Dinlararo bagʻrikenglik gʻoyasi xilma-xil diniy eʼtiqodga ega boʻlgan kishilarning bir zamin, bir Vatanda, ezgu gʻoya va niyatlar yoʻlida hamkor va hamjihat boʻlib yashashini anglatadi. Dunyodagi dinlarning barchasi ezgulik gʻoyalariga asoslanadi, u halollik, tinchlik, yaxshilik va doʻstlik kabi bir qancha ezgu fazilatlarga tayanadi. Shuningdek, insonlarni halollik va poklik, mehr-oqibat, insonparvarlik va bagʻrikenglikka daʼvat etadi.
Yangi Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik – davlat siyosatining ajralmas qismi sifatida tarixiy ildiz va mustahkam qonuniy asoslarga ega boʻlib, dunyoviy davlat va din orasidagi munosabatlarning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgan. Yangi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmaydi” deb belgilab qoʻyilgan [1].
Yangi Oʻzbekiston strategiyasida, eng avvalo, insonga oliy qadriyat sifatida munosabatda boʻlish, uning manfaatlarini islohotlarning asosiy mezoni tarzida tushunish muhim ahamiyat kasb etayotgani bejiz emas, albatta. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev alohida taʼkidlaganidek, “…yurtimizda uzoq yillar davomida “davlat — jamiyat — inson” tamoyiliga amal qilib kelindi. Davlat qurilishi va boshqaruvi, barcha siyosiy tuzilmalar turlarining ish uslubi va faoliyati ham ana shu tamoyil asosida shakllandi. Aslida esa, avvalo, inson,uning haq-huquqlari va baxt-saodati davlat siyosati, barcha davlat organlari faoliyatining eng ustuvor maqsadi boʻlishi lozim. Jamiyat qurilishi va davlat siyosati ana shu gʻoyaga tayanishi va “Davlat — inson uchun”tamoyili asosida tashkil etilishi darkor”[10]. Ilgari surilgan ushbu gʻoyadan alohida taʼkidlangan mazkur xulosaga amal qilish esa siyosiy soha va boshqaruv tizimining hozirgacha saqlanib qolayotgan yuqoridagi paradigmasini tubdan oʻzgartirish, insonni va uning manfaatlarini davlat siyosati va islohotlarning asosiy mezoniga aylantirish lozimligidan dalolat beradi. Ushbu sohadagi asosiy paradigma “inson — jamiyat — davlat” shakliga aylandi va bu ayni bugungi hayot haqiqatini, hozirgi davr zaruratini aks ettiradi. Yaʼni, davlatning mavjudligidan asosiy maqsad — inson hayoti va jamiyat taraqqiyotiga doir siyosatni toʻgʻri tashkil qilish, bu boradagi tizim va tuzilmalar faoliyatini xalq manfaatlari yoʻlida samarali tashkil etishdan iborat.
Shu oʻrinda alohida taʼkidlash joizki, bugungi kunda mamlakatimizda 130 ortiq millat va elat vakillari yagona oila farzandlaridek ahil yashayotganligi barchamiz uchun quvonarli holat. Ana shunday koʻp sonli millat va elat vakillarining birgalikda, hamnafas va hamjihat boʻlib umr kechirishi natijasida ularning har biri maʼnaviy va madaniy jihatdan boyib bormoqda. Bu kabi oʻzaro munosabatlar taʼsirida koʻp millatli xalqimizning turmush tarzi yanada yuksalib borayotgani sabab Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatidagi imidji kun sayin ijobiy tomonga oʻzgarib bormoqda. Shuningdek,ularning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash, taʼlim olishi, oʻz qiziqishi va layoqati boʻyicha kasb-hunar egallashi, mehnat qilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ayni paytda turli millat va elatlarning milliy anʼana va qadriyatlarini asrab-avaylash, ularni yanada rivojlantirish, boyitish masalasi davlatimiz siyosatining doimiy eʼtiborida boʻlib kelmoqda. Umumiy oʻrta taʼlim maktablarimizda yetti tilda – oʻzbek, qoraqalpoq, rus, qirgʻiz, turkman, qozoq va tojik tillarida bilim berilayotgani, shuningdek, ommaviy axborot vositalari Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan millatlarning 10 ta tilida faoliyat olib borayotgani buning yorqin ifodasidir. Respublikadagi pravoslav eʼtiqodiga amal qiluvchilar uchun “Slovo jizni” gazetasi, “Vostok svыshe” jurnali, shuningdek, ibodat maʼruzalari va boshqa maʼrifiy nashrlar chop etilyapti.
Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillarining oʻz ona tilida oʻqishi vataʼlim muassasalarida barcha millat vakillari uchun teng shart-sharoitlar, keng imkoniyatlar yaratilgani, barcha, koʻplab tillarda gazeta va jurnallar chop etilib, telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar olib borilayotgani fikrimizning yaqqol dalilidir.
Yurtimizda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik gʻoyalari milliy taraqqiyot strategiyasining asosiy gʻoyalari qatoriga kiritilib, bu sohada amalga oshirilgan ishlarni quyidagi bosqichlarga ajratish mumkin.
Birinchi bosqich, Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ishlar boʻlib, bu davrda respublikamizda yuzlab masjidlar, cherkovlar, sinagoga va ibodat uylari qurildi va mavjudlari qayta taʼmirdan chiqarildi. Ular qatorida Toshkentdagi “Hazrati Imom” majmui, viloyat markazlaridagi jome masjidlar, Toshkentdagi Rus pravoslav cherkovlari, shuningdek, buddaviylik ibodatxonasi, Samarqanddagi Arman Apostol cherkovi, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi “Sultan Vays bobo” va “Muhammad Norimjoniy” ziyoratgohlari, “Panteylemon” cherkovi va boshqalarni koʻrsatish mumkin. Yurtimizda Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Berdaq, Ajiniyaz haykallari qatorida Ganjaviy, Rustaveli, Pushkin, Shevchenkolarning haykallari ham mahalla va koʻchalarimizga fayz baxsh etib turibdi. Bularning barchasi dinlararo bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikning yaqqol koʻrinishidir.
Shuningdek, mazkur islohotlarning huquqiy asosi sifatida 1991 va 1998-yillarda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. 2021-yil 5-iyulda yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Mazkur hujjatning maqsadi Oʻzbekistonda vijdon erkinligini taʼminlash sohasidagi munosabatlarni, shuningdek diniy tashkilotlar faoliyatini tartibga solishdan iborat ekanligi belgilangan. Ushbu Qonunda konfessiyalar oʻrtasidagi tinchlik va totuvlikni mustahkamlash hamda jamiyatda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash vijdon erkinligining asosiy tamoyillaridan biri sifatida taʼkidlab oʻtilgan [2].
Ikkinchi bosqichda, 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida diniy bagʻrikenglikni taʼminlash sohasida koʻplab chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, BMT Bosh Assambleyasi 2018-yilning 12-dekabr oyida oʻtkazilgan yalpi majlisda “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qildi. Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi BMTning barcha aʼzo davlatlari tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi. Mazkur rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusi 2017-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgani barchamiz uchun faxr tuygʻusidir [8].
Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan ushbu hujjat loyihasi BMTga aʼzo davlatlar tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlanganligi tarixiy voqelikdir.Ushbu rezolyutsiyaning asosiy maqsadi — barcha uchun taʼlim olish imkoniyatini taqdim etish, savodsizlik va bilimsizlikni bartaraf etishdan iborat. Hujjatda “bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni oʻrnatish, diniy erkinlikni taʼminlash, dindorlar huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik”ka ham chaqirilgan. Rezolyutsiya BMTga aʼzo davlatlar tomonidan quvvatlandi, 50 dan ortiq davlatlar hammuallifligida qabul qilingan. Mualliflar orasida Qirgʻiziston, Qirgʻiziston, Livan, Marokash, Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon, Pokiston, Koreya Respublikasi, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Sudan, Tojikiston, Tailand, Ozarbayjon, Jazoir, Bahrayn, Belorussiya, Gana, Tunis, Turkmaniston, Filippin, Yaponiya va boshqa davlatlar borligi quvonarli hol.
Rezolyutsiyada taʼlim, tinchlik, inson huquqlari, bagʻrikenglik va doʻstlikning olgʻa surilishi muhim rol oʻynashi taʼkidlanadi, shuningdek, dunyoda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash uchun integratsiya, oʻzaro hurmat, inson huquqlarini himoya qilish, bagʻrikenglik va oʻzaro tushunishning muhimligi tan olinadi.Shu bilan birga, qabul qilingan Rezolyutsiyada BMTga aʼzo davlatlar milliy va xalqaro OAV hamda Internetda keng koʻlamli targʻibot ishlarini oʻtkazish, bagʻrikenglik, din va eʼtiqod erkinligiga raxna solmaslik toʻgʻrisidagi maʼrifiy axborotlarni tarqatish kabi kommunikatsion strategiyani joriy etish taklif qilingan.
2017-2021-yillar mobaynida Samarqandda Kalom va Hadis maktablari, Buxoro viloyatida joylashgan Mir Arab oliy madrasasi huzurida Bahouddin Naqshband tasavvuf ilmiy maktabi, Qashqadaryo viloyatida “Abu Muʼin Nasafiy” nomidagi aqida ilmi maktabi hamda Fargʻonada Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Islom huquqi maktabi tashkil etildi.
Shuningdek, Qurbon hayit va Ramazon hayit bayramlarining muhimligi va ahamiyatini inobatga olgan holda, milliy-maʼnaviy qadriyatlarimizni yuksaltirish va saqlab qolish maqsadida 2018-yildan boshlab ayrim dam olish kunlarini bayram kunlariga yaqin boʻlgan ish kunlariga koʻchirish hisobiga uzluksiz uch kunlik dam olish kunlari belgilanganligi ham sohaga eʼtiborning kundan kun ortib borayotganligidan va bu orqali inson qadri yuksalayotganligini koʻrishimiz mumkin.
Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirish va diniy soha xodimlariga koʻplab imtiyozlar yaratish maqsadida bir qator hujjatlar imzolandi. Jumladan,
✔ Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori;
✔ Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni;
✔ Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori;
✔ Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Malaka oshirish markazi va “Ziyo” media markazini tashkil etish hamda ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori;
✔ Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori;
✔ Yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni;
✔ Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3668-sonli qarori qabul qilindi.
Uchinchi bosqich, 2022-yildan boshlab Yangi Oʻzbekistonda islohotlarning tub burilishi yuz berdi. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili ilgari surilgan. Binobarin, Harakatlar strategiyasidagi har bir yoʻnalishni taraqqiyotning yangi bosqichida mantiqiy, keng koʻlamli va izchil asosda rivojlantirish hamda yangi ustuvor yoʻnalishlarda muhim natijalarga erishish koʻzda tutilmoqda.
Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida beshinchi ustuvor yoʻnalishi “Maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish” deb nomlanib, uning 74-maqsadi: jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan. Ushbu maqsad doirasida quyidagi ishlarni rivojlantirish belgilangan:
✔ milliy madaniy markazlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish;
✔ millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasining izchil amalga oshirilishini taʼminlash;
✔ turli millat yoshlari uchun qoʻshimcha qulay shart-sharoitlar yaratish, ularda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, bagʻrikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyatini yuksaltirish;
✔ xorijiy tillarda faoliyat yuritayotgan hamda millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosatini yoritayotgan ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish;
✔ xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida doʻstlik jamiyatlari faoliyatini takomillashtirish [4].
Mazkur maqsad asosida soʻnggi yillarda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash va diniy-maʼrifiy sohani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston oʻzining tashqi siyosati va xalqaro aloqalarida ham bagʻrikenglik yoʻlidan borayotganini amalga oshirilayotgan qator amaliy ishlar misolida koʻrishimiz mumkin. Xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan doʻstona aloqalarni mustahkamlash va mintaqada tinchlik hamda barqarorlikni taʼminlash borasida Oʻzbekiston faol harakatlar olib bormoqda. Ayniqsa, Afgʻoniston masalasida Oʻzbekiston dunyo mamlakatlarini bagʻrikenglik bilan munosabatda boʻlish va afgʻon xalqiga ijtimoiy koʻmak berishga chorlab kelmoqda.
Oʻzbekiston oʻzining ichki siyosatida ham diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik masalalariga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bevosita tashabbusi va qarori bilan “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi” tashkil etildi. Ushbu qoʻmitaning asosiy vazifalari sifatida jamiyatda millatlararo hamjihatlik va bagʻrikenglikni taʼminlashga qaratilgan davlat siyosatini izchil amalga oshirish, doʻstlik va koʻpmillatli yagona oila tuygʻusi muhitini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, shuningdek, doʻstona xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish, oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy mamlakatlarning fuqarolik hamjamiyatlari, shu jumladan chet ellarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan doʻstlikni mustahkamlash borasidagi ishlarni samarali muvofiqlashtirish kabi jihatlar ustuvor ahamiyatga ega ekanligini koʻrishimiz mumkin.
Shuningdek, yurtimizda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash borasida alohida fidokorlik koʻrsatgan davlat va jamoat arboblari faoliyati eʼtirof etilmoqda. Shu munosabat bilan 2023-yil 25-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi vazirlar Mahkamasining 495-sonli “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Ushbu qarorda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining vijdon erkinligi kafolatlarini taʼminlash borasidagi katta xizmatlari, aholi oʻrtasida dinlararo va konfessiyalararo hamjihatlik, totuvlik va bagʻrikenglikni mustahkamlash, diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni targʻib etish, jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini saqlash yoʻlidagi koʻp yillik samarali mehnati uchun atoqli davlat va jamoat arboblari, diniy-ijtimoiy sohadagi rahbarlar va yetuk ulamolar, davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlar xodimlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalarning vakillari, xorijiy arboblar va olimlar taqdirlanishi belgilandi [9].
Oʻzbekistonda din ishlari sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlashga masʼul vakolatli davlat boshqaruvi organi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi taʼsis etilgan boʻlib, uning asosiy vazifasi sifatida jamiyatda “jaholatga qarshi maʼrifat” ulugʻvor gʻoyasi asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar, azaliy qadriyatlar ifodasi ekanligini targʻib etish maqsadida barcha davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlarga bu boradagi faoliyatni amalga oshirishga koʻmaklashadi, mamlakatdagi diniy-ijtimoiy jarayonlar hamda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash masalalarini oʻrganish natijalari asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash, targʻibot va tashviqot tadbirlarini oʻtkazish choralarini koʻrish belgilangan.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita oʻzining faoliyati doirasida Oʻzbekistonda mavjud diniy konfessiyalar va turli eʼtiqod vakillarining oʻzaro bagʻrikenglik munosabatlarini taʼminlash va yurtimizda hamjihatlik va birdamlik tuygʻularini shakllantirishga koʻmaklashadi. Shu munosabat bilan har yili “16-noyabr – xalqaro diniy bagʻrikenglik kuni” arafasida Respublikamiz boʻylab, “Diniy bagʻrikenglik” tadbirlari tashkil etiladi. Unda turli din va konfessiya vakillari oʻzaro hamjihatlikda ishtirok etib, bir-birlari bilan samimiy va doʻstona munosabatda boʻladilar. Mazkur anʼanaga sodiq qolgan holda joriy yilning 16-noyabr kuni “Millatlararo va dinlararo bagʻrikenglik – samarali hamkorlikning muhim omili” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston faoliyat olib borayotgan diniy konfessiya vakillari, soha mutaxassislari hamda nufuzli xorijiy tashkilot rahbarlari ishtirok etdi. Ushbu konferensiyada dunyoda yuz berayotgan notinchliklar va ularni oldini olishda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik gʻoyalarini keng targʻib etish naqadar ahamiyatli ekanligi yana bir bor taʼkidlandi. Shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilganini qayd etish joiz.
Yuqorida zikr etilgan maʼlumotlardan shuni anglash mumkinki, Oʻzbekiston qadimdan bagʻrikeng diyor. Bu mintaqa asrlar osha oʻzining insonparvar va xalqparvar siyosati bilan doimiy tinchlik va hamjihatlikda hayot kechirishi bilan boshqa oʻlkalardan ajralib turadi. Yangi Oʻzbekistonda ham diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik gʻoyalarini jamiyatda yanada rivojlantirish, turli din va eʼtiqod vakillari uchun teng hamda oʻzaro bagʻrikenglik asosidagi davlat siyosatini amalga oshirish bosh maqsad qilingan. Bu esa yurtimiz va Markazi Osiyo mintaqasida tinchlik va farovonlik taʼminlashda juda ham muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
-
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. // https://lex.uz/docs/-6445145
-
Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonuni. 05.07.2021 // https://lex.uz/docs/5491534
-
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi PF-5416-son “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni. // https://lex.uz/docs/3686277
-
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni. // https://lex.uz/docs/5841063
-
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-dekabrdagi PQ-3433-son “Oʻzbekiston islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori. // https://lex.uz/docs/4873152
-
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-iyundagi 466-son “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori. // https://lex.uz/docs/3791929
-
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-noyabrdagi 693-son “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori. // https://lex.uz/ru/docs/5084643
-
“Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik rezolyutsiyasi” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutqi. // https://uza.uz/uz/posts/zbekiston-prezidenti-shavkat-mirziyeev-bmt-bosh-assambleyasi-20-09-2017
-
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-sentyabrdagi 495-son “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Qarori. // https://lex.uz/ru/docs/5084643
-
Sh.M.Mirziyoyev. Yangi Oʻzbekiston strategiyasi. – Toshkent: “Oʻzbekiston”, 2021-yil. – 464 b.