Zulm lugʻatda “biror narsani oʻz oʻrniga qoʻymaslik” maʼnosida keladi. Shariatda esa zulm – insonni kibrga berilib, haddidan oshishi, oʻzganing haqqi, moli, joni, dini yoki or-nomusiga tajovuz qilishiga aytiladi. Zulm gunoh boʻlishi bilan birga, insonlar oʻrtadagi aloqalarning darz ketishiga ham sabab boʻladi. Shuningdek, inson kimga zulm qilsa, undan aziyat chekkan kishi qiyomatda undan rozi boʻlmagunicha Alloh taolo oʻsha bandasidan rozi boʻlmaydi.
Haq taolo zulmni qattiq qoralagan va uni harom qilgan. Bu haqda bunday marhamat qilgan: “Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyurar hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytarur” (Nahl surasi, 90-oyat). Demak, inson har bir ishda adolatga intilishi, yaqinlariga imkon boricha yaxshilik qilishi va zulmning har qanday koʻrinishidan oʻzini tiyishi lozim.
Paygʻambar alayhissalom ham ummatlarini bir-biriga zulm qilishdan, ozor berishdan qaytarib, bunday deganlar: “Musulmon musulmonning birodaridir, unga zulm qilmaydi, uni tahqirlamaydi, yordamsiz tashlab qoʻymaydi”. Soʻng: “Taqvo mana bu yerdadir”, deya koʻkslariga uch marta ishora qildilar va: “Musulmon birodarini haqorat qilishi kishining yomonligiga yetarli dalildir”, (Muslim rivoyati). Demak, hadisdan olinadigan foyda shuki, musulmon kishi oʻzgani tahqirlamasligi, uni yordamsiz tashlab qoʻymasligi lozim ekan.
Insonning boshqa bir kishiga zulmi uch turli boʻladi.
Birinchisi: Qovliy – soʻz bilan zulm qilish: Bunga kishining tili orqali oʻzgalarni haqorat, gʻiybat, masxara, mazax, tuhmat qilishi kiradi. Zero, musulmonga musulmonning nomusi, moli va qoni harom qilingandir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Musulmonni soʻkish fosiqlik, oʻldirish esa kufrdir”, (Muttafaqun alayh). Demak, kishilarni haqorat qilish, soʻkish gunoh amallardan ekan.
Ikkinchisi: Feʼliy – xatti-harakati orqali oʻzgalarga zarar yetkazish: Yaʼni kishi oʻzgalarga qoʻli va oʻta qoʻpolligi bilan ozor berish kiradi. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon – qoʻli va tilidan musulmonlar omonda boʻlgan kishidir”, deganlar. Demak, kishi oʻzgalarga tili bilan ozor berish bilan birga, kuchini ham koʻrsatib, qoʻli bilan ozor berishi ham katta gunohlardan ekan.
Uchinchisi: Sukutiy – loqaydlik bilan zulm qilish: Bunday vaziyatda kishi boshqa bir insonga turli nohaqliklar boʻlayotganini koʻra-bilib, koʻrmaslikka olish. Unga yordam bermaslik kiradi. Haqiqiy musulmon kishi mana shunday vaziyatga duchor boʻlsa, avvalo, qoʻli bilan qaytaradi, u ham boʻlmasa tili bilan bartaraf etishga harakat qiladi. Bu ikkisiga ham imkoni boʻlmaganda qalbdan xafa boʻladi. Bu ham odamiylik xislatidandir.
Xulosa shuki, inson yuqoridagi oyat va hadislardan toʻgʻri xulosa chiqarib, uning hayotida mana shunday holatlar sodir boʻlsa, darhol tavbaga shoshilishi lozim. Shu bilan birga, biror bir kishiga zulm qilgan boʻlsa, undan uzr soʻrashi kerak. Haq taolo har birimizni oʻzgalar bilan boʻladigan muomalada ochiq yuzli, ogʻir-vazmin, mulohazali boʻlishimizni nasib qilsin.