Home / HADIS / KECHASI UYQUGA YOTISHDAN OLDIN BAJARISH LOZIM BOʻLGAN AMALLAR

KECHASI UYQUGA YOTISHDAN OLDIN BAJARISH LOZIM BOʻLGAN AMALLAR

Inson hayotida har doim bajarishi kerak boʻlgan ishlar borki, baʼzan odamlar bunga eʼtibor bermaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadisi sharifda ulardan beshtasiga alohida urgʻu berganlar.

عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدُ اللهِ قَالَ: قَالَ رَسَولُ اللهِ صلى الله عليه و سلم: «إِيَّاكُمْ وَالسَّمَرَ بَعْدَ هُدُوءِ اللَّيْلِ، فَإِنَّ أّحَدَكُمْ لا يَدْرِي مَا يَبُثُّ اللهُ مِنْ خَلْقِهِ. غَلِّقُوا الأَبْوَابَ، وَأَوْكِئُوا السِّقَاءَ، وَأَكْفِئُوا الإِنَاءَ، وَأَطْفِئُوا المَصَابِيحَ[1].

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kechasi sokinlik boʻlgandan soʻng gaplashib oʻtirishdan saqlaning. Chunki qorongʻida Alloh maxluqlaridan qay birini tarqatishini hech biringiz bilmaysiz. Eshiklarni berkiting, meshlarning ogʻzini bogʻlang, idishlarning ustini yoping, chiroqlarni oʻchiring”, dedilar”.

Hadisni rivoyat qilgan sahoba Jobir ibn Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu boʻlib, kunyasi Abu Abdulloh va Abu Abdurahmondir.

Otasi Abdulloh ibn Amr ibn Harom ibn Saʼlaba Xazrajiy Ansoriy ikkinchi Aqoba bayʼatida islomni qabul qilgan. Bu paytda Jobir ibn Abdulloh yosh yigitcha boʻlgan. U ham otasi bilan birga Aqobada qatnashib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bayʼat qilgan[2].

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan 1540 ta hadis rivoyat qilgan. Shundan, 1510 ta hadis “Sahihul Buxoriy” va “Sahihul Muslim”da keltirilgan.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu 603-yilda tugʻilib, 694-yili Madinada vafot etgan. Manbalarda u kishini Madinada vafot etgan sahobalarning oxirgisi ekani qayd etilgan.

Sharh. Kechasi sokinlik boʻlgandan soʻng gaplashib oʻtirishdan saqlaning. Arab tilida kechasi gaplashib oʻtirishni “سمر” “samr” deyiladi. Ammo ulamolar ushbu soʻzni xattotlar notoʻgʻri yozgan boʻlsa kerak, chunki dinimiz tamoyillarida kechasi gaplashib oʻtirish hech qoralanmagan, degan.

Bir guruh ulamolar ushbu soʻz aslida “سير” “sayr” boʻlsa kerak, degan. Shunda jumlaning maʼnosi umumiy maʼnoga toʻgʻri keladi. Haqiqatan ham, kechasi sokinlik hukm surgandan keyin koʻchalarni aylanib, daydib yurishning foydasi yoʻq. Bunday yurishlardan saqlanish kerak. Aks holda biror zarar yetishi turgan gap. Shunga asosan hadisdagi “سمر” “samr” soʻzini kechasi gaplashib oʻtirishni emas balki “سير” “sayr”, yaʼni kechasi sayr qilish desak maqsadga muvofiq boʻladi.

Eshiklarni berkiting. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ushbu hadis orqali ummatlariga “Eshiklarni berkiting” deb buyurganlar. Ushbu amrga itoat qilib, hamisha eshikni berkitib qoʻyishda uy egasi uchun koʻplab foydalar bor.

Aslida, eshik nima uchun quriladi? Albatta, berkitib qoʻyish uchun quriladi. Eshik berkitilmasa, uyga turli zararli hasharotlar, hayvonlar kirib, uy egalariga zarar yetkazishi, uyga oʻgʻri kirishi yoki begona va nomahram kishilarning nazari tushishi mumkin. Agar, eshik berk tursa, bu kabi koʻngilsiz holatlarning oldi olinadi.

Meshlarning ogʻzini bogʻlang. Bu yerda ichimlik va taom saqlanadigan idishlar – mesh, qop, sanoch singari ogʻzi ip bilan bogʻlanadigan idishlar nazarda tutilmoqda. Chunki ularning ogʻzi bogʻlanmasa, ichiga turli zararli narsalar tushishi, hasharot va jonivorlar kirishi natijasida inson isteʼmoli uchun kerak boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklarga zarar yetishi yoki yaroqsiz boʻlishi mumkin. Ushbu hadisga amal qilib, ularning ogʻzi bogʻlab qoʻyilsa, albatta koʻpgina zararning oldi olinadi.

Idishlarning ustini yoping. Bu yerda ichimlik va oziq-ovqat mahsulotlari saqlanadigan yoki ovqat pishiriladigan idishlar – bochka, chelak (paqir), yashik va qozon kabi usti qopqoq bilan yopiladigan narsalar nazarda tutilmoqda. Agar ularning usti qopqoq bilan yopib qoʻyilmasa, idishga yoki ularda saqlanayotgan taom va mahsulotlarga zarar yetishi mumkin.

Demak, oziq-ovqat va ichimlik turadigan idish ustini yopib qoʻyish maqsadga muvofiqdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ishning muhimligini alohida taʼkidlab, boshqa bir hadisda:

“Agar biringiz hech narsa topa olmasa, idishining ustiga bir choʻpni koʻndalang qoʻyib, Allohning ismini zikr qilib qoʻysin”, deganlar[3].

Ulamolarimiz ushbu jumlani tushuntirish uchun yozgan sharhlarida: choʻp sabab boʻladi, xolos. Qoʻrishni Allohning ismi yuzaga chiqaradi, degan.

Ushbu hadisga amal qilib idishi usti yopib qoʻyilsa, unda saqlanayotgan taom yoki ichimlikka turli zararli va shubhali narsalar tushib qolishining oldi olinadi.

Chiroqlarni oʻchiring. Kechasi zaruratsiz chiroqni oʻchirmay yotganda qisqa tutashuv, qizish, sichqonlar sim qobigʻini kemirishi oqibatida yongʻin chiqishi mumkin. Hech boʻlmaganda, kechasi bilan chiroqni behuda yoqib qoʻyish natijasida oila iqtisodiga zarar yetadi.

Uy egasi kechqurun yotishdan oldin chiroqlarni oʻchirib qoʻyish orqali, oila-aʼzolarini turli koʻngilsizliklardan, oila iqtisodini esa zarardan himoya qiladi. Eng muhimi kimki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuqoridagi koʻrsatmalariga itoat qilsa, behisob ajru savobga ega boʻladi.

[1] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Adabul mufrad. –Qohira, 1423/2003. –B. 551.
[2] Shamsiddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. Siyaru aʼlamin nubola. J. 3. Mavsusatur risola, 1985. –B. 190.
[3] Qarang: Kutubus sitta. Abulhusayn Muslim ibn Hajjoj ibn Muslim Qushayriy. Sahihu Muslim. –Riyod. Maktabatu Dorssalom. 2008. –B.1038. 96 [5246]-hadis.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

BARAKA KATTALARIMIZ BILAN BIRGADIR

(Bir hadis sharhi) Ezgulikka ishtiyoqmand boʻlish va saʼy-harakat qilish yaxshi xislatlardan hisoblanadi. Xayru barakaga erishish …