Mushabbiha va karromiylar: “Alloh taolo Arsh ustini makon tutgan. U boshqa jismlarga oʻxshamagan bir jismdir. Bunga Alloh taoloning:
﴿الرَّحْمَنُ عَلَى الْعَرْشِ اسْتَوَى﴾
“Rahmon Arshga istivo qildi”[1], degan soʻzi dalildir”, deydi.
Ularga bunday deymiz: “Bu oʻrinda “istivo” soʻzi “istiylo” (ega boʻlish) maʼnosida tushuniladi”. Ularning: “U jismdir”, degan soʻzini esa Alloh taoloning:
﴿لَيْسَ كَمِثْلِهِ شَيْءٌ﴾
“Hech narsa Unga oʻxshash emasdir”[2], degan soʻzi bilan rad etamiz. Oyatdagi كَمِثًلِه soʻzida ك harfi zoida boʻlib kelgan. Chunki arab tilida ك va مِثًلِ soʻzlari bir xil, yaʼni “oʻxshash” degan maʼnoni ifodalaydi. Hozirgi oyatda kelganidek, baʼzan soʻzda mubolagʻa qilish maqsadida ikki soʻz ham birga ishlatiladi. Demak, bu oyatni Allohning misli borligiga emas, balki hech narsa hech qaysi jihatdan Unga oʻxshamasligiga dalil boʻladi.
Ular: “U boshqa shayʼlarga oʻxshamagan bir shayʼdir, deyiladi-ku”, desa, biz: “Shayʼning maʼnosi “mavjud” demakdir (yaʼni, “shayʼ” umumiy soʻz boʻlib, har bir mavjud narsaga qoʻllanadigan nomdir). Jism esa unday emas (yaʼni, jism xos soʻz boʻlib, faqat maxluqotlarga nisbatan qoʻllanadi)”, deymiz.
Ular: “Alloh taolo Odam alayhissalom haqida:
﴿خَلَقْتُ بِيَدَيَّ﴾
“Oʻz qoʻllarim bilan yaratdim”[3], degan-ku”, desa, biz: “Qurʼoni karimda kelgan “qoʻl”, “yuz”, “koʻz”, “oyoq” kabi soʻzlar “qudrat” maʼnosida tushuniladi. Oyatda “Men Odamni Oʻz qudratim bilan yaratdim” degan maʼno ifodalangan”, deymiz. Chunki Alloh taoloda aʼzolarning mavjudligi Uning maxluqotlarga oʻxshash boʻlishini taqozo qiladi. Vaholanki, U Zot hech bir jihatdan maxluqotlarga oʻxshamasligini Qurʼonda ochiq bayon qilgan.
Imom Abu Hanifa, Imom Ahmad, Imom Molik va Imom Shofeʼiy kabi mutaqaddim olimlar Qurʼoni karimda Alloh taologa nisbat berilgan “qoʻl”, “yuz”, “koʻz”, “oyoq” kabi soʻzlarni taʼvil qilmagan. Yaʼni biror maʼnoga yoʻymagan. Ular: “Bu soʻzlarning haqiqiy maʼnosini yolgʻiz Alloh biladi”, degan. Ammo Imom Moturidiy davriga kelib, taʼvil qilishga ehtiyoj tugʻilgan. Shuning uchun olimlar ularni “qudrat” maʼnosida taʼvil qila boshlagan. Imom Moturidiy ham mushabbiha va karromiylarga raddiya berishda baʼzan ushbu usuldan foydalangan.
Moʻtazila va qadariya toifalari: “Alloh hamma makonda”, deydi. Ular Alloh taoloning:
﴿وَهُوَ الَّذِي فِي السَّمَاءِ إِلَهٌ وَفِي الْأَرْضِ إِلَهٌ﴾
“U osmonda ham iloh, Yerda ham iloh”[4], degan soʻzini dalil qiladi.
Ularga bunday deymiz: “Bu soʻzdan Allohning ilohligi (maʼbudligi) osmonu Yerda joriy ekani iroda qilingan. Demak, bu oyatni “Osmon va Yerdagi mavjudotlar Allohga ibodat qiladi”, degan maʼnoda tushunish kerak. Qolaversa, ularning “Alloh hamma makonda” degan soʻzidan U Zot yirtqich hayvonlar va hasharotlarning qornida ham boʻlishi kelib chiqadi. Chunki ularning qorni ham qaysidir jihatdan makon hisoblanadi. Alloh zolimlar aytgan soʻzdan oliydir.
Bizning bu masalada tutgan yoʻlimiz quyidagicha: Alloh taolo makonga oʻrnashish tomonlama emas, balki buyuklik jihatidan Arshdan oliydir. Chunki “oliy” soʻzi “oliy makonga koʻtariluvchi” maʼnosini bildirishi bilan birga, “buyuk” va “pok” degan maʼnolarni ham anglatadi. Demak, “Alloh Arshdan oliy” deganda, “Alloh Arshdan buyuk va behojatdir” degan maʼno tushuniladi. Abu Hanifa ham: “Biz Uni eng oliy vajhdan zikr qilamiz, eng quyi vajhdan emas”, deb “buyuklik” maʼnosini nazarda tutgan.
Allohga makon nisbat berganlar inson duo qilganida qoʻlini osmonga koʻtarishi, koʻzini osmonga tikishi va qalbi osmonga talpinishini dalil qiladi. Imom Moturidiy ularga: “Alloh taolo yaxshiliklar va xayr barakani osmondan tushirgani uchun odamlar shunday qiladi”, deb javob bergan. Alloma bu bilan Alloh taolo osmonlardan ham, Arshdan ham oliy ekani va ular Allohga nisbatan zarraga oʻxshab qolishiga ishora qilgan. Darhaqiqat, inson borliqning Yaratuvchisini eslaganida, uning qalbi oliylikka talpinadi. Buning sababi, Alloh barcha oliy narsalardan oliyroq ekanidir. Ammo inson koʻzi ilgʻay oladigan eng oliy narsa osmon boʻlgani uchun unga qarashdan u yogʻiga oʻta olmaydi. Bu Alloh osmonda yoki Arshning ustida emas, balki inson Uning oliyligini his etishdan ojiz ekaniga dalil boʻladi. Adashgan toifalar Alloh taoloni olamning yuqori qismida joylashgan, deb tushunib qolgan. Biz esa, olam Alloh taologa nisbatan zarra kabidir, deymiz. Chunki olam qanchalik katta boʻlmasin chegaralangan narsadir. Alloh taolo esa, chek va chegarasi boʻlmagan Zotdir. Cheksiz Zot chegaralangan narsaning bir tomonida boʻlishi mumkin emas. Har bir chegaralangan narsaning chegaralovchisi boʻlishi lozim. Alloh taoloni chegaralovchi yoʻqligi Uning chegarasiz ekaniga dalildir.
Qurʼondagi mutashobih oyatlar muhkam oyatlarga tobe qilinishi vojibdir. Alloh taolo:
﴿هُوَ الَّذِي أَنْزَلَ عَلَيْكَ الْكِتَابَ مِنْهُ آَيَاتٌ مُحْكَمَاتٌ هُنَّ أُمُّ الْكِتَابِ وَأُخَرُ مُتَشَابِهَاتٌ فَأَمَّا الَّذِينَ فِي قُلُوبِهِمْ زَيْغٌ فَيَتَّبِعُونَ مَا تَشَابَهَ مِنْهُ ابْتِغَاءَ الْفِتْنَةِ وَابْتِغَاءَ تَأْوِيلِهِ وَمَا يَعْلَمُ تَأْوِيلَهُ إِلَّا اللَّهُ وَالرَّاسِخُونَ فِي الْعِلْمِ يَقُولُونَ آَمَنَّا بِهِ كُلٌّ مِنْ عِنْدِ رَبِّنَا وَمَا يَذَّكَّرُ إِلَّا أُولُو الْأَلْبَابِ﴾
“U senga Kitobni nozil qilgan Zotdir. Uning bir qismi muhkam oyatlar boʻlib, ular Kitobning aslidir. Bir qismi esa mutashobihdir. Ammo qalblarida haqdan ogʻish boʻlgan kimsalar fitna chiqarish va uning maʼnosini bilish maqsadida undan mutashobih boʻlganiga ergashadi. Holbuki, uning maʼnosini faqatgina Alloh biladi. Ilmda sobit boʻlganlar esa: “Unga iymon keltirdik. Barchasi Robbimiz huzuridandir”, deydi. Bundan faqat aql egalarigina nasihat oladi”[5], deb marhamat qilgan.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Allohga makon nisbat berganlar U Zotni haqiqiy qadrlay olmagan. Albatta, Alloh taoloni biror makonda, deyish Uni oʻsha makondan kichik va unga muhtoj degan maʼnoni keltirib chiqaradi. Chunki biz koʻrib turgan olamda makondagi narsalarning holati shunday. Ular oʻz qarashlariga muhkam (maʼnosi ravshan) oyatlarni qoʻyib, mutashobih (maʼnosini faqatgina Alloh biladigan) oyatlarni dalil qilgan. Masalan, ular dalil qilgan “Rahmon Arshga istivo qildi” oyatini bir necha maʼnolarda tushunish mumkin. Chunki undagi “istivo” soʻzi arab tilida “oliy boʻldi”, “koʻtarildi”, “oʻrnashdi”, “ega boʻldi”, “barobar boʻldi”, “mukammal qildi”, “qasd qildi” kabi bir necha maʼnolarni anglatadi. Imom Moturidiy shu maʼnolar orasidan “oliy boʻldi”, “ega boʻldi”, “qasd qildi”, “mukammal qildi” kabi Allohning shaʼniga loyiq boʻlganlarini qoʻllab-quvvatlagan. Ammo “koʻtarildi”, “oʻrnashdi”, “barobar boʻldi” kabi maʼnolarni rad etgan. Chunki “koʻtarilish, “oʻrnashish” va “barobar boʻlish” jismlarga xos sifatlardir. Alloh taolo muhkam oyatida: “Hech narsa Unga oʻxshash emasdir”, deb Oʻzini olamdagi barcha mavjudotdan boshqacha ekanini ochiq bayon etgan. Shuning uchun Uni “jism” deyish yoki jismga xos sifat bilan sifatlash joiz emas.