Buyuk muhaddis Imom Buxoriyning shoh asarida ijtimoiy hayotning barcha jabhalariga oid hadislar mavjud. Jamiyat ravnaqi va osoyishtaligining eng old omillaridan biri tinchlik, totuvlik, bagʻrikenglik hisoblanishini hech kim inkor etmasa kerak.
Bu xususda “Sahihul Buxoriy”dan qanday saboq olish mumkin? Savolga quyidagi rivoyat bilan javob beramiz.
Ahnaf ibn Qays roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Abu Bakra aytdi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Ikki musulmon bir-biriga qilich oʻqtalsa, qotil (oʻldirgan) ham, maqtul (oʻldirilgan) ham jahannamdadir”, deganlarini eshitganman. Shunda: “Ey Allohning Rasuli, mana bu-ku qotil, maqtulning aybi nima?” dedim. “Chunki u ham sherigini oʻldirmoqchi boʻlgan edi”, dedilar”[1].
Biz bu oʻrinda hadisning sharʼiy, fiqhiy yo aqidaviy jihatlariga toʻxtalmaymiz. Chunki, ilm ahliga maʼlum boʻlgan sharhlar bisyor. Faqat bugungi kun nuqtayi nazaridan ayrim xulosalarni bayon etamiz.
Ikki kishi bir-biriga dushmanlik qiladigan boʻlsa, oqibati otash ekan. Yaʼni, ikkisining ham erishadigan natijasi yaxshi emas.
Xoʻsh, nima uchun shunday?
Qotil – oʻz nomi bilan qotil. Islom bir kishini oʻldirgan insonning aybini butun bashariyatni oʻldirgannikiga tenglashtiradi. Shuning uchun uning gunohi uchun dunyoviy sudda ham, shariatda ham jazo muqarrar.
Lekin maqtul ham pok-pokiza emas ekan. Negaki, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “U ham sherigini oʻldirmoqchi boʻlgan edi”, deyaptilar. Yaʼni, u magʻlub boʻlib, qazo topmaganida, albatta, raqibining jonini olgan boʻlar edi.
Hammamiz affekt holatini bilamiz. Jahl kelganda, aql qochadi. Gʻazab otini mingan odam qarshisidagi kishiga imkon qadar koʻproq ozor berishga intiladi. Lekin, garchi, qoʻli baland kelmagani uchun maqtul boʻlsa ham, koʻnglidagi niyati yoʻqolmaydi.
Hadislar insonlarni har qanday yomonlikdan qaytaradi. Ushbu hadisda esa, qabih ishlarning eng kattalaridan boʻlgan qatl va urush qoralanmoqda. Inson – u xoh xudojoʻy boʻlsin, xoh xudosiz boʻlsin – birovga ozor yetkazishning oqibati hech qachon yaxshilikka olib bormasligini shu rivoyatdan bilib oladi.
Ushbu hadisni keltirishdan maqsad shuki, moʻmin-musulmon kishi hadisga doim amal qiladi, lekin xudosizlar undan toʻgʻri xulosa chiqarmaydi. Keltirilgan hadis yolgʻiz Tangri taolodan boshqa (Koinot, hamma narsani qamrab olgan Buyuk ilm, yoki yana boshqa nimadir)ga ishonganlarni yo umuman hech kimga ishonmaydigan dahriylarni bu gunohdan qaytaradi.
Biz shu maʼnodagi hadislarni aytish orqali odamlarni bir-birini oʻldirish emas, balki bir-biriga ozgina boʻlsa ham ozor yetkazishdan qaytargan boʻlamiz. Jamiyat shu bilan osoyish topadi, ijtimoiy hayot shu bilan barqaror va osuda boʻladi.
Tinchlikparvarlikning asosiy gʻoyasi shundan iborat emasmi!