Home / FOTO LAVHALAR / Qoʻlyozmalar tadqiqi sohasiga oid xalqaro seminar boshlandi

Qoʻlyozmalar tadqiqi sohasiga oid xalqaro seminar boshlandi

Bugun, 1-may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi bilan hamkorlikda “Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalari kodikologiyasi elementlari” mavzusida seminar-trening ish boshladi.

Unda Markaz va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyi, Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi, Fargʻona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi, Oʻzbekiston Milliy arxivi ilmiy xodimlari, Samarqand davlat universiteti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti tayanch doktorantlari, restavratorlar va Qirgʻiz-Turk Manas universiteti olimlari ishtirok etdi.

Tadbir ochilishida Markaz direktori ishtirokchilarni qutlab, ushbu seminar qoʻlyozmalarni saqlash va tadqiq qilish sohasidagi mutaxassislar bilim va koʻnikmalarini bir qadar oshirishga imkoniyat yaratishini va oʻzaro tajriba almashish maydoni boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.

Dastlabki kunning asosiy qismida mavzu yuzasidan Parijdagi “Kollej de Frans” (Collège de France) oʻquv-tadqiqot muassasasi olimasi, filologiya va tarix fanlari doktori, Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasi sovrindori Mari Efimiyu maʼruza qildi.

Tadqiqotchi oʻz maʼruzasida hududning boy madaniy merosi Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalarini oʻrganishga qiziqish uygʻotishini, chunki madaniyatlar chorrahasi sanalgan mintaqa oʻzining nodir maʼnaviy xazinasi bilan mashhur ekanini qayd etdi.

Olima Oʻrta Osiyoda oʻziga xos qoʻlyozma anʼanasi vujudga kelgan davrdan litografiya va bosmaxona kabi texnologiyalar kirib kelgan paytgacha boʻlgan muddatda yaratilgan manbalar kolleksiyalari, ulardagi qoʻlyozma nusxalarning saqlanishini Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondi misolida tavsiflab berdi. Bu oʻrinda maʼruzachi qoʻlyozma qogʻozlarning turlari, foydalanilgan siyoh va ranglar, formatlanishi, sahifalash tartibi va bezaklari xususida atroflicha maʼlumot berdi. Shuningdek, qoʻlyozmalarda ishlatilgan kalit soʻzlar, varaq belgilari, muqova va kolofonlariga ham alohida toʻxtaldi.

Kunning ikkinchi yarmida sohaning mahalliy mutaxassislari oʻz shaxsiy ish tajribasi va faoliyat olib borayotgan ilmiy muassasalar haqidagi maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.

Ishtirokchilarda Qirgʻiz-Turk Manas universiteti olimasi, falsafa doktori, Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasi sovrindori Derya Idikurt “Oʻzbekiston merosi – Usmoniylar arxivida” nomli maʼruzasi ayniqsa katta qiziqish uygʻotdi.

Taʼkidlash kerakki, xorijlik tadqiqotchilar qoʻlyozmalar bilan ishlash va ularni arxeologik predmet sifatida tadqiq etuvchi kodikologiya sohasida yetarli ilmiy salohiyatga ega. Ular olib borayotgan izlanishlarda eʼtibor qaratish lozim boʻlgan va oʻrganishga arziydigan jihatlar mamlakatimizda mazkur yoʻnalishdagi faoliyatni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Seminar ertaga oʻz ishini davom ettiradi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Istiqbolli taklif va tavsiyalar shakllantirilmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining bir guruh ilmiy xodimlari mamlakatimiz olimlarining Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi …