Milliy madaniy markazlar Oʻzbekistonda yashovchi turli millat va elat vakillarining milliy madaniy ehtiyojlarini qondirishga, urf-odat, anʼana va qadriyatlarini saqlab qolish hamda keyingi avlodga yetkazishga xizmat qiladi. Mamlakatimizda mavjud madaniy markazlar Oʻzbekiston Respublikasi amaldagi huquqiy-meʼyoriy hujjatlar hamda oʻz nizomiga asoslangan holda qonuniy faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Milliy-madaniy markazlarning oʻziga xosligi shundaki, ular muayyan millatga xos boʻlgan milliy madaniyat, til, urf-odat, qadriyat, anʼana va marosimlarni oʻrganish, saqlab qolish va rivojlantirishdan manfaatdordir. Milliy madaniy markazlar Oʻzbekiston fuqarolarini ixtiyoriy ravishda birlashtiradi.
Mamlakatimizdagi dastlabki milliy-madaniy markazlar koreyslar, qozoqlar, yahudiylar, armanlar tomonidan 1989-yilda tuzildi [3]. Bu markazlarning chinakam rivojlanishi va ravnaq topishi mamlakatimiz oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritgandan keyin boshlandi. Mustaqillik yillarida ularning samarali faoliyat koʻrsatishi uchun keng imkoniyat yaratildi. Agar 1992-yil 10 ta milliy-madaniy markaz ish olib borgan boʻlsa, 1995-yilda ularning soni 72 taga, 2003-yilga kelib esa 135 taga yetdi. Bugungi kunda millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 150 ta milliy madaniy markaz, 38 ta doʻstlik jamiyati va xorijdagi vatandoshlarning 38 ta jamiyati bilan hamkorlik qilib kelmoqda [4]. Ular respublika madaniy markazlari, viloyat, shahar va tuman madaniy markazlaridan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi turli millat vakillarini ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy jarayonlarga faol ishtirok etishini taʼminlash – milliy-madaniy markazlar faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biridir. Shuningdek, markazlar millatlarning xorijiy mamlakatlardagi millatdoshlari bilan doʻstona hamkorlik qilish, madaniy-maʼrifiy aloqalar oʻrnatish va ularni rivojlantirishni ham amalga oshiradi. Respublika baynalminal madaniyat markazining asosiy vazifalari mamlakatimiz fuqarolari orasidagi hamjihatlik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga koʻmaklashish hisoblanadi. Mamlakatimizdagi milliy madaniy markazlar quyidagi faoliyat turlarini amalga oshiradi: a) musiqa va teatr studiyalarini, ona tili, tarix, yozuv, adabiyot, xalq ogʻzaki ijodi, teatr va rassomchilik sanʼati, milliy urf-odatlar va hunarmandchilik, milliy sport va oʻyinlar turlarini oʻrganish boʻyicha oʻquv guruhlari va yakshanba maktablarini amaldagi qonunchilikka muvofiq tuzadi; b) milliy madaniyat, milliy til; milliy sanʼat turlari va milliy urf-odatlarni oʻrganish va targʻib qilish maqsadida seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlari, festivallar va uchrashuvlarni; v) xor va badiiy jamoalarni tashkil etadi.
Milliy-madaniy markazlar faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 13-yanvardagi qarori [5] bilan tashkil etilgan Respublika baynalminal madaniyat markazi muvofiqlashtiradi.
Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyat markazlarini tashkil etishdan maqsad milliy madaniyat, til, urf-odatlarni saqlash va rivojlantirishni oʻrganish boʻlib, Respublikada yashovchi har bir millatning urf-odati va anʼanalari, ularning manfaatlarini himoya qilish uchun respublika hududida milliy-madaniy markazlar tashkil qilishdan iborat. Bu sobiq sovet davrida millatlararo munosabatlar sohasiga yetarlicha eʼtibor qaratilmaganidan edi. Bu davrda sobiq Sovet hukumati tomonidan yagona davlat, yagona xalq gʻoyasi ilgari surildi. Sobiq Ittifoq davrida Oʻzbekistonda milliy siyosatda biryoqlamalik boʻlib, milliy madaniyat masalasi birorta ham ittifoqdosh respublikada hal etilmagan edi. Har doim milliy masalaga sobiq Markaz tomonidan bir yoqlama yondashilgan edi. Madaniyat haqidagi fikrlar sobiq SSSR Konstitutsiyasida tushuntirilgan boʻlsa-da, amalda ular isbotlanmagan. Shuning uchun ham milliy madaniyatni qayta tiklash, rivojlantirish va saqlab qolish mustaqillikka erishganimizdan soʻng davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.
Shu bilan birga, mamlakatimizda xalqimizning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini yuksaltirish, madaniyat va sanʼat muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha vakillarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha alohida konsepsiya tasdiqlandi [6].
Hozirgi kunga kelib, Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi barcha xalqlar oʻz madaniy meroslarini saqlab qolishga katta eʼtibor bermoqda. Bugungi kunda AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Isroil, Boltiqboʻyi davlatlari, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi 20 ta mamlakatda vatandoshlarimizning 158 ta tashkiloti faoliyat yuritib kelmoqda. Ular “xalq diplomatiyasi” mexanizmidan faol foydalangan holda tinch va farovon hayotni asrash, xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona munosabatlar va madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish, chet eldagi hamyurtlar bilan yaqin va oʻzaro manfaatli munosabatlarni yoʻlga qoʻyishga salmoqli hissa qoʻshmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimiz taʼlim muassasalarida oʻqish 7 tilda olib borilmoqda. Teleradio koʻrsatuv va eshittirishlar 12 tilda efirga uzatilmoqda, gazeta va jurnallar oʻndan ortiq tilda chop etilmoqda. Bu yerda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz!” shiori ostida birlashib, toʻy-marosimlar, turli bayramlarni birgalikda nishonlaydi. Eng asosiysi, barcha qardosh va birodar vatandoshlarning milliy urf-odatlarini asrab-avaylash uchun zarur sharoit yaratilgan. Bugungi kunda milliy madaniy markazlar xalq diplomatiyasi, yaʼni mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash, qoʻshni mamlakatlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Jahonda avj olayotgan globallashuv taʼsirida odamlar hayoti, dunyoqarashi va turmush tarzi tez oʻzgarib bormoqda.
Madaniyat namunalari keng xalq ommasi tomonidan mexanik tarzda emas, balki ijtimoiy hayotning turli sohalarida faoliyat koʻrsatayotgan eng ilgʻor kishilar, ziyolilar, ilm-fan ahllari tomonidan yaratiladi. Shuningdek, jamiyatning asosiy koʻpchilik qismi esa madaniyatning ilgʻor namunalarini oʻzlashtiradi, bu esa millatlar oʻrtasidagi totuvlikni taʼminlaydi. Millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik demokratik jamiyatning asosiy tamoyillaridan sanaladi. Bagʻrikenglik fuqarolar orasida totuvlikni taʼminlab, ijtimoiy nizolarning yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaydi. Bugun nafaqat yurtimizda, balki jahonda diniy bagʻrikenglik, diniy konfessiyalararo oʻzaro hurmat va bir-birini tushunish hayotiy tamoyilga aylanmoqda. Bu borada mustaqillikning dastlabki kunlaridan olib borilgan odilona siyosatning samarasi, shuningdek, xalqimizning yuksak fazilati sabab bugun barcha millat va din vakillari yurtimizda tinch va ahil hayot kechirmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek: “Mustaqillik yillarida mamlakatimizda millatlararo munosabatlar rivojida yangi bosqich boshlandi. Bagʻrikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va fuqarolararo hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash, yosh avlodni shu asosda Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash Oʻzbekistonda davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi. Bularning barchasi hayotda oʻzining toʻliq ifodasini topdi”[7].
Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari Oʻrta asrlarda dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatgan boʻlsa, yangi asrda dunyo madaniy yutuqlaridan salmoqli foydalanishga intilmoqda. Mustaqillik yillarida ijtimoiy-siyosiy hayotimizda tub islohotlarni amalga oshirish, Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov taʼkidlaganidek, “ilgʻor mamlakatlar xalqlarining madaniy yutuqlarini keng targʻib etadigan ijodkor ziyolilarning shakllanishiga bogʻliqdir”[1].
Demokratik jamiyat turli millat va xalqlar, ijtimoiy guruhlar va sinflar oʻrtasidagi hamkorlik, oʻzaro taʼsir munosabatlari asosida rivojlanadi. Xalqlar orasida turlicha madaniyatning vujudga kelishida tabiiy-geografik sharoit, iqlim, mehnatni tashkil etish usullari muhim rol oʻynaydi. Milliy madaniyatdagi individuallik, oʻziga xoslikka haddan tashqari koʻp urgʻu berish oxir-oqibatda milliy mahdudlikka, jahon sivilizatsiyasidan uzilib qolishga, oqibatda turli millatlar oʻrtasida ixtilof kelib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin. Mulkchilik munosabatlarining xilma-xilligi turli ijtimoiy guruh va sinflar madaniyatida oʻziga xos tafovutni keltirib chiqaradi. Shahar va qishloq madaniyati, ziyolilar va omma madaniyatining bir-biridan farqlanishi bejiz emas. Bunday tafovut mehnatni tashkil etish usullari, turli mulkchilik munosabatlarining mavjudligi bilan bogʻliq boʻlib, bu tafovutlarni sunʼiy ravishda kuchaytirish ham, ularni zudlik bilan yoʻqotish ham jamiyat uchun salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Ijtimoiy mobillik (ijtimoiy sinf va guruhlarning harakatchanligi yoki moslashuvchanligi) bozor munosabatlari sharoitida obʼyektiv ravishda amal qiladigan qonuniyatdir. Bu kasb etikasi, ishlab chiqarish munosabatlarini takomillashtirishda qanchalar muhim ahamiyatga ega boʻlsa, turli sinf va ijtimoiy guruhlar madaniyatining oʻziga xosligini bilish, idrok etish ham jamiyatdagi turli qatlamlarning integrallashuvida muhim ahamiyat kasb etadi. Emil Dyurkgeym taʼkidlaganidek, “mehnatning ijtimoiy taqsimlanishi jamiyat aʼzolari orasidagi birdamlikning yanada mustahkamlanishi uchun puxta zamin yaratadi. Yangidan-yangi kasb va mutaxassislarning paydo boʻlishi ijtimoiy guruh va qatlamlar oʻrtasidagi aloqadorlikni yanada kuchaytiradi”[2].
Soʻngi yillarda jamiyatimiz siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi shiddat bilan oʻzgarib, hayotimizda yangicha munosabatlar, yangi imkoniyat va qadriyatlar shakllanayotgani sezilmoqda. Ayniqsa “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik”, “soʻz erkinligi”, “din va eʼtiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi”, “totuvlik” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy koʻnikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib bormoqda. Ana shunday tamoyillar asosiga qurilgan davlat hokimiyatigina tom maʼnoda xalqchil, demokratik hokimiyat hisoblanadi. Milliy totuvlik taʼminlangan davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy ildizlari mustahkam va baquvvat boʻladi. Madaniy markazlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, sharoit va imkoniyatlar yaratib berish muhim ijtimoiy-siyosiy ahamiyat kasb etadi.
-
Karimov I.A. Asarlar. 6- jild. – T.: Oʻzbekiston.
-
Joʻrayev N. Oʻzbekiston tarixi (Milliy istiqlol davri) 3-kitob. – T.: Sharq, 2011. – B. 433, 439.
-
Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. – T.: 2000.
-
https://dunyo.info/uz/site/innerslugmilliy_madaniy_markazlar_faoliyati/
-
https://lex.uz/docs/-366853?ONDATE=13.01.1992.
-
https://xs.uz/uz/post/ozbekiston-respublikasida-millij-madaniyatni-yanada-rivozhlantirish-kontseptsiyasini-tasdiqlash-togrisida.
-
https://gov.uz/oz/news/view/9078.