Bir necha asrlardan buyon mufassirlar uchun asosiy manbalardan biri boʻlib kelayotgan “At-Taysir fit tafsir” kitobi tadqiqotchilar eʼtiborini oʻziga jalb etib kelmoqda. U yozilish uslubining oʻziga xosligi, maʼnolarning aniq-ravshanligi, dalillarning kuchliligi, fasohat va balogʻatning boshqa tafsirlarda uchramaydigan usullarini mujassam etgani bilan ajralib turadi.
Asarda Qurʼoni karimning yetti xil qiroati, suralarning fazilatlari, oyatlarning nozil boʻlish sabablari, grammatik tahlillari, nosix va mansuxligi, boshqa ahamiyatli jihatlariga, ayrim oʻrinlarda tasavvufiy taʼvillarga alohida eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, oyatlarni sharhlash jarayonida hadislardan, sahoba va tobeinlarning xabarlari, kalom va fiqh ilmining mashhur ulamolari va tariqat peshvolarining soʻzlari keng istifoda etilgan.
Mufassirning Qurʼoni karim oyatlarini sharhlash uslublari:
- Qurʼonni Qurʼonning oʻzi, yaʼni oyatlar oyatlar bilan tafsir qilingan.
- Oyatlar hadislar bilan tafsir qilingan.
- Oyatlar sahoba va tobeinlarning xabarlari bilan sharhlangan.
- Kalimalar arab diyorlarida mashhur boʻlgan shoirlarning sheʼrlari bilan ham tahlil qilingan.
- Ayrim soʻzlar toʻgʻri maʼnoni sobit qilish uchun grammatik tahlil qilingan. Masalan, “﴿بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ﴾ jumlasidagi ب harfi hazf qilingan feʼlga bogʻlangan. Taqdirdagi hazf qilingan feʼl qoʻshilsa, quyidagicha boʻldi: بسم الله أقرأ أو أتلو “Alloh nomi bilan qiroat qilaman yoki tilovat qilaman”. Chunki “tasmiya”dan keyin kelgan narsa qiroat qilingandir. Shuningdek, musofir toʻxtaganda va joʻnayotganda: “باسم الله والبركات”, deydi. Bu duoning maʼnosi “Alloh nomi bilan toʻxtayman va Alloh nomi bilan joʻnab ketaman” boʻladi”.
- Mufassir oyatlarga maʼno berishda ijtihodga qoʻl urib, muallifning oʻz fikrlari bilan taʼvil keltirgan.
- Koʻplab mufassir ulamolarning tafsirlaridan iqtiboslar keltirilib, ularga muallif fikrlari taʼvil bilan qoʻshimcha qilingan.
- Tafsir va taʼvilda yengil uslub tanlangan. Boshqa mufassirlar taʼvilga chuqur ketmagan.
- Qurʼoni karimni oʻz fikri bilan notoʻgʻri talqin qiluvchilarga raddiyalar berilgan.
- Suralar va ayrim oyatlarning fazilatlari haqida hadislar keltirilgan. Masalan, “Fotiha surasi hadis[1]ga koʻra va Qurʼoni karimdagi barcha maʼnolarni qamrab olgani uchun “Ummul Qurʼon” (Qurʼoni karimning onasi), “Suratul vofiya val kofiya” (Qurʼoni karimdagi maʼnolarni mufassal bayon qiluvchi va kifoya qiluvchi sura), “Fotihatul kitob Arsh konlaridan bir kondir” degan hadisi qudsiyga binoan, “Suratul kanz” (Xazina surasi), “Fotihatul kitob surasi oʻlimdan boshqa barcha dardga shifodir” hadisiga muvofiq, “Suratush shifo vash shofiya” (Shifo beruvchi va shifobaxsh sura), har namozda takrorlangani uchun “Suratul masoniy” (Takrorlanuvchi sura), namozda “Fotiha” surasini qiroat qilish vojib yoki farz boʻladi” degan rivoyatga koʻra, “Suratus solat” (Namozda qiroat qilinadigan sura) va Qurʼoni karimning asosi boʻlgani uchun “Suratul hamd val asos” (Allohga hamd aytiladigan va Qurʼoni karimning asosi boʻlgan sura) degan nomlar bilan atalgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo: “Ogʻrib qolsangiz yoki shikoyatingiz boʻlsa, “Asos”ni lozim tuting (mahkam ushlang)”, degan.
- Oyatlar hanafiy mazhabiga koʻra tafsir qilingan. “﴿بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ﴾ Mehribon va Rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). Madina, Basra va Shom qorilari: “Basmala”[2] “Fotiha” surasidan ham emas va shuningdek, boshqa suralar oyati ham emas. U suralarni ajratish va tabarrukan boshlash uchun yoziladi”, degan. Bu Abu Hanifa va unga ergashganlar yoʻlidir. Shuning uchun ham ular nazdida “Basmala” namozda jahriy qiroat qilinmaydi.
- Adashgan oqimlarga raddiyalar berilgan.
- Har bir sura necha oyat, soʻz va harfdan tashkil topgani aytilgan.
- Tasavvufga oid taʼvillar ham bayon etilgan.
Ushbu tafsirni boshqalaridan ajratib turuvchi eng muhim jihatlardan yana biri shuki, undagi nafis iboralar va zikrni eslatib turuvchi taʼvillar odamni maʼnolar dengizining tubiga shoʻngʻitadi.
Muallif oʻzidan toʻlaligicha oldingi mufassirlarning yozganlariga tayanib qolmay, oʻzining chuqur bilimi, teran tafakkuri va kuchli tadqiqotchilik qobiliyatini ishga solgan. Jumladan, Qurʼondagi aqidaga oid masalalarni hanafiya-moturidiya taʼlimotiga asosan tafsir qilgan. Imon bilan solih amal birmi yoki bir emasmi, degan masala shular jumlasidandir. Bu xususda Nasafiy quyidagi oyatni dalil keltiradi:
﴿وَمَا أَمْوَالُكُمْ وَلَا أَوْلَادُكُمْ بِالَّتِي تُقَرِّبُكُمْ عِنْدَنَا زُلْفَى إِلَّا مَنْ آَمَنَ وَعَمِلَ صَالِحًا﴾
“Na mollaringiz va na farzandlaringiz sizlarni Bizning dargohimizga yaqin qiluvchi emasdir. Faqat imon keltirgan va solih amal qilgan zotlar bundan mustasnodir.”[3]
Eʼtiborga sazovor yana bir jihat: Abu Hafs Nasafiy “Taysir fit tafsir”da Qurʼoni karimning yuzta nomini alohida sanab, tafsir ilmida oʻziga xos uslubga asos solgan. Kitobni yozishda tafsirga oid koʻplab asarlardan, jumladan, yigirmaga yaqin mashhur hadis toʻplamidan foydalangan.
Asarning bugungi kundagi qimmatli jihatlaridan biri shuki, unda oʻsha davrdagi buzgʻunchi oqim va firqalarning notoʻgʻri talqinlari bayon qilinib, ularning qarashlariga ilmiy asoslangan raddiyalar berilgan. Shu jihatdan asarda hozirgi radikal toifalarning qarashlariga javob boʻladigan asosli dalillar mavjud. Masalan, muallif Baqara surasining 8-oyati tafsirida karromiylarga, 15-oyati tafsirida jabariy va qadariylarga, 24-oyati tafsirida moʻtazilalarga, 29-oyati tafsirida soxta tariqatchilarga, 34-oyati tafsirida jahmiylarga raddiya bergan[4].
Bundan tashqari, asarda ahli sunna val jamoa aqidasi mahkam tutilib, aqidaviy va fiqhiy oyatlar xalqimizning urf-odatlari, anʼana va qadriyatlariga mos boʻlgan moturidiylik taʼlimotiga, hanafiylik mazhabiga koʻra sharhlab berilgan.