Home / MAQOLALAR / NASAF FIQH MAKTABI VA BAZDAVIY ALLOMALAR FIQHIY MEROSI (IX – XII ASRLAR)

NASAF FIQH MAKTABI VA BAZDAVIY ALLOMALAR FIQHIY MEROSI (IX – XII ASRLAR)

Islom dini tarqalishi jarayonida turli din va mahalliy urf-odatlarga duch kelishi natijasida VIII – IX asrlarda islom huquqshunosligi – fiqh maktablari yuzaga keldi. Fiqh ilmi musulmon huquqshunosligi va shariat qonun-qoidalarini ishlab chiqish bilan shugʻullanuvchi soha boʻlgani uchun diniy ilmlar qatoriga kiritilgan. Fiqh atamasi arab tilida “bilmoq”, “tushunmoq” yoki “topmoq” degan maʼnoni anglatadi. Fiqh – islomiy ilmlarning bir qismi boʻlib, shariat qonun – qoidalarini ishlab chiquvchi musulmon huquqshunosligi hisoblanadi. Sharʼiy qonun – qoida va huquqlarni biluvchi olim “faqih” deb ataladi [17].

Fiqh diniy huquqshunoslik sifatida ikki soha – shariat manbalarini ishlab chiqish (“usul al-fiqh”) [26] va shariatni maʼlum bir sohalarga tatbiq qilish (“furuʼ al-fiqh”)dan iborat [25]. VIII asr oʻrtalaridan fiqh mustaqil ilm sifatida rivojlana boshladi. Bu davr islom huquqshunosligi shakllanishida “oltin asr” deb nomlanadi [23]. X asrga kelib, musulmon olimlari tomonidan sunniylikdagi eng yirik fiqhiy mazhablar sifatida shofeʼiy, molikiy, hanafiy va dovudiylik qayd etilgan. Hanbaliy mazhabiga mansub faqihlar faqat XII asr boshlariga kelib, eʼtirof etila boshlangan [3].

VIII asr oxiri – IX asr boshlarida Movarounnahrda hanafiy mazhabi tarqala boshladi. Ushbu mazhab taʼlimoti asosida Buxoro va Samarqand shaharlarida Movarounnahr fiqh maktabi tashkil topdi [1]. Bu yurt faqihlari teran bilimi va qimmatli asarlari bilan butun islom dunyosida shuhrat qozondi. Faqihlarning davlat hukmron doiralari va xalq ommasiga taʼsiri juda kuchli edi [11].

Movarounnahrlik faqihlarning bir necha avlodlari xizmati tufayli mahalliy xalqlarning tarixiy va huquqiy anʼanalari islom madaniyatida oʻz aksini topdi. Islomshunos olim A.Moʻminov Movarounnahr fiqh maktabi tarixini oʻz xususiyatlariga koʻra, uch asosiy davrga boʻlgan [18].

1) Shakllanish davri – VIII – X asrlar;

2) Eng rivojlangan davri – XI – XIII asrlar;

3) Asta-sekin zaiflashuv davri – XIII asr boshlari – XIV asr.

IX – X asrlarda Movarounnahrda kechayotgan jarayon hali mahalliy ahamiyatga ega boʻlib, bu mintaqa Xurosonning bir qismi hisoblanar edi. Bu davrda aholi turli tabaqalari uchun faqih olimlar guruhi yagona himoyachisi sifatida maydonga chiqdi. Natijada ularning ijtimoiy obroʻsi va taʼsir doirasi kengaya bordi [18].

Movarounnahrda fiqhning hanafiy mazhabiga asoslangan shakli ustuvor edi [7]. Buning sababi, bir tomondan, IX asrda bu yerda mahalliy fiqh maktabi shakllanishida Ahmad ibn Hafs Abu Hafs Buxoriy (vaf. 832)ning xizmati boʻlsa, ikkinchidan, ushbu mazhabning mezon va tamoyillari mahalliy shart-sharoitlarga koʻproq mos kelar edi. Bundan tashqari, mahalliy fiqh maktabi shakllanishiga Balxda mavjud yirik hanafiylik markazining ham taʼsiri katta boʻlgan [8].

Bu davrda fiqh ilmi shakllanish va kuchga toʻlish davrini boshdan kechirmoqda edi. Hokimiyat qoraxoniylar sulolasiga oʻtgandan soʻng Movarounnahrda fiqh ilmi rivoji va takomili uchun zarur omillar yuzaga kela boshladi. Qoraxoniylar davlati vujudga kelishi Movarounnahrning Xuroson bilan aloqalari zaiflashishiga olib keldi. Natijada mahalliy maktablarning mustaqil rivojlanishiga asos yaratildi. Buxoro va Samarqand haqiqiy ilm markazlariga aylandi. Bu shaharlarda Nasaf, Marv, Fargʻona va Ustrushona hududlari faqihlari ham faoliyat koʻrsatdi [6].

Markaziy Osiyoda fiqhning rivoji uchun qoraxoniy hukmdorlari tomonidan homiylik koʻrsatilgan. Fiqh – islom dini qonunlariga eʼtibor va huquqiy normalarning amaliy hayotga tatbiq etilishi edi. Shuningdek, mahalliy maktablar davlat va aholi himoyasi ostida asta-sekin rivojlanib, katta ilmiy madrasalar darajasiga koʻtarilgan. Madrasalar xarajatlari vaqf mulklaridan tushgan daromadlar hisobidan qoplangan [19].

Mudarris, mutavalli va tolibi ilmlarning maoshi vaqf mulklardan keladigan daromaddan toʻlangan. Natijada fiqhiy ilmlar rivoji uchun munosib shart-sharoit yaratilgan. Buni Ibrohim Tamgʻachxon tomonidan yozilgan vaqfnoma misolida ham koʻrish mumkin. Unda belgilanganidek, Samarqand madrasasi mutavallisi (idora qiluvchisi)ning bir yillik maoshi 2000 dirham, fiqh mudarrisi maoshi 3600 dirham, adabiyot fanlari mudarrisi maoshi 1200 dirham, Qurʼoni karim mudarrisi maoshi 1200 dirham va toliblar maoshi 360 dirham boʻlgan. Oʻsha davr narx-navosiga koʻra, bir mudarrisning bir oylik maoshiga 150 – 200 ta non, 2 – 3 ta qoʻy sotib olish mumkin boʻlgan [5].

XI – XIII asrlarga kelib, Movarounnahrda fiqh ilmi yuksak bosqichiga yetdi. Shu mavzuda izlanish olib borgan turkiyalik olim Yu.Z.Kavakji Qoraxoniylar davri haqida soʻz yuritib, bu hududda uch yuzga yaqin faqih yetishib chiqqani, yigirmadan ortiq fatvolar majmuasi, uch yuz ellikdan ortiq fiqhiy asar yaratilgani va shulardan 98 foizi hanafiy fiqhiga oid ekanini qayd etadi [14].

Abulfazl Qazviniy “Kitobun naqz” asarida keltirishicha, XII asrda Xuroson, Movarounnahr va Turkistonning barcha hududlarida aksariyat aholi hanafiy mazhabida boʻlgan. Din olimlari katta eʼtibor va nufuzga ega boʻlib, xayrixoh kishilar ulardan oʻz jonu mollarini ham ayamagan. XІІ – XІІІ asrlarda Oʻrta Osiyoda faqihlar soni koʻpligini alloma Qazviniy Muhammad ibn Ahmad Nasaviyning “Jaloluddin Munkabirniy (Manguberdi) siyrati” nomli asarida keltirilgan maʼlumotdan ham bilish mumkin. Unga koʻra, buxorolik “Oli Moza” (Moza oilasi)ning buyuk imomi va raislaridan biri boʻlmish Sadri jahon Burhoniddin Muhammad va uning avlodlari himoyasi ostida 6000 faqih hayot kechirib, ularning barchasi hanafiy mazhabiga mansub boʻlgan. Ushbu oila moʻgʻul bosqinidan keyin ham hanafiy faqihlarini oʻz himoyasiga olgan. Manbalarda koʻrsatilishicha, Sadr us-sudur Burhoniddin Abdulaziz ibn Umar Samarqand shahrida 30 ming qizil oltin (dinor) toʻlab, bir hanafiy faqihning hayotini saqlab qolgan [5].

Movarounnahrning boshqa shaharlari singari VIII asr oxiri – IX asr boshlarida Nasaf vohasida ham fiqhshunoslik maktabi vujudga kelgan. Nasaf Movarounnahrning mashhur shaharlaridan biri boʻlib, u yerdan islomning turli ilmlarini oʻzida mujassam etgan zabardast olimlar yetishib chiqqan. Nasaf shahri oʻzining faqihlari bilan koʻproq shuhrat topgan. Ulardan Abu Mutiʼ Makhul Nasafiy (vaf. 318/930), Abu Ali Husayn Nasafiy (vaf. 424/1034), Najmuddin Abu Hafs Umar Nasafiy (1070-1143), Abulfazl Muhammad Burhon Nasafiy (600-679/1201-1281)ni aytish mumkin [20].

Nasaf vohasida fiqh ilmi rivojida Bazdaviylar sulosasi vakillari ham muhim oʻrin egallaydi. Bu avlodda bir necha faqihlar boʻlib, ularning aksariyati qozilik va mudarrislik qilgan, din va davlat ishlarida katta mansablarni egallagan. Sulolaning eng yirik namoyandasi – “Faxrul islom” nomi bilan mashhur boʻlgan Abul Yusr Ali ibn Muhammad Bazdaviydir.

Allomaning toʻliq ismi Faxrul Islom Abul Yusr Abul Hasan Ali ibn Muhammad ibn Husayn ibn Abdulkarim ibn Muso ibn Iso ibn Mujohid Nasafiy Bazdaviy boʻlib [12], hijriy 400-yil (1009-yilda) Nasaf yaqinidagi Bazda (Pazda) qoʻrgʻonida tugʻilgan. Bazda manbalarda Nasafdan olti farsah uzoqlikdagi mustahkam bir qalʼa sifatida taʼriflanadi [15]. Allomaning otasi Samarqand va Buxoro shaharlarida qozilik vazifasida ishlagan, vazifasidan ozod etilgach, Bazdaga koʻchib kelgan va shu yerda muqim qolgan [9]. Hijriy 482-yil rajab oyida (1089-yil) Keshda vafot etib, Samarqandning Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.

Alloma haqida taniqli arab tarixchisi Shamsiddin Zahabiy (1274-1347) “Siyaru aʼlamin nubalo” asarida: “Faxrul islom Bazdaviy Imomi Aʼzam Abu Hanifa mazhabida oʻz tariqatiga ega boʻlgan alloma”, deb yozgan [10] boʻlsa, tarixchi Samʼoniy (1113-1167) “Faxrul islom Bazdaviy hanafiy mazhabining Movarounnahrdagi shayxi boʻlgan”, deb taʼkidlagan [26].

Alloma Movarounnahrning mashhur faqihi Shamsul aʼimma as-Saraxsiy (1009 – 1090) bilan bir davrda yashagan va doʻst boʻlgan. Muhammad Bazdaviy fiqh boʻyicha 6 ta asar yozgan va koʻplab shogirdlar tayyorlagan. Uning ustozi mashhur alloma Abdulaziz Halvoniy (vaf. 455/1069) boʻlib, fiqhga oid islom olamida katta shuhrat qozongan “Al-Mabsut” (Keng qamrovli) asarining muallifidir [16].

Muhammad Bazdaviyning “Kanz al-usul ila maʼrifat al-usul” (“Usul ilmiga yetishish ganjinasi”) asari “Usul al-Bazdaviy” (“Bazdaviy usuli”), “Al-Usul” (“Asoslar”), “Kitobul kabir fiy usul al-fiqh” (“Usul ilmidagi katta kitob”) kabi nomlar bilan ham mashhur boʻlgan [4]. Ushbu asar islom qonunchiligi asoslari haqida yozilgan boʻlib, unga koʻplab sharh bitilgan. Shu tufayli alloma “Faqihu Movarounnahr” (“Movarounnahr faqihi”) va “Ustoz al-aimma” (“Imomlar ustozi”) nomlariga sazovor boʻlgan. Alloma fiqhning furuʼ va usul yoʻnalishida ilmiy faoliyat olib borgan va shu mavzuda qoʻllanma asarlar yozgani uchun “al-usuliy” nomi bilan tanilgan [11].

“Usul al-Bazdaviy” nodir masalalarni toʻplagan ahamiyatli kitoblardan biridir. Ulamo va tolibi ilmlar bu kitobni eʼzozlab oʻrgangan. Mullo kotib Chalabiy oʻz kitobida ushbu asarning oʻndan ortiq sharhini zikr qiladi. Imom Alouddin Abdulaziz ibn Ahmad Buxoriy (vaf. 730/1330)ning “Kashful asror” kitobi “Usul al-Bazdaviy” sharhlari orasida eng moʻtabari hisoblangan [24]. Bu kitob Qohira va Istanbul shaharlarida nashr qilingan [22].

Muhim manba sifatida Bazdaviy asari qoʻlyozmalari jahonning turli mamlakatlarida saqlanadi. Nemis sharqshunos olimi Karl Brokkelman “Usul al-Bazdaviy”ning qoʻlyozma nusxalari Berlin, London, Parij, Dehli, Sankt-Peterburg, Peshovar, Qohira, Tunis, Istanbul kabi shaharlarda saqlanishi haqidagi maʼlumotlarni keltiradi [9].

Bundan tashqari, Bazdaviy fiqh ilmiga oid “Kitob al-mabsut”, “Risola fi qiroʼat al-musolli”, Muhammad ibn Hasan Shayboniyning (709 – 805) “Al-Jomiʼ as-sagʻir” asariga yozgan “Sharh al-jomiʼ as-sagʻir” nomli shahri, shuningdek, “Az-Ziyodot”, “Ziyodot az-ziyodot” asarlarini yozgan. Shuningdek, ayrim manbalarda allomaning “Gʻinoʼ al-Fuqaho” va “Sharh al-jomiʼ al-kabir” kabi asarlari borligi haqida ham maʼlumot berilsa-da, ular bizgacha yetib kelmagan [9].

Bazdaviylar oilasining yana bir vakili, Muhammad Bazdaviyning ukasi Abul Yusr Muhammad Bazdaviy ham taniqli faqih boʻlib, “Al-Qozi as-sadr” (“Qozilar peshvosi”) nomi bilan tanilgan. Buxoroda imlo va fiqhdan dars bergan [2]. Bazdaviylar sulolasidan yana Abul Maʼoliy Ahmad Bazdaviy (481-542/1088-1147) va Abu Sobit ibn Ali Bazdaviy (470-557/1077-1161) kabi faqihlar yetishib chiqqan [17].

Xulosa qilganda, oʻrta asrlarda Nasaf vohasi allomalari fiqhiy yoʻnalishda samarali faoliyat olib borib, oʻz asarlari orqali muhim masalalarga yechim topishga hissa qoʻshgan. Bu allomalar qatorida Bazdaviylar sulolasiga mansub fiqh olimlarining ham oʻrni katta boʻlgan.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Abdulhakim Shaʼriy Juzjoniy. Fiqh ilmi rivojida Markaziy Osiyo faqihlarining oʻrni // Toshkent islom universitetining ilmiy – tahliliy Axboroti, 2007-yil 3-son. – B. 18-20.
  2. Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur at-Tamimiy as-Samʼoniy. Nasabnoma. Tarjimonlar: Abdulgʻofur Razzoq Buxoriy va Komiljon Rahimov. – T.: Hilol-Nashr, 2017. – B. 278.
  3. Adam Mes. Musulmanskiy renessans. – M., 1973. – S. 179.
  4. Aminov H., Primov S. Hanafiy fiqhi tarixi, manbalari istilohlari. Masʼul muharrir Shayx Abdulaziz Mansur. – T.: Movarounnahr, 2017. – B. 162.
  5. Atayev M. Allomalar yurti // Huquq va burch, 2017-yil 3-son. – B. 40-42.
  6. Atayev M. Majduddin al-Ustrushaniyning Movaroun­nahr fiqh ilmi tarixida tutgan oʻrni. Tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya avtoreferati. – T., 2011. – B.27.
  7. Ahmet Özel. Hanefi fıkıh alimleri. – Ankara: Turkiye diyanet vakfi yayinlari, 1990. – S.784.
  8. Bartold V.V. Istoriya Turkestana. – Sob. soch. v 9 t. t.2. Chast I. – M., 1963. – S. 122.
  9. Brockelmann C. Geschichte der Arabischen Literatur. Bd I. – Leiden, 1943. – P.373.
  10. Imom Shasmiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Mashhur daholar siyrati. – T.: Hilol-Nashr, 2020. – B.145.
  11. Kamilov M. Movarounnahr fiqh ilmining rivojida Alouddin as-Samarqandiyning oʻrni va “Tuhfat al-fuqaho” asarining ahamiyati. Tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya. – T., 2000. – B. 35.
  12. Kamoliddinov Sh.S. “Kitab al-Ansab” Abu Saʼda Abdalkarima ibn Muxammada as-Samʼani kak istochnik po istorii i istorii kulturы Sredney Azii. – T.: Fan, 1993. – S.158.
  13. Kattayev K., Kattayeva G. Buyuk huquqshunos allomalar (Fiqh, hadis, tafsir, kalom ilmi allomalari). – Toshkent: Qaqnus, 2020. – B.28.
  14. Kavakci Yusuf Ziya. XI ve XII asirlarda Karahaniylar davrinde Mavaraʻ al-Nahr Islam Nukukcilari. – Ankara, 1976. – S. 305.
  15. Le Strange G. The Lands of the Eastern Caliphate Mesopotamia, Persia, and Central Asia from the Muslim Conquest to the time of Timur. – Cambridge, 1930. – P. 471.
  16. Qodirov O. Abul Yusr Pazdaviy – moturidiya taʼlimotining buyuk namoyondasi // Islomshunoslikni rivojlantirishning konseptual masalalari. – T.: Toshkent islom universiteti, 2011. – B.138-141; Tashanov F. Faxrul islom Pazdaviy Samarqand sunniylik ilohiyotining yirik vakili sifatida // Imom Buxoriy saboqlari, 2008-yil 2-son. – B.103-104.
  17. Qurashiy Abu Muhammad Abdulqodir ibn Abulvafoʼ Muhammad ibn Muhammad al-Misriy. Al-Javohir al-mudiʼa fi taboqat al-hanafiyya. 1-jild. – Haydarobod, 1332 h.y. 1-jild. – B.118,199.
  18. Moʻminov A. Movarounnahr ulamolari: hanafiylar // Sharqshunoslik, 1999-yil 9-son. – B.41.
  19. Moʻminov A. Movarounnahr hanafiy fiqhi // Imom Buxoriy saboqlari, 2001-yil 1-son. – B.88-91.
  20. Muhammad Nosir. Nasaf va Kesh allomalari (IX–XX asrlar). Tazkira. Qayta ishlangan va toʻldirilgan 2-nashr. – T.: Gʻafur Gʻulom NMIU, 2006. – B.128.
  21. Nodir Nabijon oʻgʻli. Usul ul-fiqh haqida saboqlar. – T.: Toshkent islom universiteti, 2008. – B.140.
  22. Roʻziyeva R. “Usul” asari va unga yozilgan sharhlar // Imom Buxoriy saboqlari, 2008-yil 2-son. – B.103-104.
  23. Syukiyaynen L.R. Musulmanskoye pravo. – M., 1986. – S.68.
  24. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Fiqhiy yoʻnalish va kitoblar. – T.: Hilol-Nashr, 2019. – B.132-133.
  25. Shayx Qosim ibn Abdulloh Quvnaviy. Fiqhiy atamalarning izohli lugʻati. – Toshkent: Azon kitoblari, 2020. – B.284.
  26. Oʻrta asr Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy – falsafiy merosi ensiklopediyasi. – Samarqand: Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2016. – B.288-289.
ASILBEK XOʻJAYOROV,
Osiyo texnologiyalar universiteti oʻqituvchisi,
mustaqil tadqiqotchi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …