Buyuk qomusiy olim va mutafakkir Abu Rayhon Beruniy (970-1048) ilk musulmon uygʻonish davrining eng mashhur namoyandasidir. Beruniyning tugʻilib oʻsgan davri ayni Movarounnahr va Xorazmda islom dini keng tarqalib, mahalliy aholi yangi ilohiy dinni toʻliq anglab yetgan paytga toʻgʻri keldi. Alloma oʻsha davr Xorazmning markaz shaharlaridan biri Kot shahrida hijriy 362-yil zulhijja oyida (973-yil sentabr) tavallud topdi va dastlabki saboqni ona shahrida oldi[9]. Uning oilasi va ilk taʼlimi haqida manbalarda maʼlumot juda kam. Beruniy oʻz asarida yozishicha, otasi uning yoshligidayoq vafot etgan, onasi esa oʻtin sotib qilib kun kechirgan. Yaʼni yosh Beruniy oʻz davrining nochor oilasida hayot kechirgan.
Beruniy oʻsmirlik yillarida oʻsha davrning eng mashhur olimlaridan afrigʻiylar saroyida xizmat qilgan Abu Nasr ibn Iroq[1] nazariga tushadi. Abu Nasr ibn Iroq Xorazm oʻlkasi boʻylab salohiyatli yoshlarni topib, ularga homiylik qilishni yoʻlga qoʻygan edi. Mansur ibn Iroq oʻsha davr Xorazm oʻlkasi hukmron sulolasi “iroqiylar” yaʼni afrigʻiylar sulolasidan boʻlib, u salohiyatli oʻsmir Beruniyni oʻz qaramogʻiga oladi. Bu, albatta, Beruniyning ilm olishi va yetuk olim boʻlib yetishishida katta muvaffaqiyat boʻldi. Beruniy asarlarida hech kimga nisbatan ishlatmagan “Ustoz” atamasini aynan Abu Nasr ibn Iroqqa nisbatan ishlatgan[1:182]. Shuningdek, undan Ptolemey astronomiyasi va Yevklid geometriyasi boʻyicha ilm olganini aytib oʻtadi.
Alloma oʻz asarlaridan birida aynan yoshlik davrini xotirlagan. Unda Beruniy oʻzining ilmga haris ekanini quyidagicha ifodalaydi: “Men bolalik chogʻimdanoq, – yoshim va sharoitimga qarab, imkon qadar koʻproq bilim olishga intildim. Buning dalili sifatida quyidagini keltirish kifoya: biz turadigan qasabaga bir yunon koʻchib kelgan edi. Men har xil don, urugʻ, meva va hokazolarni olib borib, unga koʻrsatar edim va bu narsalar uning tilida qanday atalishini soʻrab, nomini yozib qoʻyardim”[2]. Shundan maʼlum boʻladiki, Beruniy ana shu yunon qoʻshnisidan yunon hamda suryoniy tilidan boshlangʻich bilimni olgan. Beruniy yana bir asarida fors va arab tillarini oʻrgangani, ulardan yuqori darajaga yetganini taʼkidlagan. Bundan kelib chiqib, Beruniy Xorazm turklaridan boʻlgan degan xulosaga kelish mumkin. Beruniyning ona tili xorazmcha boʻlib, ilmiy lugʻatga ega boʻlmagan til edi. Shuning uchun u arab va fors tillarini puxta oʻrgangan. Shuningdek, bu tillardagi lugʻatdan foydalanish uchun yunon, suriya va ibroniy tillarini yetarli darajada bilgan. Beruniy keyinchalik Hindistonga safari davomida sanskrit tilini ham oʻrganishga kirishgan. Uning bu tildagi bilimi shu darajaga yetadiki, hindistonlik olimlar yordamida hind ilmiy asarlarini arab tiliga oʻgirgan. Alloma arab tilini ham mukammal bilgan, bu tilda sheʼr yoza olgan va risolalarida mumtoz asarlardan iqtibos keltirish imkoniga ega boʻlgan[5].
995-yilda Maʼmuniylar tomonidan Kot shahri egallandi va hokimiyat ular qoʻliga oʻtdi. Shu bilan markaz ham Kot shahridan Gurganjga koʻchdi. Bu voqea Beruniyni ona shahrini tark etishiga sabab boʻldi. Beruniyning Kot shahrini tark etgach qayerga ketgani haqida aniq maʼlumot yoʻq boʻlsa-da, maʼlum vaqt Ray shahrida yoʻqsillikda yashagani haqida ayrim maʼlumotlar uchraydi[6].
997-yilda Beruniy Kot shahriga qaytib keladi. Aynan shu yil may oyida Beruniy oʻz davrining eng yirik matematik va astronomi Abul Vafo al-Buzjoniy[2] bilan birga oy tutilishini kuzatgani maʼlumdir. Shu yilning oʻzida Beruniy Somoniylar hukmdori Mansur II (997 – 999) saroyida boʻlib, uning homiyligida ham ijod qilgan. Shuning uchun ham, keyinroq yozilgan bir sheʼrida Somoniy hukmdorini oʻz homiysi sifatida tariflaydi[7:2334].
998-yilda esa Ziyoriylar (928-1042) sulolasidan Jurjon hokimi Shamsulmaoliy Qobus ibn Vashmgir saroyiga taklif etiladi. Unga atab Beruniy 1000-yilda eng nodir asari “Osar al-Boqiya anʼil qurun al-xaliya”ni shu yerda yozib tugatadi[7]. Asarning bir necha oʻrinlarida Beruniy oʻz homiysi Qobusni bir necha laqab bilan zikr etadi. “Osar ul-boqiya” – qadimgi Xorazm xalqlari, yahudiy, nasroniy, majusiy va musulmonlarning urf-odat, anʼana, bayram, taqvim, din va boshqalar haqida qimmatli maʼlumot jamlangan asar edi. 27 yoshli yigitning zakosidan hayratda qolgan Shamsulmaoliy (Qobus ibn Vashmgir) unga vazirlik rutbasini taklif qiladi. Beruniy oʻta yuksak odob bilan shoh taklifini rad etib, Gurganjga borishga ruxsat soʻraydi. Shu bilan birga, Beruniy aynan Jurjondaligida ilk marta yer kengligining birinchi oʻlchamlarini aniqlashga harakat qilgan [4].
1009-yilda Abul Hasan Ali bin Maʼmunning taklifiga binoan Beruniy Jurjonni tark etib Xorazmga, Maʼmuniylar saroyiga qaytadi [7:324]. Xorazmga qaytish Beruniy va uning ilmiy izlanishlari uchun anchayin sermahsul boʻldi. U Gurganjda oʻn besh yilga yaqin yashadi va ilmiy izlanishlar va astronomik tadqiqotlar olib bordi, bir qator asarlar yozishga kirishdi.
1017-yilda Mamuniylar saroyida boshlangan kelishmovchilik oxir oqibat Mamunning oʻldirilishi bilan tugadi. Bundan xabar topgan Sulton Mahmud Gʻaznidan qoʻshin bilan Balxga, u yerdan Xorazmga yoʻl oladi. Xorazmni zabt etgach, barcha aybdorlarni tutib jazolaydi. Mamlakatga Amir Oltintoshni voliy etib tayinlab, yillik oʻlpon belgilaydi. Bir qancha kishilar, xususan, olimlar ustozi Abdussamad Avval al-Hakimni qarmatiy va kofirlikda ayblab, oʻlimga buyuradi. Shubha sirtmogʻi boʻyniga tushganlar orasida Abu Rayhon Beruniy ham bor edi. Aytishlaricha, sulton uni ham qatlga buyurmoqchi boʻladi, lekin bir aʼyon “Abu Rayhon deganlari yulduzshunoslikda oʻz zamonining peshvosi, podshohlarning unday kishilarga ehtiyoji zoʻr boʻladi”, deb uni qutqarib qoladi. Hibsga olingan lashkarboshilar va ularning bola-chaqasi, usta hunarmandlar bilan birga “Dor ul-hikma” olimlari ham Gʻaznaga yoʻl oladi[3].
Shu davrdan Beruniyning Gʻaznadagi hayoti boshlanadi. Bu davr ham anchayin sermahsul boʻlib, u Sulton Mahmudning Hindistonga yurishlarida shaxsan qatnashadi va Hind oʻlkasini oʻrganishga kirishadi. Sanskrit tilini oʻrgangan olim bu oʻlka urf-odatlari, aholisi, madaniyati, dini haqida eng nodir asarlaridan biri “Kitab tahqiq ma lil Hind”ni yozadi.
Abu Rayhon Beruniy islom dini mohiyatini toʻla anglab yetgan, uning arkonlarini ado etgan chin musulmon olimi edi. Buni Beruniyning asarlariga yozgan muqaddimasidan ham bilish mumkin. Xususan, olim “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarini quyidagicha boshlaydi:
“Bismillahir Rohmanir Rohim
Zid va oʻxshashlardan oliy Allohga hamd boʻlsin! Maxluqotlarning eng yaxshisi Muhammad Mustafoga va u zotning hidoyat-u haqning imomlari boʻlgan ahli‑oilasiga salavot boʻlsin!
Alloh taoloning xaloyiq manfaatlari borasidagi nozik tadbirlaridan va barcha yaratmishlariga boʻlgan ulugʻvor neʼmatlaridan biri shuki, Oʻz olamida hech bir zamonni odil rahbardan holi qilmaydi. Kulfatlarda, noxush hodisalarda, balo‑ofatlar yetganda pusht‑panoh tutishlari, ishlar chalkashganda murojaat qilishlari uchun uni (odil rahbarni) xalqlar uchun omonlik manbai qilib qoʻyadi. Uning (yaʼni odil podshohning) istinboti (ijtihod ila xulosa olishi) bilan olamning nizomi oyoqda turadi, tutqichlari bardavom boʻladi. Odil rahbarga suyanishlari ularga (odamlarga) farz qilingan boʻlib, bu bilan oxirat savobiga ham erishiladi va bu Alloh subhonahuga itoat, Uning Rasuliga itoatdan hisoblanadi. Bu esa haq va adolatli Zotning soʻziga koʻra boʻlib, Uning soʻzi uzil‑kesil hal qiluvchidir:
“Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Uning Rasuliga itoat qiling va oʻzlaringizdan boʻlgan ish boshilarga ham” (Niso surasi, 59‑oyat)”[1:2].
Shubhasiz, Beruniy eʼtiqodi mustahkam musulmon edi. Uning iqlim, shahar va qishloqlar oʻrtasidagi masofani oʻlchash, quyosh, oy va yulduzlar harakatiga doir hisoblari Yer yuzining istalgan nuqtasidan turib Kaʼbani topishga qaratilgan edi. Bu esa oʻz navbatida musulmonlar uchun eng zaruriy masala boʻlib, kundalik ijro etiladigan ibodatlarning shartlaridan biri edi. Rubʼi maskunning deyarli barcha hududlaridan Hijozga borish yoʻllarini aniqladi, biroq oʻziga Kaʼba ziyorati nasib etmadi. Qibla tomonni aniqlash boʻyicha amalga oshirgan ishlari, albatta, chin musulmonning ilmiy izlanishlari edi.
Beruniy islom ilohiyotida sunniy islomning Ashʼariya mazhabi tarafdori edi. Shu bilan birga, u moturidiy mazhabi olimlari bilan yaqindan aloqada boʻlgan. Biroq u moʻtaziliy ilohiyotchilarni, xususan, Al-Johizni[3] qattiq tanqid qilgan. Shuningdek, Muhammad ibn Zakariyo ar-Roziyning masihiylikka xayrixohligini ham tanqid qilgan[6]. Darhaqiqat, Beruniy sunniylik yoʻnalishidagi musulmon boʻlgan. Aqidada Imom Ashʼariy[4] mazhabida boʻlib, kerak boʻlsa aqidada adashgan musulmonlarni asarlarida tanqid qilgan, ularni musulmonlarga foyda emas, balki zarar keltirayotganlikda ayblagan. Imom Ashʼariyning sof islom aqidasi saqlanib qolishida va turli botil taʼlimotlarning yoʻq boʻlib ketishidagi xizmati nihoyatda katta edi. Shuning uchun garchi islom olamida koʻplab ulamolar Ahli sunna val-jamoa eʼtiqodida boʻlsa-da, aqidaviy qarashlari “Ashʼariya” nomi bilan alohida eʼtirof etilgan. Abu Mansur Moturidiy va Abul Hasan Ashʼariylarning taʼlimotlari oʻrtasida faqatgina juzʼiy farqlar boʻlgan va ular asosan bir-birini toʻldirgan. Shuning uchun ham ushbu ikki taʼlimot islom ilohiyotida toʻgʻri taʼlimot sifatida eʼtirof etilgan.
Abu Rayhon Beruniy oʻz davrida ham hozir ham baʼzilar tomonidan shialikda ayblab kelinadi. Bunga asosiy sabab qilib uning shialik tarafdori boʻlgan Jurjon hokimi Shamsulmaoliy Qobus ibn Vashmgir saroyida bir necha yil xizmat qilgani va unga atab asar yozgani keltiriladi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, Beruniy aynan Qobus ibn Vashmgir uchun yozgan asari “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”ning biron oʻrnida shialik alomati, yaʼni Ali roziyallohu anhu va u kishining avlodlari haqida, shuningdek, roshid xalifalarga nisbatan nomaqbul fikrlarni keltirmagan. Maʼlumki, shialik yoʻnalishi oʻz anʼanalariga ega boʻlib, bu yoʻnalishdagi mualliflar asarlarida ulardan foydalangan. Ammo Beruniyning hech qaysi asarida biz shialikka moyillikni uchratmaymiz.
Oʻz navbatida, Beruniyning shialikning ismoiliya[5] mazhabiga munosabati “Oq kiyimlilar va qarmatiylar haqida” risolasida batafsil bayon etilgan boʻlishi mumkin. Afsuski, u bizgacha yetib kelmagan. Biroq “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarining “Paygʻambarlik daʼvo qilgan kishilar va ularning aldangan ummatlari – ularga olamlar Egasining laʼnati boʻlsin – tarixlari ustida soʻz” qismidagi qarmatiylar[6] bobi uning eʼtiqodini aniq namoyon qiladi. Shuningdek, Beruniy ushbu bobni yozar ekan oʻz pozitsiyasidan turib, haqqoniy faktga asoslangan holda soxta paygʻambarlarni qoralaydi. Asarning ana shu qismi Beruniyning sof islom aqidasida boʻlganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Beruniy bu qismda islom kirib kelgunicha Movarounnahr va Xurosonda tarqalgan moniylik va mazdakiylik, ularning buzuq gʻoyalari, bu soxta taʼlimotlarning asoschilari haqida turli manbalar orqali batafsil maʼlumot beradi. Xususan, moniylik haqida yozarkan, Moniy oʻzini Injilda zikr etilgan oxirgi zamon paygʻambari Furoqlit deb nomlaganini, oʻzining buzuq gʻoyalariga odamlarni ishontirganini va oxir-oqibat shoh Bahrom ibn Hurmuz[7] tomonidan ushlanib, terisi shilib oʻldirilganini ham bayon qiladi[1:242].
Islom dini kirib kelishidan oldingi yolgʻon paygʻambarlar va ularning buzuq gʻoyalari haqidagi maʼlumotlardan soʻng Beruniy Islom davrida yolgʻondan paygʻambarlik davosi bilan chiqqan Musaylamat al-Kazzob, Bahofarid, Hoshim Ibn Hakimning soxta daʼvatlari va ularga aholining ishonishi haqida yozadi.
Beruniy oʻz asarida Hoshim ibn Hakim va uning tarafdorlarini kofirlikda ayblaydi. Hoshim ibn Hakim vafotidan keyin ham uning tarafdorlari Movarounnahrda qolganini, ular shaklan Islom dinida boʻlsa-da, aslida Hoshim ibn Hakimning dinida ekanini aytib oʻtadi. Aynan Muqanna va uning tarafdorlari haqidagi xabarlarni fors tilidan tarjima qilib, “Oq kiyimlilar va qarmatiylar xabarlari haqida” nomli kitobga jamlaganini ham bayon etgan[1:247].
“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida Beruniy qarmatiya toifasiga ham toʻxtalib, ular tomonidan Makkada qilingan xunrezliklar, hojilarga hujum, “Hajar al-asvad”ni oʻgʻirlab ketishi haqida maʼlumot keltirgan. Shuningdek, ularning aqidasi botil ekani va sof islom dini taʼlimotiga toʻgʻri kelmasligini ham aytib oʻtgan[1:248]. Beruniy adashgan qarmatiylar boshligʻi Ibn Abu Zakariyo va uning nojoiz ishlariga toʻxtalar ekan, ular Ibn Abu Zakariyodan oldin botiniyya aqidasiga eʼtiqod qilgani va shiallikka mansub boʻlganini zikr etadi. Shundan aniq boʻladiki, Beruniy shialikka qarshi boʻlgan. Shuningdek, shialik yoʻnalishlaridan hisoblangan qarmatiy va botiniylarning buzuq aqidalarini tanqid qilgan sunniy musulmon boʻlgan, deb xulosa qilish mumkin.
Abu Rayhon Beruniy Hindiston tarixiga oid “Fi tahqiqi ma lil‑Hind” asarida qayerda Alloh taoloni zikr qilsa, albatta “subhonahu va taolo”ni, paygʻambarlarni eslaganda “alayhis salom”ni, Nabiy sollallohu alayhi va sallamni zikr qilganda “sallohu alayhi” yoki “sollallohu alayhi va sallam”ni qoldirmay keltirib oʻtadi.[8] Bu ham Beruniyning imon quvvati va sof aqidasidan darak.
Aytishlaricha, Shamsulaimma Abdulaziz Halvoniy oʻz davrida Buxoro qozisi boʻlib, Beruniyning ilm yoʻlidagi ayrim urinishlarini himoya qilish uchun uning ishlarini yoqlab, alohida fatvo ham chiqargan. Bundan koʻrinadiki, Beruniyning ilmiy izlanishlari doimo islom dini ahkomlariga muvofiq boʻlgan. Uning tadqiqotlari va asarlarida islom dini ahkomlariga zid harakat boʻlmagan.
Ulugʻ faqihlardan Abulhasan Ali ibn Iso Valvolajiy aytadi: “Abu Rayhonni koʻrgani kirdim. U jon talvasasida, nafasi iztirobda, qalbi siqilgan edi. Oʻsha holatda: “Bir kuni menga fosid boboning (ona tarafdan bobo) merosdagi ulushi haqida nima degan eding?”, dedi. Men unga ichim ogʻrib: “Shu holatda‑ya?”, dedim. U menga: “Hoy sen! Dunyo bilan ushbu masalani bilib xayrlashishim uni bilmay dunyoni tark etishimdan yaxshiroq emasmi?”, dedi. Men unga oʻsha masalani qayta aytib berdim, u yodlab oldi va oʻrgatishni vaʼda qilgan masalasini menga oʻrgatdi. Uning huzuridan chiqdim. Yoʻlga tushganimdayoq qichqiriq ovozi eshitildi”[7:2331]. Yaʼni Beruniy vafot etdi. Alloh u kishini rahmatiga olsin. Oʻlim oldidan ham dinning asosiy masalalaridan boʻlgan faroiz(meros) ilmining bir masalasini oʻrganishga haris musulmon kamdan kam topiladi, Abu Rayhon Beruniy ana shunday ilmga mushtoq musulmon edi.
Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, islom dunyoviy ilmlarining eng yuqori choʻqqisida mutafakkir va olim Beruniy turadi. Uning oʻrganmagan, qiziqmagan va intilmagan sohasi yoʻq edi. Barcha ilmlar boʻyicha olim – polimat boʻlib yetishdi. Bularga Beruniyning biror narsani bilishga ishtiyoqi, qiziquvchanligi bilan birga, albatta sof eʼtiqodi ham sabab boʻldi.