Bismillahir Rohmanir Rohim.
Xalqimiz hayotida maʼnaviy poklik, mehr-oqibat, xayru saxovat fazilatlari sayqallanadigan muborak Ramazon oyining ahamiyati beqiyos. Yurtdoshlarimiz ushbu muborak oyni doim katta quvonch ila kutib oladi. Oila va mahallalarda oʻzaro mehr-oqibatni mustahkamlash, yosh avlodni bilim-maʼrifat sohiblari etib tarbiyalash, ehtiyojmand insonlarga yordam koʻrsatish kabi savobli amallarni ixlos bilan ado etishga intiladi.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 7 martdagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori xalqimiz uchun ezgulik, birdamlik, oliyjanoblik va shukronalik timsoli boʻlgan qutlugʻ Ramazon oyini yuqori saviyada oʻtkazish, diniy-maʼrifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga qaratilgan muhim chora-tadbirlarni belgilab bergani bilan xalqimiz ruhiyatini yanada koʻtarib yubordi.
Ushbu oyda xalqimizning mehr-muruvvat, oqibat va saxovat, oʻzgalarga koʻmak qoʻlini uzatish, yigʻilganni suyash kabi fazilatlari har doimgidan-da kengroq namoyon boʻladi. Bu Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy himoya siyosatiga gʻoyat hamohangdir.
Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda kechayotgan yangilanish va oʻzgarishlar jarayonlarida aholining barcha qatlami manfaatlarini soʻzda emas, amalda himoyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Kam taʼminlangan oilalar, nogironligi bor shaxslar, yetim bolalarga yordam koʻrsatish, ularni oʻqitish, kasb-hunarga oʻrgatish, ishga joylashtirish borasida ham aniq va manzilli choralar koʻrilyapti.
Prezidentimiz raisligida shu yil 20 fevral kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar keng muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari bu tizimni tubdan isloh qilish, ijtimoiy yordamning manzilliligi va natijadorligini taʼminlash zarurligini taʼkidladi. Yigʻilishda shu boradagi ustuvor vazifalar belgilandi. Avvalo, ijtimoiy xizmat va yordamni mahalla darajasida tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.
Oylarning sultoni sanalmish Ramazon oyida bunday ezgu amallar hajmi yanada kengayadi. Keksalar, bemorlar, boquvchisini yoʻqotgan insonlar, ota-ona mehridan bebahra qolganlar holidan xabar olish borasidagi ishlar qamrovi yanada ortadi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli insonparvarlik siyosatidan ruhlanib, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bu yilgi Ramazon oyini “Mehr-muruvvat va xayru saxovat oyi”ga aylantirish tashabbusini eʼlon qildi. Toki, qutlugʻ oyda har bir xonadon, har bir kishining qalbiga xursandchilik kirib borsin. Shunda maqsadlarimiz hosil boʻladi, Yaratgan bizdan rozi boʻladi, insha Alloh.
Aziz xalqimiz, ayniqsa, saxovatli doʻstu birodarlarimiz bu oyda imkon qadar xayriya ishlarini koʻpaytirsa, yurtimizda ehtiyojmand kishilar yanada kamayadi, har bir uyda shodlik, quvonch muhiti hukm suradi. Binobarin, insoniyatga ibrat boʻlgan Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu oyda boshqa oylarga qaraganda yanada saxiyroq boʻlar edilar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiysi edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida yanada saxiy boʻlib ketar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da uchqurroq edilar” (Muttafaqun alayh).
Shunday ekan, umid qilamizki, qoʻli ochiq, saxovatpesha insonlarimiz nogironligi boʻlganlar, yolgʻiz keksalar, boquvchisini yoʻqotgan fuqarolar hamda kam taʼminlangan oilalarga mehr-muruvvat ulashadi, bemorlarning holidan xabar olib, koʻngillarini koʻtarishda peshqadam boʻladi.
Jamiyatda mehr-shafqatga, rahmdillikka va xayru ehsonga muhtoj kishilar koʻp ekanini hisobga olsak, bu ezgu tashabbusning ahamiyati yana ham ortadi. Ramazoni sharifda ushbu toifadagi fuqarolar holidan xabar olib, ularning koʻngillariga ozgina boʻlsa ham, xursandlik ulashadigan boʻlsak, Alloh taolo bu muborak kunlardagi ajrlarini ziyodasi bilan beradi. Zero, Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “U oyda kim biror-bir nafl amal qilsa, boshqa oyda farz amalni ado qilgan bilan teng boʻladi. Kimda-kim bu oyda birorta farz amalni ado etsa, boshqa oyda yetmishta farz amalni ado qilgan bilan teng boʻladi”, deya marhamat qilganlar.
Islom insonlar oʻrtasida mehr-oqibat, saxiylik, muhtoj kishiga yordam qoʻlini choʻzish kabi goʻzal xislatlarni keng targʻib etadi. Inson nafaqat oʻzi haqida oʻylashi, balki oʻzgalar dardi bilan ham hamnafas boʻlib yashashi kerak. Alloh taolo chin moʻmin-musulmonlarni Qurʼoni karimda shunday taʼriflagan: “Moʻminlar va moʻminalar bir-birlariga doʻstdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar…” (Tavba surasi, 71-oyat).
Bu borada Nabiy sollallohu alayhi vasallam oʻz ummatlarini sifatlab shunday deganlar: “Moʻmin moʻminga nisbatan bir-birini mustahkam tarzda ushlab turgan bino singaridir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Jamiyatda yashar ekanmiz, yon-atrofimizdagi ayrim kishilarning taqdir taqozosi bilan boshiga musibat tushganiga, ogʻir dardga uchraganiga, imkoniyati cheklanib, yordamga muhtoj boʻlganiga va boshqa qiyinchiliklarga duch kelganiga guvoh boʻlamiz. Bunday holatdagi insonlar dardiga quloq tutish va imkon darajasida ularga koʻmak berish moʻminlik vazifamizdir.
Islomda kambagʻallikni tugatishga, avvalo, bunday toifadagi kishilarni mehnat qilishga undash, biror kasb-hunar bilan shugʻullanishga targʻib etish bilan erishiladi. Chunki mehnat qilish bu asosiy vazifa hisoblanadi. Biroq jamiyatda mehnatga yaramaydigan yoki munosib ish topa olmayotgan yoxud ishi boru, undan oladigan daromadi ehtiyojini qoplashga yetmaydigan ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga nisbatan ham dinimizda oʻziga xos tarzda rahnamolik qilish aytilgan. Masalan, zakot, yaqin qarindoshlarga berilishi vojib boʻlgan nafaqa, nafl sadaqa, xayriya, vaqf mulki, nazrlar, kafforatlar, qoʻshnilar haqqi, mehmondorchilik haqqi, yetimlarga gʻamxoʻrlik qilish, shuningdek, davlat tomonidan ijtimoiy taʼminot uchun ajratiladigan mablagʻlar shu ishga yoʻnaltiriladi.
Muhtoj insonlarga yordam berish juda katta savobli amal boʻlib, dinimiz unga targʻib qiladi. Bu borada Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qiladilar: “Bir birodarimning hojatini (ravo qilib) yurishim men uchun mana bu masjidda (Masjidi Nabaviyda) bir oy eʼtikof oʻtirishdan yaxshiroqdir. Kim birodarining hojatini ravo qilib bergunigacha u bilan birga yursa, Alloh uni qadamlar toyiladigan kunda qadamini sobit qiladi” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Dinimiz boquvchisini yoʻqotgan, nogironligi bor, ijtimoiy koʻmakka muhtoj boʻlgan insonlar bilan muomala qilishda quyidagi uch asosga chaqiradi: ularning hurmatini saqlash; haq-huquqlariga rioya qilish; jamiyatdagi odamlar orasida tenglik oʻrnatish. Mana shu uchta tamoyil ham bugungi kunda yurtimizda keng quloch yozmoqda.
Mehr-muruvvat, hamjihatlik, bagʻrikenglik, saxiylik xalqimiz ardoqlagan, asrlar osha amal qilib kelayotgan goʻzal fazilatlardir. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Alloh yoʻlida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli goʻyo bir donga oʻxshaydiki, u har bir boshogʻida yuztadan doni boʻlgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada koʻpaytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir” (Baqara, 261). Boshqa oyati karimada: “Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordiyu, kambagʻallarga pinhona bersangiz — oʻzingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan oʻtar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir” (Baqara, 271).
Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimki bir musulmonning dunyo qaygʻularidan birini ketkazsa, Alloh uning qiyomat kunidagi qaygʻularidan birini ketkazadi. Kimki dunyoda bir qiynalgan birodarining ogʻirini yengil qilsa, Alloh taolo uning qiyomatdagi ogʻirini yengil qiladi. Bir banda boshqa bandaga yordam qilsa, Alloh taolo unga ham yordam koʻrsatadi”, deganlar.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjid imom-xatiblari homiylarni jalb etgan holda kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalarga, Mehribonlik, Saxovat, Muruvvat uylariga, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylariga moddiy yordamlar koʻrsatish ishlarini boshlab yubordi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, hududlardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamkorligida aholining kam taʼminlangan qatlami, xususan, nogironligi bor shaxslar uylarida iftorlik dasturxoni yozib, koʻngillarini koʻtarishga harakat qilinadi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim roʻzador kishiga iftorlik qilib bersa, u kishiga ham roʻza tutganning ajridek savob beriladi. Bu bilan roʻzadorning ajridan hech bir narsa kam boʻlmas”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati). Oʻz navbatida, joylarda aholi tomonidan oʻtkaziladigan iftorliklarni isrofsiz ixcham oʻtkazib, zarur oziq-ovqat mahsulotlarini muhtoj oilalarga ulashish orqali koʻplab xonadonlarga quvonchu shodlik olib kirish katta savobli ish ekani keng targʻib qilinadi.
Ijtimoiy koʻmakka muhtoj boʻlgan kishilarga moddiy yordam koʻrsatish bilan birga maʼnaviy koʻmak berish, ularni imkoniyati doirasida biror kasbga yoʻnaltirish ham ulkan savob. Bu borada Muhammad sollallohu alayhi vasallamning imkoniyati cheklangan sahobalarga qilgan tadbirlari va oʻtgan azizlarning hayotlari bizga oʻrnak va namuna. U zot Abdulloh ibn Ummu Maktum roziyallohu anhuni koʻzi ojiz boʻlishiga qaramay muazzinlik vazifasiga qoʻyganlar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabalni oqsoq boʻlishiga qaramay, Yamanga qozi va hokim qilib yubordilar. Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu jismoniy imkoniyatlari biroz cheklangan boʻlsa-da, asri saodatdayoq Qurʼon va fiqhda ustoz boʻlgan.
Mashhur sahoba Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu ham oqsoq edi. Shunga qaramay tijorat bilan shugʻullanib, juda katta boylikka ega boʻlgan. U zot barcha boyligini yordamga muhtoj insonlarga infoq-ehson qilgan. U zot topgan mol-davlatini xayrli va ezgu ishlarga sarf etib, islom tarixida oʻchmas iz qoldirgan.
Katta tobeinlardan Muhammad ibn Sirin rahmatullohi alayh kar boʻlgan. Buni koʻpchilik bilmaydi. Bu zot ham ilm va taqvoda oʻz davrining yetuk ulamolaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, ibn Sirin hazratlari zamonasining eng katta tijoratchilaridan biri boʻlgan.
Shuni ham aytib oʻtish joizki, islomdagi ijtimoiy himoya faqat moddiyat bilan cheklanib qolmaydi, balki ijtimoiy va ruhiy qoʻllab-quvvatlash bilan ham oʻziga xosdir. Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Birodaringning yuziga tabassum bilan boqishing ham sadaqa, yaxshilikka buyurishing ham sadaqa, yomonlikdan qaytarishing ham sadaqa, yoʻldan adashgan kishini toʻgʻri yoʻlga solib yuborishing ham sadaqa, koʻzi ojiz kishiga yordam berishing ham sadaqa, yoʻlning yuzida yotgan toshni, tikanni, suyakni chetga olib qoʻyishing ham sadaqa, chelagingdagi suvdan birodaringning chelagiga quyib berishing ham sadaqadir” (Imom Termiziy rivoyati).
Ramazon oyida qilingan sadaqa eng yaxshi sadaqadir. Shuning uchun ham kam taʼminlangan oilalarga Ramazon quvonchi va sururini olib kirish har birimiz uchun ham qarz, ham farzdir.
Alloh taolo ushbu oyni barchamizga muborak qilsin va ulugʻ savoblardan barchamizni bahramand aylasin!