Home / MAQOLALAR / Yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish moʻminlik sifatidandir

Yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish moʻminlik sifatidandir

Moʻmin deb – Alloh taologa, Uning farishtalariga, kitoblariga, Paygʻambarlariga, oxirat kuniga, taqdirga, yaxshilik va yomonlik Allohdan ekaniga hamda vafotidan soʻng qayta tirilishga imon keltirgan kishiga aytiladi.

Haq taolo oʻz kalomida moʻminlarni bir qancha sifatlar bilan vasf qilib, bunday insonlarning oxiratdagi darajasi yuqori va goʻzal boʻlishi xabarini bergan. Shunday ekan, moʻmin kishida ushbu xislatlar boʻlsa, uni yanada sayqallashi, aksincha bunday sifatlar topilmasa, unga harakat qilishi kerak. Qurʼoni karimda ham moʻminlar haqida alohida «Muʼminun» surasi nozil qilingan boʻlib, ulardan bir qanchasini keltirib oʻtamiz.

  • Qayerda Alloh zikr qilinsa, moʻmin bandaning qalbi titraydi;
  • Robbimizga sevimli amallardan biri – Uni koʻp zikr qilishdir. Allohni koʻp eslash tasbehu tahlil, istigʻfor va albatta Qurʼon tilovati orqali hosil boʻladi. Haq taolo aytadi: «Albatta Alloh zikr qilinsa, qalblari titraguvchi, oyatlari tilovat etilsa, imonlarini ziyoda qilguvchi va Robbiga tavakkul qilguvchilargina moʻminlardir» (Anfol surasi, 2-oyat).
  • Demak, qaysi bir maskanda Uning oyatlari tilovat qilinsa, mazmun-mohiyati yetkazilsa, moʻminning qalbi titraydi, gunohiga tavba qilib, duoyu istigʻfor aytadi. Shu orqali uning diliga sokinlik kirib, koʻngli xotirjam boʻladi. Oyat davomida Robbiga tavakkul qilguvchi moʻminlardir deyilmoqda. Moʻmin odam haqiqatda har bir xayrli ishda Unga tavakkul qilib, Alloh roziligini istab, ish boshlaydi. Natijada, Alloh taolo oʻsha bandaning yoʻlini ochib, ishining oxirini chiroyli qiladi.
  • Moʻmin odam omonatdor va ahdiga vafo qiluvchi boʻladi;

Moʻmin kishi ishonchli, omonatdor va ahdiga sodiq boʻladi. Unga hech ikkilanmasdan muhim siringizni aytishingiz, safarga chiqsangiz uy-joyingizni omonat qilib qoldirishingiz mumkin. Moʻmin odam yolgʻon gapirmaydi, vaʼda bersa bajaradi, omonatga xiyonat qilmaydi. Omonatga xiyonat qilmaslik va ahdga vafo qilish avvalo banda bilan Yaratgan Zotning oʻrtasida boʻladi. Alloh taolo bunday deydi: «Ular omonatlariga va ahdlariga rioya qilguvchilardir», (Muʼminun surasi, 7-oyat). Bandaga Alloh taolo koʻpdan koʻp neʼmat bergan. Ana shunday neʼmatlardan biri – bu insonning butun tana aʼzolaridir. Aslida, insonga berilgan umr, vaqt, molu davlat, bola-chaqalarning hammasi omonatdir. Moʻmin kishi buni yaxshi tafakkur qilgan holda ushbu neʼmatlarga shukr qiladi. Koʻzini zinodan, tilini gʻiybatu boʻhtondan, qalbini hasad, gina, yomon gumonlardan, qoʻl-oyoqlarini esa gunoh ishlar sodir etishdan ehtiyot qiladi. Haq taolo inson aʼzolarining qiyomatda guvohlik berishi toʻgʻrisida bunday marhamat qilgan: «Bugungi kunda ularning ogʻizlariga muhr uramiz. Nima kasb qilganlarini Bizga qoʻllari soʻzlar va oyoqlari guvohlik berur» (Yasin surasi, 65-oyat).

Demak, moʻmin kishi Alloh taolo omonat qilib bergan aʼzolari bilan faqat yaxshi amallarni bajarishga harakat qilishi lozim.

  • Moʻmin kishi oʻzgalarni yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytaradi;

Haqtaoloaytadi: «Moʻmin va moʻminalar bir-biriga doʻstdir. Ular yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi…», (Tavba surasi, 71-oyat).

Mazkur oyatdan moʻminlar oʻzaro ahl-inoq, samimiy va birodar ekani hamda bir-birini yaxshilikka daʼvat etib, yomonlikdan qaytarishini bilish mumkin.

Abu Saʼid Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambar alayhissalotu vassalom ham moʻmin kishi biror yomon ishni koʻrsa, uni toʻxtatish kerakligi haqida bunday deganlar: «Sizdan kim bir munkar ishni koʻrsa, qoʻli bilan qaytarsin, agar qodir boʻlmasa, tili bilan qaytarsin, agar qodir boʻlmasa, dili bilan qaytarsin, ana oʻsha eng zaif imondir» (Imom Muslim rivoyat qilgan).

Demak, musulmon kishi biror munkar ishga guvoh boʻlsa, uni qoʻli bilan qaytarishi yoki tili bilan bu ishning oqibati yaxshi boʻlmasligini tushuntirishi kerak. Unga ham qodir boʻlmasa, hech boʻlmaganda tili bilan afsus qilib qoʻyishi oʻsha odamda moʻminlik belgisi borligining alomatidir.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, har bir moʻmin bandaning Alloh zikrida qoim boʻlib, xayrli ishlarda bardavom boʻlishi, uning baxtli hayot kechirishiga sabab boʻladi.

Mashrab XIDIROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …