzbek adabiyoti va sanʼatida, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarida faol ishtirok etgan, millat maʼrifati, ozodligi, hurligi yoʻlida mardonavor kurashgan ulugʻ alloma faoliyati avlodlar uchun ibrat maktabidir.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Baldauf Ingeborg. Mahmudxoʻja Behbudiy Falastinda // Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati. 1993-yil 21-may.
  2. Behbudiy M. Bizga isloh kerak. // Najot. 1917-yil 7-noyabr (17-aprel). 18-son.
  3. Behbudiy M. Kitobi muntaxabi jugʻrofiyai umumiy. Sochinitel izdatel Samarkandes. 1905. – S.42.
  4. Behbudiy M. Turkiston madaniy muxtoriyati loyihasi // Jahon adabiyoti. – Toshkent: 2009. – B.146.
  5. Toʻgʻon Z.V. Bugungi turk eli (Turkiston) va yaqin tarixi. – Istanbul, 1981. – B.357.
  6. Alimardonov T. Siyosat va axloq muvozanati. – T.: Yangi asr avlodi, 2011. – B.175.
JAMSHID SHONAZAROV,
QarshiDU Pedagogika instituti dotsenti

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …