Home / FOTO LAVHALAR / Movarounnahrning mamlakatlar lugʻatidagi tarannumi

Movarounnahrning mamlakatlar lugʻatidagi tarannumi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida galdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz xodimlari, yurtimiz va xorijdagi ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Germaniya, Avstriya va AQSHdan olimlar ishtirok etdi.

Seminarda Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari institutining Istiqbolli tadqiqotlar markazi ilmiy xodimi, professor Kurt Frans “Yoqut Hamaviyning “Moʻjamul buldon” asarida Movarounnahr mavzusida maʼruza qildi.

Mashhur sayyoh, geograf, adib va tarixchi Yoqut Hamaviy (1179-1229) 1213-yilda safarga chiqib, 16-yil davomida Suriya, Falastin, Misr, Arabiston yarimoroli, Iroq, Eron, Xuroson va Movarounnahrda boʻlgan va geografiya, tarix, filologiya, etnografiyaga oid maʼlumotlar toʻplagan. Manbalardan uning qalamiga mansub oʻn asarning nomlari keltirilgan. Shulardan biri 1224-yilda yozib tugatilgan 14 jildli toponimik “Moʻjamul buldon” (“Mamlakatlar lugʻati”) toʻplami boʻlib, undan Movarounnahrning oʻsha davrda ahamiyatga molik 20 dan ortiq shahar va manzillari haqidagi maqolalar oʻrin olgan.

Maʼruzachi asarda “Movarounnahr” soʻzining etimologiyasi turli jihatlarda tavsiflanganini maʼlum qilib, muallif mintaqani yetarlicha yoritish uchun kerakli malaka va qobiliyatga ega boʻlganini taʼkidladi.

Hamaviy Buxoro, Turkiston, Xuroson, Xorazm va Samarqand haqida koʻproq (6 bet), Axsikat, Asfijab, Fargʻona, Termiz, Jayhun daryosi, Ash-Shasha, yaʼni Shosh haqida esa nisbatan kamroq (4 yarim sahifada) maʼlumot keltiradi. Bir necha misralik maʼlumot berilgan joylar ham bor. Chunki muallif manzillarni qoldirib ketgandan koʻra, bilganini qogʻozga tushirishni afzal topgan.

Professor Frans Ash-Shasha haqidagi maqolaga alohida toʻxtaldi. Hamaviy shahar nomiga oid filologik izohlar berib, uning geografik joylashuvi, relyefi, aholisi bilan birga, koʻhna Shoshdan yetishib chiqqan ulamolar toʻgʻrisida ham maʼlumotlar keltiradi.

Umumiy jihatdan olganda Movarounnahrning asardagi tavsifi dunyoning ilgʻor qismlaridan boʻlgan mintaqani oʻsha davrning yirik madaniy markazlari qatoridan haqli ravishda oʻrin olgan oʻlka sifatida namoyon qiladi.

Asarning hozir Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari kutubxonalarida saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalari XIII asrgacha boʻlgan davr geografiyasi, adabiyoti, tili, tarixini oʻrganishda muhim manba sanaladi.

Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Istiqbolli taklif va tavsiyalar shakllantirilmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining bir guruh ilmiy xodimlari mamlakatimiz olimlarining Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi …