Home / MAQOLALAR / IJTIMOIY HUQUQLARGA RIOYA ETISH

IJTIMOIY HUQUQLARGA RIOYA ETISH

Tarixdan maʼlumki, Islom dini ijtimoiy huquqlarga tegishli masalalarni doimo mukammal va keng miqyosda yoritib bergan. Chunki uning asosi Qurʼoni karim hamda hadisi sharif hisoblanadi. Bir soʻz bilan aytgandi, Islomda ijtimoiy huquqlar insonlarning bir-biriga aziyat yetkazishdan tiyilishini, aka-ukadek mehr-shafqatli va rostgoʻy boʻlishini taqozo etadi. Alloh taolo aytadi:

﴿ذَلِكَ وَمَنْ يُعَظِّمْ حُرُمَاتِ اللَّهِ فَهُوَ خَيْرٌ لَهُ عِنْدَ رَبِّهِ﴾

(Ish) shudir. Kim Alloh harom qilgan narsalarni katta gunoh deb bilsa, bas, bu Parvardigori nazdida oʻzi uchun yaxshidir”[1].

Demak, musulmon kishi oxiratda har bir qilgan qabih ishdan soʻralish borligini bir zum ham unutmasdan yashaydi.

﴿مَنْ قَتَلَ نَفْسًا بِغَيْرِ نَفْسٍ أَوْ فَسَادٍ فِي الْأَرْضِ فَكَأَنَّمَا قَتَلَ النَّاسَ جَمِيعًا وَمَنْ أَحْيَاهَا فَكَأَنَّمَا أَحْيَا النَّاسَ جَمِيعًا﴾

“Kimki biror jonni (oʻldirmagan) yoki Yerda buzgʻunchilik qilmagan bir odamni oʻldirsa, demak, u goʻyo barcha odamlarni oʻldiribdi va kimki unga hayot ato etsa (oʻldirishdan bosh tortsa yoki oʻlimdan qutqarsa), demak, u goʻyo barcha odamlarga hayot beribdi”[2].

Mazkur oyatdan Islom dinidagi insonparvarlik gʻoyasini anglaymiz. Bu hukm aslida Isroil avlodiga qarata aytilgan boʻlsa-da, u barcha musulmonlar uchun ham tegishlidir. Oyatga koʻra, yer yuzida fitna-fasod, buzgʻunchilik, qotillik, qoʻporuvchilik, qaroqchilik kabi ishlarni qilgan kimsa, Alloh taoloning gʻazabi va azobiga duchor boʻladi.

Musulmon kishi ijtimoiy huquqlarga bozor, koʻcha va xiyobonlarda ham eʼtibor qaratadi. Baʼzilar jamoat joylarida yurganda yon-atrofidagilarga qoʻpollik qilib, aziyat yetkazadi. Ayniqsa, biror bir yuk koʻtarib olgan boʻlsa, odamlarni turtib yoki harakatlanishiga xalal berib, ularning qalbiga ozor yetkazadi. Abu Burda otasidan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarini ogohlantirib bunday deganlar: “Kim masjidlarimiz yoki bozorlarimizdan kamon oʻqlari bilan oʻtsa, tigʻlarini kafti bilan ushlab olsin, toki biror musulmonga jarohat yetkazib qoʻymasin” (Imom Buxoriy rivoyati). Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni oʻzaro muomalada bitta tanaga oʻxshatgan. Noʻmon ibn Bashirdan rivoyat qilingan hadisda u zot aytadilar: “Moʻminlar oʻzaro rahm qilishlari, doʻstliklari va mehribonchiliklarida xuddi bir tanadek ekanini koʻrasan. Biror aʼzo xastalansa, tananing qolgan joylari bedorlik va isitmalash bilan unga hamdard boʻladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Jamiyatda yosh goʻdaklarning ham haq-huquqlari bor. Bularning eng oliysi ularga mehr berishdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yoshlarga mehr koʻrsatishda bizga oʻrnak boʻladilar. Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hasan ibn Alini oʻpdilar. Huzurlarida Aqraʼ ibn Hobis Tamimiy oʻtirgan edi. Aqraʼ: “Mening oʻnta bolam bor, lekin birortasini ham oʻpmaganman”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga qaradilar-da: “Rahm qilmaganga rahm qilinmaydi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bolalarga boʻlgan mehr-shafqatlari shunchalik darajada ediki, namozda goʻdaklarning yigʻisini eshitib qolsa, ularni eʼtiborsiz qolmasligi uchun darhol namozni yengil qilib tugatar edilar. Abu Qatoda roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men namozni uzun oʻqimoqchi boʻlib turaman-da, keyin goʻdak yigʻisini eshitib, onasiga mashaqqat tugʻdirib qoʻygim kelmay, namozni yengil qilaman”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Oramizdagi yoshi ulugʻlar, kasallar va zaiflar ham xuddi yosh bolalar kabi mehr va yordamga muhtojdir. Ularni jamiyatning barcha jabhalarida eʼtibordan chetda qoldirmaslik zarur. Hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning azob chekishini xohlamaganlari uchun namozlarini qisqartirib oʻqir edilar. Biz ummatlariga ham: “Birortangiz odamlarga namoz oʻqib bersa, yengil qilsin. Chunki ularning orasida zaif, kasal va keksalar bor. Birortangiz oʻzi namoz oʻqiganida esa xohlagancha choʻzaversin”, deb taʼlim berganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Baxriyev Otabek,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

[1] Haj surasi, 30-oyat.
[2] Moida surasi, 32-oyat.

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …