Home / MAQOLALAR / SHAMSUL AIMMA HALVONIY QALAMIGA MANSUB ASARLAR

SHAMSUL AIMMA HALVONIY QALAMIGA MANSUB ASARLAR

Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Hanafiy Buxoriy al-Halvoniy (vaf. 448/1056-1057) ijtimoiy-siyosiy faoliyati uchun hanafiylar yetakchisi (“Rais al-hanafiya”) – «Shams al-Aimma» (“Imomlar quyoshi”) [4:318] faxriy unvoniga ega boʻlgan. Aytishlaricha, ushbu faqih koʻplab tabaqot va tarojim kitoblarida “Halvoiy” nomi bilan ham zikr qilingan, boshqalarida esa Shamsul Aimma Halvoniy deb nomlangan. Shamsul Aimma Halvoniyning kunyasi Abu Muhammaddir [2:111]. Bu borada hech qanday ixtilof yoʻq.

Baʼzilar Shamsul Aimma Halvoniyni halvo (shirinlik) tayyorlab sotish kasbiga nisbat berib “Halvoiy” laqabi bilan atasa [2:355], boshqalar Hulvon («حلوان»)  qishlogʻiga nisbat berib, Hulvoniy deb atagan [4:95].

Faqih Shamsul Aimma Abdulaziz Halvoniy Buxoro qoshidagi Bumijkas qishlogʻida tugʻilgan. Shuning uchun unga Buxoriy deb ham nisbat beriladi.

Faqih Shamsul Aimma Abdulaziz Halvoniy Buxoro qoshidagi Bumijkas qishlogʻida tugʻilgan. Manbalarda Buxoro haqida quyidagicha keltiriladi: “Buxoro shahri Movarounnahrning eng katta shaharlaridan biri boʻlib, u yerga Omul ash-shatt shahridan boriladi. Mazkur shahar bilan Jayhunning orasi ikki kunlik yoʻldir. Somoniylar shohi Islomga kirishidan avval Buxoro shahri uning qarorgohi boʻlgan. Buxoro shahri bogʻlari koʻp, mevalari moʻl qadimiy shahardir. Uning mevalari oʻn ikki marhala uzoqlikdagi Marv shahriga, oʻn besh kunlik masofadan uzoqroqdagi Xorazm shahriga olib boriladi. Buxoro shahri bilan Samarqandning orasida masofa yetti kunlik yoʻldir yoki oʻttiz yetti farsaxdir. Bir farsax esa uch mildir”[4:95].

Tarojim va tabaqot asarlarida u kishining tugʻilgan sanasi aytilmagan. Movarounnahrdagi boshqa koʻplab ulamolarning tugʻilgan sanasi ham tarojim kitoblarida zikr qilinmagan. Buning koʻplab sabablari boʻlib, ularning asosiylari quyidagilar:
– Madaniyat va ilm markazlaridan uzoqligi;
– Islomiy jamiyatda sodir boʻlgan koʻplab notinchlik va fitnalar.
Ulamolar u kishining vafoti borasida ikki xil gap aytgan:
Birinchisi: u kishi hijriy 456-yilning [6:177] Shaʼ­bon oyida vafot etgan. Shu gap mashhur va aniqroq­dir.
Ikkinchisi: u kishi hijriy 449-yilda [6 :355] vafot etgan va Sudur qabristoniga dafn qilingan [6:177].
Imom Halvoniy koʻplab shayxlardan ilm olib, faqih boʻlib yetishgan. Ustozlarining mashhurlari:
  1. Abu Sahl Anmotiy Buxoriy: namatfurushlik kasbiga nisbat berib Anmotiy deb nomlangan [4 :317];
  2. Abu Shuayb Solih ibn Muhammad Buxoriy [4:536];
  3. Abu Ali Faqih Qoziy Nasafiy. Samʼoniy u kishi haqida shunday degan: «U zot zamonasining peshvosi edi, Bagʻdodda fiqhni oʻrgangan. Murtazo bilan paygʻambarlardan meros qolishi masalasida ilmiy bahs olib borgan. Imom Muhammad ibn Fazlning doʻstlaridan edi. U kishi bilan Buxoroda uchrashgan. Husayn ibn Hizrning ulamo ahlidan doʻsti boʻlgan va koʻplab shogird chiqargan. Hijriy 424-yilda yoshi saksonga yaqinlashganda vafot etgan [2:355].
  4. Abdulloh ibn Muhammad Sabazmuniy. Uning asarlaridan biri: “Kashful osor ash-shariyfa fiy manoqib al-imom Abu Hanifa” [3:502].
  5. Abdurahmon ibn Husayn Kotib Hanafiy: hanafiy mazhabining koʻzga koʻringan ulamolaridan. Marvda hayot kechirgan. Hadis va hanafiy fiqhi olimi boʻlgan. Balx shayxlaridan ilm olgan. Hijriy 450-yilda vafot etgan [1:359].
  6. Gʻunjor Hofiz Buxoriy. Hijriy 412-yilda vafot etgan.

Imom Halvoniy katta ulamolardandir. U kishi koʻplab shogird chiqargan va ular oʻlkaning turli hududlariga borib ilm tarqatgan. Eng koʻzga koʻringan shogirdlari quyidagilar:

  1. Abul Yusr Muhammad ibn Muhammad Bazdaviy. Hijriy 493-yilda vafot etgan.
  2. Abu Bakr Muhammad ibn Husayn Nasafiy: Shamsul Aimma Halvoniydan fiqhni oʻrgangan va u kishidan rivoyat qilgan. Amoliy roviylaridan biri va oʻzining ham “Amoliy”si (“Imlo qilingan masalalar toʻplami”) bor.
  3. Abul Fazoil Bakr ibn Muhammad Buxoriy Zaranjariy. Shamsul Aimma laqabini olgan. Buxoro ahlidan. Abu Hanifa mazhabini puxta bilishda namuna boʻlgan. Fatvo berishda va turli masalalarga javob yoʻllashda mohir boʻlgan. Nasablarni va tarixni yaxshi bilgan. Yurtdoshlari uni Abu Hanifa Asgʻar (yaʼni kichik Abu Hanifa) deb nomlagan. Hijriy 490-yilda vafot etgan [3:177].
  4. Abul Muzaffar Abdulkarim ibn Abu Hanifa Andaqiy. Buxoro qishloqlaridan biriga mansub boʻlib, hijriy 400-yilda tugʻilgan. Fozil va faqih kishi boʻlgan. Shasmul Aimma Halvoniydan fiqhni oʻrgangan. Hijriy 481-yil Shaʼbon oyida vafot etgan [3:177].
  5. Faxrul Islom Abulhasan Ali ibn Muhammad Bazdaviy. Movarounnahrning katta faqihi unvoni sohibi. Tariqatda shayx hisoblangan va Abu Hanifa mazhabida boʻlgan. Kunyasi Abul Usr. Qozi Muhammad ibn Yusrning akasi. Oʻn bir jildli “Al-Mabsut” asarining muallifi. “Al-Jomeʼ al-kabir” kitobiga sharh yozgan. Hijriy 482-yil rajab oyining 5 sanasi, payshanba kuni vafot etgan. Tobutini Samarqandga olib borishgan va masjid darvozasi yaqiniga dafn qilingan.
  6. Abu Nasr Ahmad ibn Abdurahmon Buxoriy Hanafiy. Uning hanafiy mazhabi furuʼul fiqhi boʻyicha “Amoliy”si (“Imlo qilingan masalalar toʻplami”) bor. Hijriy 518-yilda vafot etgan.
  7. Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Saraxsiy. Imom Kabir, Shamsul Aimma unvonlarining sohibi. “Al-Mabsut” va boshqa asarlar muallifi. Katta peshvolardan biri, usul, fiqh boʻyicha yetuk olim. Imom Shamsul Aimma Halvoniyni lozim tutib, ilm olgan. Zamonasining yetuk olimlari­dan boʻlib yetishgan, asarlar yozgan, zamondoshlari bilan ilmiy bahs olib borgan. Natijada nomi chiqib, mashhur boʻlgan. Zindonda oʻtirgan holida oʻn besh jildli “Al-Mabsut” kitobini yoddan aytib, shogirdlariga yozdirgan. Hijriy 490-yilda vafot etgan [4:28].
  8. Abul Yusr Muhammad ibn Muhammad Bazdaviy. “Sadrul Islom” laqabini olgan. Ismoil ibn Abdullohdan ilm olgan. Uning oʻzidan esa Najmiddin Umar Nasafiy va “Tuhfatul fuqaho” asarining muallifi Muhammad ibn Ahmad Samarqandiy va boshqa koʻplab shogirdlar ilm olgan. Furuʼul fiqh boʻyicha “Al-Mabsut” va “Al-Voqiot” asarlarini yozgan. “Tojut tarojim” asari muallifi shunday degan: Umar ibn Muhammad Nasafiy aytadi: “Abul Yusr Movarounnahrdagi doʻstlarimizning ustozi edi. Haqiqiy maʼnoda peshvolar peshvosi edi. U zotning huzuriga turli oʻlkalardan ilm istab kelishardi. Usul va furuʼ bobida yozgan asarlari Sharq va Gʻarbni toʻldirgan edi”. Hijriy 493-yil rajab oyida vafot etgan [4:188].

Ilm talabida safar qilish maʼrifat sabablaridan biridir. Bunday riyozat Movarounnahr va islom olami oʻrtasida ilmiy va madaniy aloqa oʻrnatish vositasi boʻlgan. Ilm markazlari orasidagi safarlar islom olami yaxlitligini namoyon qilar edi. Erkin koʻchib yurish uchun hech qanday toʻsiq va chegaralar yoʻq edi. Shuning uchun ulamolar Andalusdan Xitoygacha islom olami boʻylab ilm talabida safar qilardi. Ulamolarning ilm talabida safar qilishiga ikkita sabab bor edi:

Birinchi sabab: olimlar bepul boshpana sifatida foydalanishi (va mehmon boʻlishi) mumkin boʻlgan masjid, madrasa, rabot, namozxona va xonaqolarning mavjudligi;

Ikkinchi sabab: bepul ilm oʻrganish imkoniyati borligi.

Imom Shamsul Aimma Halvoniy koʻplab safar qilgan, jumladan:

Kichik safarlar: ilm olish va tarqatish maqsadida Movarounnahr shahar va qishloqlari orasidagi safarlar. Tabaqot va tarojim kitoblarida Imom Halvoniyning kichik safarlaridan faqat bittasi keltirilgan. Bu boʻlajak allomaning oʻsha zamon mashhur shayxlaridan Imom Muhammad ibn Ahmaddan ilm olish talabida Buxoro shahridan Kesh qishlogʻiga safaridir. Imom Halvoniy Kesh qishlogʻiga borib, ustozining etagini mahkam tutadi va u yerda mudarris, muftiy va voiz boʻlib yetishadi. Hanafiy mazhabining allomalaridan va koʻzga koʻringan mujtahidlardan boʻlib, umrbod Keshda qoladi. Koʻplab tarojim asarlari mualliflari u zotning vafot etguniga qadar Buxoro shahriga qaytmaganini aytadi.

Olis safarlar: Makkai mukarramaga qilgan safari. Tarojim kitoblarida Imom Halvoniyning Makkaga qilgan safari zikr qilinmagan [3:350].

Imom Halvoniy qalamiga mansub baʼzi asarlarni va ulardagi ilm-maʼrifatni oʻrgangan holda aytish mum­kinki, u zot oʻz zamonasining katta ulamolaridan edi.

Imom Halvoniy asarlarini oʻrgangan inson u zotning oʻziga xos qisqa va loʻnda uslubda yozganini koʻrishi mumkin. Shuning uchun ham asarlari ilm talabidagilar uchun tadqiqot, izlanish va ilm manbasiga aylangan. Chunki ushbu asarlarda muallif aniq, loʻnda maʼlumotlar keltirilgan va tafsilotlar oʻrniga ishoralar bilan kifoyalangan. Imom Halvoniy asarlarining baʼzilari chop etilgan, boshqalari esa qoʻlyozma holidadir. Jumladan:

  1. “Ash-Sharh al-kabir”: Abu Bakr Xassofning “Hiyalush shariʼa” (sharʼiy hiylalar) asari sharhi. Sharʼiy hiylalar fiqh boʻlimlaridan biri boʻlib, ikki jilddan iborat. Mazkur kitobga Imom Halvoniy sharh yozgan, shuningdek, Shamsiddin Saraxsiy va Imom Xoharzodalar ham sharh yozgan [5: 695]. Ushbu kitob qoʻlyozma holatida boʻlib, chop etilmagan.
  2. “Sharhu ziyodotuz ziyodot lifuruʼil hanafiya”: (Hijriy 187-yilda vafot etgan) Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy asariga yozilgan sharh. Boshqa ulamolar ham bu asarga sharh yozgan. Hokim Shahid esa bu asarga “Usuluz ziyodot” degan muxtasar yozgan [5: 695]. Bu kitob chop etilmagan.
  3. “Sharhu kitab adab al-qodi ala mazhab al-imom Abu Hanifa an-Nuʼmon”: Hijriy 261-yilda vafot etgan Abu Bakr Ahmad ibn Amr Xassof asariga sharh. Musannif uni 120 bobga ajratgan. Ushbu kitobga furuʼ va usul imomlari sharh bitgan. Jumladan, Imom Abu Bakr Ahmad ibn Aliy Jassos (hijriy 370-yilda vafot etgan). Mazkur sharh bugungi kunda mashhurdir. Kitob avvalida har bir masala oqibati sanab oʻtilgani aytilgan. Bu kitob chop etilmagan.
  4. “Sharh kitob al-jome as-sagʻiyr fil furuʼ”: Hijriy 187-yilda vafot etgan mujtahid imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy Hanafiy asariga sharh. Bu zarur maʼlumotlarga boy kitob boʻlib, 1532 ta masalani oʻz ichiga olgan [5:46]. Mazkur kitob Bayrut shahridagi Doru sodir matbaasida chop etilgan.
  5. “Sharhu kitob al-jome al-kabir fil furuʼ”: Hijriy 187-yilda vafot etgan mujtahid imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy Hanafiy asariga sharh. Bu kitobga boshqa ulamolar ham sharh yozgan [4:567]. Dorut turos matbaasida chop etilgan.
  6. Fatavo Shamsul Aimma Al-Halvoniy [2:1224].
  7. Kitab an-nafaqot.
  8. Al-Mabsut.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Shamsul Aimma Halvoniy nafaqat ijtimoiy-siyosiy hayotda, balki ilmiy ishda ham faol boʻlgan. Halvoniyning “Majlis fi sifat ashrat as-saʼa va-maqomat al-qiyoma” asari noyob hisoblanadi va nusxasi saqlanib qolgan. Bu asar esxatologik janr anʼanalarida tuzilgan. Asarlar tahlili shuni koʻrsatadiki, Shamsul Aimma Halvoniy buxorolik vaʼzgoʻylar (muzakkirunlar) anʼanasini davom ettirgan. Ular ommaviy nutqida (“ammat”) dunyo oxiri, odamlarni diniy burchini bajarishga qaytishga, Islom ahkomlariga rioya qilishga chaqirgan. Shuningdek, Shamsul Aimma Halvoniy fatvolar bergan. Jumladan, Kafaviy oʻz asarida 26 ta fatvoni tilga olgan.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Abu Saʻd ʻAbd al-Karim ibn Muhammad ibn Mansur at-Tamimi as-Samʻani. Al-Ansab. Hind: 1385 h.
  2. Al-Amir Abu Nasr ʻAli ibn Hibat Allah ibn ʻAli Ibn Makula al-ʻIdjli. «Al-Ikmal fi rafʻ al-irtiĭab ʻan al-muʻtalaf va-muxtalaf min al-asmaʻ va-l-kuna va-l-ansab». – Bayrut: Darul kutub ilmiya, I jild, 1411 h.
  3. Iʻmadiddin Abi al-Fidai Ismaʻil bin al-Xatib Abi Xafs Umar bin Kasir al-Qurashiy ad-Dimashqiy. Siyar al-aʻlam an-nubala. – Bayrut: Maktab al-maʻarif, 1974, II jild.
  4. Muhĭiddin Abu Muhammad ʻAbd al-Qodir ibn Muhammad ibn Abil Vafaʻ al-Qurashi al-Hanafiy. Al-javohir al-muddiya fi tabaqat al-hanafiya.
  5. Xodji Xalifa. Kashf az-zunun ʻan asami al-kutub va-l-funun. – B. 46.
  6. Shahabuddin Abi Abdulla Yaʼqub bin Abdulla al-Hamaviy ar-Rumiy al-Bagʻdodiy. Muʻjam al-buldan. – Bayrut: 1968.

 

BAXROMXUJA MAXAMADXODJAYEV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oʻqituvchisi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …