Hadis ilmi paydo boʻlgan davrdan boshlab muhaddislar ilm talabida oʻzga yurtlarga safar qila boshlagan. Bu jarayon Samarqandga hadis ilmi kirib kelishi va rivojlanishi uchun asosiy omil boʻlib xizmat qilgan. Tarixchilar bu mintaqaga birinchilar qatorida kirib kelgan sahoba va tobeinlarni mintaqadagi ilk muhaddislar qatorida tilga olgan.
Abu Usmon Said ibn Usmon ibn Affon Movarounnahrga birinchilardan boʻlib kelgan. Samarqandni fath etishda Xurosondan Abu Jaʼfar Qusam ibn Abbos kelib, unga hamroh boʻlgan. Manbalarda ular bu hududga hadislarni olib kelgan kishilar sifatida keltirilgan.
Abu Jaʼfar Qusam ibn Abbos Samarqandda vafot etgan va shu yerda dafn etilgan. Uning qabri yoniga keyinchalik xalq orasida alohida hurmatga sazovor boʻlgan kishilar dafn etilgan. Jumladan, Samarqandda yashagan Tohir ibn Yunus Foniy, Qodirxon davrida xatiblik qilgan Abu Muhammad Abdurahmon ibn Yahyo Jikiliy, Umar ibn Muhammad Xabboz kabi muhaddislar qabrlari Qusam ibn Abbos maqbarasi atrofidan joy olgan. Shu joyda Qusam ibn Abbos madrasasiga asos solingan va u keyinchalik hadis ilmi boʻyicha muhim markazlardan biriga aylangan.
Darhaqiqat, Samarqandga hadis ilmining kirib kelishi shaharda muqim yashay boshlagan arab-musulmon jamoasi bilan bevosita bogʻliq. Abu Hafs Nasafiy oʻzining “Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand” asarida Samarqandga kelgan va muhaddislik faoliyatini olib borgan kishilar haqida xabar bergan. Bundan kelib chiqadiki, hadis ilmining mintaqaga kirib kelishida tashqi aloqalarning oʻrni katta boʻlgan. Bu yerdagi muhaddislarning koʻpchiligi hadis ilmida samarali ilmiy faoliyat olib borgan. Natijada, Samarqanddan buyuk muhaddislar yetishib chiqqan.
Samarqandda mavjud boʻlgan hadis maktablariga ilm talabida turli oʻlkalardan olim va talabalar kelgan. Bu yerdagi hadis ilmi rivoji tarixiga nazar solinsa, ushbu jarayon ancha oldin boshlanganini koʻrishimiz mumkin. Manbalarda hadis ilmining ilk namoyandalari sifatida Abu Muqotil Samarqandiy, uning shogirdi Abu Bakr Ahmad ibn Nasr Atakiy va uning ikki oʻgʻli – Salim ibn Hafs va Umar ibn Hafs alohida tilga olingan. Abu Muqotil Samarqandiyning nevara kuyovi Solim ibn Gʻolib ham Samarqanddagi hadis ilmiga oʻz hissasini qoʻshgan muhaddislardan boʻlgan.
Abu Muqotil Samarqandiy ilm talabida juda koʻp safar qilgan, ustoz, doʻst va shogirdlar orttirgan. Abu Muqotil Samarqandiyning ikki farzandi va nevara kuyovi olimdan hadis rivoyat qilgani uning muhaddislar bobokaloni boʻlganini koʻrsatadi.
Manbalarda Abu Muqotil Samarqandiyning oʻndan ortiq ustozlari va yigirmaga yaqin movarounnahrlik shogirdlari haqida maʼlumot berilgan. Ustozlari orasida Basra va Balx maktablarini koʻrgan, keyinchalik Samarqandga kelgan, Imom Buxoriy tomonidan “siqa” (ishonchli muhaddis) deb eʼtirof etilgan Abu Sahl Kasir ibn Ziyod ham bor edi.
Imom Dorimiy nomi bilan mashhur Hofiz Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdusamad Dorimiy Samarqandiy yurtimizdan chiqqan ilk yirik muhaddislardan biridir. Alloma toʻqqiz sahih hadis toʻplami sirasiga kiradigan “Musnad” asarini taʼlif etgan. Ulamolar bu toʻplamni “Sunani Dorimiy” deb nomlagan.
Imom Dorimiy 181/797-yili Samarqand shahrida dunyoga kelgan. Yoshligidayoq Qurʼoni karimni toʻliq yod olgan, movarounnahrlik muhaddislardan hadis oʻrgangan. U ilm talabida islom olamining barcha yirik ilmiy markazlarini aylanib chiqqan. Jumladan, Bagʻdod, Shom, Hijoz va Misrdagi ulamolardan hadis tinglagan.
Imom Dorimiy faqat Samarqandda emas, balki butun islom olamida hadis ilmi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan olim sifatida katta shuhrat qozongan. Muhaddis oʻzidan keyin Muslim ibn Hajjoj va Abu Iso Termiziy kabi hadis ilmida peshqadam boʻlgan shogirdlarni qoldirgan.
Oʻsha davrda ulamo va muhaddislar Imom Dorimiydan hadis tinglash uchun Samarqandga kelgan. Chunki bu davrda Samarqandda hadis ilmi rivojlangan va koʻplab muhaddislar ilmiy faoliyat olib borgan.
Samarqandda hadis ilmi rivojlangani va koʻplab muhaddislarning bu yerda jam boʻlgani haqidagi fikrimizni quyidagi maʼlumot ham tasdiqlaydi.
Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy bunday deydi: “Men Sulaym ibn Mujohiddan eshitdim. U: “Men Abul Azhardan eshitganman”, dedi. Abul Azhar: “Samarqandda toʻrt yuzta muhaddis yetti kun toʻplanib, Muhammad ibn Ismoil Buxoriyni adashtirishga harakat qildi. Shom sanadini Iroq sanadiga, Iroq sanadini Shom sanadiga, Yaman sanadini Haramayn (Makka va Madina) sanadiga va Haramayn (Makka va Madina) sanadini Yaman sanadiga almashtirdilar. Ular Imom Buxoriyni sanadda ham, matnda ham biror xato bilan toʻxtata olmadi”, degan edi”. Imom Buxoriy Samarqandga kelgan vaqtda bu shaharda allomani imtihon qilib, unga tenglasha oladigan yoki bunga harakat qilgan toʻrt yuz muhaddis istiqomat qilgan. Shuning oʻzi ham bu joyda hadis ilmi rivojlanganiga misol boʻladi.
Qutayba ibn Saʼd: “Agar Termizga borsangiz, Ahmad ibn Hasandan, Keshga borsangiz, Abd ibn Humayd Keshiydan, Samarqandga borsangiz, Abdulloh ibn Abdurahmondan va Shoshga borsangiz, Abdulloh ibn Abu Arobadan hadis eshiting, yaʼni ular aytgan hadislarni mahkam tuting”, degan.
Ushbu maʼlumot ham Samarqandning oʻsha davrdagi ilm-maʼrifat markaziga aylanganiga yorqin dalildir. Bu shaharda faoliyat yuritgan hadis maktablaridan koʻplab mashhur muhaddislar yetishib chiqqan. Demak, Samarqand oʻsha davrda ilm-maʼrifat markazi boʻlgan.
“Kitobul ansob” asarida Samarqanddagi hadis maktablari haqida: “IX-X asrda Samarqand viloyatlaridan biri Ishtixon shahrida Ahmad ibn Hishom Navqadakiy va Dovud ibn Amr Rustugʻfariy hadis maktablari oʻz faoliyatini olib borgan”, deb keltirilgan.
Yuqoridagi maʼlumotlarga quyidagilarni xulosa qilishimiz mumkin:
- Oʻrta asrlarda Samarqandda oʻziga xos hadis maktabiga asos solinib, hadislar matni, sanadi va roviylari tarixi chuqur oʻrganilgan. Shu sabab, bu shaharda hadis ilmi keng rivojlangan. Natijada koʻplab muhaddis, mufassir, faqih va mutafakkirlar yetishib chiqib, dunyo ilm-fani ravnaqiga katta hissa qoʻshgan.
– Imom Buxoriy Samarqandga kelganida, shahardagi toʻrt yuz muhaddis yetti kun davomida uni imtihon qilgan. Demak, oʻsha davrda bu shaharda buyuk muhaddis bilan tenglashish salohiyatiga ega boʻlgan yoki shunga harakat qilgan toʻrt yuz muhaddis istiqomat qilgan. Bunday muhaddislarning yetishib chiqishi Samarqandda hadis ilmi gullab-yashnaganini bildiradi.