Home / MAQOLALAR / QO‘QONDA YASHAGAN YAHUDIYLAR TARIXI VA BUGUNGI KUNDAGI FAOLIYATI

QO‘QONDA YASHAGAN YAHUDIYLAR TARIXI VA BUGUNGI KUNDAGI FAOLIYATI

Mustaqillikning ilk yillaridan O‘zbekiston bilan Isroil davlati o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatildi. Shu munosabat bilan 1992-yil Tel-Avivda O‘zbekiston konsulligi ochilib, ikki mamlakat fuqarolarining o‘zaro erkin kirib chiqishiga ruxsat berildi. 1997-yil aprel oyida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining Isroilga rasmiy tashrifi chog‘ida madaniyat, fan va maorif sohasidagi hamkorlik haqida bitim tuzildi va konsullik elchixonaga aylantirildi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda yashab kelayotgan yahudiy millatiga mansub insonlar uchun madaniy markazlar faoliyat olib bormoqda. Xususan, Toshkent shahar yahudiy madaniy markazi (hozirgi Yahudiylar jamoasi madaniy markazi) va Respublika Buxoro yahudiylari madaniy markazi (hozirgi Toshkent shahar “Simxo” Buxoro yahudiylari madaniy markazi) 1989-yilda tashkil qilingan. Shuningdek, O‘zbekistonning Toshkent, Buxoro, Navoiy, Farg‘ona va Samarqand shaharlarida yettita yahudiy milliy madaniy markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Markazlar yahudiy xalqi an’analari, urf odatlari, tilini asrash va rivojlantirish barobarida turli madaniy ma’rifiy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshiradi, davlat va milliy bayramlarini o‘tkazadi. Misol uchun, Farg‘ona viloyatidagi yahudiylar milliy madaniy markazida ham an’anaviy marosimlar va urf-odatlarga o‘rgatish, milliy taomlarni tayyorlash, kashtachilik, xalq raqslari va vokal to‘garaklari faoliyat yuritadi, ularning tadbirlarida turli millat vakillari ishtirok etadi [9]. Shuningdek, Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahrida “Do‘stlik” uyi ochilgan. Farg‘ona viloyati mahalliy byudjetidan 3,5 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanib, ta’mirlangach, ko‘rkam va zamonaviy qiyofaga ega bo‘lgan sobiq “Neftchi” madaniyat saroyi binosi endilikda turli millat va elat vakillari uchun haqiqiy do‘stlik maskaniga aylandi. Bu yerda viloyatdagi 8 ta milliy madaniy markazga alohida xonalar ajratilgan, to‘garak va turli tadbirlar tashkil etish uchun konsert zali zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan [10].

Tadqiq qilinayotgan, yahudiy jamoalarining Qo‘qon xonligi hududiga ko‘chib kelishi bo‘yicha ikkita qarash mavjud. Birinchi farazga ko‘ra, yahudiy jamoalarining xonlik hududiga kirib kelishiga Buxoro va Xiva xonliklaridagi murakkab vaziyat sabab bo‘lgan. Manbalarda XVIII asr 70-yillarida buxorlik yahudiylarning Qo‘qonga ommaviy ko‘chirilishi haqida ma’lumot berilgan [1:26]. Ikkinchi qarashga ko‘ra esa, hozirgi Farg‘ona hududlarida xususiy mulkchilik taraqqiyotining ertaroq boshlangani va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun qulay shart-sharoit yuzaga kelgani ham o‘lkaga yahudiylarni ko‘chib kelishga undagan [7:143]. Har ikkala fikr ham asoslidir. Chunki o‘sha davr tarixini o‘rganish natijasida O‘rta Osiyo xonliklari ichida Qo‘qon xonligi o‘ziga xos iqtisodiy, siyosiy jihatdan ajralib turgan. Shuningdek, u yerda aholining yashab istiqomat qilishi, tadbirkorlik va savdo-sotiq bilan shug‘ullanishi uchun yetarli sharoit mavjud edi.

Keyinchalik rus imperiyasining Qo‘qon xonligini bosib olishi natijasida o‘lka uchun nisbatan begona bo‘lgan ashkinaz yahudiylari kirib kelgan. Ashkinaz yahudiylari rus qo‘shinlari tarkibida, keyinroq 1861-yil va 1879-yil yillardagi chor Rossiyasining tegishli qonunlariga muvofiq ko‘chib kelgan. Kirib kelgan Yevropa yahudiylari mintaqaning barcha joyida yashash, savdo va sanoat ishlari bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lgan.

Qo‘qon xonlikning ma’muriy poytaxti va o‘sha davrda eng rivojlangan, ishlab chiqarish va sanoat ishlarida yirik shaharlardan biri hisoblangan. Shu boisdan XIX asrda Buxoro yahudiylari tarixi va madaniyati rivojida muhim rol o‘ynagan poytaxtlar orasida Qo‘qon alohida o‘rin tutadi. Qo‘qon xonligi poytaxtiga kelganlar orasida nafaqat Buxoro yahudiylari, balki eronlik yahudiylar ham bo‘lib, ular o‘z laqablari – eroniyni saqlab qolgan bo‘lsa ham, oxir-oqibat Buxoro yahudiy muhitiga singib ketgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Qo‘qon hududida 1888-yilda 1000 nafardan ortiq yahudiy yashagan. 1897-yildagi aholi ro‘yxatiga ko‘ra, Qo‘qonda 1029 nafar, ya’ni Qo‘qon aholisini 1,3% ni tashkil qilgan. 1910-yilda 1341 nafar, 1926-yilda 3551 nafar, 1939-yilda 3196 nafar, 1959-yilda 567 nafar, 1970-yilda 3677 nafar yahudiy yashagan [2]. O‘sha davrda Qo‘qonda 86 nafar ashkinaz yahudiylari yashagan [8:4-7]. Bu raqamlardan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, yahudiylar Qo‘qon shahrida ma’lum bir davrda kamayib, ma’lum bir davrda ko‘payib turgan.

Yahudiy jamoalari xonlik hududiga kelib joylashgandan so‘ng, turli kasb va mashg‘ulot bilan shug‘ullangan. Ularning orasida o‘ymakor, zargar, sartarosh, tikuvchi, poyabzal ustasi, oshpaz, novvoy, kir yuvuvchi va mardikorlar bo‘lgan. Qo‘shiq aytishni va raqsga tushishni bilgan kambag‘al yahudiy oilalarning ayollari nafaqat yahudiy, balki musulmon insonlarning to‘y va bayramlarida ishtirok etgan. Shuningdek, yahudiylar orasida katta-katta savdogar va tadbirkorlar yetishib chiqqan.

Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, Qo‘qon xonligi Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinganidan so‘ng, Qo‘qonga Rossiyaning turli shaharlaridan Yevropa yahudiylari ko‘chib kelgan. Ushbu yahudiylarning ibodat uchun mo‘ljallangan maxsus bino sinagoga va ibodat uylariga ehtiyoji tug‘ilgan, Qo‘qonni ruslar bosib olgunga qadar bo‘lgan davrda hududning eski shahar qismida ikkita sinagoga mavjud bo‘lgan. Birinchi sinagoga Samarqanddan ko‘chib borgan “Abram Kalontar” yahudiy jamoasining boshlig‘i va boy yahudiylar hisobiga qurilgan bo‘lsa, ikkinchi sinagoga Qo‘qonning Mahalliy Poyon mahallasida joylashgan 250 kishi uchun mo‘ljallangan edi [4:132]. Ma’lum vaqt o‘tgandan keyin, Yevropa yahudiylari Qo‘qonda sinagoga ochish uchun harakat boshlagan. Misol uchun, Qo‘qon yahudiylar jamiyati komissari, advokat yordamchisi bo‘lib ishlagan Xaim Pinxusovich Durmashkinning Farg‘ona viloyati general-gubernatoriga yo‘llagan arizasida “Qo‘qon shahrida yashovchi mahalliy yahudiylarning ham, yangi ko‘chib kelganlarning ham ibodat qilishi uchun munosib joylari yo‘q ekani, Qo‘qonda mavjud yahudiy ibodatxonalar kichkina, tor, ikki-uch yoki o‘nlab ibodat qiluvchini arang sig‘dira olishi, ibodatxonalarda ayollar uchun mutlaqo joy yo‘qligi [5:32]ni bildirgan. Lekin, ushbu murojaat orqasidan Rossiya imperiyasi Harbiy Vazirning 1902-yil 6-dekabrda Turkiston general-gubernatoriga yo‘llangan xatida Qo‘qon shahrida 30 nafar yahudiy oilasining shaharda yashash huquqini har tomonlama tekshirish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan [5:4]. Bundan ko‘rinadiki, dastlabki davrda yahudiylarga imperiya hukumati tomonidan ba’zi bir to‘siqlar qo‘yilgan. Lekin keyinchalik Farg‘ona viloyati gubernatorining Turkiston general-gubernatoriga yuborgan hisobotida “Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi 20 dan ortiq Yevropa yahudiylari (ashkinazlar) shaharning Kommitet ko‘chasida joylashgan ijaraga olingan yahudiy Yakubovning uyida sinagoga ochishga ruxsat so‘rab murojaat qilganini ma’lum qilgan. Farg‘ona viloyati gubernatorining bildirishicha, yangi tashkil etilgan yahudiy jamoalari uchun ibodatxonalar ochishga ruxsat berilgan. Shuningdek, Qo‘qonda yahudiy ibodatxonasining ochishga tuman boshliqlari tomonidan ham hech qanday to‘siq yo‘qligi, yahudiylar ibodatxonaga faqat ibodat qilish uchun yig‘ilishi, ibodatlar savodli yahudiy erkak va ayollar tomonidan ado etilishi, ularda ravvin bo‘lmasligi, Yakubovning mulkiga qo‘shni uy egalari yahudiy ibodatxonasini ochishga hech qanday to‘sqinlik qilmayotgani” qayd etilgan [5:1].

1904-yilning 21-martida ibodatxona ochish uchun ruxsat bo‘lgan. Shu bilan birga, Qo‘qonda yahudiy oilalarning ko‘payishi, ibodat qiluvchilar sonining ortishi, yahudiy qabristoni va boshqa ishlarni boshqarish uchun yahudiy diniy boshqarmasini tuzish zarurati tug‘ilgan. Natijada, Qo‘qonda yahudiylar diniy boshqarmasi tuzilgan. Kengash a’zoligiga yahudiy olim Boris Vladimirovich Bolotin, g‘aznachi – ibroniycha “neimon” Faive Abramovich Sholomovich va oqsoqol – ibroniycha “gaba”  Abram – Yankel Zaidel saylangan [4:2]. Bundan yahudiylarning hukumron imperiya hukumatiga ta’siri sezilarli darajada katta bo‘lganini bilish mumkin. Negaki, yana bir arxiv hujjatida “So‘ngi o‘n yil ichida ibodat maktabining e’tiqod qiluvchilari soni sezilarli darajada oshdi, yahudiylar jamoasi shakllandi, ular ibodat qilish bilan bir qatorda, qonunda nazarda tutilgan boshqa diniy marosimlarni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi” [4:6] deyilgan. Keltirilgan hujjatga ko‘ra, hudud uchun nisbatan begona bo‘lgan Yevropa yahudiylari jamoalari tomonidan o‘z huquq va erkinliklarini himoya qilinishi natijasida, ularga nisbatan mahalliy hokimiyatning yon bosishi va so‘ralgan masalalarni yechib berilishi ta’minlangan.

Farg‘ona viloyati Qo‘qon uyezdi boshlig‘ining Farg‘ona viloyati boshqarmasiga 1914-yil 24-sentyabrda 1578-son hisobotida Qo‘qon shahrida oltita ibodat uyi, sinagoga mavjudligi ma’lum qilingan. Unda bu sinagogalarning har biriga yiliga 500 rubldan mablag‘ sarflangani aytilgan. Shuningdek, daromad va xarajatlar daftariga qanday chiqimlar kiritilgani, narx va sarflarning to‘g‘riligini ibodat qiluvchilar vakolat bergan 5 nafar yahudiy tekshirib borgani [3:24] ta’kidlangan. Lekin Qo‘qon uyezdi boshlig‘ining 1915-yil 20-iyuldagi Farg‘ona viloyati boshqarmasiga yuborgan hisobotida Qo‘qon shahrida 7 ta yahudiy ibodatxonasi mavjud bo‘lib, ularning barchasini qonuniylashtirish maqsadga muvofiqdir [3:40], deyilgan. Demak, Qo‘qon shahrida 1915-yilga kelib 7 ta sinagoga faoliyat yuritgan. O‘sha davrda faoliyat olib borgan sinagoga nomlari quyidagicha: birinchi sinagoga Farg‘ona viloyatining sobiq harbiy gubernatori general Abramov ruxsati bilan ochilgan Marg‘ilon qismidagi Navoiy mahallasida joylashgan. Uyni sotib olganlar vafot etgan; ikkinchi sinagoga Marg‘ilon qismi Bekbutabek mavzesida joylashgan, 250 kishi doimiy tarzda ibodatxonaga tashrif buyurgan; uchinchi sinagoga Qo‘qonning O‘rda mavzesi Sarimozor qismidagi R.I.Vadyayev tomonidan 21 yil oldin tashkil etilgan, uni ochishga ruxsat berilmagan. Lekin, sinagogaga keluvchilar soni 60 kishigacha; to‘rtinchi sinagoga Qo‘mita ko‘chasida joylashgan Xaim Simxayevga tegishli sinagoga, ushbu sinagoga 30 yildan beri mavjud, 60 kishigacha e’tiqod qiluvchilar keladi; beshinchi sinagoga Beshariq mavzesi Xo‘jand qismida Abram Magzumov, Raxman Yagudayev va Sion Marduxayev tomonidan olingan yerda uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lib, unga 110 kishigacha o‘z diniga e’tiqod qiluvchilar tashrif buyuradi; oltinchi sinagoga Nian Davidov uyida tashkil qilingan, 130 kishigacha bo‘lgan o‘z diniga e’tiqod qiluvchilar tashrif buyuradi; yettinchi sinagoga Farg‘ona viloyati harbiy gubernatorining 1908-yil 8-apreldagi ruxsati bilan Rafael Potelyaxov uyida tashkil qilingan [3:41]. Demak, XX asr boshlariga kelib, Qo‘qonda boy yahudiy savdogarlariga tegishli yettita ibodat uyi mavjud bo‘lgan. Lekin hokimiyat chor Rossiyasidan bolsheviklar qo‘liga o‘tgandan so‘ng, o‘lkada yuritilgan diniy siyosat natijasida hududdagi sinagogalar faoliyati birin-ketin tugatilgan.

Bugungi kunda Qo‘qon shahrida yahudiylar sinagogasi faoliyat olib bormaydi. Shaharda yashagan yahudiylar ko‘p qismining ko‘chib ketishi natijasida sinagoga ehtiyoj qolmagan. Hozirda Farg‘ona viloyati hududida bitta yahudiy diniy tashkiloti “Or Avner Xabad” deb nomlanuvchi sinagoga 2004-yil 27-dekabrda Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan. Sinagoga joylashgan mahallada qadimdan Buxoro yahudiylari istiqomat qilgan.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Amerika Buxoro yahudiylari jamoasi. The Bukharian Times. 2013 yil 18-24 oktyabr. 2013. 610-son. – B. 26.
  2. Amerika Buxoro yahudiylari jamoasi. The Bukharian Times. 2013 yil 1-7 noyabr. 612-son. – B.26.
  3. O‘zbekiston Respublikasi milliy arxivi, Fond-19. 1-ro‘yxat, 29458-yig‘ma jild, 24-varaq.
  4. O‘zbekiston Respublikasi milliy arxivi, Fond-19, 1-ro‘yxat, 29577-yig‘ma jild, 4-7-varaqlar.
  5. O‘zbekiston Respublikasi milliy arxivi, Fond-1. 13-ro‘yxat, 369-yig‘ma jild, 32-varaq.
  6. The material culture and architecture of the jews of Central Asia 1800-1920. Universiteit Leiden – Research Master’s in Middle Eastern Studies Maïra Kaye. – P.132.
  7. Tursunov B.T. Marg‘ilon shahrining jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni. Marg‘ilon shahrining 2000 yillik yubileyiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferentsiya materiallari. – Toshkent-Marg‘ilon: Fan, 2007. – B.143.
  8. https://jewsencyclopedia.com.
  9. https://interkomitet.uz/mita-a-ida/millij-madanij-markazlar/o-zbekiston-yahudiy-milliy-madaniy-markazi/?lang=oz
SHOHRUH JUMAYEV,
O‘zXIA tayanch doktoranti

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …