Home / MAQOLALAR / HAZRAT ZANGI OTA SIYRATINI NAMOYISH ETUVCHI VA TARIXIY XOTIRANI UYGʻOTUVCHI ASAR

HAZRAT ZANGI OTA SIYRATINI NAMOYISH ETUVCHI VA TARIXIY XOTIRANI UYGʻOTUVCHI ASAR

Qoʻlimizdagi ushbu kitobning birinchi nashridan farqi unga alohida eʼtibor bilan yondashilganidadir. Toʻgʻri, bunday eʼtibor kitobning birinchi nashrini tayyorlashda ham boʻlgan. Ammo uni muallif istagan suratlar bilan boyitishga imkoniyat yetarli boʻlmagan.

Kitobning bu nashri esa koʻplab surat va illyustratsiyalar bilan bezatilgan, uning hoshiyalari muqaddas kitoblar va buyuk mutafakkirlar asarlaridan olingan durdona fikrlar bilan boyitilgan. Kitob Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati shafeligida “Oʻzbekiston madaniy merosi” turkumida nashr etilgan (Bu turkumning muallifi va loyiha rahbari Firdavs Abduxoliqov).

Kitob Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Zangi ota haqida aytgan: “Yaratganning mehri, nazari tushgan bu zamindan Shayx Umar Bogʻistoniy, Xoja Ahror Valiy, Abu Bakr Shoshiy, Abu Sulaymon Banokatiy kabi aziz avliyo va allomalar yetishib chiqqanini tarixdan yaxshi bilamiz. Ayniqsa, buyuk alloma Oyxoʻja ibn Toshxoʻja – Zangi otaning nomi, bu muborak zotning Toshkent viloyatidagi ziyoratgohi musulmon olamida maʼlumi mashhurdir”[2:3] degan soʻzlari bilan boshlangan. Kitobga Buxorodagi Mirzo Ulugʻbek madrasasi peshtoqiga bitilgan “Ilm egallash har bir muslim va muslima uchun farzdir”[2:6] hadisi epigraf sifatida berilgan.

Kitob Oʻzbekiston musulmonlar idorasining amaldagi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovning “Hazrati shayx Zangi ota tavsiflari” nomli kirish soʻzi va ushbu idoraning marhum raisi, muftiy Usmonxon Alimovning “Farzandlik masʼuliyati” nomli birinchi nashri uchun kitob muallifi haqida yozgan soʻzboshisi bilan boshlanadi. Shundan keyin muallifning ushbu kitobga yozgan “Maʼrifat – tinchlik va taraqqiyot garovi” deb nomlangan kirish soʻzi [7:6-9] berilgan boʻlib, unda asarning yozilish sababi va zaruriyati haqida batafsil maʼlumot keltirilgan.

Akmal Saidov hayotining ilk bosqichlaridanoq Zangi ota ziyoratgohining qudratli maʼnaviy-ruhiy taʼsiri ostida ulgʻaydi. U har kuni Zangi ota masjidi tomondan taralayotgan azon sadolari ostida uygʻonardi. Ehtimol, oʻsha tovushning sehrli ohanglari yosh Akmaljon qalbida ezgulikka intilish tuygʻularini uygʻotgandir. Oʻsha davrdayoq boʻlajak olimning qalbida Zangi ota fenomenini ushbu ziyoratgoh timsolida xalqqa keng miqyosda ochib berish istagi uygʻongan boʻlsa ajab emas. U har doim maʼrifiy islom mavzusini ochib berishga havas qilar, lekin u voyaga yetgan davrdagi ateistik mafkuraviy muhit uning xohishiga har doim gʻov boʻlardi.

Mustaqillik davri kelib, eʼtiqod erkinligi islom dini taraqqiyotiga ham keng yoʻl ochadi. Bu demokratik jarayon Akmal Saidov faoliyatiga ham katta turtki berdi. U Moskvada oʻqib yurgan davrida 1893-yili Toshkentda nashr qilingan Burhoniddin Margʻinoniyning “Hidoya” asarining rus tilidagi nashriga [8] koʻzi tushgan edi. Bu kitobni “Hidoya”ning inglizcha nashridan N.I.Grodekov tarjima qilgan. Kitob Turkistonda faoliyat olib borayotgan rus hukmdorlari va sud amaldorlari uchun 400 nusxada bosib chiqarilgan edi.

Ushbu asar milliy merosimizni anglash va xalqimizning tarixiy xotirasini uygʻotish maqsadida 1994-yilda Burhoniddin Margʻinoniy tavalludining 800-yilligi munosabati bilan nashr qilindi. Ushbu kitobning 1-jildini nashr qilishda shaxsan Akmal Saidov tashabbus koʻrsatgan va unga soʻzboshi ham yozgan edi [4:25-44]. Buning uchun u musulmon huquqi va huquq tarixiga oid manbalarni oʻrganib chiqadi. Bu, oʻz navbatida, huquqshunos olimning maʼrifiy islom shaʼni himoyasi uchun olib borgan kurashi va dastlabki maʼnaviy jasoratlaridan biri edi. Ushbu ishni amalga oshirish jarayonida olim maʼrifiy islomning asl mohiyati bilan chuqurroq tanishish imkoniga ega boʻldi. Natijada islomiy qadriyatlarda inson qadr-qimmatini himoya qilishga yoʻnaltirilgan koʻpgina ibratga loyiq gʻoyalar mavjudligiga ishonch hosil qiladi.

Muallif “Hazrat Zangi ota” kitobining birinchi nashrini [5:504] tayyorlash jarayonida ham maʼrifiy islom qadriyatlarini yanada chuqurroq oʻrganishga kirishadi. Bunda Zangi ota siymosiga esa alohida mehr bilan yondashadi. Kitobning birinchi nashriga yozilgan “Ushbu kitobning yozilishi haqida” deb nomlangan “Muqaddima”sida Akmal Saidov shunday yozadi: “Zangi ota qishlogʻi – ota-bobomning yurti. Mening ham kindik qonim shu tabarruk tuproqqa tomgan. Zangi ota qishlogʻida bolaligim, yoshligimning unutilmas damlari kechgan. Hozirgi kunda bu yerda aka-ukalarim, qarindosh urugʻlarim, yaqinlarim yashaydilar. Elning toʻy-maʼrakalarida qatnashib, qishloqdosh va mahalladoshlarim bilan tez-tez koʻrishib turaman. Va har gal, albatta, Zangi otani ziyorat qilaman… kamina – Zangi ota yashagan va dafn etilgan muqaddas zaminda ushbu avliyo zotning nafaslarini his etib ulgʻaygan va gʻoyibona duolaridan iqboli kulgan, ushbu eʼzozli mashoyixga ixlosi hamisha baland boʻlgan duogoʻy muxlislaridan biriman” [3:6-12]. Bu satrlar muallifning chin yuragidan chiqqan samimiy soʻzlardir.

Kitob besh qismli boʻlib, kirish, oʻnta bob va oʻn bitta ilovadan iborat. Oʻquvchi bu kitobdan Zangi ota hayoti, taʼlimoti va faoliyati haqida maʼlumot oladi. Shuningdek, Zangi ota ziyoratgoh majmuasi, uning qurilish tarixi, u zot merosini oʻrganishning zamonaviy muammolari va majmua taraqqiyoti istiqbollari haqidagi bilimlarga ega boʻladi.

Kitobning birinchi nashri toʻrt bobdan iborat boʻlgan.

Birinchi nashrning birinchi bobi “Mashhur shayx, ulugʻ avliyo, shayxul-mashoyix” deb nomlangan boʻlib, unda Zangi ota Himmatiyning hayoti, faoliyati, ustozlari va xalifalari haqidagi maʼlumotlar bayon qilingan. “Zangi ota majmuasi – noyob meʼmoriy moʻjiza” deb nomlangan ikkinchi bobida esa Zangi ota yodgorlik majmuasi tavsiflangan. “Hazrat Zangi ota maʼnaviyati” mavzusi deb nomlangan uchinchi bobida Zangi otaning bu borada amalga oshirgan ishlari yoritilgan boʻlsa, “Hazrat Zangi ota: shaxsiyati va faoliyatining oʻrganilishi” [5:504] deb atalgan toʻrtinchi bobida Hazrat Zangi ota shaxsiyati va faoliyatining oʻrganilishi haqida maʼlumot berilgan. Ushbu mavzular yangi materiallar bilan boyitilgan va toʻldirilgan holda ikkinchi nashrda ham berilgan.

Ikkinchi nashriga yana oltita bob qoʻshilgan boʻlib, ular “Zangi ota va Anbar ona tarixiga doir yangi tadqiqotlar”, “Zangi ota yodgorlik majmuasidagi bitiklar”. “Zangi otaning shajara va silsilalariga doir yangi maʼlumotlar”, “Hazrat Zangi ota” kitobi: tahlil va talqin”, “Zangi ota maʼrifati” va “Hazrat Zangi ota” kitobi – matbuot nigohida” deb ataladi. Bu boblarga Zangi ota hayoti va ijodiy faoliyatiga oid koʻplab yangi maʼlumotlar qoʻshilgan.

Kitobning birinchi nashridagi Xotima qismida berilgan maqolalar ikkinchi nashrning oʻninchi bobidan joy olgan. Birinchi nashrdagi oʻzbek (lotin grafikasida), ingliz, fransuz, rus, turk va arab tillarida yozilgan kitobning qisqacha annotatsiyalari [5:413-499] ikkinchi nashrda berilmagan, chunki mazkur kitobning oʻzi yuqorida qayd etilgan tillarda ham nashrga tayyorlanmoqda.

Kitobning ikkinchi nashridagi uchinchi bobida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Biz butun jahon jamoatchiligiga Islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa deb hisoblaymiz” [6:300], degan soʻzlarini epigraf sifatida keltirgan. Ushbu bobda Hazrat Zangi ota maʼnaviyati chuqur ochib berilgan. Bu bobda muallif tasavvuf bosqichlari haqida toʻxtalib, tasavvuf va shariat oʻrtasidagi farqni qiziqarli misollar bilan koʻrsatib bergan. Shu tariqa u “tasavvufning asosiy vazifasi komil insonni tarbiyalab yetishtirishdir” [6:304], degan fikrni ilgari suradi. Ushbu bobda Amir Temurning tasavvufga munosabati haqida, tasavvuf avliyolari va tasavvuf tariqatlari toʻgʻrisida qiziqarli maʼlumotlar bayon qilingan.

Ushbu bobda Ahmad Yassaviy tariqati mohiyati ham ochib berilgan. Muallif tasavvuf va maʼnaviyatni taqqoslar ekan professor Mahmud Asʼad Joʻshonning tasavvufning bosh maqsadi haqidagi gʻoyasini sharhlab beradi. Shu bilan birga, Allohni tanimoq, nafsiga hokim boʻlish va axloqini goʻzallashtirishga intilish tasavvufning bosh gʻoyasi ekanini tushuntiradi [6:325]. Bobning keyingi qismlarida Ahmad Yassaviy izdoshlari – Hakim ota (Sulaymon Boqirgʻoniy), Toj Xoja, Bobo Mochin, Kamol Shayx Iqoniy, Shams Oʻzgandiy, Shayboniy, Ubaydiy, Qul Gʻaribiy, Davesh Ali kabi soʻfiylar, shuningdek, keyingi davrlardagi Mahtumquli, Mashrab, Huvaydo, Soʻfi Ollayor va boshqa muxlislari haqida maʼlumot berilgan. Alisher Navoiyning Ahmad Yassaviy haqidagi fikrlari alohida tahlil etilgan [6:336-338]. Yana ushbu bobda tasavvufda ustoz va shogirdlik (pir va murshidlik) anʼanalari haqida, tasavvufga ayrim yondashuvlar xususida, Yassaviya va Naqshbandiya tariqatlarining mushtarak va farqli jihatlari haqida fikr bildirilgan. Shu bilan birga,  Hazrat Zangi otaning Yassaviya tariqatining ulugʻ mashoyixlaridan biri boʻlgani, uning taʼlim berish uslublari va u zotning chorvadorlar piri ekani haqidagi maʼlumotlar jonli misollar bilan ochib berilgan.

Hazrat Zangi ota shaxsiyati va faoliyatining oʻrganilishiga oid masalalar kitobning toʻrtinchi bobidan joy olgan. Bu bobda Zangi ota shaxsiyatiga oid rang-barang materiallar oʻz aksini topgan boʻlib, unda “Zangi ota hazratlari” nomli turk tilidagi film ssenariysining qisqacha rezyumisi ham berilgan (409-b).

Kitobning beshinchi bobi Hazrat Zangi ota va Anbar ona tarixiga oid yangi tadqiqotlar tahliliga bagʻishlangan. Unda bu avliyolar shaxsiyatini tadqiq etishga oid koʻplab manbalar va afsonalar bayon etilgan. Shuningdek, ushbu bobda muallifning “Sohibqiron yulduzi” jurnalida nashr qilingan “Sulton Mir Haydar ota tarixi tafsilotlari” nomli maqolasi va  2017-yil 25-iyunda “Milliy tiklanish” gazetasida eʼlon qilingan “Ongda – imon, tilda – haqiqat, dinda – eʼtiqod ustuvor boʻlsin”, deb nomlangan maqolasi ham bosilgan (463-b). Muallif bu bobga “Hazrat Zangi ota” kitobining qoraqalpoqcha nashriga yozgan kirish soʻzini ham kiritgan (478-480-b).

“Hazrat Zangi ota” kitobining oltinchi bobi Zangi ota yodgorlik majmuasini bezab turgan bitiklarga bagʻishlangan. Ushbu yodgorlik majmuasi peshtoqlariga Qurʼoni karim oyatlari, hadislar va mashhur shoirlar gʻazalidan namunalar yozilgan boʻlib, muallif ularni batafsil sharhlagan. Jumladan, maqbara peshtoqiga yozilgan quyidagi oyat eʼtiborga loyiq: “Alloh taolo aytdi: “Erkakmi, ayolmi – kimki moʻminlik holida biror yaxshilik qilsa, aynan oʻshalar jannatga doxil boʻlurlar. U joyda ularga behisob rizq berilur” (509-b).

Hazrat Zangi otaning shajara va silsilasiga oid yangi maʼlumotlar kitobning yettinchi bobida keltirilgan. Zangi otaning yashagan joyi, ajdodlari va avlodlari haqida keng maʼlumot berilgan. Xususan, Ahmad Yassaviyning suyukli nabirasi Shayx Mustafoqul – Hazrat Suzuk ota haqida ham toʻxtab oʻtilgan. Bundan tashqari, ushbu bobda Zangi ota tarixi boʻyicha Oʻzbekistonda va xorijda tadqiq etilgan yangi manbalar ham sharhlangan.

Yettinchi bobning yana bir xususiyatlaridan biri shundaki, unda aziz-avliyolar misolida Islomning Markaziy Osiyoga madaniy taʼsiri asoslab berilgan. Muallif Markaziy Osiyoda Hazrat Ali (k.v.) shaxsiga aloqador yettita mozor mavjudligiga ishora qilib, etnograf R.Rassudovaning maʼlumotlarini keltiradi. Uning taʼkidlashicha, tabarruk mozorlardan beshtasi Hazrat Ali (k.v.) shaxsiga aloqador. Ular quyidagilar:
* Oʻshda – Taxti Sulaymon;
* Jalolobodda – Hazrat Ayyub;
* Aravonda – Hazrat Alining qadami tekkan joy va Duldul ota mozori;
* Kampirravotda – Hazrati Alining qadami tekkan joy;
* Shohimardonda – Hazrat Ali (k.v.)ning mozori;
* Soʻxda – Yigit-Ali-Pirim; Hazrat Alining qadami tekkan joy [1:96-97].
Bu bobda muallif Zangi otani Arslon Bobning toʻrtinchi avlodidir (564-b) deb taʼkidlaydi.

Kitobning sakkizinchi bobida “Hazrat Zangi ota” kitobining tahlil va talqini berilgan. Bu bobga Poyon Ravshanovning “Daryo” gazetasida 2015-yil sentyabr oyida eʼlon qilingan “Ilmu maʼnaviyat xazoyinidan Hazrat Zangi ota qomusiy talqini” deb nomlangan maqolasi kiritilgan. Unda Poyon Ravshanov “Hazrat Zangi ota” kitobi haqida “Akademik Akmal Saidov islomiy ruhoniyat olamidagi havoyi boʻshliqni benazir, ulkan ilmiy mehnati, izlanishlari, qomusiy bilimlari hosilasi boʻlmish “Hazrat Zangi ota” kitobi  bilan ziynatladi” [6:578], deb yozadi. Bundan tashqari, kitob haqida Sh.Roʻzinazarovning “Maʼnaviyatimizning teran tomiri”, S.Xolboyevning “Hazrat Zangi ota hayoti va faoliyatining yangicha talqini”, Nadirxan Hasanning ““Hazrat Zangi ota” kitobi haqida” va boshqa bir qator gazeta-jurnallarda eʼlon qilingan maqolalar jamlangan.

Kitobning toʻqqizinchi bobi “Zangi Ota maʼrifati” deb atalgan boʻlib, unda Zangi ota maʼrifatining ahamiyati va asosiy manbalari tahlil qilingan. Muallifning taʼkidlashicha: “Zangi ota maʼrifatining manbalari – dinu diyonat va imon-eʼtiqoddir. Bu, oʻz navbatida, butun yaxshiliklar va goʻzal tarbiyani oʻzida mujassam etadi”. Bu bobda Zangi otaning tarbiya va odobga oid fikrlari berilgan. Salomlashish, tanani tarbiyalash, ovqatlanish, meʼyorni saqlash, saxovat va tejamkorlik, ilm oʻrganish, aql bilan ish koʻrish, oilaparvarlik, farzand tarbiyalash, yaqinlarni ziyorat qilish, ziyofat (mehmondorchilik) odobi kabilar shular jumlasidandir. Bundan tashqari, insonning yaqinlari va vatani oldidagi burchlari haqida ham maʼlumot berilgan.

Shuningdek kitobda Zangi ota ilmiy merosidagi ijtimoiy odoblar haqida ham ajoyib falsafiy mulohazalar mavjuddir. Muallif yaxshilikka chaqirish va yomonlikdan qaytarish, kattalarga hurmat koʻrsatish va kichiklarni izzat qilish, marhamatlilik, toʻgʻri soʻzlik, omonatga xiyonat qilmaslik, nafsni jilovlay olish, saxiylik, sharm-hayolilik, kamtarinlik, kechirimlilik, sabrlilik, mehnatsevarlik, ehtiyojmandlarga muruvvat, yolgʻon gapirmaslik, gʻiybat qilmaslik, aldamaslik, chaqimchi boʻlmaslik, fitna chiqarmaslik, hasad qilmaslik, xafalashib yurmaslik kabi axloqiy sifatlarni ijtimoiy odoblar deb ataydi. Albatta bu odoblar axloq falsafasining muhim kategorial tushunchalari boʻlib, ularni falsafiy tahlil qilish hozirgi zamon oʻzbek falsafasi taraqqiyoti uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.

“Hazrat Zangi ota” kitobi – matbuot nigohida” deb nomlangan oʻninchi bobda taniqli adiblar, yozuvchi va olimlarning “Hazrat Zangi ota” kitobining birinchi nashri haqida yozgan maqolalari toʻplangan. Jumladan, ushbu bobda taniqli adib, Muhammad Alining “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida eʼlon qilingan maqolasi, yozuvchi va dinshunos Mirzo Kenjabekning “Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari” jurnalida bosilgan maqolasi, R.Jabborovning “Darakchi” jurnalida nashr qilingan suhbati, R.Mansurovning “Qishloq hayoti” jurnalida bosilgan maqolasi, J.Arslonovaning “Istiqbol” gazetasida eʼlon qilingan maqolasi berilgan.

Maʼlumki, “Hazrat Zangi ota” kitobi 2017-yili Nukusda qoraqalpoq tilida ham nashr qilingan. Bu haqda A.Nasrullayevning ““Hazrat Zangi ota” kitobi qoraqalpoq tilida nashr etildi” degan maqolasi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy veb saytida 2018-yil 19-yanvarda eʼlon qilingan. Bu maqola ham oʻninchi bobdan joy olgan. Bundan tashqari, mazkur bobda Akmal Saidovning Hazrat Zangi ota tarixini oʻrganish metodologiyasi ham berilgan. Akademik – olimning tarixni oʻrganish metodologiyasi haqidagi fikrlari hozirgi zamon tarixchilarimiz va faylasuflarimiz uchun ham muhim ilmiy va maʼnaviy ahamiyatga egadir. Chunki tarixni oʻrganishda xolislik, manbalarni sinchiklab tasniflash, tarixiy hodisalar oʻrtasidagi aloqadorliklarni har tomonlama oʻrganish muhim rol oʻynaydi.

Kitobga ilova qilingan materiallar ham jiddiy ahamiyat kasb etadi. Ilovalarda iqtibos berilishi tartibida Qurʼoni karimdan olingan sura va oyatlar roʻyxati, Zangi ota ajdodlari shajarasi, Yassaviya tariqati silsilasi, Hazrat Zangi ota silsilasi, Xoja Ahmad Yassaviy nasabnomasi, Yassaviya tariqati silsilasining bir tarmogʻi, Zangi ota haqidagi asosiy birlamchi manbalar roʻyxati,  ismlar koʻrsatkichi,  kitobda uchraydigan ayrim soʻz va iboralar izohi, qabrlarni ziyorat qilish odobi aks etgan boʻlib, bu ilovalar kitobni oʻquvchilarga yengillik yaratadi.

Kitobning oxirgi xotima oʻrnida berilgan muallif maqolasi “Hazrat Zangi ota – ilk sharq uygʻonish davrining mashhur namoyandasi” deb ataladi. Bu maqolada muallif quyidagi xulosaga keladi: “Muxtasar aytganda, Zangi ota  Hazratlari – Markaziy Osiyo mintaqasida IX-XII asrlarda yuz bergan birinchi qudratli ilmiy-madaniy yuksalish, yaʼni ilk Sharq Uygʻonish davrining namoyandasi, oʻz zamonida falsafa va madaniyat, din va tasavvuf rivojiga hissa qoʻshgan mutasavvif va avliyo bobolarimizdandir” [6:710]. Haqiqatdan ham, kitob muallifi, taʼkidlaganidek, “Istiqlol sharofati bilan xalqimizning buyuk farzandlari, aziz-avliyolarning nomlari tiklandi va qabrlari obod etildi. Azaliy qadriyatlarimiz – ulugʻlarga izzat va ikrom, tavoze va ehtirom, yaxshilar izidan borish va oʻgitlariga amal qilish kabi ezgu fazilatlar yana bor koʻz oʻngimizda namoyon boʻldi” [6:710].

Kitob tarixiy xotirani tiklashda, maʼnaviy merosimizning ildizlarini anglashda, yassaviya va naqshbandiya tariqatlarining oʻziga xos qirralarni tushunib olishda, inson qadr-qimmati mohiyatini toʻgʻri talqin qilishda muhim ahamiyatga egadir.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Rassudova R.Ya. Kultovыye obyektы Ferganы kak istochnik po istorii oroshayevogo zemledeliya // Sovetskaya etnografiya. 1985. №4.
  2. Saidov A. Hazrat Zangi ota /Toʻldirilgan va qayta ishlangan ikkinchi nashr. – T.: Zamon-Press-Info, 2023. (Kitobning masʼul muharriri Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov).
  3. Saidov A. Muqaddima. Ushbu kitobning yozilishi haqida. // Saidov A. Hazrat Zangi ota / Saidov A. – T.: Sharq, 2023.
  4. Saidov A. Vajneyshiy pamyatnik shariata musulmanskogo mira // Xidoya. Kommentarii musulmanskogo prava. T. I. – T.: Uzbekistan, 1994. (480 s.).
  5. Saidov A. Hazrat Zangi ota. – T.: Sharq, 2015.
  6. Saidov A. Hazrat Zangi ota. – T.: Sharq, 2023.
  7. Xoliqnazarov N. Hazrati shayx Zangi Ota tavsiflari // Oʻsha manba.
  8. Xidaya. Kommentarii musulmanskogo prava. (Per. s angliyskogo, pod redaksiyey N.I.Grodekova) – T., 1893. T. I – IV.
BAXTIYOR TURAYEV
falsafa fanlari doktori, professor

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …