Home / FOTO LAVHALAR / Xorazm fiqhshunosligini har qancha oʻrgansa arziydi

Xorazm fiqhshunosligini har qancha oʻrgansa arziydi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Xorazm hanafiy mazhabi namoyandalari va ularning qarashlari” mavzusida xalqaro seminar oʻtkazildi. Markaz ilmiy xodimlari, Jazoir, Fransiya, Qirgʻiziston va Turkiyadan olimlar qatnashgan anjumanda Qirgʻiziston-Turkiya Manas universiteti ilmiy xodimi, Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasi sovrindori, ayni kunlarda Markazda ilmiy amaliyot oʻtayotgan Ulanbek Qalmurza oʻgʻli mavzu yuzasidan maʼruza qildi.

Tadqiqotchi qadimdan koʻplab madaniyat vakillariga mezbonlik qilgan Xorazm vohasi islom sivilizatsiyasi davrida gurkirab rivojlanganini qayd etdi. Bu oʻlkada fiqh maktabining vujudga kelish tarixi, islom huquqi ravnaqiga katta hissa qoʻshgan ulamolar toʻgʻrisida maʼlumotlar berib, oʻtmishning tadrijiy bosqichlarida bu yoʻnalishda yuz bergan voqea-hodisalarga alohida toʻxtaldi.

Ulanbek Qalmurza oʻgʻlining taʼkidlashicha, moʻgʻullar bosqini hududda nafaqat fiqh, balki ilm-fan, arab tili, tarix kabi fanlar namoyandalarini gʻarbiy oʻlkalarga koʻchib ketishga majbur qilgan, oqibatda fiqhga oid muhim asarlar yoʻqolgan, shu sababli kutubxona va muzeylarda xorazmlik allomalarning kitoblari kam uchraydi. Shunday boʻlsa-da, XI-XII asrlardan bizning davrgacha yetib kelgan nodir qoʻlyozmalarning ayrim nusxalarida keltirilgan Xorazm fiqh maktabi mutafakkirlarining hayotiy hikoyalari asosida voha ulamolarining islom huquqi ilmi rivojiga qoʻshgan hissasi haqida maʼlumot olish mumkin.

Xorazmning geografik joylashuvi, iqlimi, xalqining urf-odat va anʼanalaridan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, voha fiqhshunosligi Buxoro, Samarqand, Balx, Xuroson va Iroq fiqh maktablaridan farq qilib, haj, mahr, nafaqa, vaqflar, shartnomalar va boshqa fiqhiy qoidalar borasida oʻziga xos yondashuvlar koʻzga tashlanadi. Bu esa soha rivojida har bir tarixiy davrning siyosiy va iqtisodiy sharoiti muhim oʻrin tutganidan dalolat beradi.

Tadqiqotchi soʻzining yakunida taqdim etilayotgan imkoniyatlar va koʻrsatilayotgan amaliy koʻmak uchun Markaz ilmiy jamoasiga chuqur minnatdorlik bildirib, stipendiya dasturidagi ishtiroki uning izlanishlarida juda qoʻl kelayotganidan mamnuniyat izhor etdi.

Tadbir bahs-munozaralarga boy boʻldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …