Home / MAQOLALAR / ISLOM – MAʼRIFAT DINI

ISLOM – MAʼRIFAT DINI

Bugun ayrim gʻaraz niyatli guruhlar buzgʻunchi gʻoyalarni tarqatayotgani tufayli islom diniga taraqqiyotdan orqada qolgan yovvoyilarning eʼtiqodi sifatida qarashlar yuzaga kelayotgani hech kimga sir emas. Aslida ilm-fanni dunyoga tanitish va tarqatishda aynan islom dini asosiy yoʻlboshchilik vazifasini oʻtagan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida tashkil etilgan “Oʻrta asrlarda islomda taʼlim tizimi”[1] seminarida Malayziyadagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Muhammad Yusuf Usmon: “Islom, avvalo, shaxsni aqlan rivojlantirishga, uning qalbi, surati va siyratini yuksaltirishga, masʼuliyatini oshirishga qaratilgandir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Beshikdan qabrgacha ilm izlang!” degan hadislarida ham shu maʼno-mazmun mujassam”, degan edi.

Oʻshanda malayziyalik olim islom ilmni “ozod” qilganini alohida qayd etdi. Yaʼni, muqaddas dinimiz irqi, millati, jinsi, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, har bir inson uchun ilm-fanni umumiy qildi. Chunki ungacha ilm odamlarini din peshvolari tufayli qatagʻon qilardi. Islomda esa, din endi-endi shakllanayotgan paytdayoq masjidlar qurilib, ular nafaqat ibodat, balki taʼlim va maʼrifat markazlariga aylantirildi. 737-yilda Tunisda Zaytuna universiteti, 786-yilda Iroqda “Baytul hikma”, 786-788-yillarda Ispaniyada Kordoba universiteti, 813-yilda Maʼmun akademiyasi, 859-yilda Marokashda Qaroviyyun universiteti, 972-yilda Misrda Al-Azhar universiteti, 984-yilda Malida Sankor universiteti ochilgani aynan islom dinining sharofatidan edi.

Yevropadagi birinchi oliy taʼlim muassasasi boʻlmish Bolonya universiteti (1088), sal keyinroq Oksford universitetining (1096) ochilishida maʼrifatparvar islomga taqlid va havasni koʻrish mumkin.

Albatta, islomda taʼlimni rivojlantirishga movarounnahrlik allomalar beqiyos hissa qoʻshganini alohida qayd etish kerak. Ilm-fan evolyutsiyasidan xabardor boʻlgan har bir inson Basra, Bagʻdod, Qohira, Damashq kabi ilm markazlari qatorida Samarqand, Buxoro, Xorazm va Fargʻona singari shaharlarimizni ham hurmat bilan tilga oladi. Alkogol, alkali, algebra, algoritm, musiqa, kamera kabi atamalarning ilm-fanga, notaning musiqiy sanʼatga kiritilishi bevosita Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Forobiy singari buyuk ajdodlarimiz nomi va mehnati bilan bogʻliq. Butun islom dunyosi, jahon ilmiy hamjamiyati bu shaxslarni “Oʻzbekiston marvaridlari” deb tan oladi.

Oddiy misol keltiramiz. Islomda ibodatni mukammal ado etish uchun vaqtni aniq bilish, makon va zamonda hisobdan chalgʻimaslik (oriyentatsiya) zarurati geografiya, fizika, matematika, astronomiya kabi fanlar rivojlanishiga asos boʻldi. Bugungi elektronika vositalari kashf qilinishidan ancha avval alloma bobokalonlarimiz nafaqat musulmon dunyosi, balki butun bashariyat uchun manfaatli kashfiyotlar qildi. Beruniy Amerika qitʼasi mavjudligi haqida uni adashib “topib olgan” Kolumbdan bir necha asr oldin faraz bildirgan, Ulugʻbekning “Ziji Koʻragoniy” yulduzlar jadvali yuzlab yillar davomida dengizchilar va sahroda yoʻlini yoʻqotganlar uchun mayoq vazifasini oʻtagan, Ibn Sinoning “Tib qonunlari” tibbiyot boʻyicha asosiy qoʻllanma boʻlib kelgan boʻlsa, Xorazmiyning mehnati tufayli bugungi kunda ham oʻnlik sistemasi, “algoritm” va “algebra” kabi atamalar faol qoʻllanadi.

Ilmni “ozod” qilishga qaytadigan boʻlsak, taʼkidlanganidek, tarix turli zamonlarda koʻplab ilgʻor fikrli insonlar aynan din peshvolari tufayli qatagʻonga uchraganiga eng yaxshi guvohdir. Galileo Galiley yo Jordano Brunoning qismatini keltirishning oʻzi kifoya. Islomning ilk davrida esa, xalifalar butun dunyodan olimlarni yigʻib, oʻtmishdan qolgan bor ilmiy merosni tarjima qilish, oʻrganish va oʻrgatish, yoyish, ilm-fanning yangi tarmoqlarini rivojlantirish yoʻlidan bordi.

Yevropa tajribasiga murojaat qilamiz. Andalusiyadagi Kordova shahri oʻz davrida islom olamining Gʻarb dunyosidagi poytaxti boʻlib, Konstantinopol (Istanbul), Damashq va Bagʻdod bilan bahslashadigan darajadagi ilmiy salohiyatga ega edi. Ayrim tadqiqotchilar VIII asrda Andalusiyada paydo boʻlgan madrasalar dunyodagi ilk universitetlarning poydevori boʻlganini taʼkidlaydi. Bu maskanlarda diniy va dunyoviy taʼlim berilgan, koʻplab davlat arboblari aynan shu goʻshalarda tahsil olgan.

Ha, islom madaniyati Oʻrta asrlarda Gʻarbiy Yevropada ilmiy maktablar va universitetlar tizimi shakllanishida asosiy oʻrin tutgan. Xususan, oʻsha davrlarda Kordova ilm shahri hisoblanar, odamlar, jumladan, ayollar savodxonligi boʻyicha Yevropada birinchi oʻrinda turardi. Vaholanki, u kezlari “koʻhna dunyo”ning boshqa mamlakatlarida ruhoniylarga aloqasi boʻlmagan eng katta mansabdorlar ham besavod edi. Kordovada esa, musulmon hukmdorlar tashabbusi bilan dunyoning eng yetakchi ilm odamlari toʻplangan, 400 ming jildlik kutubxona tashkil qilingan, falsafa, matematika, astronomiya, mantiq, tibbiyot va boshqa fanlar boʻyicha tahsil beradigan markazlar ochilgandi. Eʼtiborli yana bir jihatni aytib oʻtish kerak – madrasa va markazlar xayriya mablagʻlari hisobiga ish yuritgan. Ehson sohiblarining saxovat va muruvvati shu darajada boʻlganki, muallim va xizmatchilar muntazam maosh olgan, talabalar esa, kitoblar, stipendiya va turar-joy bilan taʼminlangan.

Bundan tashqari, masjidlar taʼlim markazi vazifasini oʻtagan. Odamlar olimlar bilan uchrashish, suhbatlaridan bahramand boʻlish, maʼruzalarini tinglash, ular bilan birga kitob mutolaa qilish va bilim olish uchun masjidlarga tez-tez borib turgan[2].

Endi islomni ibtidoiy jamoaning eʼtiqodi deb hisoblaydigan toifalarga kelsak, ularga mana bu savolning oʻzi yetarli: “Islom oʻz davrida taʼlim va maʼrifatni rivojlantirmaganida, bugun ham poxoldan oyoq kiyim kiyib yurarmidingiz yo algoritm asosida ishlaydigan smartfon ishlatarmidingiz?! Axir, Rim raqamlari bilan koʻpaytirish, boʻlish yo ildiz chiqarish, matematik formulalar tuzish u yoqda tursin, qoʻshib ayirishni ham bir necha karra koʻp tashvish bilan amalga oshirar edingiz-ku!”

Bas, shunday ekan, allaqanday buzgʻunchilarning bemaʼni safsatalariga asoslanib, islomni qoloqlikda ayblamoq umuman nooʻrindir. Aksincha, shuni tan olish kerakki, dinimiz xizmatchilarining mehnati boʻlmaganida, bugungi turmushimiz hozirgi holatdagidan ancha orqada, anchayin qoloq boʻlar edi.

[2] Drevneyshiye universitetы Ispanii. https://espanarusa.com/ru/pedia/article/646509
Anvar BABAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …