Home / MAQOLALAR / “AT-TAYSIR FIT TAFSIR” ASARINING OʻZIGA XOSLIGI VA AHAMIYATI (1-qism)

“AT-TAYSIR FIT TAFSIR” ASARINING OʻZIGA XOSLIGI VA AHAMIYATI (1-qism)

Hozirgi kunda yurtimizda islom ilmlari tarixiga, hadisshunoslik va tafsir ilmiga qiziqish tobora oshmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda islom ilmlarining oltin davrini boshlab bergan asrlarni oʻrganishga keng imkoniyatlar ochilishi bilan bu ishtiyoq yanada kuchaymoqda. Bunday asarlar qatorida Movarounnahrda yashab ijod etgan yetuk alloma, faqih va mufassir, balogʻat va fasohat ilmi, tilshunoslik boʻyicha taniqli olimlardan biri – Abu Hafs Nasafiyning “At-Taysir fit tafsir”[1] (“Tafsir borasida yengillik”) kitobi alohida oʻrin tutadi.

Abu Hafs Nasafiy nomi bilan mashhur boʻlgan allomaning toʻliq ismi Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Ali ibn Luqmon Hanafiy Nasafiy Samarqandiydir. 461/1069-yilda Nasaf shahrida tavallud topgan. Fiqhda hanafiya mazhabida boʻlgani uchun hanafiy, Nasaf shahrida tugʻilgani bois Nasafiy nisbalarini olgan.

Jahon mamlakatlari fondlarida saqlanayotgan Abu Hafs Umar Nasafiy qalamiga mansub asarlarning qoʻlyozma nusxalari tadqiq qilinganda, alloma islom ilmlari, xususan, fiqh, aqida, tafsir, hadis, balogʻat va tasavvufga doir barcha kitoblarining mazmun-mohiyatini muxtasar shaklda “At-Taysir fit tafsir”da ifodalagani ayon boʻladi. Buni oʻsha davr olimlari ham eʼtirof etgan.

Mazkur asarning ayrim qoʻlyozma nusxalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar boʻlimining asosiy fondida R:3231, R:5265, R:3164, R:4789, R:3150, R:7124 va Turkiyaning Sulaymoniya kutubxonasida №10, №88 raqamlari ostida, shuningdek, Fayzulloh Afandi kutubxonasida saqlanmoqda.

“At-Taysir fit tafsir”ning qoʻlyozma nusxasi.

Asar boshi.

“At-Taysir fit tafsir”ning qoʻlyozma nusxasi.

Asar muqaddimasi.

“At-Taysir fit tafsir”ning qoʻlyozma nusxasi.

Asar oxiri.

Bu tafsir allomaning durdona asarlaridan biridir. U oʻz yoʻnalishi boʻyicha noyob kitob hisoblanadi. Gʻoyat qiziqarli va oʻziga xos maʼlumotlar toʻplami boʻlgan bu kitobda tafsir va taʼvilning koʻplab foydali usullari ochib berilgan.

Asarni mutolaa qilgan kishi muallif tafsir ilmida Zamaxshariy, Ibn Atiyya kabi imomlar va ularning tabaqasidan boʻlgan zamondosh ulamolardan oʻzib ketganining guvohi boʻladi. Ammo Nasafiy uni yozishda zamondosh mufassirlarning na kitoblaridan foydalangan va na ularning soʻzlariga tayangan.

Muallif faqat mufassir emas edi. Uning fiqh va boshqa sohalarga oid kitoblari Sharq va Gʻarbda mashhur boʻlgan. Nasafiy grammatika boʻyicha ham taniqli olim edi.

Shu bois u oʻz zamonasining manbalariga murojaat qilmagan. Aksincha, yuksak ilm va maʼrifati, noyob va ilgʻor fikr va gʻoyalari tufayli koʻplab mufassirlar va keyingi kelgan ulamolar uning yozganlaridan bahramand boʻlgan.

Bu omil asarning islom ilmlari rivojidagi oʻrnini qayta baholashga sabab boʻlmoqda. Bu esa tafsirning mazkur kitobdagi oʻziga xos jihatlarini ochib berish va unda ilgari surilgan gʻoyalarni chuqur tadqiq etib, maʼnaviy hayotga tatbiq qilishni taqozo etadi.

Muallif ushbu tafsirdan ikki maqsadni koʻzlagan.

Birinchisi, imon va taqvoni mustahkamlash. Asardagi vaʼzlar, hikmatlar, ilmiga amal qiladigan olimlar, samimiy va xolis zohidlarning iqtiboslari shundan dalolat beradi.

Ikkinchisi, insonning Qurʼoni karim boʻyicha ilmini uning tili va tahlili, tafsiri va talqini bilan boyitish. Bu omillarning aksariyati boshqa kitoblarda yoʻq va faqat shu tafsirning oʻzigagina xosdir. Shu sababli ham muallif uni “At-Taysir fit tafsir” deb nomlagan.

Asarning yozilish uslubiga qarab, oyatlar quyidagi ilmlarga asosan sharhlanganini koʻrish mumkin:
– Tilshunoslik bilimlari: grammatika, lugʻat, arab adabiyoti va sheʼriyati, maqollar, balogʻat va fasohat;
– diniy bilimlar: Qurʼon, hadis, aqida, fiqh, qiroat va tasavvuf;
– ijtimoiy va aniq fanlar: tarix, geografiya, hisob-kitob va hokazo;
– sura va oyatlarning nozil qilinish sabablari va fazilatlari;
– sahobalarning ismlari va sharhlanayotgan oyatlar tafsiri haqidagi soʻzlari;
– qiroatning yetti turi va mashhur qiroat qorilari nomlari;
– ayrim oyatlar haqida tasavvuf peshvolarining taʼvillari.

Demak, bu kitob, oʻz nomiga koʻra, oyatlar tafsirini oson, yengil va mukammal anglab yetishga xizmat qiladigan asardir.

Ulamolar Abu Hafs Nasafiy moturidiy taʼlimotining bevosita rivojlantiruvchisi va davomchisi boʻlib, oʻzining keng qamrovli fikrlari bilan Movarounnahrda adashgan oqimlar taʼsirini yoʻqqa chiqarib, ularning barham topishiga ulkan hissa qoʻshganini taʼkidlagan. Alloma ilmiy merosini chuqur oʻrganish turli qarashlarga sabab boʻlayotgan masalalarga javob topishda, adashgan firqalar, diniy ekstremizm va terrorizm gʻoyalariga raddiyalar berishda, ayniqsa, yosh avlodni buyuk ajdodlarimizga munosib tarzda, vatanparvarlik, ezgulik, mehr-oqibat va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda bugun ham ulkan ahamiyatga ega.

“At-Taysir fit tafsir” Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilinib, nashrga tayyorlanmoqda. Uni oʻrganish mintaqada qurʼonshunoslik va tafsir ilmi rivojiga ulkan hissa qoʻshadi, deb umid qilamiz.

[1] Yurtimizda va xorijiy fondlardagi qoʻlyozma nusxalari qiyosiy tahlil qilinganda, asar turlicha nomlar bilan atalgani aniqlandi. Ulardan eng koʻp qayd qilingani “At-Taysir fit tafsir”, “Taysirun fit tafsir” va “At-Taysir fi ilmit tafsir”dir.
 Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …