Home / MAQOLALAR / Islomda qoʻshnichilik haqlari va odoblari

Islomda qoʻshnichilik haqlari va odoblari

Xalqimiz qadimdan yuksak qadriyat va urf-odatlariga sodiq millatdir. Shu sababli bu tabarruk zaminda insonlar bir jamoa boʻlib, qoʻni-qoʻshnichilik rishtalarini muqaddas bilgan holda yashab kelmoqda. Bu esa millat hamjihatligi va farovon hayotning asosiy omilidir. Qoʻshnilar deganda beixtiyor, uyida toʻy-marosim va xursandchilik boʻlsa, butun mahalla xizmatga shay turadigan, katta-yu kichik hurmat-izzat qilinadigan, ajib bir fayz va osudalik ufurib turadigan muhit koʻz-oʻngimizda namoyon boʻladi. Bunday vaziyatlarda qoʻni-qoʻshnilar ahil-inoq boʻlishi, qoʻni-qoʻshnichilik haqlarini ado etishi darkor. Bu borada dinimizda ham bir qancha koʻrsatmalar mavjud.

Islom dini oiladagi oʻzaro munosabatlarni va boshqalar bilan boʻladigan muomalalarni ham odob-axloq doirasida boʻlishga targʻib etadi. Ana shunday rishtalardan biri bu qoʻshnichilik aloqalaridir. Qoʻni-qoʻshnichilik martabasi shunday ulugʻ maqomga koʻtarilganini Paygʻambarimiz alayhissalomning hayotlarida boʻlgan bir hodisadan ham anglash mumkin. Alloh taolo bilan paygʻambarlar oʻrtasida elchilik vazifasini bajargan Jabroil alayhissalom haqida hammamiz bilamiz. U Paygʻambar alayhissalotu vassalomga qoʻshnichilik haqlari haqida bir necha bor vasiyat qilgan. Hattoki, bu vasiyatlardan Paygʻambar alayhissalom yaqinda vahiy orqali qoʻshnilar bir-biridan meros ham olsa kerak deb oʻylab qolganlar.

Qurʼoni karimda qoʻshnilarga yaxshilik qilish haqida bunday deb marhamat qilingan: “Allohga ibodat qilingiz va unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga yaxshilik qilingiz! Shuningdek qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qoʻshni-yu begona qoʻshniga … yaxshilik qilingiz”[1]. Demak, oyatdan olinadigan xulosa shuki, Alloh taolo qoʻshnilarga munosabatni yaxshi qilish kerak ekani haqidagi buyrugʻini ibodat darajasiga koʻtargan. Bu esa, ularning haqqi naqadar yuksak ahamiyatga ega ekaniga ishoradir.

Qoʻshnichilik haqlari deganda ular bir-biri bilan koʻrishganda, avvalo, salomlashishi, hol-ahvol soʻrashi, qiyinchilik yetganda yordami va ehsonini ayamasligi, bemor boʻlib qolganda ziyoratiga shoshishi, musibat yetganda taʼziya bildirishi, shuningdek, baxtli kunlarida yonida boʻlishi, kamchiliklarini yashirishi, eng muhimi, ularga qoʻli va tili bilan aslo ozor bermasligi lozim.

Ali ibn Abu Tolib oʻz amakisi Abbosga: “Ey amaki, birodarlaringizdagi olijanoblik va karamdan nima qoldi?”, deb soʻradi. Shunda Abbos: “Yoru doʻstlarga muruvvat qilish va qoʻshniga ozor bermaslik”, dyeb javob berdi[2]. Shunday ekan, yaqinlarga muruvvatli boʻlish va qoʻshnilarga ozor bermaslik yuksak fazilat. Bunday fazilat sohiblari nafaqat qoʻshnisiga ozor bermaydi, balki undan sodir boʻladigan xato va kamchiliklarga koʻz yumib, uning aziyatlarini kechiradi.

Hasan Basriy aytadi: “Chiroyli qoʻshnichilik aziyat bermaslik emas, balki aziyatga sabr qilishdir”.

Alloh taolo barchamizni yoru birodar, qoʻni-qoʻshnilar bilan chiroyli muomalada, ahillikda hayot kechirishimizni nasib qilsin!

[1]Niso surasi, 36-oyat.
[2]Odilxon qori Yunusxon oʻgʻli. Qoʻshnichilik haqlari va odoblari. Toshkent islom universiteti nashriyot matbaa birlashmasi. – Toshkent; 2012. – B. 24
Mashrab XIDIROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …