Home / MAQOLALAR / SHUKRONALIK – INSON KAMOLOTINING ASOSI

SHUKRONALIK – INSON KAMOLOTINING ASOSI

Insonning kamolga yetishida barcha ijobiy fazilatlarning oʻziga xos oʻrni bor. Ammo ular ichida shukronalikning oʻrni kattadir. Inson Alloh tomonidan mukarram qilib yaratildi, unga sanoqsiz neʼmat va tuganmas yaxshilik berildi. Bu bilan boshqa yaratilgan maxluqotlardan afzal qilindi. Shu bilan birga, Alloh bandalar shukur qilsa, ularga neʼmatlarini ziyoda qilishni vaʼda qildi, itoat etsa, bu neʼmatlar davomiyligi va boqiyligini kafolatladi. Alloh taolo Qurʼoni karimning “Ibrohim” surasi 7-oyatida: “Yana Robbingiz eʼlon qilgan (bu soʻzlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan neʼmatlarimga) shukur qilsangiz, albatta, (ularni) yana ziyoda qilaman. Bordi-yu, noshukurlik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”, deb marhamat qilgan. Shukur qilgan inson ham jismonan, ham moddiy, ham maʼnaviy-ruhiy tomondan kamol topadi. Naqshbandiya taʼlimotida ham inson kamoloti uchun shukur, zikr va fikr asosiyligi taʼkidlangan.

“Maqomoti Xoja Bahouddin Naqshband” asarida Naqshbandiya taʼlimoti asoschisi Bahouddin Naqshband (1318-1389)ning quyidagi soʻzlari keltirilgan: “Har bir mashoyixning oynasida ikki tomon bor, bizning oynamizda esa olti tomon. Qirq yildirki, biz oynadorlik qilamiz, vujudimiz oynasi hech qachon xato qilgan emas. Har vaqt sening koʻnglingdan nimaiki oʻtsa, biz uni bexato koʻramiz”. Qutbul avliyo Abdul Quddusdan naql qilinishicha, u aytgan ekan: “Xojamiz (qadasallohu sirrahul aziz)ning sayri osmon va yerning barcha tabaqalariga joriy edi” [1:141]. Manbadagi bu soʻzlardan maʼlum boʻladiki, Bahouddin Naqshband 71-yil umr koʻrgan boʻlsa, 31 yoshida kamolot darajasi shunday yuksaklikka erishganki, butun vujudi koʻzguga aylangan va olti tomon – orqa, oldin, oʻng, chap, yuqori va pastni ham bexato koʻra olgan. Bu ulugʻ insonning ruhi sayri osmon va yerning barcha qavatlarida boʻlgan. Biz bu darajaga yetishning siri nima ekanini aniqlash uchun manbalarga murojaat etdik va natijada asosi shukronalikda degan xulosaga keldik. Chunki shukur qilgan inson oʻn sakkiz ming olamdagi ijobiy quvvatlar bilan bogʻlanadi va ulardan fayz oladi.

 Buyuk fizik olim Isaak Nyuton butun olam tortishish qonunini yaratib, moddiy narsalarning mexanik tortishi haqidagi gʻoyani kashf etgan. Falsafadagi metafizik yondashuv asosida tahlil qilsak, insondagi ruhiy quvvat ham oʻziga uygʻun quvvatni tortadi. Bahouddin Naqshband va boshqa aziz avliyolarga bu ilohiy, ruhiy qonuniyat ayon boʻlgan va ular hamisha yaxshi ishlarni qilib, ezgu niyat bilan yurgan. Demak, Bahouddin Naqshband va valiylar Isaak Nyutondan oldin butun olam tortishish qonunini mukammal kashf qilgan. Ular butun olam tortishish qonunini faqat moddiy zarrachalar orasida mexanik amal qilinishini emas, balki maʼnaviy-ruhiy quvvatlar tebranishi va harakatlarida ham amal qilishini kashf etgan. Shuning uchun ham shukronalik butun olamdagi ijobiy quvvatga taʼsir etib, aks taʼsirni hosil qiladi. Inson shukronalik holatida ilohiy nur, fayz, rahmat va marhamatdan bahramand boʻla oladi.

Manbada yozilishicha, Bahouddin Naqshband umri davomida faqat ezgu ishlarni amalga oshirgan va shunday qila olgani uchun shukrona keltirgan. Naql qilinishicha, Bahouddin Naqshband bunday degan ekan: “Buxoroda edim, Sayid Amir Kulolning sharif suhbatlariga koʻnglimda mayl paydo boʻldi. Nasafga yoʻl oldim. Yetib kelganimda ular menga dedilar: “Ey rizojoʻy farzand, ayni vaqtida kelding, xumdonni taxt qilib qoʻyganman, ammo oʻtin yiqqani odam yoʻq”. Men bu ishoratga shukur qildim va oʻtinni orqamga koʻtarib, xumdonning oldiga olib keldim”.

Bayt:

Jamoli Kaʼba chunon medavondam ba nishot,
Ki xorhoyi mugʻiylon harir meoyad. [1:59]

Mazmuni:

Kaʼbaning jamolini koʻrishga shodlik bilan shunday chopdimki,
Hatto mugʻilyon daraxti tikonlari ipakdek yumshoq boʻldi.

Manbadagi bu naqldan maʼlum boʻladiki, Bahouddin Naqshband koʻnglidagi ustozi Amir Kulolga paydo boʻlgan mayl mohiyatini farosat ilmi [2] bilan anglagan va ustozining uyiga borgan. Hazrat Amir Kulol u kishiga “rizojoʻy farzand” deb behudaga aytmagan. Chunki Bahouddin Naqshband hamma vaqt butun borliq va koinot rozi boʻladigan amalni qilishga shoshilgan va shunday amallarni qila olgani, birovga ezgulik qilgani uchun shukrona degan. Shuning uchun ham xalq u kishini eʼzozlab: Bahouddin – dinning yorugʻligi, ravshanligi, Shoh Naqshband – insonlar qalbiga Alloh naqshini bogʻlovchilar shohi, Balogardon – Alloh izni bilan kelayotgan balolarni qaytarishga madad beruvchi inson nomlari bilan ulugʻlagan [3:21-32]. Bahouddin ustoziga oʻtin kerakligini bilib, shod-xurramlik bilan shukrona qilib, Kaʼbaning jamolini koʻrayotgandek oʻtin terayotgan paytda, mugʻilyon tikanlari u kishiga ipakdek yumshoq koʻringan. Bu holat tahlili shuni koʻrsatadiki, inson mehnat jarayonida shukronalik bilan ishlasa, oʻsha ish unga zavq va kuch-quvvat beradi. Shukronalik bilan ustoziga xizmati, bir tomondan duosini olishga sababchi boʻlsa, ikkinchi tomondan Bahouddin ruhini ham yuksaklikka koʻtarib, jismiga xotirjamlik bagʻishlagan. Koʻrinib turibdiki, shukronalik juda katta ilohiy quvvatga ega ulugʻ neʼmatdir.

Manbada naql qilinishicha, Hazrat Xoja Bahouddin Naqshband Qasri Orifonda masjid imoratiga mashgʻul vaqtida muborak boshlarida tuproqni masjid tomiga olib chiqar va quyidagi baytni oʻqir ekan:

Bajon bikunam kori tu, charo nakunam,
Ba sar bikasham bori tu charo nakasham [1:61].

Mazmuni:

Sening ishingni jon deb qilaman, nega qilmayin,
Sening yukingni boshimda koʻtaraman, nega koʻtarmayin.

Manbadagi bu naqldan maʼlum boʻladiki, Bahouddin Naqshband masjid qurilishidagi xizmatini chin dildan va shukronalik bilan qilgan. Bu xizmatni sharaf deb bilgan. Shuning uchun ham butun borliq va koinot duoda boʻlib, Alloh taolo rahmati va marhamatini bu kishidan ayamagan.

Manbada yozilishicha, Bahouddin Naqshband juda oddiy va kamtarona kun kechirgan. Bu haqda u kishining oʻzi aytgan quyidagi bayt manbada yozilgan:

Na maro mafrashu na mafrashkash,
Na gʻulomoni turku tarkashkash.
Hamma shab chu sagoni kahdoni,
Sar ba dum ovaram ba jismi xash [1:85].

Mazmuni:

Menda na koʻrpa bor va na farrosh,
Turk gʻulomlari ham menda yoʻq.
Tun boʻyi men itlar kabi,
Boshimni dumimga qoʻyib yotaman.

Faqirona, moddiy holat u kishiga hech qanday taʼsir qilmagan. Bahouddin Naqshband hamisha zavq-shavq bilan Alloh berganiga qanoat qilib, shukronalik bilan yashagan. U kishining bu holatidan oʻzi aytgan quyidagi ikki bayt guvohlik beradi:

Hechi mo neyu hechi mo kam ne,
Az payi hech-hechi mo gʻam ne.
Janda bar pusht, pushti goʻriston,
Gar bimirim hech motam ne [1:85].

Mazmuni:

Hech narsamiz yoʻq va hech narsadan kamimiz yoʻq,
Hech narsaning ortidan gʻamimiz ham yoʻq.
Yelkada janda-yu goʻriston yonimizda,
Agar oʻlib qolsak, hech bir motam ham yoʻq.

Ushbu mashhur misralar u kishining qalbi Alloh ishqi bilan limmo-lim ekani va bergan neʼmatlariga shukronalik bilan yashashidan dalolat beradi.

“Maqomot”da Bahouddin Naqshband aytgan quyidagi soʻzlar keltiriladi: Kamolot va nisor ahli Allohdan fayz oladi va visolga yetuvchi abadiy umr topib, buning shukrini ado qilmoqchi boʻlsa ham ado qilolmaydi.

Gar biguyam shukri lutfat bardavom,
Bigzarad umru nagardat in tamom [1:155].

Mazmuni:

Sening shukringni toʻxtamay aytsam ham,
Umrim tugaydi, ammo uni tamom qilolmayman.

Bahouddin Naqshband va u kishi kabi kamolotga yetgan insonlar Allohning marhamati, fayzu barakotini oʻzida his qilgan va qancha shukur qilsa ham uning yetarli emasligini anglagan. Shuning uchun ham Alloh ularga rahmat bilan qaragan va barakotlari cheksiz boʻlgan. 

“Har bir tavfiq egasi oʻz nafsiga qarshi turmogʻi va bu har qancha oz boʻlsa ham koʻp bilsin hamda bu tavfiqning shukrini qilsin”, [1:115] degan alloma. Bahouddin Naqshbandning bu oʻgitlari Alloh tavfiqi va madadiga shukur qilish lozimligini uqtirmoqda.

Shukronalik halollik va poklikning ham asosidir. Shukrona qiladigan inson halol luqmaga qanoat qiladi. Halollik esa tinchlik va xotirjamlik asosidir [4:9-11]. Halollik va shukronalik gʻoyalari shakllanishida Buxoroi sharifning Yetti Piri xizmatlari kattadir [5:51-52].

Shukronalikning shakllanishida sabr-qanoatlilik fazilati ham muhim ahamiyatga ega. Sotsiolog olim Mansur Bekmuradov “Farosat ilmi” nomli oʻquv qoʻllanmasida odamlardagi qaysi xususiyat qanday feʼl-atvorga olib kelishini farosat orqali bilish mumkinligini tavsiflab, sabr-qanoatlilik shukronalikka olib kelishini yozgan [2:173]. Darhaqiqat, shukronalik fazilati sabr-qanoat bilan mustahkam bogʻlangan. Ayyub alayhissalom hayot yoʻllari bunga misol boʻla oladi.

Shukronalik fazilati insonni kamolotga yetkazadi. Noshukurlik insonni jisman, maʼnan va moddiy tomondan qashshoqlashishiga, oʻzgalar oldida qadrsiz va hurmatsiz boʻlishiga olib keladi. Shukronalik insonni goʻzal va ulugʻvor boʻlishiga yordam bersa, noshukurlik uni xunuk va past insonga aylantiradi. Tasavvuf namoyandalari insonlarni ikki xil: nuriy va noriyga boʻladi. Nuriy inson ezgu ishlarga kamarbasta, ilohiy nurlar yogʻilib turgan kishidir. Noriy kishi esa hasad, gʻazab, kibr olovida yonadigan, har bir bajaradigan ishini taʼma qiladigan odamlardir. Shukronasi bor inson yuz-koʻzidan nur yogʻilib turadi, barakali boʻlib, hamisha xolis xizmat qiladi. Koʻpning duosi nuridan vujudi nurli boʻlgani uchun ularni nuriy inson deyish mumkin. Aksincha, noshukur, zalolat va gʻaflatda qolganlar noriy odamlardir. Noshukurlik ularning jismi, qalbi va ruhini kasal qiladi.

Shukronalik ruhida tarbiyalashda tasavvufning Naqshbandiya taʼlimoti oʻrni kattadir. Bu taʼlimotdagi oʻn bir rashha insonni shukronalik ruhida tarbiyalaydi. Taʼlimotning birinchi rashhasi “Hush dar dam” har bir dam, yaʼni har bir nafasga shukur qilish lozimligini oʻrgatadi. Shoir Sadriddin Salim Buxoriy “Hush dar dam” rashhasidagi gʻoya taʼsirida bitilgan Olmon adibi Gyotening quyidagi baytlarini tarjima qilgan:

Nafas olmoq hamda chiqarmoq erur,
Ikki ehson, buni anglamoq zarur.
Biri siqar, oʻzgasi yangi quvvat,
Shular sabab hayot goʻzaldir gʻoyat.
Allohga shukur de, nafas kirgan on,
Shukur de nafasing chiqargan zamon.

Bahouddin Naqshband “Avrod” risolasida: “Yo Alloh, bizni shukringni ado etuvchi qil!”[6:53], deb iltijo qilgani yozilgan. Hazrat Alisher Navoiy Shayx Abulqosim Bishr Yosin haqida keltirgan maʼlumotda Shayx Abu Said Abulxayr aytgan quyidagi ruboiyni keltiradi:

Jonon, sensiz qarorim yoʻqdur,
Sening ehsonlaringning sanogʻiga yetolmayman.
Tanamdagi har bir tuk tilga aylanganda ham,
Ming shukringdin birini ado qilolmayman [7:207].

Manbada yozilishicha, shu ruboiyni muntazam takrorlagan inson haqiqatni topadi va Haqqa yetadi. Bu shundan dalolat beradiki, shukronalik shunday ilohiy quvvatki, insonni oliy had darajasigacha kamolga yetkazadi.

Umumiy xulosa qilganda, Yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini qurish uchun yoshlarni yuksak maʼnaviyatli qilib tarbiyalashimiz zarur. Shukronalik ruhida tarbiyalangan yoshlarni ijobiy fikrlaydigan va jamiyatni hamjihat, doʻstligini taʼminlaydigan ijobiy quvvat deb hisoblash mumkin. Yoshlarni shukronalik ruhida tarbiyalashda maʼnaviy merosimizdan taʼlim-tarbiya jarayonida foydalanish yaxshi samara beradi. Bahouddin Naqshband hayot yoʻli va naqshbandiya taʼlimotidagi shukronalikka oid fikrlarni taʼlim-tarbiya jarayonida va ommaviy axborot vositalari orqali targʻib etish foydalidir.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Abul Muhsin Muhammad Boqir ibn Muhammad Ali. Maqomoti Xoja Bahouddin Naqshband. / Forsiydan tarjimon, soʻz boshi, izoh va lugʻat muallifi Mahmud Hasaniy. – T.: Oʻzbekiston NMIU, 2019.
  2. Bekmurodov M. Farosat ilmi. – T.: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot – matbaa ijodiy uyi, 2022.
  3. Navroʻzova G.N. Xoja Bahouddin Naqshband hayoti va maʼnaviy merosi. – T.: Fan, 2021.
  4. Navroʻzova G. Halollik – tinchlik va xotirjamlik asosi. Imom Buxoriy saboqlari. 2022-yil 1-son.
  5. Navroʻzova G. Buxoroi sharifning Yetti Piri halol tu­shunchasi xususida. Imom Buxoriy saboqlari. 2022-yil 4-son.
  6. Bahouddin Naqshband. Avrod (Toʻldirilgan qayta nashr). Maqola, izoh va sharhlar muallifi, tarjimon Navroʻzova G.N. – T.: Sano-standart, 2019.
  7. Alisher Navoiy. Nasoyimul muhabbat. Mukammal asarlar toʻplami. T.17. – T.: Fan, 2001.
GULCHEHRA NAVROʻZOVA,
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti professori,
falsafa fanlari doktori

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …