Maʼlumki, shariat ahkomlari din, jon, aql, nasl, mol-mulk muhofazasidan iborat. Mana shu beshtadan uchtasi inson salomatligiga taalluqli masalalarni qamragan: jon, aql va nasl muhofazasi. Islom shariati ahkomlarining beshdan uch qismi inson salomatligiga bagʻishlanganining oʻzi ham bu dinning naqadar umumbashariy ekanligini anglatadi.
Salomatlik va uning davomiyligini taʼminlash shubhasiz inson hayotidagi muhim omillardandir. Islom dinida inson sogʻligi masalasiga eʼtibor qaratilar ekan, kasallik boshlanmasdan oldinroq uning oldini olish zarurligi taʼkidlanadi. Uni keltirib chiqaruvchi omillar, inson jismi va maʼnaviyatiga zarar yetkazuvchi illatlardan muhofaza qilishga chaqiradi. Shuningdek, hayot ramzi boʻlgan suv tozaligini saqlash, sof havo va goʻzal iqlim garovi hisoblangan daraxtlarni behuda kesmaslikka buyurilgan.
Imom Buxoriy inson salomatligi va unga oid gigiyenik masalalarga alohida ahamiyat qaratib, ularni batafsil yoritishga harakat qilgan. “Sahihul Buxoriy” toʻplamiga 75 bobdan iborat “Tahorat kitobi”, 29 bobdan iborat “Gʻusl[1] kitobi”ni ham kiritgan. Muhaddis alloma keltirilgan bu hadislar orqali butun bashariyatni, eng avvalo, poklikka chaqirgan. Abu Hurayra roziyallohu anhu tomonidan rivoyat qilingan “Poklik imonning yarmidir” mazmunidagi mashhur hadisda inson mukammal imonga ega boʻlishi uchun avvalambor tozalik va ozodalikka qatʼiy amal qilishi shart ekani uqtirilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan boshqa bir hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Haftada bir marta badanni va boshni yuvib turish har bir moʻminga lozim” ekani zikr qilganlar. Shuningdek, yana bir hadisda Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatiga yengillik istaganlari sababidangina ularga “har tahoratda misvok tutishlarini” buyurmaganlari keltiriladi.
Paygʻambarimizning hadislarida aytilgan hayotiy koʻrsatmalarni zamonaviy ilmlar qatori bugungi kun tibbiyotida ham tan olinmoqda. Bu esa ularning beqiyos ahamiyatga ega ekanidan dalolat beradi.
Maʼlumki, islom inson maishiy hayotining eng mayda jihatlarigacha jiddiy eʼtibor qaratgan. Paygʻambarimiz gigiyena – sogʻlom turmush tarziga alohida urgʻu berib, aʼzolar pokligi inson salomatligining muhim omil ekanini taʼkidlaganlar. Shuningdek, tozalik fitratdan ekanligini taʼkidlab, hatto bu masalada muayyan muddat va vaqtlar ham aniq belgilanganini zikr qilganlar.[2] Maʼlumki, fitrat deganda poklik, asliyat, soflik nazarda tutiladi. Binobarin, har bir inson fitratda dunyoga keladi. Bu fitrat fitrat – islomdir.
Shu oʻrinda davr oʻtishi bilan ilm-fan taraqqiy etishi, turli vositalarning ham takomillashib borishini eʼtibordan qochirmaslik lozim. Hozirda turli koʻrinish va tarkibga ega zamonaviy tish tozalash vositalari misvok oʻrnini egalladi. Zamonaviy uslub va vositalar inson ogʻirini yengil qilishga qaratilgandir. Bundan toʻgʻri xulosa chiqargan holda jism pokligi, imon salomatligida qatʼiy boʻlish har bir moʻmin-musulmonning birinchi oʻrindagi vazifalaridan hisoblanadi.
“Sahihul Buxoriy”da kelgan “Oʻringa yotadigan boʻlsang, namozga tahorat olganingdek tahorat ol, keyin oʻng yoning bilan yot”[3] hadisi ham tengsiz hikmatga ega. Chunki inson tahorat olish bilan oʻzida kun davomida yigʻilgan maʼnaviy, jismoniy toliqish hamda charchoqdan xalos boʻladi va toʻliq quvvat bilan xotirjam uxlaydi. Shu tariqa tahorat insonning asabiy holda uxlashining oldini oladi. Chunki tahorat paytida inson tinchlanadi, yomon xayollar ketadi.
Tahoratning inson salomatligi uchun yana bir qancha foydalari bor. Koʻzni qayta-qayta yuvib turish traxoma kasalligidan saqlaydi. Ogʻiz, burunni chayib turush esa gripp va shunga oʻxshash yuqumli kasalliklardan himoya qiladi.
Imom Buxoriyning bu ikki mashhur asari – “Sahihul Buxoriy” va “al-Adab al-mufrad”da ushbu masalaga bagʻishlangan koʻplab hadislar keltirilgan. “Kim qoʻli (yuvilmasdan) yogʻli holda uxlab qolib, unga biror musibat yetsa, oʻzidan boshqani malomat qilmasin[4]”, “Kunduzning avvalida uxlash nuqson, oʻrtasida uxlash axloq, oxirida uxlash esa ahmoqlikdir” [5] hadislari shular jumlasidandir.
Jumladan, taom yegandan soʻng, qoʻlini yuvmasdan uxlash, kunning jazirama issiq vaqtida quyosh tigʻida oʻtirish, oʻz vaqtida dam olmaslik kishi salomatligiga salbiy taʼsir etuvchi omillardan ekanini Imom Buxoriyning mazkur hadis toʻplamida keltirilgan.
Poklik islom dini asosi boʻlgani uchun Risolat sohibi oʻz hadisi shariflarida kishilarni pok boʻlishga uyini, kiyimini, oshxona, xojatxona va atrofini toza tutishga, badanini, ayniqsa, bosh, qoʻl va tishini yuvib, tozalab yurishga undaganlar. Hatto, bu oʻrinda, inson bajariladigan oddiy kundalik vazifalarga oid odob-axloq qoidalari ham chetda qolmagan. Ana shunday vazifalardan biri hojat odobidir. Imom Buxoriy “Sahihul Buxoriy” hadis toʻplamining “Tahorat kitobi”da hojat va undan tozalanish odobi chiroyli tarzda bayon qilingan.[6]
“Sahihul Buxoriy” hadis toʻplamining inson gigiyenasiga oid tomoni qisman tadqiq etilib, eʼtiboringizga havola qilindi. Albatta, bu meros u zotning avlodlari uchun bebaho xazinadir. Bu asarlarni oʻrganib, hayotga tatbiq etishimiz ikki dunyo saodatiga yetkazib, maʼnan va jismonan sogʻlom inson boʻlib tarbiya topishimizga yordam beradi.