Home / MAQOLALAR / OʻZBEKISTONDA DINIY-MAʼRIFIY SOHADA XAYRIYA VA HOMIYLIK FAZILATLARI: “VAQF” XAYRIYA JAMOAT FONDI FAOLIYATI MISOLIDA

OʻZBEKISTONDA DINIY-MAʼRIFIY SOHADA XAYRIYA VA HOMIYLIK FAZILATLARI: “VAQF” XAYRIYA JAMOAT FONDI FAOLIYATI MISOLIDA

Maʼlumki, xayriya va homiylik qadriyatlari Oʻzbekiston tarixining turli davrlarida turli koʻrinishlarda aks etib, har xil yondashuvlar asosida shakllanib kelgan. Homiylik va saxovat kishilararo munosabatda birdaniga paydo boʻlib qolmagan. Ular inson paydo boʻlganidan buyon asta-sekin, dialektik tarzda rivojlanib, muhim insoniy qadriyat darajasiga koʻtarilib borgan. Homiylik va saxiylik oʻzbek mentalitetining tarkibiy qismi boʻlib, ajdodlarimizning feʼl-atvori, xatti-harakati, xulq-odobiga singib ketgan. U juda keng maʼnoli, eng umumiy tushunchani aks ettiruvchi falsafiy-axloqiy kategoriya sifatida talqin etilgan [1:157].

Bugungi kunda Yangi Oʻzbekiston diyorida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning diniy-maʼrifiy sohani rivojlantirish toʻgʻrisidagi bir qator farmon va qarorlari asosida koʻplab xayrli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, Respublikada Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi. 2018-yil 15-iyun kuni Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga ramziy tamal toshi qoʻyildi. Respublikada 13 ta yangi masjid ochildi, 39 tasi yangidan qurildi, 100 ga yaqini taʼmirlandi. 2018-yil hisobida 7200 nafar fuqaro muqaddas haj amalini bajardi hamda umra safariga cheklanmagan miqdorda ziyoratchilar borishi imkoniyati paydo boʻldi. “Qurʼoni Karim va tajvid”, “Arab tili” kurslari tashkil etilib, bundan xalqimiz juda mamnun boʻldi [3]. Aholining himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida toʻlaqonli ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida insonparvarlik tamoyillari, shuningdek  2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasidan kelib chiqib, “Vaqf” xayriya jamoat fondi va “Ezgu maqsad” xalqaro xayriya jamoat jamgʻarmasi tashkil etildi [4].

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5416-son Farmoni asosida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi. Fond 10-may kuni Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Ushbu fondning tashkil qilinishi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunda belgilangan fuqarolarning huquqlarini amalga oshirishlari uchun yana bir imkoniyat boʻldi.

Fond faoliyatini kengaytirish maqsadida “Payme”, “Click” va “M-bank” elektron toʻlov tizimlari orqali mablagʻlarni jalb etishga moʻljallangan xizmatlar ishga tushirildi. Berilgan koʻrsatmalar asosida Toshkent shahridagi 12 ta yirik masjid va   Zangiota  ziyoratgohi hududiga “Kapitalbank”, “Ipotekabank” va “Ipak yoʻli bank”larining infokiosklari oʻrnatildi. Jamgʻarma mablagʻlari uch yoʻnalishda: xayriya boʻlimi,  vaqf boʻlimi, zakot, ushr, fitr[1] va fidya[2] boʻlimi koʻrinishda faoliyat olib bormoqda. Jamoat fondining maqsadi koʻp asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga hissa qoʻshgan ajdodlarimizning bebaho merosini oʻrganish, xalqimizga azal-azaldan xos boʻlgan maʼrifatparvarlik, bagʻrikenglik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik kabi ezgu fazilat va qadriyatlarni davom ettirishga koʻmaklashishdir. “Vaqf” xayriya jamoat jamgʻarmasi milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, masjidlar va diniy taʼlim muassasalarining binolarini qurish, taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tarixiy-meʼmoriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, taʼmirlash, obodonlashtirish, diniy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va oʻquvchi-talabalarini, masjidlar va ziyoratgohlar xodimlarini, xususan, imom-xatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni, moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, islom ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimiz, zamonamizning yetuk olim va ulamolari qalamiga mansub diniy-maʼrifiy asarlarni chop etish va aholiga yetkazishga koʻmaklashish; vaqf, zakot (fitr, ushr) va xayriya mulklariga ega boʻlish va ularni belgilangan tartibda diniy-maʼrifiy va ijtimoiy maqsadlarga muvofiq tasarruf etish, yurtimizdagi muqaddas ziyoratgoh va qadamjolarning musulmon dunyosidagi nufuzini yanada oshirish, bu maskanlarga mahalliy va xorijiy fuqarolarning ziyoratlarini uyushtirish, ziyoratchilar uchun zarur sharoitlar yaratish hamda ziyorat bilan bogʻliq rasm-rusumlar oʻtkazishga koʻmaklashish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash kabi bir qator vazifalarni bajarish borasida faoliyat olib bormoqda [8]. Tashkil etilgan kundan boshlab xayriya jamgʻarmasi bir qator xayrli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Ramazon oyi munosabati bilan  “Vaqf” xayriya jamoat jamgʻarmasi tomonidan Olmazor tumanidagi kam taʼminlangan, nogiron va koʻp bolali 50 xonadonga (2 kilodan shakar, un, guruch va moy) xayriya tuhfasi ulashildi. Shuningdek, Olmazor tumanida 22 nafar fuqaroga 28 131 000 soʻm, homiylar tomonidan 18 xoʻjalik va oila aʼzolariga 12 500 000 soʻm moddiy yordam koʻrsatildi. Tumandagi aqliy va jismoniy nuqsoni boʻlgan, imkoniyati cheklangan bolalar uchun 36-yordamchi maktabga 1700 000 soʻm moddiy yordam koʻrsatildi. Xayr va saxovat oyi munosabati bilan jamgʻarma tomonidan Islomobod masjidida “Oʻzbekiston kar va soqovlar jamiyati”ning jami 200 nafar ehtiyojmandlariga ramazon tuhfasi ulashildi [7]. Jamgʻarma tomonidan 2018-yil 9-16-iyul kunlari umumiy hisobda 97 666 000 soʻmlik zakot, xayriya va vaqf mablagʻlari shariatda koʻrsatilgan oʻrinlarga yetkazildi [6]. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018-yil 27-iyul kuni jinoyatchilikning oldini olish, davlat idoralari va jamiyatning bu boradagi masʼuliyatini oshirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida berilgan tavsiyalardan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, “Vaqf” jamgʻarmasi tomonidan ajratilgan hadyalarning 142 ta oziq-ovqat toʻplami (5 litr yogʻ, 3 kg guruch, 3 kg shakar va 0,5 kg choy), shuningdek, imomlarning oʻz tashabbuslari bilan 1500000 soʻm pul va 125 kg goʻsht (52 ta xonadonga 2,5 kg. dan) haqdor oilalarga yetkazib berildi [6]. “Vaqf” jamgʻarmasi tomonidan joriy yilda Qurbon hayiti munosabati bilan 20-23-avgust kunlari bir qator xayriya ishlari amalga oshirildi. 2018-yil 27-avgustda mustaqillik bayrami munosabati bilan joylardagi imom-xatiblar bilan birgalikda Bektemir, Yashnobod, Uchtepa tumanlaridagi yordamga muhtoj nogironlar, yolgʻiz keksalar, boquvchisini yoʻqotgan fuqarolar hamda kam taʼminlangan 300 ta oilaga jami 31 848 000 soʻmlik isteʼmol savati (5 l pista yogʻi, 3 kg shakar, 2 kg oliy sifatli un, 2 kg makaron, 1 kg choy va 5 quti malham choy) tarqatildi. Shuningdek, Toshkent shahar tumanlari kesimida 191 nafar jismoniy shaxsga 186 050 000 soʻm va 10 ta yuridik tashkilotga 25 300 000 soʻm moddiy yordam, viloyatlar va Qoraqalpogʻiston respublikasi kesimida 434 nafar jismoniy shaxsga 436 856 000 soʻm va 7 ta yuridik tashkilotga 208 601 056 soʻm moddiy yordam koʻrsatildi. “Vaqf” xayriya jamoat jamgʻarmasi tomonidan 2018-yilning iyun-sentyabr oylari davomida turli yoʻnalishlarda xayriya ishlari amalga oshirildi. 2018-yil 28-noyabr kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasida “Vaqf” xayriya jamoat jamgʻarmasi tomonidan “Ilmga eʼtibor – kelajakka eʼtibor” nomli xayriya aksiyasi taqdimoti oʻtkazildi. Unda oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 145 nafar talaba yoshning 1 milliard 244 million soʻmga yaqin toʻlov-shartnoma puli toʻlab berilgani maʼlum qilindi [2:1]. Fond tomonidan yordamga muhtoj kishilarga, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalarga yordam berish maqsadida bir qancha yoʻnalishlarda aksiyalar tashkil qilindi. Bundan tashqari, “Kitob”, “Ilmga koʻmak”, “Masjidlar”, “Malham”, “Nikoh toʻylari”, “Roʻzgʻor”, “Ehtiyojmandlarga koʻmak”, “Oʻz kasbi fidoyisi”, “Obod xonadon”, “Obi hayot” nomli aksiyalar eʼlon qilindi [2].

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan 2021-yil davomida ham bir qator tadbirlar amalga oshirildi va mablagʻlar yoʻnaltirildi. Xususan:

– masjidlar va diniy taʼlim muassasalarining binolarini qurish, taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yoʻnalishi boʻyicha 1 mlrd 515 mln soʻm; 

– tarixiy-meʼmoriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, taʼmirlash, obodonlashtirish, ularning infratuzilmasini yanada rivojlantirish yoʻnalishiga 12 mlrd 48 mln soʻm; (Masalan, Ichan Qalʼadagi Pahlavon Mahmud va Said Aloviddin Pir ziyoratgohlariga 1 mlrd 275 mln soʻmdan  ziyod mablagʻ…)

– diniy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va oʻquvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishiga 2 mlrd 636 mln soʻm; (Oliy Mahad va madrasalar uchun 900 mln soʻmga yaqin orgtexnika va smart sinflar, Hadis ilmi maktabiga 350 mln soʻmlik moliyaviy yordam va hokazo)

– masjidlar va ziyoratgohlar xodimlarini, xususan, imom-xatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishiga 2 mlrd 282 mln soʻm;

– aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishiga 12 mlrd 935 mln soʻm mablagʻlar yoʻnaltirilgan boʻlib, jami sohaviy vazifalarni amalga oshirishda 32 mlrd 65 mln soʻm fond mablagʻlari yoʻnaltirildi. (Bunda 6 mlrd 818 mln soʻm oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zaruriy anjomlar koʻrinishida, 6 mlrd 117 mln soʻm esa pul mablagʻlari koʻrinishida berilgan.)

Shuningdek, Fond tomonidan respublika boʻyicha ijtimoiy himoyaga qaratilgan bir qancha xayriya tadbirlari oʻtkazilgan boʻlib, shulardan ayrimlarini sanab oʻtish maqsadga muvofiq:

– Fondga moddiy yordam soʻrab murojaat qilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolardan 13 802 nafariga “Zakot” va “Xayriya” hisob raqamlaridan mos ravishda 2 mlrd 816 mln soʻm va 3 mlrd 301 mln soʻm, jami 6 mlrd 117 mln soʻm pul mablagʻlari bilan moddiy yordam koʻrsatildi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbari tomonidan eshitish qobiliyatini yoʻqotgan, koʻzi ojiz va boshqa toifadagi imkoniyati cheklangan shaxslarga alohida eʼtibor qaratib kelinadi. Fond tomonidan ham yillik reja asosida “Siz bizga keraksiz” tadbiri doirasida mazkur shaxslarga joriy yilda 245 mln soʻm moddiy yordam berildi.

– Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlar va diniy taʼlim muassasalariga jami summasi 1 mlrd. 949 mln. soʻmlik  82 665 dona diniy va maʼrifiy kitoblar hamda diniy darsliklar tarqatildi.

– Fond homiylar hisobidan Qoraqalpogʻiston Respublikasining 10 ta tumanidagi ichimlik suvi tanqis boʻlgan qishloq va ovullarda jami 454 mln  soʻmlik 147 ta artezian suvlari chiqarildi.

– Fond tomonidan eʼlon qilingan “VAQF-koʻmagi” tadbiri doirasida Xorazm, Sirdaryo, Andijon, Qashqadaryo viloyatlaridan 101 nafar kasb-hunarga ega, ammo mehnat qilish uchun sarmoyasi boʻlmagan ijtimoiy koʻmakka muhtoj hamyurtlarimiz uchun  388 mln soʻmlik tikuv mashinalari, pishiriq pechlari va boshqa asbob-uskunalar yetkazib berildi. Ushbu loyiha natijasida joylarda qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilmoqda va mazkur loyihani qolgan viloyatlarda ham davom ettirish rejalashtirilgan.

– “Qurʼon va tajvid” kurslarini rivojlantirish va moddiy qoʻllab-quvvatlash uchun 2021-yil “Kapitalbank”da Fondning alohida hisob raqami ochildi. Hozirgi kunda mazkur hisob raqamga qariyb 110 mln soʻm xayriya kelib tushdi.

– Olcha.uz elektron savdo platformasi orqali sotilgan mahsulotlardan tushgan mablagʻlarining maʼlum miqdorini “Vaqf” xayriya jamoat fondi hisob raqamlariga oʻtkazishni koʻzda tutuvchi memorandum imzolanib, amaliyotga tatbiq qilindi. Hozirgi kunda mazkur kompaniyadan har oy maʼlum bir miqdor mablagʻ fond hisobiga xayriya sifatida kelib tushmoqda.

Oʻtgan yillardagi kabi 2021-yilda ham Fond tomonidan xorijiy tashkilot va fuqarolar xomiylik mablagʻlarini jalb qilgan holda bir qator loyihalar amalga oshirilgan boʻlib, ushbu loyihalarga xorijiy homiylarning jami  5 mlrd 492 mln soʻm pul mablagʻlari yoʻnaltirildi [5].

Yuqorida tahlil etilgan xayriya jamoat fondi faoliyati shundan dalolat beradiki, xayriya jamgʻarmasi soʻnggi yillarda tashkil etilgan, bir qator xayrli vazifalarni birlashtirgan, saxovat va koʻmak, xayriya va homiylik tashkilotidan biri hisoblanadi. Uning mamlakat ravnaqi va ijtimoiy hayotni yaxshilashda koʻrsatayotgan faoliyati koʻpgina jamoat fondlari hamda boshqa tashkilotlarga oʻrnak boʻla oladi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Abdullayev D.N. Oʻzbekistonda xayriya va homiylikning rivojlanish tarixi (XIX asr ikkinchi yarmi – XXI asr boshlari). Monografiya. – T.: Innovatsiya — Ziyo, 2019. – B. 157.
  2. “Islom nuri” gazetasi. № 23(616)-son. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi “Movarounnahr” nashriyoti. 15.12.2018. – B. 1.
  3. Islom nuri gazetasi. № 1(618)-son. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi “Movarounnahr” nashriyoti. 15.01.2019
  4. “Ezgu maqsad” xalqaro xayriya jamoat fondi tashkil etildi // https://www.gazeta.uz/uz/2017/07/18/fond/ (12.09.2018).
  5. 2021-yil davomida sohaviy vazifalarni amalga oshirishda yoʻnaltirilgan xayriya mablagʻlar haqida hisobot. https://vaqf.uz/uz/news/view/786
  6. http://www.vaqf.uz/oz/news/view/34 (28.10.2018)
  7. http://www.vaqf.uz/oz/lists/expenses/18 (29.10.2018)
  8. http://www.vaqf.uz/oz/pages/view/function. (30.10.2018)
[1] Fitr – (arab. roʻzaning tugashi, ramazon hayitida beriladigan ehson, sadaqa). Roʻza oxirida kambagʻal, ehtiyojmandlarga beriladigan sadaqa, ehson. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. Toʻrtinchi jild. – T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2006. – B. 250.
[2] Fidya – “fido qilish” maʼnosini anglatadi va shariatga koʻra, roʻza tutishga qodir boʻlmagan insonning (keksa, kasal, musofirlar) uning oʻrniga sarmoya sarflashi “fidya berish” deb tushuniladi // Qarang: http://www.vaqf.uz/uz/pages/view/fidya
DIYORJON ABDULLAYEV
Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti,
 tarix fanlari doktori (DSc)
ABDULAZIZBEK OʻTKIROV
Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi,
Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sohibi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …