Tarixga nazar tashlasak, jahondagi hech bir yuksalish ilm-maʼrifatsiz amalga oshmagani ayon boʻladi. Miloddan avvalgi 380-yilda Platon (Aflotun) asos solgan falsafiy maktab dunyodagi ilk akademiya sanaladi. Ushbu muassasaga nisbatan qoʻllangan “akademiya” atamasi afsonaviy yunon qahramoni Akadem yoki Gekadem nomi bilan bogʻliq, degan tushuncha mavjud. Platon akademiyasida keng koʻlamli tadqiqot va oʻqitish ishlari olib borilgan. Ularning eng muhimi teologiya, falsafa, matematika, astronomiya va tabiiy fanlar bilan bogʻliq boʻlgan. Ushbu akademiya oʻz mohiyatiga koʻra, diniy-falsafiy va aniq fanlar bilan bogʻliq yoʻnalishlarni oʻzida mujassam etgan hamda bahs-muloqotni oʻqitishning asosiy uslubi sifatida belgilagan. Mazkur akademiya milodiy 529-yilgacha faoliyat koʻrsatgan [1: 9].
Milodiy 529-yilda Vizantiya imperatori Yustinian (483-565) Afinada faoliyat yuritayotgan barcha akademiyalarni yopdi. Shundan keyin bu yerda faoliyat yuritgan olimlar Eronga koʻchib keldi. Milodiy 271-yilda Eronning janubiy hududida, hozirgi Xuziston shahri yaqinida Shopur I tomonidan Gundi Shapur akademiyasi deb nomlangan shaharga asos solindi.
Ardasher I (224–239) vafotidan keyin Sosoniylar davlati taxtiga Shopur I (243–273) chiqadi. Sosoniylar davlati esa Eronshahr – oriylar podsholigi yoki eroniylar shohligi deb nomlanadi. Yaqin va Oʻrta Sharqda milodiy III-VII asrlarda hukmronlik qilgan sosoniylar davridagi madaniyat ravnaqida Qadimgi Eron, Parfiya, Bobil, Ellin va boshqa xalqlar madaniyatining taʼsiri kuchli boʻldi. Bu asrlar oriy xalqlari madaniyati shakllanishi, tibbiyot, matematika, astronomiya, falsafa va geografiya fanlarining rivojlanish davrlaridan biri hisoblanadi. Uning shakllanishida Gundi Shopur akademiyasining roli katta boʻlgan [2: 131-135].
Gundi Shopur – shahar yoki yirik harbiy qarorgoh boʻlib, Shopur I (242-272) buyrugʻi bilan rimlik yetmish ming mahbus asirlar koʻmagida Chanto Shopur (“Goʻzal bogʻlar”) xarobalari oʻrnida qurilgan. Uning poydevori shaxmat taxtasiga oʻxshash Antioxiya shahri rejasiga koʻra tamomlangan. Uning qurilishi tugallangach, Shopur I shahar darvozasiga “Ilm va hikmat qilichdan kuchli” degan soʻzlarni yozishni buyurdi [3:584-585]. Baʼzi rivoyatlarga koʻra, Shopur I Rim imperatori Avrelianning qiziga uylangan (Auryelianus, mil. 214-275) va bu rim qizi oʻzining Buqrot tibbiyotiga asoslangan ikki yunon shifokorini ham Gundi Shopurga olib kelgan [4:10-35].
Bu ilmiy markaz tarixiy manbalarda “Gundishopur”, “Gandishapur”, “Jundishopur” va “Jandishpur” nomi bilan mashhur. Arablar “g” harfi oʻrniga goh “ch”, gohida “gh” harfini yozgani uchun bu dastlabki ikki soʻz “Qandi Shopur” soʻzining buzilgan shaklidir. “Qand” soʻzi asli soʻgʻd tili boʻlib, “joy”, “shahar” va “yurt” maʼnosini bildiradi. Qandi Shopur akademiyasi dastlab “Shopur shahri akademiyasi” degan maʼnoni bildirgan [5:229-262].
Gundi Shopur akademiyasi tibbiyot fani maʼlum darajada din taʼsiridan holi, maxsus davolash bazasi va dorixona boʻlimiga ega boʻlgan dunyodagi birinchi tibbiyot maskanidir. Bu yerdagi shifokorlar dars berish, asarlarni tarjima qilish va lugʻat toʻplamlarini tuzish bilan shugʻullangan. Mazkur markazning birinchi rahbari etib, nasroniy Buxtishuʼi al-Aval tayinlandi. Baxtishular sulolasi vakillari tabiblik kasbini VI asr birinchi yarmidan XI asrgacha, yaʼni 200-yildan ortiq vaqt davomida avloddan-avlodga oʻtkazib keldi [6:30-33].
Gundi Shopurda talabalarning bilim va koʻnikmalari toʻgʻridan-toʻgʻri bemor yotoqxonasida sinovdan oʻtkazilgan. U yerda besh ming talaba tahsil olgan. Ularni tayyorlash bilan besh yuz nafar oʻqituvchi shugʻullanar va akademiya yonida 259 oʻrinli katta kutubxona ham bor edi [7:134, 8:443, 9:37, 10:430, 11:246]. Talabalar pahlaviy, yunon va suroniy tillarida tahsil olib, qadimgi Eron, hind-arab va yunon-rim tabobatini ham oʻrgangan [12:120]. Misol uchun, taniqli nasroniy shifokor Teodor (310-379) uzoq yillar Gundi Shopur akademiyasida yunon tabobatidan dars bergan va Shopurning shaxsiy shifokori boʻlgan. Teodor pahlaviy tilida tibbiyotga oid kitob yozadi. Shopur I unga minnatdorlik sifatida Gundi Shopur yaqinida cherkov qurdiradi va koʻplab vatandoshlarini harbiy asirlikdan ozod qiladi [6:60].
Xusrav I va Buzurgmehr davrida Gundi Shopur akademiyasida diniy, irqiy va til eʼtiqodidan qatʼi nazar, koʻplab olimlar faoliyat yuritgan. Ular Buxtishuʼi al-Aval (universitetning birinchi rahbari), Buxtishuʼi Soniy, Barzuya, Abdulla ibn Muqaffa Eroniy, Muhammad al-Xoris ibn Kalida, Teodor, Sabur ibn Sahl, Saxorbuht, Musavayh, Abu Zakariya ibn Musavayh va boshqalardan iborat edi.
Gundi Shopur akademiyasi Xusrav I (531-579) davrida Xusrav Anushervon nomi bilan ham mashhur boʻlgan. Vizantiya imperiyasi taʼqibidan qochgan yunon olimlari va suriyalik nasroniylarga boshpana berildi, oʻz navbatida, ularga tibbiy matnlarni yunon va suroniy tillaridan pahlaviy (oʻrta fors)ga tarjima qilish buyurildi [13:96]. Masalan, hind shifokori Manka (Manga) al-Hindiy uzoq yillar Gundi Shopur akademiyasida ishlagan va “Kitob as-samum” deb nomlangan qadimiy hind tibbiyot kitobi “Shonakaka”ni hind tilidan pahlaviy tiliga tarjima qilgan. Undan Gundi Shopur talabalari darslik sifatida foydalangan[14:160].
Mashhur olim Abu Zakariyo Yuhno ibn Mosavayh al-Xuziy (160/777-242/857) Gundi Shopurning bosh dorishunosi boʻlgan. U keyinchalik Bagʻdod xalifalari Horun ar-Rashid va Mutavakkil saroyida ishlagan. Uning “النوادر الطبية” (“Tibbiy noyob narsalar”), “كتاب الازمان” (“Zamonlar kitobi”), “كتاب الحميات” (“Parhezlar kitobi”), “كتاب عن دغل العين” (“Koʻz illati haqida kitob”), “كتاب المنجى فى التداوى من صنوف الامراض و الشكاوى” (“Al-Munjiyning turli xil kasalliklar va shikoyatlarni davolash haqida kitobi”), “طبقات الاطباء” (“Shifokorlar tabaqalari”), “كتاب الكامل” (“Komil kitob”), “الادوية المسهلة” (“Ich suradigan dorilar”), “كتاب دفع مضار الاغذية” (“Oziq-ovqatning zararli taʼsirini daf qilish kitobi”), “علاج الصداع” (“Bosh ogʻrigʻini davolash”), “الفصد و الحجامة” (“Qon olish va hijoma qilish”) va boshqa kitoblari bor. Shuningdek, markazning yana bir vakili Sobur ibn Sahl (vaf. 255/869) Gundi Shopur shahrida tabib oilasida tugʻilgan. U 233/848-235/850-yillarda dorishunos sifatida Bagʻdod shahrida ham ishlagan. U dorishunoslik fani tarixida “كتاب القرابين الكبير” (“Katta qurbonliklar kitobi”) nomli asar ham taʼlif qilgan boʻlib, uning yagona qoʻlyozma nusxasi hozirgi kunda Myunxen kutubxonasida saqlanmoqda[13:125].
Gundi Shopur ilmiy markazi 300-yildan ortiq faoliyat yuritib, tibbiyot va munajjimlik ilmlarini oʻrganishda muhim rol oʻynadi. Oʻz davrida bu markaz olimlarning koʻplab yigʻinlarini oʻtkazish uchun munosib maskan boʻlgan. Masalan, Xusrav I Anushervon farmoni bilan 561-yilda Gundi Shopurda deyarli barcha rivojlangan davlatlar oliy taʼlim dargohlarida faoliyat yurituvchi tibbiyot fanlari olimlarining birinchi anjumani chaqirilgan. Unda tibbiyot fanining dolzarb muammolari va rivojlanish strategiyasi koʻrib chiqilgan [6:60].
Xusrav I topshirigʻiga binoan mashhur olim Barzuiy Hindistonga borib, “Panjtantra” (“Abadiy hikmat”) maxfiy kitobining bir nusxasini Gundi Shopur akademiyasiga olib keldi. Bu kitob hozirgacha “Kalila va Dimna” nomi bilan saqlanib qolgan. Markazda “Kalila va Dimna” pahlaviy va boshqa tillarga tarjima qilinadi. Qadimgi hind tabobati sirlaridan Sharq va Uzoq Sharq mamlakatlari olimlari ham foydalanishiga zamin yaratildi [16:177]. XII asrda Abulmaoli Nasrulloh XV asrgacha mashhur boʻlgan “Kalila va Dimna”ni arab tilidan fors tiliga, XV asrda Mavlono Husayn Voiz Koshifiy Abulmaoli Nasrullohning “Kalila va Dimna” tarjimasini qayta tarjima qilgan. Sulton Husayn Boyqaroga (872/1468-911/1506) yaqin boʻlgan Shayx Ahmad Suhayliy tufayli bu kitobga “Anvari Suhayliy” deb nom berilgan [16:154-155]. “Kalila va Dimna” kitobi VIII asrda Gundi Shopurning mashhur tabibi Shopur Abdulloh ibn Muqaffa (102/721-162/779) tomonidan pahlaviy tilidan arab tiliga tarjima qilingan va jahon tamadduniga havola etilgan. Keyin esa 60 ta tilga tarjima qilingan va 200-marta nashr etilgan [6:35].
Xulosa qilib aytganda, dunyodagi eng qadimgi ilmiy markaz Aflotun akademiyasi qariyb 900-yil faoliyat koʻrsatib, bu yerda asosan falsafa, tabiiy-matematika fanlari tadqiq qilingan. Ular tibbiyot, falsafa, astrologiya va boshqalarni oʻrgangan. Gundi Shopur akademiyasi esa uch yuz yildan ortiq faoliyat koʻrsatgan. U yerda Misr, Gretsiya, Hindiston va Rimning mashhur olimlari tibbiyot, falsafa, astrologiya va boshqalarni oʻqitish va oʻrganish bilan shugʻullangan. Sosoniylar davlati 651-yilda tanazzulga yuz tutganidan keyin tabiblarning bir qismi va Gundi Shopur kutubxonasi ham “Baytul-hikma”ga koʻchirildi. Ular orasida Abdulloh ibn Muqaffa, Barmakiy, Ruzbeh kabi mashhur olimlar ham bor edi. Gundi Shopur tugatilgach, uning taʼsiri ostida Gʻarbiy Eron, Marv, Xorazm va Bagʻdodda qator markazlar tashkil topdi.
Musulmon Sharqi tarixida ham olamshumul ahamiyat kasb etgan akademiyalar mavjud boʻlgan. Eng eʼtiborli akademiyalar qatoriga Bagʻdodda faoliyat koʻrsatgan “Baytul hikma” (“Donishmandlik uyi”, VIII asr), Xorazmdagi “Majlis al-ulamo” (Maʼmun akademiyasi, XI asr), Tabriz akademiyasi (Eron, XIII asr), shuningdek, faoliyat koʻlami va erishgan yutuqlari mahobatiga koʻra tom maʼnodagi akademiya maqomiga koʻtarilgan Samarqanddagi Ulugʻbek maktab – rasadxonasini (XV asr) kiritish mumkin [17:9].
Oʻrta asr musulmon Sharqidagi eng mashhur ilk ilmiy markazlardan biri “Baytul hikma” boʻlib, Bagʻdodda dastlab kutubxona sifatida bunyod etilgan. Koʻp vaqt oʻtmay, u yer ushbu muassasada jamlangan kitoblarni arab tiliga tarjima qilish markaziga aylandi. Keyinchalik esa bu markaz atrofida oʻz davrining eng yirik olim va tarjimonlari toʻplanib, ijod qildi. Bu markazda yunon, hind va fors tillaridagi nodir asarlar jamlandi, ularning eng noyoblari tanlab olinib, arab tiliga oʻgirildi va muomalaga kiritildi. Shuningdek, muhim asarlarni yaratgan taniqli olimlar “Baytul hikma”da toʻplandi. Yuqoridagi omillar ushbu muassasani oʻrta asrlarning eng mashhur ilmiy dargohiga aylanishi va ilmiy adabiyotlarda “Bagʻdod ilmiy maktabi” va “Bagʻdod akademiyasi” degan nomlar bilan tanilishiga asos boʻldi [18:35].
Abul Abbos Saffoh xalifa Marvon II ni 131/749-yilda taxtdan agʻdargach, xalifalikni boshqarish Abbosiylar sulolasi qoʻliga oʻtadi. Bagʻdod tez orada sharqda Markaziy Osiyogacha, gʻarbda Ispaniyaga qadar kengaygan yirik davlat poytaxtiga aylandi. Bosib olingan mamlakatlarning moddiy va maʼnaviy boyliklari asta-sekin Bagʻdodga oqib kela boshladi. Ayniqsa, al-Mansur (136/754-137/755), Horun ar-Rashid (169/786-193/809), al-Maʼmun (197/813-218/833) kabi Abbosiy xalifalar qadimiy qoʻlyozma asarlar va yirik olimlarni oʻz saroyiga jalb etishga alohida eʼtibor qaratdi. Natijada, Bagʻdod tez orada butun xalifalikda ilmiy faoliyat yuritish uchun katta imkoniyatga ega shaharga aylandi. Bu esa, oʻz navbatida, olimlarning oʻsha yerda ijod qilish ishtiyoqini oshirib yubordi [18:35-36].
Saroyda qoʻlyozma asarlarni saqlash odati ummaviylar sulolasi davrida ham mavjud boʻlsa-da, bu ish abbosiy xalifalardan al-Mansur davrida doimiy jarayonga aylandi. Ularning sifat va miqdori ham tubdan oʻzgardi. Al-Mansur nodir qoʻlyozma asarlarni toʻplashdan tashqari, oʻzga yurtlardagi olimlarni ham oʻz saroyiga jalb eta boshladi. Bu borada Ibn al-Qiftiy (567/1172-645/1248) “إِخْبَارُ الْعُلَمَاءِ بِأَخْبارِ الْحُكَمَاءِ” (Olimlarni hakimlar haqidagi maʼlumotlar bilan tanishtirish) asarida shunday deydi: “Horun ar-Rashid hukmronligi davrida “Baytul hikma” tarkibi kutubxona, tarjima qilish, muqovalash va boshqa vazifalarni ado etuvchi guruhlardan iborat boʻlgan” [19; 26]. Uning saroyida Erondagi Gundi Shopur (دانشگاه گندیشاپور) maktabidan taklif etilgan turli diniy eʼtiqodda boʻlgan koʻpgina olim, tabib, kimyogar, geograf va muhandislar xizmat qilgan. Ibn Xaldun (732/1332-808/1406) “المقدمة” asarida: “Baytul hikma”dagi musulmon olimlarining aksari nasl-nasabiga koʻra arab emas edi”[20; 196], deb taʼkidlab oʻtadi. Ibn an-Nadim (vaf. 382/993)“الفهرست“ nomli asarida shunday deydi: “Ular orasida Bagʻdod shahrining qurilishida ishtirok etgan astrologlar – eronlik Abu Sahl Fazl ibn Navbaxt va “Mashaallah” nomi bilan tanilgan basralik yahudiy Manassiya (vaf.199/815) ham bor edi” [21:8]. Ibn Abi Usaybiʼa (596/1200-668/1270) ning “عيون الأنباء فى طبقات الأطباء” (Tabiblar toifalari haqida asosiy maʼlumot) kitobi nafaqat tabiblar, balki “Baytul hikma”dagi boshqa olimlar ijodi va ilmiy merosini tadqiq etishda muhim manba hisoblanadi. Xususan, u Abu Bakr ar-Roziy, Abu Nasr Forobiy, Abul Xayr ibn Hammor kabi Bagʻdodda ijod qilgan olimlar haqida qiziqarli maʼlumot toʻplagan [22:84]. Ibn Xallikon (607/1211-685/1286) “وفيات الأعيان وأنباء أبناء الزمان” (Mashhur kishilar vafoti va zamondoshlar haqida maʼlumot) asarida “Baytul hikma”dagi koʻpgina allomalar qatorida Muhammad Xorazmiy va Muso ibn Shokirning uch oʻgʻli – Muhammad, Ahmad va Hasanning faoliyati yoritiladi. Shuningdek, Zahiriddin Bayhaqiy ham oʻzining “تتمة صوان الحكمة” (Hikmatlar xazinasiga qoʻshimchalar) kitobida mazkur markazdagi 110 nafar olim biografiyasiga taalluqli eng nodir maʼlumotlarni jamlagan [18:32].
Al-Mansur davrida Gundi Shopur maktabidan Bagʻdodga taklif etilgan bir qancha tabiblar saroyda ham faoliyat koʻrsatgan. Ular orasida Baxtyashu oilasiga mansub bir qancha xristian tabiblari boʻlib, eng yirik namoyandasi boʻlmish Jibril ibn Baxtyashu, xalifa Mansur uchun tabobatga oid koʻpgina asarlarni yunon tilidan arab tiliga tarjima qiladi. Jibril ibn Baxtyashuning oʻzi va bu oilaning oʻndan ortiq boshqa tabiblari Bagʻdod shahrida uzoq yillar davomida tabiblik shugʻullangan. Harronlik yirik kimyogar va tarjimon Jobir ibn Hayyon ham xalifa Mansur davrida yashagan. Ibrohim Fazariy xalifa Mansur topshirigʻiga binoan, hindlarning astronomiyaga oid yirik qomusiy asari “Sindhind”ni sanskrit tilidan arab tiliga tarjima qiladi. Yuqorida zikr etilgan asarlardan tashqari, xalifa Mansur uchun falsafa, tabobat, falakiyot, riyoziyot, tarix, adabiyotga oid boshqa kitoblar ham tarjima qilingan. Xalifa Mansur mazkur kitoblar, yozilgan noyob qoʻlyozma asarlarni saqlash uchun oʻz saroyidan maxsus joy ajratgan [23:383]. Ammo bu kutubxonaning vazifasi kitobxonlarni zaruriy adabiyotlar bilan taʼminlash emas, balki toʻplangan nodir qoʻlyozma asarlar, turli mamlakatlardan keltirilib, arab tiliga oʻgirilgan kitoblarni saqlashdan iborat boʻlgan. Xalifa Mansur davrida bu maskan hali “Baytul hikma” deb nomlanmagan edi [18:37].
Horun ar-Rashid (169/786-193/809) taxtga oʻtirgandan soʻng “Baytul hikma” turli adabiyotlar saqlanadigan maskandan tarjima va tadqiqotlar olib boriladigan markazga aylandi. U yerga kelgan taniqli ulamo va tadqiqotchilar nafaqat turli mavzulardagi kitoblar bilan tanishish, balki ularni mutolaa qilish imkoniyatiga ham ega edi. Bu davrda tarjima ishlariga boʻlgan ahamiyat bagʻoyat ortib, “Baytul hikma”dagi asarlar soni yanada koʻpaydi. Ibn Qiftiy shunday deb yozadi: “Haqiqatan, “Baytul hikma” turli ilmiy yoʻnalishlar markazi boʻlib, Horun ar-Rashid bu maskan haqidagi fikrning ibtidosi edi. Uning oʻgʻli xalifa Maʼmun bu ishni amalga oshirdi. “Hikmat” soʻzi musulmon olimlari fikriga koʻra, ilohiy ilmlar, hisob, tabobat va falakiyotni qamrab olgan”[19:383].
Horun ar-Rashidning oʻgʻli xalifa Maʼmun “Baytul hikma”ga alohida eʼtibor bilan qaradi. Uning davrida “Baytul hikma”dagi ilmiy muhit misli koʻrilmagan darajada rivojlanib, u yerda yunon, fors va hind tillaridagi muhim kitoblar arab tiliga oʻgirildi va sharhlandi. Shu bilan birga, mustaqil ilmiy faoliyat ham olib borilib, yangi asarlar yozildi. Xalifa Maʼmunning bevosita homiyligida Yunoniston, Hindiston, Rum, Eron va Marvdan “Baytul hikma”ga katta miqdorda turli mavzudagi kitoblar keltirilgan. Ularning baʼzilari esa harbiy yurishlardagi oʻlja sifatida Bagʻdodga olib kelingan. Bu davrda eng sara asarlar tanlab olinib, arab tiliga oʻgirildi. Tarjimalar, odatda, yunon tilidan suryoniy tiliga, soʻngra arab tiliga, baʼzan esa yunon tilidan toʻgʻridan-toʻgʻri arab tiliga tarjima qilingan. Aksar hollarda tarjimalar kitob matnining asli bilan taqqoslab amalga oshirilgan. Har bir tarjimonlar guruhi tarkibida matn koʻchiruvchi va kitoblarni muqovalovchi mutaxassislar boʻlgan [18:40].
“Baytul hikma” IX asr oʻrtalarida dunyodagi eng katta kutubxona boʻlgan. U matematika, astronomiya, tibbiyot, kimyo, zoologiya, geografiya va kartografiya kabi ilmlar oʻrganiladigan markaz hisoblangan. Unda sanʼat va ilm-fanga oid turli tillardagi toʻrt million jilddan iborat noyob qoʻlyozma va kitoblar jamlangan. Xalifa Maʼmun davrida “Baytul hikma” qoshida osmon jismlarini kuzatish uchun ikkita rasadxona ham bunyod etilgan. Birinchisi 212/828-yilda Bagʻdodning Shammosiya mintaqasida, ikkinchisi Damashq yaqinidagi Qasiyun togʻida 216/831-yilda qad koʻtargan. Horun ar-Rashid va oʻgʻli Maʼmun tadqiqot olib borish, yangi ilmlarni kashf qilishga alohida eʼtibor bergan. “Baytul hikma”ni tashkil qilishga xalifa Maʼmun 200 000 dinor sarflagani bunga yorqin dalildir.
“Bayt al-hikma”da arab, fors, ivrit, suryoniy, yunon va lotin tillaridagi kitoblar xorijiy mamlakatlardan turli yoʻllar bilan olib kelingan. Bu markazga Arastu (Aristotel), Aflotun (Platon), Buqrot (Gippokrat), Batlamyus (Ptolemey), Uqliydis (Yevklid) kabi qadimgi yunon olimlari asarlarini Rumdan, barmakiylar esa Eron va Hindistondan fors tilidagi adabiyotlarni olib kelgan. Bu borada Ibn Nadim shunday xabar beradi: “Rum hokimlari bilan oʻzaro maktub almashishdan foydalangan xalifa Maʼmun, Rum hokimidan u yerda saqlanadigan qadimiy ilmlarga oid asarlarni berishiga ruxsat soʻrab, maktub yoʻllaydi. Avvaliga eʼtiroz bildirgan hokim, soʻngra rozilik beradi. Xalifa Maʼmun bu vazifani bajarishga Hajjoj ibn Matar, Ibn Batriq, Salam va boshqa olimlardan iborat bir guruhni tayinlaydi. Guruh aʼzolari u yerda nimalarni topsa va qanday adabiyotlarni munosib koʻrsa, hammasini xalifa Maʼmunga keltirdi. Xalifa Maʼmun ularni arab tiliga tarjima qilishga buyruq berdi. Aytishlaricha, Rumga safar qilganlar orasida Yuhanno ibn Mosavayh ham boʻlgan” [21:304].
“Baytul hikma”da tarjimonlar yetakchisi Hunayn ibn Isʼhoq toʻrt tilda bemalol suhbatlashadigan yirik olim boʻlgan. U Platon va Aristotel asarlari, sharhlari va yunon tabobatining uch asoschisi – Gippokrat, Galen, Dioskoridning asarlarini arab tiliga oʻgirgan. Shuningdek, Yevklidning “Ibtido”, Ptolomeyning “Almagest”, Menelayning “Sferika” asarlari ham tarjimalar orasidan oʻrin olgan. Mashhur tarjimonlar orasida Aristotelning “Hayvonlar kitobi”ni arab tiliga oʻgirgan ruhoniyning oʻgʻli Yuhanno ibn Batrik ham bor edi. “Baytul hikma”da boshqalarning asarlari shunchaki tarjima qilinmasdan, balki mutaxassis olimlar uni oʻrganib, voqelik bilan solishtirgan, izohlagan va kerak oʻrinlarda raddiya yozgan.
IX-XI asrlar Sharq xalqlari fani va madaniyatidagi ulkan yuksalish, shubhasiz, koʻp jihati bilan Markaziy Osiyo olimlarining samarali ijodi tufayli sodir boʻldi. Bu davrda riyoziyot, falakiyot, tabobat, kimyo, geografiya, tilshunoslik, hadisshunoslik, adabiyot va hatto, musiqa sohalaridagi yangi kashfiyotlarni Markaziy Osiyo olimlari xizmatisiz tasavvur qilib boʻlmaydi [18:15]. B.Abduhalimovning “Baytul hikmada” faoliyat yuritgan Markaziy Osiyolik oʻn besh nafar alloma haqidagi xulosalari ham buni tasdiqlaydi[18:173-243].
Xulosa qilganda, Horun ar-Rashid asos solgan “Baytul hikma”da yunon, lotin, sanskrit, xitoy, suryoniy, ibroniy va fors tilida bitilgan mashhur ilmiy kitoblarning arab tiliga tarjima qilingani ilm-fan rivojidagi davomiylikni taʼminladi. Aytish mumkinki, jahon ilmiy tafakkuri bir joyda arab tilida toʻplandi. Bunda islom nafaqat din, balki yangi maʼnaviy yuksalish asosi boʻlib xizmat qilganini koʻrish mumkin. Bu davrda bilim va ilm-fanga hurmat ustuvor boʻldi. Diniy va dunyoviy ilmlar oʻzaro bogʻliq holda rivojlandi. Qadimgi Yunon, Hindiston va boshqa yurtlar anʼanalari va ilm manbalaridan ijodiy foydalanishga imkon yaratildi. Mazkur davrda Oʻrta Osiyo ham Sharqning muhim ilmiy-madaniy markazlaridan biriga aylandi.
-
Munavvarov Z. Islom universitetidan xalqaro akademiya sari. “Islom ziyosi” jurnali, № 1. – Toshkent. “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi” nashriyoti, 2019.
-
Shapur shahbazi A. and Richter Lutz. “Gonde šāpor” in Yencyclopayedia Iranica. – Newyork: Columbia university , 1999.
-
Rasuliyon Q. Gundi Shopur // Ensiklopediyai millii tochik. – Ch. 4 – Dushanbe: SIEMT, 2015.
-
Yakubov Yu. Yodgorihoi boloobi Zarafshon. – Dushanbe, 1977.
-
Komilӣ A. Az taʼrixi paydonshi akademiya va Akademiyai ilmho // Ilm, texnologiya va texnologiyai innovatsonӣ. – Ashqobod, 2014.
-
Isxokӣ Yu., Tochiyev Ya. Taʼrixi muxtasari tibbi tochik. – Dushanbe, 1993.
-
شهرويني، مهربان. دانشگاه گندي شاپور در گهوارة تاريخ. تهران: پورشاد، 1381
-
نجمآبادي، محمود. تاريخ طب در ايران. تهران: دانشگاه تهران، 1341
-
ممتحن، حسينعلي. سرگذشت جندي شاپور. اهواز: دانشگاه جندي شاپور، 1350
-
سارتون، جورج. تاريخ علم. ترجمة احمد آرام، تهران: اميركبير، 1357
-
محمدي، محمد. فرهنگ ايراني پيش از اسلام و آثار آن در تمدن اسلامي و ادبيات عربي. تهران: دانشگاه تهران: 1356
-
Nuraliyev Yu. Meditsina epoxi Avitsennы. – Dushanbe, 1981.
-
Nuraliyev Yu. Meditsina epoxu Muxammada al-Xorazmi // Xorazm i Muxammad al-Xorazmi v mirovoy istorii i kulture. – Dushanbe: Donish, 1983.
-
Qurbon I. Dar durohai fano va ehyoi. 2007.
-
Isxoqӣ Yu.B., Tochisv Ya. Taʼrixi tib. – Dushanbe, 1997.
-
Sharofzoda R. Taʼrixi nomahoi Aҷam. – Dushanbe, 1997.
-
Munavvarov Z. Islom universitetidan xalqaro akademiya sari. “Islom ziyosi” jurnali, № 1. – Toshkent: “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi” nashriyoti, 2019.
-
B.Abduhalimov. “Baytul hikma” va Markaziy Osiyo olimlarining Bagʻdoddagi ilmiy faoliyati. – T.: Oʻzbekiston, 2010.
-
ابن القفطي جمال الدين أبو الحسن علي بن يوسف بن إبراهيم الشيباني القفطي. إخبار العلماء بأخبار الحكماء. القاهرة. 1908 م.
-
ابن خلدون عبد الرحمان بن خلدون المغربي. المقدمة. القاهرة. المطبعة الشرقية 1914 م.
-
ابن النديم، أبو الفرج محمد بن إسحق بن محمد بن النديم. تحقيق رضا تجدد إبن علي بن زين العابدين الحائري المازاندراني. “الفهرست“: بيروت، 1988م.
-
ابن أبي أصيبعة، مُوَفَّق الدين أبو العباس أحمد بن القاسم بن خليفة الخزرجي. عيون الأنباء فى طبقات الأطباء. القاهرة. 1882.
-
Lippert J. Ibn al-Qifti҆+s Taʼriї al-hukamaʼ. – Leipzig, 1903.