Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 29-may kuni Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Samarqand Davlat universiteti va Avstriya Fanlar akademiyasi huzuridagi Eronshunoslik instituti hamkorligida “Moʻgʻullar va temuriylar davriga oid Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalari (XIII-XV asrlar)” mavzusida xalqaro konferensiya boshlandi.
Anjuman ishida Oʻzbekiston va Avstriya, shuningdek, AQSH, Rossiya, Fransiya, Germaniya, Turkiya, Eron va Tojikiston olimlari, qoʻlyozmalar sohasining yetuk mutaxassislari, tadqiqotchilar ishtirok etmoqda.
Konferensiyaning birinchi kuni ishtirokchilar “Markaziy Osiyo qoʻlyozmalari hoshiyalarida soʻfiylik alomatlari”, “Markaziy Osiyo qoʻlyozmalarining kutubxonalari va kolleksiyalari”, “Markaziy Osiyo qoʻlyozmalarida huquq va taʼlim”, “Markaziy Osiyo qoʻlyozmalari moddiyati” kabi shoʻbalarda ish olib borib, mavzular doirasidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi.
Mutaxassislarning fikricha, ayniqsa moʻgʻullar davriga oid qoʻlyozmalar nisbatan kam oʻrganilgan boʻlib, hozirgi vaqtda ularni tarixning navbatdagi tadrijiy bosqichlariga taalluqli manbalar bilan qiyoslagan holda tadqiq etishga kuchli ehtiyoj sezilmoqda. Mintaqamizda koʻchirilgan qoʻlyozmalar oʻziga xosligi, boshqa oʻlkalarga oid manbalardan farqli jihatlari bilan anchadan buyon nafaqat mahalliy, balki xorijlik mutaxassislar eʼtiborini ham jalb etib kelmoqda.
Konferensiyada ushbu soha boʻyicha Oʻzbekistondagi va xorijdagi ilmiy muassasalarda, xalqaro tuzilmalarda olib borilayotgan tadqiqotlar yuzasidan ham muhim mulohazalar bildirilib, bu borada kelajakda hamkorlikda bajarilishi mumkin boʻlgan ishlar muhokama qilindi.
Anjuman 30-may kuni ishini davom ettiradi.