Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz xodimlari, yurtimiz va xorijdagi ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Germaniya, Avstriya va Turkiyadan olimlar ishtirok etdi.
Seminarda Collège de France huzuridagi Turkiya, Usmoniylar, Bolqon va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi direktori Aleksandr Papasning “Daloilul xayrot” va uning Markaziy Osiyodagi qoʻlyozmalari” mavzusidagi maʼruzasi tinglandi.
Maʼruzachi dastlab “Daloilul xayrot” asari haqida maʼlumot berdi. Asar XV asrning birinchi yarmida marokashlik soʻfiy shayx Muhammad ibn Sulaymon Jazuliy tomonidan Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bagʻishlab yozilgan boʻlib, Alloh taoloning 99 ismi bayoni bilan boshlangan. Dunyoning koʻplab masjidlarida nusxalari mavjud boʻlgan asar qoʻlyozmasi sermazmun matndan tashqari yuqori sifatli yorqin rasm va bezaklari bilan ajralib turadi. Suratlarda asosan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlari bilan bogʻliq joy va buyumlar, jumladan, Makka va Madina tasvirlari keltirilgan. Asar sunniy islomda Qurʼoni karimdan keyin eng koʻp tarqalgan manbalardan biriga aylangan.
Olim kitobning Markaziy Osiyo boʻylab tarqalish trayektoriyasi va xronologiyasiga oid qimmatli maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi. Shuningdek, hududga tegishli qoʻlyozmalarning Malayziya Islom sanʼati muzeyi va Berlin Islom sanʼati muzeyidagi nusxalariga alohida toʻxtaldi.
Taʼkidlanganidek, Malayziyada asarning 27 qoʻlyozma nusxasidan iborat kolleksiya toʻplangan. Shundan toʻrttasi Markaziy Osiyo hududida koʻchirilgan. Hududda shu paytgacha aniqlangan ilk nusxalar sirasiga kiruvchi bu qoʻlyozmalarda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam minbari va u zot dafn etilgan xonaning rasmlari ham bor.
Berlindagi nusxa Niyoz Muhammad Xoʻqandiy tomonidan 1891-yilda koʻchirilgan boʻlib, unda turli xattotlik uslublaridan foydalanilgan. Qoʻlyozmada Mino vodiysi togʻlari ham tasvirlangan.
Fransiyalik tadqiqotchi qoʻlyozmalardagi yozuvlar, tasvirlar, ishlatilgan rang va bezaklarni batafsil sharhlab, asarning Markaziy Osiyodagi nusxalari Oʻzbekistonda qoʻlyozmalarni tadqiq etish boʻyicha talay ishlar qilinishi lozimligi, chigʻatoy va fors bitiklaridan tashqari, arab matnlari ham olimlar eʼtiboriga loyiq ekanini taʼkidladi.
Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.