Yangi Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimidagi islohotlar zaruratini bitiruvchilarning oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirish, qabul jarayonini takomillashtirish va boshqa shu kabi masalalarning yechimi taqozo etadi. Soʻnggi yillarda yurtimizdagi maktab va kollej bitiruvchilari bilan oliy oʻquv yurtlaridagi qabul kvotalarining keskin farq qilishi, taʼlim olish istagidagi yoshlarning ehtiyojini qondira olmasligi koʻplab abituriyentlarning yaqin va uzoq mamlakatlarga chiqib ketishiga olib keldi. Oliy oʻquv yurtlariga kirishni kvotalar bilan cheklanganligi mehnat bozorini yuqori malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyoj bilan taklif oʻrtasidagi uzilishni vujudga keltirdi.
2006-2016-yillarni qamrab olgan 10-yillik davr mobaynida Oʻzbekistonda oliy oʻquv yurtlariga qabul kvotasi deyarli oʻzgarishsiz qoldi. Masalan, 2005-2006 oʻquv yilida kvota boʻyicha 57485 nafar talaba oʻqishga qabul qilingan boʻlsa, 2016-2017 oʻquv yilida esa 57907 nafar talaba oʻqishga qabul qilingan[3:318]. Ayrim hollarda baʼzi taʼlim yoʻnalishlarida bir oʻringa yigirma nafardan ham koʻp talabgor toʻgʻri kelar, talabalikka nomzodlarning koʻpligi tufayli yetarlicha bilimli yoshlar ham oliy maʼlumot olish imkoniyatidan mahrum boʻlar edi. Umuman olganda, 2017-yilgacha Oʻzbekistonda yoshlarni oliy taʼlim bosqichiga qamrab olish koʻrsatkichi 9-10 foizdan oshmayotgan edi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan koʻrilgan chora-tadbirlar tufayli 2017-2021-yillarda bu raqam oldingi 9 foizdan 28 foizga yetdi[5]. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida[14] esa oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish belgilandi.
Shuni alohida taʼkidlash oʻrinliki, soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonini takomillashtirish, qabul kvotalarini oshirish, kirish imtihonlarida ayrim toifa abituriyentlarga imtiyozlar berish borasida 30 ga yaqin muhim farmon va qarorlar qabul qilindi.
Uzoq yillar davomida oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlaridagi ayrim korrupsion holatlar, turli adolatsizliklar fuqarolarning bu boradagi jiddiy eʼtiroziga sabab boʻldi. Bu esa kirish imtihonlarini tashkil etish jarayonini tubdan oʻzgartirishni taqozo etdi. Shuningdek, ushbu yillarda test sinovlarini oʻtkazish tartib-qoidalari, test sinovlari natijalarini eʼlon qilish va uni takomillashtirish borasidagi olib borilayotgan ishlar davr talablariga toʻliq javob bera olmadi. Bu hol manfaatdor jamoatchilikda, ayniqsa, ota-onalarda noroziligini keltirib chiqardi. Oʻsha davrda har yili ularning ushbu masala yuzasidan qariyb 4 mingdan ziyod asosli murojaatlari masʼul idoralarga kelib tushar edi. Shu sababdan ham 2017-yilning 16-noyabrida Respublika oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini oʻtkazish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3389-son qarori[1:3] qabul qilinib, unda test sinovlari iyul-avgust oylarida katta sigʻimdagi binolarda adolatli, xolis va shaffof oʻtkazilishi belgilandi.
2018-2019 oʻquv yilida ilk marotaba oliy taʼlim muassasalari bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga qabul qilish uchun test sinovlari katta sigʻimli binolarda tashkil qilindi. Imtihonlarni oshkora va shaffof tarzda oʻtkazish maqsadida abituriyentlar binoga kirishda shaxsni identifikatsiyalash qurilmalari yordamida tekshirildi, test sinovlari kuzatuv kameralari yordamida nazorat qilindi. Jarayonlar abituriyentlarning ota-onalari uchun bevosita katta monitorlarda, internet tarmogʻi va televideniye orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish qilindi. Koronavirus pandemiyasi sababli 2020-2022-yillarda, yaʼni ketma-ket 3-yil test sinovlari ochiq joylarda, jumladan stadion va xiyobonlarda oʻtkazildi va test sinovlarini tashkil etish jarayonida shaffoflik toʻla taʼminlandi. 2023-2024 oʻquv yilidan boshlab test sinovlari yana yopiq inshootlarda oʻtkazilishi belgilandi[4].
Shu bilan birga, oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlar tomonidan hujjat topshirishdagi qiyinchiliklar va bu boradagi ayrim byurokratik toʻsiqlar, bir nechta taʼlim yoʻnalishlarini tanlash imkoniyatining yoʻqligi kabi muammolar ham mavjud boʻlganligini inkor etish kerak emas. Shuningdek, test sinovi materiallarining shakli va maʼno-mazmunini qayta koʻrib chiqish zarurati ham yuzaga kelgan edi.
Sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni davom ettirgan holda, oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda oʻtkaziladigan kirish test sinovlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, yoshlarning taʼlim olishga boʻlgan ishtiyoqini ragʻbatlantirish maqsadida abituriyentlarning bir nechta bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tanlovda ishtirok etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish lozim edi. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-may kuni “Oliy taʼlim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PQ-4319-son qarori[12] qabul qilinib, unga asosan 2019-2020 oʻquv yili qabuli doirasida abituriyentlarga oliy taʼlim muassasalarining test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bir xil boʻlgan uchtagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishida tanlovda ishtirok etish huquqi berildi; davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat bosqichiga oʻqishga kirish uchun abituriyentlarga Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish imkoniyati yaratildi. Test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi ikki boʻlimga ajratilib, birinchi boʻlimga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan – ona tili (oʻzbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va Oʻzbekiston tarixi, ikkinchi boʻlimga abituriyent tanlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos ikkita fanni kiritish belgilandi. Shuningdek, qarorda endilikda test sinovi topshiriqlari davlat taʼlim standartlari va oʻquv dasturlari asosida tuzilishi, test sinovi materiallarining maʼno-mazmuni umumiy oʻrta taʼlim tizimidagi fanlarning oʻquv dasturlariga moslashtirilishi, abituriyentlarning nazariy bilimlarni oʻzlashtirish darajasi bilan birga mantiqiy fikrlashi, masala va misollarni bajara olish qobiliyati va taʼlimning keyingi bosqichiga tayyorgarligini baholaydigan, kompetensiyaga asoslangan test topshiriqlari ishlab chiqilishi alohida taʼkidlandi.
2017-2018 oʻquv yilida qabul imtihonlarida abituriyentlarni toʻlov-kontrakt boʻyicha belgilangan kvotadan tashqari qoʻshimcha ravishda oʻqishga qabul qilish tartibi joriy qilindi[9]. Yaʼni, endilikda yetarli ball toʻplay olmay, talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar oshirilgan kontrakt-toʻlov summasini toʻlab oʻqish imkoniyatiga ega boʻldi. Shuningdek, 2017-yilga qadar uzoq yillar davomida qabul kvotalari faqatgina taʼlimning kunduzgi shakliga ajratilib kelingan edi. Bu esa tashkilot va muassasalarda mehnat faoliyatini olib borayotgan, oliy taʼlim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqish istagida boʻlganlarning oliy maʼlumot olish imkonini cheklar edi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 393-sonli qarori[10] bilan oliy taʼlim muassasalarining sirtqi taʼlim shakliga oʻqishga qabul qilish tartibi belgilandi.
2017-yilning oktyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga yoʻllagan tabrik soʻzida kelgusi yildan 16 ta universitet va institutda 12 ta yoʻnalish boʻyicha kechki va sirtqi boʻlimlar ochilishi maʼlum qilindi[15]. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-noyabrdagi 930-son qarori[11] bilan Oliy taʼlim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi. Keyingi yillarda talimning kechki va sirtqi shakllariga talab oshib borganligi bu qarorning toʻgʻri va oʻz vaqtida qabul qilinganligini koʻrsatadi.
2017-yilgacha boʻlgan davrda Oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari boʻlgan qizlarga[8], Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab qaytgan fuqarolarga[13], xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlov va musobaqalar gʻoliblariga (oʻz yoʻnalishi boʻyicha), shuningdek, sanʼat sohasida “Nihol” mukofoti sovrindorlariga (oʻz yoʻnalishi boʻyicha)[6] kirish imtihonlarida imtiyozlar berilib kelayotgan edi. 2017-yildan keyingi davrda bu turdagi imtiyozlarning koʻlami keskin oshdi va aniq tartiblari ishlab chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Davlat qabul komissiyasining 2022-yil 29-dekabrdagi 10-son majlis bayoni bilan “Davlat OTMlariga kirish uchun berilgan imtiyozlarning yagona REYESTRI” ishlab chiqildi va unda 41 ta imtiyoz turi oʻrin oldi. Ular quyidagicha toifalarga ajratilgan:
1.Imtihonsiz qoʻshimcha davlat granti asosida talabalikka tavsiya etish boʻyicha imtiyozlar (15 ta);
- Imtihonsiz bazaviy toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etish boʻyicha imtiyozlar (4 ta);
- Tegishli fan boʻyicha imtihondan ozod etilib, maʼlum miqdorda ball berish boʻyicha imtiyozlar (5 ta);
- Toʻplangan ballga nisbatan qoʻshimcha ball berish boʻyicha imtiyozlar (2 ta);
- Qoʻshimcha kvota doirasida tanlovda ishtirok etish boʻyicha imtiyozlar (12 ta);
- Qoʻshimcha imtiyozlar (3 ta).
2020-yil 23-sentyabrdagi yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim toʻgʻrisida OʻRQ-637-sonli qonunining[2:3-5] qabul qilinishi oliy taʼlimning umumiy tartiblarini, xususan, oliy taʼlimda taʼlim olish shakllarini belgilab berdi.
Keyingi yillarda oliy taʼlim tizimiga nodavlat va xususiy sektorning, shuningdek, koʻplab xorijiy oliy oʻquv yurtlari va filiallarining kirib kelishi ijobiy holat boʻldi. Bu bir jihatdan oliy taʼlimning qamrovini kengaytirdi, shuningdek, davlat va nodavlat taʼlim muassasalari oʻrtasida ijobiy maʼnodagi oʻzaro raqobatni taʼminladi, tizimda bozor qonunlari ishlay boshladi. Uning natijasi oliy taʼlim tizimi uchun juda muhim hisoblanadi, chunki har bir oliy oʻquv muassasasi sifatli kadrlar tayyorlash uchun kurasha boshladi.
Bularning barchasi oliy taʼlim tizimidagi islohotlar chuqur oʻylangan holda olib borilayotganidan va yaxshi natijalarga olib kelayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, bu tizimda yutuqlar bilan bir qatorda hali yechimini kutayotgan muammolar ham mavjudligini qayd etish lozim. Jumladan, yoshlarni taʼlim muassasalariga qabul qilish, taʼlim olish, talabalarni barcha yoʻnalishlarda qoʻllab-quvvatlash, ularning qoʻshimcha daromad topishi, yotoqxona bilan taʼminlanishi, ijara toʻlovlarini qoplab berish tizimini joriy etish kabi masalalar bunday muammolar jumlasiga kiradi.
-
“Xalq soʻzi” gazetasi. 2017-yil 17-noyabr. № 232.
-
“Xalq soʻzi” gazetasi. 2020-yil 24 sentbr. № 202.
-
Oʻzbekistonda taʼlimning rivojlanish tarixi va tarixshunosligi. Ocherklar. T.: 2017.
-
https://edu.uz/uz/news/view/5342
-
https://kun.uz/uz/97019597
-
https://lex.uz/docs/1039886
-
https://lex.uz/docs/1399382#-1399863
-
https://lex.uz/docs/213812
-
https://lex.uz/docs/-3244181
-
https://lex.uz/docs/3244181#4323354
-
https://lex.uz/docs/3420313
-
https://lex.uz/docs/-4334802
-
https://lex.uz/docs/-899316
-
https://lex.uz/ru/docs/-4545884