Maʼlumki, Shayboniylar sulolasining qudratli vakili Abdullaxon II ning 1598-yilda toʻsatdan vafot etishi [3:6] ushbu sulola va davlatning inqirozini boshlab berdi. Bu voqea, bir tomondan, mamlakat ichida siyosiy parokandalikni keltirib chiqargan boʻlsa, ikkinchi tomondan, tashqi kuchlar hujumi, bosimi va aralashuviga sabab boʻldi [9:88]. Xususan, shimoldan Tavakkal Sulton boshchiligidagi qozoqlar hujumi kuchaydi. Eron hukmdori Shoh Abbos (1587-1629) Xurosonni tortib ola boshladi.
Dinmuhammad Sulton Abdullaxon II tomonidan Niso va Obivard hokimi sifatida joʻnatilgan edi. Shoh Abbosning Xurosonga hujumi natijasida ularning orasida urush kelib chiqdi. Puli-Salor[1] jangidagi magʻlubiyat natijasida tirik qolgan ashtarxoniylar Buxoroga qochishga majbur boʻlgan. Mana shu vaziyatda Boqi Muhammad jang maydonini tark etib, avval Anduxuga, keyin esa Karki dovoni orqali Buxoroga kelgan. Ammo Buxoro amirlari uni shahar ichkarisiga kirgizmagan. Boqi Muhammad Xoja Bahouddin qabrini ziyorat qilib, Samarqandga yoʻl olgan [10:183-184]. Chunki Buxorodagi taxtda oʻtirgan soʻnggi shayboniy Pir Muhammadxon II [2] Miyonqoldagi Uzunsoqol mavzesida Tavakkal Sultonga qarshi urushga otlangan edi. Ikki oʻrtada boʻlib oʻtgan jangda Boqi Muhammad Pir Muhammadxon II ga katta yordam beradi.
Boqi Muhammad jangda qahramonlik koʻrsatib, Abdulmoʻminxonga qilingan suiqasd ishtirokchilaridan biri Abdulvosibiyni[3] oʻldiradi. Abdulvosibiy Abdullaxon II ning hurmatli amirlaridan edi. Keyin esa u Tavakkal huzuriga borib, Movarounahrni egallashga undagan. Shu sababdan bu voqea Boqi Muhammadning obroʻsini oshirdi. Ushbu jangda Pir Muhammadxon II ning yaqin qarindoshlari Sayid Muhammad Sulton va Muhammad Boqi otaliq devonbegi Tavakkal jangchilari tomonidan oʻldirildi. Boqi Muhammadning ushbu jangda koʻrsatgan mardonavorligiga tuhfa sifatida u Samarqand viloyatiga hokim etib tayinlandi . Naqshbandiya shayxlarining maslahati bilan Boqi Muhammad va Toshkentdagi qozoq qabilasi yetakchisi oʻrtasida shartnoma imzolandi [10:191].
“Tarixi Olamoroyi Abbosiy” asarida yozilishicha, Boqi Muhammad oʻzining saxovatpeshaligi va ochiqqoʻlligi sababli viloyat hududlaridan olingan hosilni muhtojlar va oʻz askarlariga inʼom qilar edi. Natijada, oʻzbek qabilalarining katta qismi uning hokimiyatini qoʻllab-quvvatlagan. Hatto amakilari – Rahmonquli Sulton, Abbos Sulton, uning ukasi Tursun Muhammad Sulton oʻz qarindosh-urugʻlari bilan birga kelib, Boqi Muhammadga oʻz itoatkorligini izhor qiladi.
Shuning uchun boʻlsa kerak, Samarqandga hokim etib tayinlangandan keyin Boqi Muhammad oʻzini Pir Muhammadxon II dan ustun deb hisoblay boshladi va shaharni mustaqil tarzda boshqarishga intildi. Bir qancha muddat Pir Muhammadxon II Boqi Muhammadning bunday xatti-harakatlariga qarshi jiddiy qarshilik olib bormadi.
Keyinchalik Boqi Muhammad bu hududlar bilan kifoyalanmay, Zarafshon daryosi boʻyida Samarqand va Buxoro oʻrtasida joylashgan Miyonqolni unga topshirishni soʻrab, Pir Muhammadxon II ga xat yozadi. Ammo rad javobini oldi. Shunga qaramasdan Miyonqolga qarab yurish qildi va u yerda Pir Muhammadxon II tayinlagan Qul Muhammad biyni qatl qilib, uning oʻrniga oʻz qoʻlida miroxuri kuchak boʻlib xizmat qilib kelayotgan Ishim Dogʻdoqani tayinladi. Shundan keyin Dabusiya qalʼasini qamal qildi [2:91-93]. Natijada, Pir Muhammadxon II Balx va Hisordan qoʻshin yordamga chaqirib, Boqi Muhammadga qarshi yurish qildi.
1599-yil avgustda Buxoro hukmdori Pir Muhammadxon II sharqqa, yaʼni Samarqandga yurish qildi. Bu holatdan xabar topgan Boqi Muhammad vaziyatning oldini olish maqsadida Pir Muhammadxon II dan uzr soʻragan. Shuningdek, yaqinlashib kelayotgan urushning oldini olish uchun oʻz onasini Buxoro tomon joʻnatgan. Ammo bu urinishlar natija bermaganidan soʻng ular oʻrtasida jang kelib chiqdi.
Tahlil va natijalar. “Bahrul asror” asarida yozilishicha, Pir Muhammadxon II va Boqi Muhammad oʻrtasidagi jang Samarqandning gʻarbiy qismida boʻlib oʻtgan. Bu hudud hozirda Samarqand shahrining Mirzo Ulugʻbek va Amir Temur koʻchalari boʻylab gʻarbga tomon yurishda joylashgan boʻlib, “Bogʻi shamol” [7:59] deb nomlangan.
“Bahrul asror” asarida ushbu jang tafsilotlari ham keltirilgan. Unda aytilishicha, Xojagi Imkanagiy elchiligi bu jangda muhim ahamiyatga ega boʻlgan. 1600-yil qish oxirlarida Pir Muhammadxon II va Boqi Muhammad oʻrtasidagi jang boʻlishi muqarrarligi sabab, ular oʻrtasida elchilik aloqalari ham olib boriladi. Balx va Buxoro qoʻshinlari “Shimol bogʻi”ga yetib keladi. Xojagi Imkanagiy Pir Muhammadxon II ning oldiga borib, unga Boqi Muhammad bilan shartnoma tuzishni taklif etadi. Ammo Pir Muhammadxon II shayxning taklifiga rad javobini bergach, oʻsha mashhur “Shimol jangi” boʻlib oʻtadi. Mahmud Ibn Vali asarda bu haqda quyidagi maʼlumotni keltirgan:
منقول است که در آن آوان که پر محمدخان با ابهت و عظمی که کوه از تصور شکوه آن ستوه آمدنی از آنجارا بعزم استیصال نهال اقبال خواینن تقلی تموری متوجه سمرقند گردید.باقی محمد خان که رایس و ریس خوانین عزت قرین بود با همه سطوت و صلابت از مدافعه صوری ابا نموده دست توسل بدامن آن مبارز منوییعنی خضرت خواجه در زد.و آن جناب نخست بموجب الصلح خیر متوجه اصلاح ذات البین کشته خواستند که پر محمدخانرا از آن داعیه امتناع نمایند. آن نشانه تیر تعدیر از آن تدبیر سرباز زده انخضرت رابی نیل مقصود و باز گردانید لاجرم خدام خواجگی با لهام غیبی متوجه .. اعلام خوانین و انکساری رایات ارباب معادات گشته باقی محمد خانرا با لطاف ایزدی مستظهر ساختند.و بزات اقدس طریق موافقت مسلوک داشته بهنگام مقابله بار بدستور اهل محاربه بجانب لشکر بخارا حمله نمودند.مقارن اینحال رایت اقبال خوانین ارتفا یافته لوای نادوای پر محمدخان مخفوض و مکسور کردید تا آنکه خان بی تدبیر اسیر تحیر تقدر گشتند بر دست یکی از ملازمان خوانین بقتل رسید چون آن کرامت ظاهره فارق عادت با هر از آنحضرت سمت وقوع پدر رفت تمامت خوانین خصوصآ باقی محمدخان پش از پش طریق عقد با انجناب مسلوک داشته
Mazmuni: Pir Muhammadxon Samarqand tomonga yurish qildi. Oʻsha vaqtda Samarqand hokimi Boqi Muhammad edi. Boqi Muhammad darhol Samarqandni himoya qilishga kirishdi va oʻz davrining mashhur shayxi Xojagi Imkanagiyning huzuriga borib, bu qiyin vaziyatda yordam berishini soʻradi. Xojagi Pir Muhammadxon huzuriga borib, undan sulh tuzishni soʻradi, ammo rad javobini olgach, Boqi Muhammad va Pir Muhammadxon oʻrtasida jang boʻlib oʻtdi. Bu jangda Pir Muhammadxon Boqi Muhammad qoʻl ostidagi jangchilarning biri tomonidan oʻldirildi. Boqi Muhammad Xojagi Imkanagiy etagidan tutgani va pir unga gʻayb ilmi tufayli maʼnaviy madad boʻlgani sababli u gʻalaba qozondi.
Bu jang haqida muarrix Muhammad Hoshim Kishimiy ham oʻzining “Nasamotul quds min hadoyiqul uns” asarida maʼlumot bergan. A.Jumanazarning yozishicha, bu manbada ushbu voqea haqida quyidagicha hikoya qilinadi: “Boqi Muhammad otasi va aka-ukalari bilan Movarounnahrga yetib keladi. Pir Muhammadxon Samarqand hokimligini Boqi Muhammadga topshiradi. Oradan biroz vaqt oʻtib, Pir Muhammadxonning yuragiga Boqi Muhammadning hokimiyatni undan tortib olishi haqida gʻulgʻula tushdi va Samarqandga unga qarshi yurish qiladi. Boqi Muhammad va uning ahli jamoasi esa: “Biz sultonning barcha birodarlarini Samarqandga toʻplaganmiz va unga itoat etamiz, bizdan nima gunoh oʻtdiki, Pir Muhammadxon II boshimizga lashkar tortib kelmoqda?” deb mavlono Xojagi Imkanagiga murojaat qiladi. Hazrat mavlono Pir Muhammadxon II lashkari qarorgohiga yolgʻiz oʻzi joʻnadi. Hazrat shayxning barcha urinishlari zoye ketdi va Pir Muhammadxon II tinchlik sulhiga rozi boʻlmadi. Vaholanki, Boqi Muhammad qoʻshini soni oz edi.
Shayx hazratlari Boqi Muhammadga dedi: “Ey farzand! Askaring kamligidan andisha qilma va bu oyati karimani oʻqi. “Aʼuzu billahi min-ash-shaytonir rojiym. Kammin fiatin qalilatin gʻalabat fiyatan kasiratan bizni Olloh” (Qanchadan qancha ozchilik guruhlar gʻolib kelgandir.) Soʻngra inoyat qoʻlini uning yelkasiga qoʻyib, muborak fotihasini uning beliga bogʻladi va “Tangriga tavakkal qilib, dushman lashkariga zarba ber! Senga Movarounnahr diyori nasib qilur! Xojaning bu inoyati va xayrli bashoratidan sulton dilida ishonch tuygʻusi paydo boʻldi va uch-toʻrt mingga yaqin qoʻshin bilan dushmanning ellik ming lashkariga qarshi yoʻlga otlandi[4]. Mavlono oʻz rahnamoligida darvishlar bilan uning izidan bordi. Shahar chetidagi koʻhna masjidda toʻxtab, muroqabaga oʻtirdi va har zamonda ahvolni soʻradi. Bir mahal Boqi Muhammadning zafar quchgani toʻgʻrisida xabar keldi. Bu damda Pir Muhammadxon yoʻqlik sahrosiga shitob etgandi. Barcha Boqi Muhammadxonga itoatgoʻylik kamarini beliga bogʻladi. Xuddi shu tobda mavlono oldidagi barcha darveshlar bilan yana oʻz manziliga qaytib ketdi.
“Shimol jangi” tafsiloti Badriddin Sirhindiyning “Zubdatul maqomot” asarida ham keltiriladi. Bu asar 1630-1635-yillar oraligʻida Hindistonda yozilgan. Abdulboqi Xojagi Imkanagiyning bu jangdagi ishtiroki oʻz davrida maʼlum va mashhur boʻlgan. U kishi “shimol bogʻi” jangida ishtirok etib qaytganidan keyin bir-ikki oy ichida toʻqson yoshida olimdan oʻtadi. Qabri boshiga oʻrnatilgan pona shaklidagi toshga uning hijriy (1600-yili) vafot etgani yozilgan [7:59-60] .
Xulosa va takliflar. Xulosa oʻrnida shuni aytish kerakki, Pir Muhammadxon II hokimiyati darz ketishiga bir qancha omillar sabab boʻldi. Birinchidan, qozoqlar hujumini vaqtida bartaraf etmadi. Bu esa Samarqand shahar aholisining kelajakda Boqi Muhammadni qoʻllab-quvvatlashiga turtki boʻldi. Ikkinchidan esa qozoqlarga sotilgan Abdulvosibiyning Boqi Muhammad tomonidan oʻldirilishi uning kuch-qudratini yanada oshirdi. Shu bilan birga, oʻsha zamonning koʻzga koʻringan shayxi Xojagi Imkanagiyning maʼnaviy tomondan Boqi Muhammad tomonda boʻlishi ham manba tili bilan aytganda, “ilohiy quvvat” boʻlib xizmat qildi.
Bunday birlamchi manbalarda keltirilgan maʼlumotlarni qiyosiy tahlil qilish orqali sulola almashuvini hal qilgan jang sanasini aniqlash mumkin. Bu esa, ashtarxoniylar sulolasining hokimiyat tepasiga kelish masalasida yagona yechimni topishga xizmat qiladi. Shuning uchun aynan Samarqandda yozilgan birlamchi manbalarni topib, qiyosiy oʻrganish bu boradagi dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
- Ahmedov B. Tarixdan saboqlar . – T.: Oʻqituvchi, 1994. – B.191.
- Ahmedov B. Oʻzbekiston tarixi manbalari. – T.: Oʻqituvchi, 2001. – B.193.
- Abu Abdurahmon Abdulloh. Tarixi Buxoro va tarjumat ul-ulamo. OʻzR FA SHI. №1595 (toshbosma). – B.6.
- Ziyoyev Azamat. Oʻzbek davlatchiligi tarixi. – Toshkent: Sharq, 2000. – B. 256.
- Bosvord K.E. Musulmon sulolalari (yilnomalar va shajaralar boʻyicha maʼlumotnoma) – T.: Fan, 2007. – B.160.
- Velyaminov V.V. Zernov kak istorik Kasimovskogo xanstva: monografiya. – Kazan: GBU Respublikanskiy sentr monitoringa kachestva obrazovaniya, 2014. S. 13.
- Jumanazar A. Vaxshuvor: hammasi Soʻfi Olloyor haqida. – T.: Akademnashr, 2015. – B. 59.
- Ziyoyev A. Oʻzbek davlatchiligi tarixi. – T.: Sharq, 2000. – B. 256.
- Imomqulinoma. SHQF. Qoʻlyozma soni 89.88a.
- İsgəndər Bəy Mȕnși Tȕrkman. Dȕnyani bəzəyən Abbasin tarixi, Fars dilindən çevirən: Șahin Fərzəliyev (Șahin Fazil). – Baki: Șərq-qərb, 2010. – S.1083-1084.
- Muhammad Yusuf Munshiy. Tazkirai Muqimxoniy // SamDU qoʻlyozmasi № 1188170. – 157 varaq.
- Norqulov N., Joʻrayev U. Oʻzbekiston tarixi. – T.: Sharq, 2005. – B.63.
- Usmonov Q., Joʻrayev U., Norqulov N. Oʻzbekiston tarixi. – T.: Oʻqituvchi, 2014, – B.37.
- Welsford Thomas. Four types of loyalty in early modern Central Asia. – Leiden-Boston: Brill, 2013. – P.91-92-93.