Sabriy naqshbandiya tariqati vorisi, XX asr boshlari adabiy jarayoniga oʻziga xos hissa qoʻshgan, shoir, shayx va tariqat piridir. Uning ijodi haqidagi maʼlumotlar tor doiradagina maʼlum. “Oʻzbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Millat fidoyilari” koʻrsatuvida [4] ijodkor haqida batafsil maʼlumot berildi. Koʻrsatuvda Sabriy hayoti, faoliyati va adabiy merosi tilga olinib, qatagʻon qurboniga aylangani qayd etildi. Bu koʻrsatuv Sabriy hayoti va ijodiy merosini oʻrganishning debochasi boʻldi, deyish mumkin.
Sabriy tariqat ilmining soʻnggi murshidlaridan biri, taniqli ulamo, milliy–madaniy, diniy merosimizni oʻziga xos yoʻsinda asrab–avaylashga intilgan adibdir. Ayni paytda dahriylik asosiga qurilgan sobiq ittifoq tazyiqiga uchrab, qatagʻon azobini boshdan kechirgan, oʻz eʼtiqodidan zarracha boʻlsa-da chekinmagan inson [3].
Tasavvuf islom tamadduni ustunlaridan biri hisoblanadi. Uning paydo boʻlishi bilvosita dinimiz tarixi bilan bogʻliq. Haqiqat shuki, tasavvuf paygʻambarimiz Rasuli Akram (s.a.v.) va u zotning sahobalari turmush tarzida islom taʼlimoti va targʻiboti asnosida yuzaga keldi. Tasavvuf taʼlimoti Allohni anglash, bilish va poklanish yoʻlidir. Tasavvuf tarixi shuni koʻrsatadiki, har bir davrda ham tasavvuf va uning namoyandalari bitta vazifani, yaʼni Allohni tanish, uning zikri bilan mashgʻullik hamda poklik bilan uni kelgusi avlodlarga yetkazish vazifasini bajargan. Chunki tasavvuf Haq maʼrifati boʻlib, aql va qalbning poklanish yoʻlini ifoda etadi. Paygʻambarimiz davrlaridayoq muhaddislar oʻz taqvo va ibodati orqali shunday baland darajalarga erishdiki, natijada ishorat ilmi zamirida mustaqil tasavvuf ilmi tarkib topdi va avloddan avlodga anʼanaviy meros sifatida oʻtib kelaverdi. Naqshbandiya tariqati dargʻalaridan biri, yetakchisi va benazir shoir – Sabriydir.
Sabriy Urgut 1886-yilda Urgut tumanida tavallud topgan. Uning yetuk shoir, adib va irshod piri boʻlib yetishishida oilaviy muhit katta oʻrin tutgan. Ijodkor maʼrifatli oilada kamolga yetgan. Sabriy singari buyuk shaxslar yashab, ijod qilgan davr – Ittifoq imperiyasi zugʻumi kuchaygan, ayniqsa, millatparvar yozuvchi va ijodkorlarga qirgʻin keltirgan davr edi. Tariqat va naqshbandiya sulukini davomchisi Sabriy ham shu qiyinchiliklar davrida shayx va murshidlik irshodlariga ega boʻldi. Dastlabki maʼlumotni Urgutda Naqshin madrasada, undan keyin oʻqishni Samarqandda Ulugʻbek madrasasida davom ettirgan. Yetti yoshida Qurʼon karimni, 12 yoshida Alisher Navoiy “Xamsa”sini toʻliq yod olgan. Abu Sayyid Xayrullo bilan oldinma-keyin Urgutda oʻqigan Mullo Isʼhoqxon bobo, Omonxon va Shukur bobo bilan birga eshon toʻrani Mozori Sharifga, pirlari Shayx Shahobiddin hazratlari huzuriga borganini quyidagicha eslaydi: “U paytlarda sharoit ogʻirlashgan, zamon birmuncha notinch boʻlib turardi. Urgut muzofotida rus harbiylarini uncha xushlamay qabul qilishgan davr edi. Urgut bekligida oʻtkazilgan yalpi vahshiyliklarni barcha oʻz koʻzi bilan koʻrgan edi. Bu bosqindan keyin qatagʻon oʻtkazilib, olimlar, ulamolar, meʼmorlar va umuman aholining ziyoli qatlami qattiq taʼqib ostiga olingan edi. Olimlar va ulamolar turmalarda tovlanib, jabru sitam koʻrsa ham oʻz orqasidan kelayotgan kishilarga yoʻl koʻrsatib, hidoyat nurini sochishga intildi. Bunday ulugʻvor ishlarni bajarib, ismlari nomaʼlum qolayotgan qancha ulugʻlar borki, odamlar ularni faqat mustaqillik sharofati bilan kashf eta boshladi.
Sabriy ana shunday maʼrifatparvar insonlardan biri edi. U kishi umri davomida yolgʻiz, boshqalar esa oʻzi bilan oʻzi oʻralashib qolgan edi. Sabriy yot mafkurani qabul qila olmadi. Butun borligʻi bilan Allohning oʻzi bilangina mashgʻul boʻldi. U umri davomida oʻzgalar koʻrmagan narsalarni koʻrdi. Shuning uchun ham aytgan gaplari va qilgan amallarini tushunib yetish qiyin boʻlgan boʻlsa-da, oʻn minglab muridlar yashirin eshik orqasida turgan. Faqat u kishi olamdan oʻtganidan keyingina qilgan amallari mohiyatini anglab yetish boshlangan. Lekin oʻzgalar ayta olmagan fikr xulosalarni doʻstu birodariga ayta olgani va ortidan ergashtira olgani uchungina doimo barhayot. Biz esa u kishini endigina tushunishga harakat qilmoqdamiz, xolos.
Oʻzbekiston SSR Oliy Sudi prezidiumining 1988-yil 16-dekabrda chiqarilgan qarorida Samarqand viloyat sudining 1952-yil 17-maydagi urgutlik eshon Abulxayr Asrorxonov haqidagi hukm mutlaqo asossiz boʻlgani, uning faoliyatida hech qanday jinoyat alomatlari yoʻqligi aniqlanib, tamomila oqlangani aytilgan. Qarorga oʻsha davrdagi Oʻzbekiston Oliy Sudi raisi Sodiqjon Yigitaliyev imzo qoʻygan [1:359]. Sabriy ziyoliligi, maʼrifatparvarligi va dindorligi tufayli Toshkent, Orenburg, Uralsk, Sibir va Marinsk turmalarida 1956-yilga qadar nohaqlik qurboni sifatida jazo muddatini oʻtab keldi.
Tarixga qaytadigan boʻlsak, Sayyid Xayrulloxon toʻra uchta hamrohi bilan Mozori Sharif qoshidagi oliy madrasada taʼlim berayotgan murshid Shayx Shahobiddinxon hazratlaridan irshod xatini oladi. Samarqandda oʻz davrida mashhur boʻlgan Orif Mahmudov – Gulxaniy boshchiligidagi adabiy jarayon ishtirokchisi boʻlish bilan birga, Sabriy taxallusi bilan sheʼrlar yozadi. Shoir Vasliyga payravlik qiladi. Orif Gulxaniy tavsiyasi bilan bir muddat Shohi Zinda masjidiga imomlik qiladi. Orif Gulxaniy vafotidan keyin qamoqqa olinib, surgun qilinadi. Shu davrda Oʻzbekistondan 7000 kishi otib tashlangan, qariyb 40 mingga yaqin kishi surgun qilingan. KPSS Markaziy qoʻmitasining 1954-yil 10-noyabrdagi “Aholi oʻrtasida ilmiy ateistik targʻibot olib borishdagi xatoliklar toʻgʻrisida”gi qarori dinga qarshi navbatdagi kurash bosqichini boshlab bergan. Ushbu qarorda “Oʻrta Osiyo qadamjolarini ziyorat qiluvchilar sonining koʻpligi, u yerda qurbonlik qilish, diniy bayramlarni oʻtkazish xalq xoʻjaligini izdan chiqarib, mehnat intizomiga putur yetkazadi, diniy xurofotlar sovet kishilari ongini zaharlab, ularni kommunizm qurilishidan chalgʻitadi”, deyilgan edi [5]. Natijada bu ishga barcha ommaviy ravishda jalb etilib, “qizil burchak”, yaʼni ateizm targʻibot oynalari tashkil etildi. Madaniy-maʼrifiy obidalar yopilib, mavjud eski kitoblar tortib olinadi. Din ilmini egallaganlarni surgun va qamash boshlab yuborildi. Shoʻrolar mafkurasi qanday boʻlmasin jamiyat aʼzolarini insoniylik huquqidan mahrum qilishga qaratilgani haqida atoqli olim Gʻaybulloh as-Salom shunday yozadi: ”Esimni tanibmanki, millat qadrini oʻylaganlar – “millatchi” deb nadomat qilinadi. Jamiyatimizning nufuzli qatlami boʻlgan tadbirkoru mulkdorlarni “sinfiy dushman, yer-suv egalarini “quloq” deb aybladi. Nasl-nasabingizdan ogʻiz ochsangiz niyati buzuq, xudbin, “yot unsur”siz. Ulamo – ruhoniylarni – “afyunkor”, deb sazoyi etdi. Roʻza tutib, namoz oʻqisangiz hayfsan olasiz. Vafot etgan ota-onangizga janoza oʻqitsangiz firqa aʼzoligidan ketasiz, ishdan ham quvilasiz, balkim…” [6].
Abu Sayyid Xayrullo ana shunday zamonda ijod qilish bilan birga, hanafiy olim sifatida moʻtadillikni saqlab qolayotgan ulamolar bilan hamfikr boʻldi. Adib qolgan umri davomida tariqat ilmiga doir asarlar bilan birga sheʼriy manzumalar yozish bilan band boʻldi. Shunga qaramasdan u kishining oldiga duo hamda shifo istab keluvchilar adogʻi koʻrinmas edi. U kishi tariqat ishlarini ham moʻtadil olib borgan. Muridlar odatda pirining oldiga bir yilda bir yoki koʻpi bilan ikki marotaba kelgan. Olim muridlarining layoqati va darajasini hisobga olgan holda vazifalar bergan, bu vazifalar ularni kasb-koridan chalgʻitmagan.
Abu Sayyid Xayrullo – Sabriy ham oʻzining maʼnaviy piri, Mavlono Sayyid Ubaydulloh Toshkandiy taʼlimotini davom ettirishni asosiy vazifalaridan biri deb biladi. U din va shariat homiysi sifatida maydonga chiqdi va umrining oxiriga qadar kishilarni maʼnaviy va ruhiy poklanishga chaqiradi. Rasululloh (s.a.v.) sunnatlariga toʻliq amal qilgan holda payravlik orqali oʻz pirlariga ergashish yoʻlini yuqori darajada davom ettirishni oʻz burchi deb bildi.
Yaqin oʻtmishimizning qora kunlari haqida soʻz yuritar ekanmiz, mustaqillik yillarida diniy taʼlim olishni istovchilar uchun Oliy va oʻrta maxsus bilim yurtlari ochildi. Respublikamizdagi yuzlab ziyoratgohlar taʼmirlandi. Din arboblari va ulamolarimiz qabrlari obodonlashtirildi. Xayrulloxon toʻra va uning avlodlari oʻtmish qutqularidan qutilib, ziyoratgoh obodonchiligi uchun bel bogʻlagan. Nohaqliklar va qatagʻon davrini boshdan oʻtkazgan Abu Sayyid Xayrulloxon toʻra oramizda yoʻq. U kishini yod etish, avvalo, odamiylik burchimizdir. Qolaversa, olim Balandqishloq farzandi va uning faxri hisoblanadi. Agar u kishi moʻtabar boʻlmaganda edi, qishloqdoshlari Mozori Sharifga olib bormagan, Sibir turmalaridan qaytarishda xat qilmagan, janozasiga 70 ming kishi yigʻilmagan boʻlar edi[1].
Tariqat ilmining soʻnggi vorislaridan biri urgutlik murshidi komil, irshodpanoh eshon, adib Abu Sayyid Xayrulloxon toʻra Balandi – Sabriy Muftaqiriy umrining oxiriga qadar tariqat piri sifatida elni toʻgʻri yoʻlga hidoyat qilib oʻtdi. Xullas, Abu Sayyid Xayrulloxon eshon toʻra – Sabriy muridlik olamidan maʼrifiy komillik martabasiga erishgan insonlardan edi.
- Arxiv KGB SM UzSSR.P – 33226, tom 4.
- Respondent: Pochvon mahallasida yashovchi Karimov Latif hoji.
- Turdiyev Sh. Qismat. Hidoyat jurnali. 1994-yil 7-son.
- Oʻzbekiston tarixi telekanali. “Millat fidoyilari” koʻrsatuvi. 2022-yil, oktyabr.
- Oʻzbekiston ulamolari. Tuzuvchilar: Yoʻldoshxoʻjayev X., Qayumova I. – T.: Movarounnahr, 2013.
- Gʻaybulloh as-Salom zamondoshlari xotirasida. – T.: Toshkent Islom universiteti nashriyoti, 2002.