Home / MAQOLALAR / TAʼLIM VA TARBIYA JARAYONINI TASHKILLASHTIRISHDA KIBERMAKON IMKONIYATLARI

TAʼLIM VA TARBIYA JARAYONINI TASHKILLASHTIRISHDA KIBERMAKON IMKONIYATLARI

Insoniyat tomonidan yaratilgan har qanday kashfiyot yoki ixtiro shaxs kamoloti, uning moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan. Bugungi kibermakon taraqqiyoti natijasida biz birgina tugmani bosish orqali e-mail, audio, video, ijtimoiy tarmoqlar kesimida har qanday maʼlumotni uzatish, qabul qilish imkoniyatiga ega boʻldik. Albatta, bunda inson omili, aql zakovati, intellektual salohiyati muhim oʻrin tutadi. Yaʼni dunyoni oʻzgartirgan inson aql-zakovati asosida ilm-maʼrifat turishi ham oddiy haqiqat. Inson ilmni taʼlim va tarbiya orqali oladi. Shu sababli unga erishish yoʻlini topish, bilim olishga xizmat qiluvchi mexanizmlarni ishlab chiqishga intilish insoniyat tarixining ajralmas qismidir. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, ushbu maqolada taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil qilishda kibermakon imkoniyatlari qay darajada muhim ahamiyat kasb etayotgani koʻrib chiqiladi.

Mavzu doirasida koʻplab ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Xususan, raqamli ommaviy axborot vositalari taʼsirida zamonaviy taʼlimdagi oʻzgarishlar tahlili, yaʼni axborotni tushunishga qaratilgan yangi yondashuvlarning kirib kelayotganini koʻrsatuvchi tadqiqotlar (Gálik, S. (2017), taʼlimni tarbiyaga bogʻlab tashkillashtirish zarurligi, kibermakon ustuvor boʻlib borayotgan bugungi dunyoda undan boshqa variant yoʻqligini asoslovchi ilmiy-nazariy xulosalar (Sadeghi S.H. 2019.)ni keltirib oʻtish mumkin. Ammo bu kabi tadqiqotlarda taʼlim va tarbiya jarayonini tashkillashtirishda kibermakon imkoniyatlarini ochib beruvchi omillar ijtimoiy-falsafiy yondashuvda ishlab chiqilmagan.

Taʼlim-tarbiya tizimi taraqqiyotiga kibermakon taʼsir doirasi analiz va sintez metodi asosida tahlil etilib, ular oʻrtasidagi institutsional tizim samaradorligiga olib boruvchi korrelyatsion aloqadorlik koeffitsenti oddiylikdan umumiylikga qarab oʻtish qonuniyati orqali ochib berilgan.

XX asrning ikkinchi yarmidan tezlashgan, XXI asr taraqqiyotidagi drayver sifatida maydonga chiqqan “internet” fenomeni, oʻzidan koʻplab “tarixiy izlar” qoldirmoqda. Shulardan biri kibermakondir. Kibermakon tarixiy rivojlanish natijasi boʻlib, barcha sohalar singari taʼlim-tarbiya tizimiga ham taʼsirini oʻtkazdi. Yaʼni internetning kengayishi taʼlim olish yoʻlidagi geografik toʻsiqlarni yoʻqqa chiqardi. Xususan, 1990-yillarga kelib internetning paydo boʻlishi bilan kompyuterga asoslangan yangi taʼlim shakli paydo boʻldi.  “Virtual taʼlim”[3:122] deb nomlanuvchi maxsus tizimda taʼlim va tarbiya integratsiyasi kibermakonga bogʻlandi. Bu obʼyektiv jarayon natijasi oʻlaroq, koʻplab virtual taʼlim imkoniyatlarini ochishga qaratilgan konsepsiyalarni yuzaga keltirdi. Quyida kibermakon omili bilan bogʻliq ayrim ilmiy-amaliy tadqiqot natijalarini koʻrib chiqamiz:

Norvegiyalik professor Stale Angen Rye nazariyasida:
−  global onlayn taʼlimning “taʼlim sifati”ga taʼsiri va uning xalqaro rivojlanish darajasidagi konteksti oʻrganiladi;
− oliy taʼlimning magistr yoʻnalishida onlayn taʼlimni qoʻllash effekti va uni qamrab olish geografiyasi koʻrib chiqiladi;
− global onlayn taʼlimni oliy taʼlim standartlari, xalqaro rivojlanish darajasi, iqtisodiy foydalilik koʻrsatkichi empirik isbotlanadi;
− onlayn taʼlim samaradorligini aniqlash boʻyicha olib borilgan ilmiy tadqiqotning empirik qismi Yevropa va Afrikadan kelgan talabalar ishtirokidagi “Internetga asoslangan magistrlik dasturi” misolida koʻrib chiqilgan [5:6-14].

Bolgariyalik olimlar (S.N.Stoyanov, T.A.Glushkova, A.G.Stoyanova-Doycheva, I.K.Krasteva) tomonidan DeLC (Tarqatilgan elektron taʼlim markazi) joriy etildi. Tadqiqotchilar VES (Virtual taʼlim maydoni) nomli elektron taʼlim dasturini ishlab chiqdi. VESni yaratishda Plovdiv universitetining matematika va informatika fakultetida aralash va mustaqil taʼlim oluvchi talabalar, tajriba obʼyekti sifatida tanlandi.

Bolgariyalik olimlar taqdim etgan konsepsiya mazmun-mohiyatiga koʻra ViPS turli domenlarga moslashtirilishi kerak. VES − bu taʼlimga ViPS moslashuvi. Bu tizim mustaqil, aralash, umrbod va inklyuziv taʼlim kabi elektron oʻqitishning turli shakllarini oʻziga qamrab oladi.

Yuqorida keltirilgan konsepsiyada keltirib oʻtilgan ViPS loyihasi joriy domen uchun muhim boʻlgan real obʼyektlarning virtualizatsiyasini taʼminlashi kerak. Shu jihatdan loyihada virtual dunyoda real jismoniy dunyoning mohiyatini aks ettirish maqsad qilinadi. Unda jarayonlar, foydalanuvchilar, obʼyektlar va ular oʻrtasidagi oʻzaro taʼsir dinamik ravishda shaxsiylashtirilgan va kontekstdan xabardor tarzda amalga oshiriladi. Ushbu virtualizatsiya jarayonida tegishli raqamli taqdimotlar ikki qismda olib boriladi. Birinchisida, jismoniy obʼyektlarning muhim oʻziga xos atributlari modeli koʻrilsa, ikkinchisida obʼyekt uchun baʼzi qoʻshimcha atributlar modeli, yaʼni uning jismoniy makondagi hodisalar, vaqt, makon va joylashuv sifatida mavjudligini tavsiflaydi [6:47-54].

Rowan University (AQSH) olimlaridan Anna Sun va Xiufang Chenlar kibermakon globallashuvi davrida taʼlim integratsiyasi istiqbollarini prognoz qilib, onlayn taʼlim samaradorligini asoslashga qaratilgan ilmiy-nazariy tadqiqot olib bordi. Ular sifatli kontent tahlili yondashuvidan foydalangan holda, onlayn oʻqitish birinchi navbatda nazariyalar, amaliyotlar va baholashning funksionallashuvini taqozo etishini isbotladi [7:157-190]. Tadqiqotchilar xulosasiga koʻra, onlayn taʼlim zamon talabi, ammo uni virtuallashtirish, shaxslararo integratsiyani hosil qilishda koʻplab mexanizmlar bir vaqtda ishlashi kerak. Masalan, onlayn taʼlimda oʻqituvchilar va talabalar mavzular va tajribalar boʻyicha maʼlumotni sintez qilsa, sezilarli darajalariga koʻra farq qiladigan nuqtasini topishi, uni tanqidiy baholashi, taʼlim oʻzgaruvchanligi bogʻlab amalga oshirishi kerak [1].

“Bizga masofaviy taʼlim nima uchun kerak?” savoli doirasida tadqiqot olib borgan Moore va Kearsley uning quyidagi sabablarini aniqladi: 1) masofaviy taʼlimda ilm olishdagi tenglik masalasida imkoniyatlar oshadi; 2) virtual taʼlim beruvchi subʼyektlar (professor-oʻqituvchilar)ga boʻlgan talabni qondirish, ular orasidan malakalilarini ajratib olish imkoniyatini yaratadi; 3) taʼlim berish resurslarining iqtisodiy samaradorligini oshirishga erishiladi; 4) mavjud taʼlim tuzilmalarini modernizatsiya qilib borishga sharoit yaratiladi va natijada sifat oʻzgarishlariga erishiladi; 5) taʼlimda tizim salohiyati oshadi; 6) yoshlar oʻrtasidagi tengsizlik muvozanatini yoʻqotishga erishiladi; 7) muayyan maqsadli auditoriyaga taʼlim komponentlarini oshirib borish imkoniyati paydo boʻladi; 8) maqsadli yoʻnalishlar uchun favqulodda treninglar oʻtkazishga sharoit yaratiladi; 9) yangi fanlar boʻyicha taʼlim imkoniyatlarini kengaytirishga erishish mumkin; 10) taʼlimni ish va oilaviy hayot bilan uygʻunlashtirish mumkin; 11) taʼlim tajribasiga xalqaro tajribani integratsiyalashga olib keladi [4].

Nazarimizda Anna Munoz, Victor Lopez-Cabrera, Katty Lagos-Ortiz kabi tadqiqotchilar tomonidan ishlab chiqilgan “Virtual taʼlimni boshqarish” konsepsiyasi kibermakonda onlayn taʼlimni tashkillashtirish, boshqarish va nazorat qilish mexanizmida bir qator qulaylik yaratadi. Ulardan quyidagilarni keltirib oʻtishimiz mumkin:
birinchidan, onlayn taʼlim − oliy taʼlim muassasalari uchun qulay va yangi bozorlarni ochish uchun potensial imkoniyat yaratadi;
ikkinchidan, bu tizim orqali koʻplab oʻquvchilar ish, oʻqish va oilaviy masʼuliyatida muvozanatlashtirilgan, moslashuvchan tizim vujudga keladi;
uchinchidan, universitetlarning onlayn dasturlari tomonidan qoʻllanadigan turli texnologiyalarni rivojlantirishda keng imkoniyat yaratiladi;
toʻrtinchidan, onlayn muhitdagi anonimlik tabiati yoʻqolib, oflayn darslarga borishni istamaydigan talabalarga − onlayn taʼlimda qatnashish imkoni beriladi;

beshinchidan, onlayn taʼlim orqali yangilangan texnologiyalar, dasturiy taʼminot resurslari oʻqituvchilar, talabalar va universitet maʼmurlariga onlayn tajribalari boʻyicha maʼlumot va fikr-mulohazalarni toʻplash imkonini beradi. Bu boradagi fikrlarimizni  Bell va Fedeman tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalari ham tasdiqlaydi [2:165-185].

Yuqorida keltirilgan tadqiqot natijalaridan kelib chiqqan holda kibermakon omilida “onlayn taʼlim” imkoniyatlarini tadrijiy taraqqiyotga bogʻlash zarurati quyidagi kriteriyalarga bogʻliq deb hisoblaymiz:

  1. Onlayn taʼlimda talabalar auditoriyasini qamrab olish orqali iqtisodiy xarajatlarni kamaytirish, talabalar orasidagi tabaqalanish, tengsizlik, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga xizmat koʻrsatish qulayligi boʻyicha koʻplab sharoitga ega ekaniga qaramasdan, hanuz hal etilishi lozim boʻlgan muammolar mavjud. Xususan, onlayn taʼlimda talabaning vaqt yuqotishini bartaraf etish masalasi ochiq qolmoqda. Yaʼni talabalar oflayn taʼlimga nisbatan onlayn materiallarni oʻrganishga koʻproq vaqt sarflamoqda.
  2. Onlayn taʼlimda qitʼalararo integratsiya muhim omil boʻlib, uni toʻgʻri tashkillashtirish, boshqarish va nazorat qilish dolzarb hisoblanadi. Chunki virtual jarayon qanday formatda kechishidan qatʼi nazar, talaba yoshlarning har biri bilan oʻzaro aloqa oʻrnatish, kibermakon vositalari (masalan, internet) samaradorligini taʼminlash zarurligi kun tartibiga chiqaveradi.
  3. Kiber taʼlim integratsiyasida funksionallashuv tendensiyasi oshib bormoqda. Bu oʻz navbatida ijtimoiy hayot elementlari orasida virtuallashuv jarayonlarini tezlashishiga olib keladi. Inson omili chekinib, virtual ong darajasi oshadi.
  4. Onlayn taʼlim platformalarini texnik va texnologik jihatdan takomillashtirish kerak. Chunki virtual muloqotning bugungi webinar.ru, zoom, skype kabi platformalarga eʼtibor qaratsak, texnik uzilishlar, mega kuchlanish tezligining pastligi, trafik, yaʼni moliyaviy xarajatlarning koʻpligi va sifat koʻrsatkichlarining qoniqarsizligi koʻzga tashlanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Allen I.E., & Seaman J. (2013). Changing course: Ten years of tracing online education in the United States. – San-Francisco: CA: Babson Survey research group and quahog research group LLC.
  2. Bell B.S., Fedeman J.E. (2013). E-learning in postsecondary education. The future of children. №23 (1). − P. 165-185.
  3. Laguardia J., Casanova A., Machado R.A. experiência de aprendizagem on-line em um curso de qualificação profissional em saúde. Trab Educ Saúde, 2010. №8 (1). − P. 97-122.
  4. Moore M., Kearsley G. (2012). Distance education: A systems view of online learning (3rd ed.). Belmont CA: Wadsworth.
  5. Rye S.A. The educational space of global online higher education//Geoforum. №15. 2014. – P. 6-14.
  6. Stoyanov S.N., Glushkova T.A., Stoyanova-Doycheva A.G., Krasteva I.K. The virtual education space: Concept, architecture, application// Informatics and education. №9. Volume: 36 (9), 2021. − P. 47-54.
  7. Sun A., Chen X. Online education and its effective practice: A research review // Journal of information technology education. №15. 2016. – P. 157-190.
SOHIBA YAZDONOVA,
Samarqand davlat universiteti dotsenti

Check Also

SAMARQANDDAGI BOGʻI SHAMOL JANGI

Maʼlumki, Shayboniylar sulolasining qudratli vakili Abdullaxon II ning 1598-yilda toʻsatdan vafot etishi [3:6] ushbu sulola …