Imom Buxoriyning otasi alloma Ismoil katta tijoratchi boʻlib, oʻgʻliga koʻp mol-mulkni meros qilib qoldirgan. U oʻz kasbida oʻta parhezkor boʻlgan, har qanday shubhali narsalardan saqlangan.
Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy aytadi: “Men Muhammad ibn Xidoshdan, u Ahmad ibn Hafsdan eshitgan. Ahmad ibn Hafs bunday deydi: “Abu Abdullohning otasi Abu Hasanning oldiga oʻlim toʻshagida yotgan paytida kirdim. Shunda Abu Hasan: “Men mol-mulkim orasida biror dirham harom yo biror dirham shubhali narsa borligini bilmayman”, dedi”. Ahmad ibn Hafs bu gapni eshitganda: “Shunda oʻzimning amallarim koʻzimga arzimas boʻlib koʻrinib ketdi”, dedi.
Imom Buxoriy: “Soʻzlarning eng toʻgʻrisi kishining vafot etayotgan paytdagisidir”, dedi. Imom Buxoriyning otasi Ismoilning kunyasi Abu Hasan boʻlgan.
Abu Hafs Kabir Buxoriy oʻlaroq tanilgan Ahmad ibn Hafsning bu gapdan ajablanishi Ismoilning oʻta parhezkor va har qanday shubhali narsalardan saqlanishiga ishoradir. Imom Buxoriy otasidan juda koʻp mol-mulkni meros qilib olgan va ularni muzorabaga qoʻygan (Muzoraba – savdoning bir turi boʻlib, unda bir kishi sarmoya yotqizadi va ikkinchisi ishlaydi. Foydada ikkalasi sherik boʻladi), undan kelgan foydani oʻz ehtiyojlari uchun sarflagan va boshqalarga xayru ehson qilgan. Yaʼni, boylik topish haqida bosh qotirmasdan, bor imkoniyatini ilm olishga va hadis toʻplashga sarflagan. Otasi ham aslida xuddi shuni xohlagan va buning uchun koʻp mol-mulk qoldirib ketgan edi.
Imom Buxoriyning kotibi Abu Jaʼfar Varroq Buxoriy aytadi: “Isʼhoq ibn Ahmad ibn Xalaf Buxoriy bunday degan edi: “Men Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning: “Otam Imom Molikdan hadis tinglagan va Hammod ibn Zaydning Ibn Muborak bilan ikki qoʻllab koʻrishganini koʻrgan”, deganini eshitganman”.
Ibn Hajar Asqaloniy “Tagʻliqut taʼliq” asarida mana bu rivoyatni keltiradi: “Imom Buxoriy “Tarixul kabir” asarida otasi Ismoil ibn Ibrohim ibn Mugʻiyra Joʻfiyning tarjimayi holida: “U kishi Hammod ibn Zaydning Ibn Muborak bilan ikki qoʻllab koʻrishganini koʻrgan”, deb hikoya qilgan”. Imom Buxoriy Abdulloh ibn Salama Murodiyning tarjimayi holida aytadi: “Doʻstlarimizdan Yahyo va boshqa bir kishi menga otam Ismoil ibn Ibrohim haqida soʻzlab berdi. Otam: “Men Hammod ibn Zaydni koʻrdim. Ibn Muborak Makkaga kelganda, Hammod ibn Zayd Ibn Muborak bilan ikki qoʻllab koʻrishgandi. Oʻshanda Yahyo ibn Jaʼfar Poykandiy ham mening oldimda edi”, degan ekan”.
Imom Buxoriyning otasi faqatgina tijoratchi boʻlib qolmasdan, ilm bilan chuqur shugʻullangan va ancha yuqori darajaga koʻtarilgan. U Hammod ibn Zaydning Abdulloh ibn Muborak bilan ikki qoʻllab koʻrishganini koʻrgan va Imom Molikdan hadis rivoyat qilgan. Bu voqea Abdulloh ibn Muborak Makkaga Hammod ibn Zaydning oldiga borganda sodir boʻlgan.
Tadqiqotchilar shu maʼlumotga tayanib Ismoilning Hijozga borganini aytadi. Hijoz – Tabuk, Madina, Jidda, Makka va Toif kabi katta shaharlar joylashgan hudud. Ehtimol, bu haj safari boʻlgan boʻlishi mumkin. Uning davomida Madina shahriga borib, Imom Molikdan hadis tinglagan. Manbalarda uning Iroqqa ham safar qilgani aytiladi. Bunga Ibn Hibbonning “As-Siqot” kitobidagi: “Imom Buxoriyning otasi Ismoil ibn Ibrohim Hammod ibn Zayd va Molikdan hadis rivoyat qilgan. Undan iroqliklar hadis rivoyat qilgan”, degan soʻzlari dalolat boʻladi.
Ismoil Buxoriy oʻz davrining taniqli insonlaridan biri boʻlgan. Solih ibn Muborak va Abu Muoviyadan hadis rivoyat qilgan. Yahyo ibn Jaʼfar Poykandiy, Ahmad ibn Hafs, Nasr ibn Husayn va iroqlik bir qancha olimlar Ismoil ibn Ibrohim Buxoriyning shogirdi hisoblanadi.
Ibn Hajar Asqaloniy: “Imom Buxoriy otasi haqida uning solih kishilardan ekaniga dalolat boʻladigan maʼlumotlarni keltirgan”, degan.
Imom Buxoriyning otasi Ismoil ibn Ibrohim Buxoriy haqida bir rivoyat bor. Uni Imom Zahabiydan boshqa biror kishi keltirmagan. “Siyaru aʼlomin nubalo” asarida Abu Hafsning tarjimayi holida bunday deyiladi: “Shayx Muhammad ibn Abu Rajo Buxoriy aytadi: “Men Ahmad ibn Hafsdan eshitdim. U: “Tushimda Nabiy sollallohu alayhi vasallamni koʻrdim. Bir ayol u kishining oldilarida yigʻlab oʻtirardi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ayolga: “Sen yigʻlama. Men vafot etsam, yigʻlaysan”, dedilar. Tushimni taʼbir qilib beradigan biror kishini topolmadim. Imom Buxoriyning otasi Ismoil menga: “Albatta, sunnat hanuz mavjuddir”, deganidan soʻng tushimning maʼnosini anglab yetdim”, dedi”.
Bu Imom Buxoriyning otasi Ismoil faqih Ahmad ibn Hafsning doʻsti boʻlganini bildiradi. Shuning uchun Imom Buxoriy yoshligida uning oldiga borib turgan. Ehtimol, Imom Buxoriyning otasi oʻgʻlini ilmga qiziqtirish uchun uni oʻzi bilan birga hamroh qilib olgandir. Imom Buxoriyning otasi Ismoil u bolalik payti vafot etib ketgan. U tushlarni taʼbir qiladigan kishilardan edi. Faqih Ahmad ibn Hafs Buxoriy tushini taʼbir qilish uchun Imom Buxoriyning otasidan boshqa kishini topolmagan.
Ismoil Buxoriy tarixga eʼtiborli boʻlgan va oʻtmishdagi voqealarni qayd etib borgan. Ibn Asokir oʻzining “Damashq tarixi” asarida bunday yozadi: “Abu Hasan Muvahhid bizga Hannod Qozidan, u Muhammad ibn Ahmad Gʻunjordan, u Abu Nasr Muhammad ibn Said ibn Ahmad ibn Said Tojirdan, u Muhammad ibn Yusuf ibn Matordan, u esa Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriydan rivoyat qilgan: “Abu Amr Mustanir ibn Atiq menga bunday deb aytdi: “Men Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoildan: “Qachon tugʻilgansiz?” deb soʻradim. U otasining: “Muhammad ibn Ismoil 194/810-yil shavvol oyining oʻn uchinchi kuni Juma namozidan keyin tugʻildi”, degan qaydnomasini koʻrsatdi. U 256/870-yil Ramazon hayiti kechasi vafot etdi”.