Home / MAQOLALAR / YOSHLARDA VATANPARVARLIK TUYGʻUSINI RIVOJLANTIRISHDA DINSHUNOSLIKKA OID FANLARNI OʻQITISHNING AHAMIYATI

YOSHLARDA VATANPARVARLIK TUYGʻUSINI RIVOJLANTIRISHDA DINSHUNOSLIKKA OID FANLARNI OʻQITISHNING AHAMIYATI

Jahonda sodir boʻlayotgan globallashuv jarayonlari­da din omilining oʻrni tobora ortib bormoqda. Dunyoga xavf solayotgan ekstremistik va xalqaro terroristik faoliyatning aksar holatlarda din niqobi ostida harakatlanayotgani masalaga jiddiy yondashuvni talab qiladi. Shu bois ham bugun din va uning insonparvarlik, ezgulik, tinchlik gʻoyalarini dunyoga yetkazish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Har bir mamlakatda yashovchi xalq muayyan dinga eʼtiqod qiladi, uning oʻz urf-odat va anʼanalari mavjud. Dunyo xalqlari tarixini oʻrganishda ularning diniy qarashlari, eʼtiqodi va diniy amaliyotlarini eʼtibordan chetda qoldirish mumkin emas. Din jamiyatda insonlar dunyoqarashini shakllantirish, tasalli berish, birlashtirish, boshqarish, ruhiy-maʼnaviy tarbiyalash kabi bir qator vazifalarni bajarib kelgan [1: 32-39].

Dinning insonparvarlik falsafasi, ezgu gʻoyalari yoshlar qalbidan joy olishi uchun turli jamiyatlarda taʼlim tizimi sohasida koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, mamlakatimizda taʼlim tizimini isloh qilish, uning sifatini oshirish va turli yoʻnalishlar boʻyicha malakali pedagog hamda yetuk kadrlar tayyorlanmoqda.  Shu qatorda, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi dinshunoslik va islomshunoslikka oid fanlarni professional darajada oʻqitish boʻyicha pedagoglar tayyorlash va taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan katta vazifani oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

Uslublar. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida yurtimizdagi diniy taʼlimdan farqli oʻlaroq akademik dinshunoslik-islomshunoslik taʼlim dasturlari ishlab chiqilgan. Bu yoʻnalishda malakali mutaxassis kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan yetakchi taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Akademiya professor-oʻqituvchilari va soha mutaxassislari to­monidan umumiy oʻrta taʼlim maktab va akademik litsey-kollej oʻquvchilari uchun “Tarbiya”,  “Dunyo dinlari tarixi”, “Dinshunoslik asoslari” kabi oʻquv qoʻllanmalari tayyorlandi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda diniy taʼlim olish sohasini shartli ravishda 3 turga boʻlish mumkin: 1 – maxsus diniy taʼlim, 2 – davlat taʼlim muassasalaridagi dinshunoslikka oid taʼlim, 3 – elektron portallar orqali rasmiy diniy taʼlim olish.

Birinchisi – diniy taʼlim olish imkoniyatlari maxsus diniy taʼlim muassasalari orqali amalga oshiriladi.

Oʻzbekistonda barcha yoʻnalishdagi din vakillariga teng qaraladi, “diniy ozchilik” degan ibora bizning madaniyatimiz va tilimizga xos emas. Bu holat diniy taʼlim sohasida ham koʻzga tashlanadi. Buning isboti sifatida bugungi kunda yurtimizda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida 13 ta oliy va oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalari hamda 2 ta Toshkent pravoslav va Toshkent protestant seminariyalari faoliyat koʻrsatayotganini aytish mumkin [5: 704].

Oʻrta maxsus maʼlumotli imom-xatiblar malakasini oshirish va ularni oliy maʼlumotli qilish maqsadida Toshkent islom institutida 3-yillik modul taʼlim tizimi joriy etildi. Ushbu taʼlim tizimiga 2019-2020 oʻquv yilidan boshlab asosiy ish joyidan ajralmagan holda imom-xatiblar oʻqishga qabul qilindi.

Bundan tashqari, yurtimizni turli joylarida aholiga pullik xizmat asosida alohida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan uch oylik “Qurʼon va tajvid kurslari” faoliyat koʻrsatmoqda. Ushbu kurslarda fuqarolarimiz oʻziga kerakli darajada Qurʼon oʻqish qoidalarini oʻrganmoqda.

Ikkinchisi – davlat taʼlim muassasalaridagi dinshunoslikka oid taʼlim yoʻnalishidir. Bunda umumiy oʻrta maktab va akademik litsey-kollejlarda “Dinshunoslik asoslari”, “Dunyo dinlari tarixi”, “Tarbiya”, “Maʼnaviyat asoslari” kabi fanlarda dunyo va jahon dinlari hamda ulardagi ibodatlar haqida batafsil maʼlumot beriladi.

Davlat taʼlim tizimining oʻquv dasturlarida biror dinga ustunlik bermagan holda koʻpchilik eʼtiqod qiluvchi dunyo va milliy dinlar tarixi, ulardagi ibodat va rasm-rusmlar haqidagi bilimlar akademik yondashuv asosida beriladi. Bu esa har bir oʻquvchida insoniylik, vatanparvarlik, ota-onaga hurmat, mehr-muruvvat va bagʻrikenglik tuygʻularini kamol toptirishga xizmat qiladi.

Dinshunoslik fanlarini oʻqitishda quyidagi tamoyillarga amal qilish lozimligini taʼkidlash zarur:
– biror-bir dinga ustunlik bermagan holda bagʻrikenglik tamoyillari asosida taʼlim berish;
– muayyan bir eʼtiqod yoki dinga majbur qilmaslik;
– amaldagi vijdon erkinligi toʻgʻrisidagi qonun-hujjatlarni buzmaslik;
– oʻquvchi va talabalarni dini va millatiga qarab kamsitmaslik;
– sifatli taʼlim va tarbiyaga eʼtibor berish.

Uchinchisi – Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan tegishli tartibda muvofiqlashtirilgan holda rasmiy diniy elektron portallar orqali diniy taʼlim berish yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi rasmiy sayti “muslim.uz”, rasmiy diniy taʼlim muassasalari, jomeʼ masjidlari, iqtidorli imomlar saytlari va telegram kanallaridagi kontentlar orqali ham diniy taʼlim olish imkoniyatlari keng yaratilgan. Turkum videodars, maqola, infografika, multfilm, audiodars, kitob, qoʻllanma va master klasslar shaklida diniy taʼlim olish imkoniyatlari mavjud.

Afsuski, bugungi kunda internet tarmoqlarida turli ekstremistik va terroristik tashkilotlar mediamarkazlari tomonidan ekstremistik va terroristik mazmundagi targʻibot materiallari keng tarqatilmoqda. Ayni holat nafaqat yurtimizda, balki jahonda ham bu kabi maʼlumotlar tarqalishining oldini olishga, ularni aniqlash va faoliyatiga chek qoʻyish boʻyicha mexanizm ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq qilish zaruratini kun tartibiga qoʻymoqda.

Misol uchun, oʻtgan davr mobaynida AQSHda 68 ta, Rossiya Federatsiyasida 47 ta, Buyuk Britaniyada 78 ta va Turkiyada 15 ta ekstremistik va terroristik tashkilotlar faoliyati taqiqlangan. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasida 5342 ta [6], Qozogʻiston Respublikasida 1133 ta [7], Qirgʻiz Respublikasida 167 ta [8] va Tojikiston Respublikasida 2417 ta [9] radikal kontentlar sud tomonidan taqiqlangan.

2023-yil 17-may holatiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ekstremizm va terrorizm gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan deb topilgan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan materiallar roʻyxatini Din ishlari boʻyicha qoʻmita eʼlon qildi [10].

Shuni unutmaslik lozimki, Oʻzbekiston huquqiy demokratik, koʻp millatli va turli konfessiyali jamiyatdir. Qonunchilikda hech qaysi dinga yoki diniy eʼtiqodga boshqalariga nisbatan alohida imtiyoz yoki cheklash belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Yurtimizda xavfsizlikni taʼminlash, farovon turmush va buyuk kelajak qurishni istar ekanmiz, yoshlar ongida jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurasha olish koʻnikmalarini shakllantirish muhim masala boʻlib qolaveradi [2: 148].

Shuning uchun ham bugungi kunda taʼlim tizimida dinshunoslik va islomshunoslikka oid fanlarni oʻqitish metodikasini akademik statusga olib chiqish va natijada dinlarning ezgulik va insonparvarlik gʻoyalarini oʻquvchilarga yetkazish ustuvorlik qiladi. Bu esa kelajakda oʻquv-tarbiya ishlarini yanada takomillashtirish, oʻquvchilarda oʻzligini anglash va faol fuqarolik pozitsiyasini kamol toptirishda muhim ahamiyatga ega.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Islomov Z.M., Ismatova N.K. Dunyo dinlari tarixining fan sifatidagi nazariy-metodologik asoslari. // Zamonaviy taʼlim/ Sovremennoye obrazovaniye. 9(82), 2019. – B. 32-39.
  2. Lafasov M.F., Sattarova F.M., Norqulov H.D. Maʼnaviyat asoslarini oʻqitish metodikasi. Darslik. – T.: 2009. – B. 148.
  3. Mualliflar jamoasi. Tarbiya. 11-sinf uchun darslik. – T.: Respublika taʼlim markazi, 2021. – B. 128.
  4. Mualliflar jamoasi. Dunyo dinlari tarixi. 10-sinf uchun darslik. – T.: Sharq, 2017.
  5. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi 5-jild. – T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2003. – B. 704.
  6. https:// minjust.gov.ru/ru/extremist-materials/?page=54&
  7. https://www.gov.kz/memleket/entities/pravstat/yapress/ article/details/17669? lang=ru
  8. https://drive.google.com/file/d/11anEEHxeFtj9tc5tPj-SszvJ5zsXZh4R/view
  9. https://nbt.tj/ru/financial_monitoring /perechni .php
MIRODIL XAYDAROV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti, PhD

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …