Home / MAQOLALAR / “SHAMOILI BUXORIY”DA IMOM DORIMIY HAQIDA QANDAY MAʼLUMOTLAR KELTIRILGAN?

“SHAMOILI BUXORIY”DA IMOM DORIMIY HAQIDA QANDAY MAʼLUMOTLAR KELTIRILGAN?

Imom Dorimiy nomi bilan mashhur Hofiz Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdusamad Dorimiy Samarqandiy yurtimizdan chiqqan ilk yirik muhaddislardandir. Alloma toʻqqiz sahih hadis toʻplami sirasiga kiradigan “Musnad” asarini taʼlif etgan. Ulamolar bu toʻplamni “Sunani Dorimiy” deb nomlagan.

Imom Dorimiy 181/797 yili Samarqand shahrida dunyoga kelgan. Yoshligidayoq Qurʼoni karimni toʻliq yod olgan, movarounnahrlik muhaddislardan hadis oʻrgangan. U ilm talabida islom olamining barcha yirik ilmiy markazlarini aylanib chiqqan. Jumladan, Bagʻdod, Shom, Hijoz va Misrdagi ulamolardan hadis tinglagan.

Imom Dorimiy haqida unga zamondosh boʻlgan ulamolar koʻplab ijobiy fikrlar bildirgan. Xususan, Isʼhoq ibn Dovud Samarqandiy bunday degan: “Shoshlik bir doʻstim kelib: “Ahmad ibn Hanbalning oldiga bordim va unga Ibn Munzirni tavsiflab, maqtay boshladim. Shunda Ahmad ibn Hanbal: “Uni tanimayman. Darhaqiqat, oldimizda birodarimizning gapi choʻzilib ketdi. Sen Abdulloh ibn Abdurahmonni tanimasang, nima qilib yuribsan? Oʻsha kishining etagini mahkam tutgin”, dedi. Soʻng bu gapini uch marta takrorladi”. Bu Ahmad ibn Hanbalning Imom Dorimiyga hurmati qanchalar katta boʻlganini bildiradi. Imom Dorimiy siqa (ishonchli) sanagan roviylarni Imom Ahmad ham siqa (ishonchli) hisoblagan.

Abdusamad ibn Sulaymon Balxiy bunday degan: “Ahmad ibn Hanbaldan Yahyo Hammoniy haqida soʻradim. Shunda u: “Abdulloh ibn Abdurahmonning u haqdagi gapi uchun uni tark qildik. Chunki u (Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy) imomdir”, dedi”.

Imom Dorimiy faqat Samarqandda emas, balki butun islom olamida hadis ilmi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan olim sifatida katta shuhrat qozongan. Muhaddis oʻzidan keyin Muslim ibn Hajjoj va Abu Iso Termiziy kabi hadis ilmida peshqadam boʻlgan shogirdlarni qoldirgan. Abd ibn Humayd Keshiy: “Dunyoda Abdulloh ibn Abdurahmon kabi kishi yoʻqdir”, degan.

Oʻsha davrda ulamo va muhaddislar Imom Dorimiydan hadis tinglash uchun Samarqandga kelgan. Chunki oʻsha davrda Samarqandda hadis ilmi rivojlangan va koʻplab muhaddislar ilmiy faoliyat olib borgan.

Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriyning “Shamoili Buxoriy” risolasida Imom Buxoriy bilan birga Imom Dorimiy haqida ham baʼzi qiziqarli maʼlumotlar keltirilgan. Unda Imom Buxoriy va Imom Dorimiy oʻrtasidagi doʻstona munosabatlari, ularning bir-biriga hurmat-ehtiromi va birgalikdagi ilmiy faoliyati haqida muayyan tasavvurga ega boʻlamiz.

Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy aytadi: “Ali ibn Hujrning bunday deganini eshitdim: “Xuroson uch buyuk insonni yetishtirib chiqardi. Ular: Abu Zurʼa, Muhammad ibn Ismoil va Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiydir. Mening nazdimda ularning ziyrakrogʻi, ilmlirogʻi va faqihrogʻi Muhammaddir”.

Imom Dorimiyning ustozi Muhammad ibn Bashshor bunday deydi: “Dunyoning hofizlari toʻrttadir: Rayda Abu Zurʼa, Nishopurda Muslim ibn Hajjoj, Samarqandda Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy va Buxoroda Muhammad ibn Ismoil Buxoriy”. Bu eʼtirofga koʻra dunyo hofizlarining yarmini Movarounnahrdan yetishib chiqqan.

Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy aytadi: “Solih ibn Yunus menga bunday hikoya qilib berdi: “Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiydan Solim ibn Abu Hafsaning hadisi haqida soʻrashdi. Imom Dorimiy: “Biz Muhammad ibn Ismoil bilan birga hadis yozgan edik. Shunda Muhammad ibn Ismoil: “Solim zaifdir”, degan edi”, dedi. “Oʻzingiz nima deysiz?» deyilgan edi, u: “Muhammad mendan koʻra biluvchiroq emasmi?» dedi”. Ushbu maʼlumotga koʻra, Imom Dorimiy va Imom Buxoriy birgalikda bir ustozdan hadis yozib olgan. Yaʼni, qanchadir muddat davomida ikkalasi birgalikda bir joyda taʼlim olgan.

Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy aytadi: “Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiydan Muhammad ibn Kaʼbning “Yolgʻonchi faqat oʻzini oʻzi haqoratlagani uchun yolgʻon gapiradi” degan hadisi haqida soʻradi. U: “Muhammad bu hadisni sahih hisoblagan. U mendan koʻra olimroq. Chunki, uning tashvishi faqat hadisdir”, dedi. Keyin: “Muhammad Allohning yaratgan bandalari ichra eng ziyragidir. U Allohning Kitobida va Paygʻambari sollallohu alayhi vasallamning tilida buyurilgan va qaytarilgan narsalarni teran anglaydi. Muhammad ibn Ismoil Qurʼon qiroat qilsa, uning qalbi, koʻzi va qulogʻi ham shu bilan mashgʻul boʻladi. Goʻyo Qurʼon hikoyatlari koʻzi oldida gavdalanadi, halol va harom narsalar yana ham aniq namoyon boʻladi”, dedi”. Demak, Imom Dorimiy Imom Buxoriyning Qurʼon qiroat qilganini va bu amalni oʻta chuqur ixlos bilan ado etganini koʻrgan, buni alohida eʼtirof etib, boshqalarga ham bildirib qoʻygan.

Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy bunday deydi: “Sulaymon ibn Mujolid menga: “Abdulloh ibn Abdurahmon Samarqandiydan Muhammad haqida soʻradim. U: “Bizning olimrogʻimiz, faqihrogʻimiz, ilmga tirishqoqrogʻimiz Muhammad ibn Ismoil boʻladi”, dedi”, deb maktub yozdi”. Demak, Imom Dorimiy Imom Buxoriyning ilmi va fiqh bobidagi mohirligini eʼtirof etib, boshqalarga maqtagan.

Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy aytadi: “Abu Said Muaddibdan eshitdim. U: “Men Abdulloh ibn Abdurahmondan eshitganman”, dedi. Abdulloh ibn Abdurahmon: “Muhammadning hadis oʻrganishi bizning oʻrganishimizga oʻxshamasdi. U biror kishining hadisini muhokama qilsa, uning shaxsiyatini ham toʻliq oʻrganib chiqardi”, dedi”. Bu yerda Imom Dorimiy Imom Buxoriyning hadis ilmida mohir ekanini eʼtirof etayapti.

Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy bunday yozadi: “Abdulloh ibn Abdurahmonning kotibi Isʼhoq menga bunday hikoya qilgan edi: “Abdulloh mendan Muhammad ibn Ismoilning “Adabul mufrad” kitobi haqida soʻradi. “Mutolaa qilishim uchun kitobni menga keltirib bergin”, dedi. U mendan kitobni olib, uch oycha oʻqidi. Undan kitobni qaytarib olayotib: “Biror ortiqcha gap yoki zaif hadisga koʻzingiz tushdimi?» dedim. U: “Ibn Ismoil odamlarga faqat sahih hadis aytadi. Muhammadning hadislari inkor qilinmaydi”, dedi”. Demak, Imom Dorimiy Imom Buxoriyning “Adabul mufrad” kitobini olib oʻqigan va undagi hadislarning sahihligini eʼtirof etgan.

Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy aytadi: “Abu Isʼhoq Marvaziydan eshitdim. U: “Men Ali ibn Hujrning oldiga Abdulloh ibn Abdurahmon u bilan vaʼdalashgan soatda kirdim. Shunda Ali ibn Hujrning: “Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiyning odobi va Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning ilmi haqida xohlaganingizcha gapiravering”, deganini eshitdim”, dedi”. Bu yerda Ali ibn Hujr Imom Dorimiyning odobi va Imom Buxoriyning ilmini eʼtirof etayapti.

Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy bunday deydi: “Muhammad ibn Laysdan eshitdim. Uning oldida Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy va Muhammad ibn Ismoil Buxoriy tilga olindi. Jamoadagi baʼzilar Abdullohni Muhammaddan ustun qoʻydi. Muhammad ibn Lays: “Agar Abdullohni ustun qoʻysangiz, uni faqat sheʼriyat va arab tili bobida shunday qiling. Ilmda uni Muhammaddan ustun qoʻymang”, dedi”. Ushbu maʼlumotdan Imom Dorimiyning sheʼriyat va arab tilida mohir boʻlganini bilib olamiz.

Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy aytadi: “Hoshid ibn Ismoildan eshitganman. U bunday deb aytardi: “Abdulloh ibn Abdurahmon oʻzi tekshirishga qiynalgan baʼzi hadislarni boshqalarga bildirmay menga berar va ularni Muhammad ibn Ismoil Buxoriyga taqdim qilishimni, istardi. Faqat unga bildirmasligimni soʻrardi. Muhammad ibn Ismoilga har safar taqdim etganimda, u: “Oʻsha kelgan joyidanmi?» derdi”. Ushbu maʼlumotga qaraydigan boʻlsak, ikki buyuk muhaddis turli shaharlarda birgalikda taʼlim olgan, ilmiy faoliyat olib borgan va bir-biri bilan fikr almashgan.

Imom Dorimiy hijriy 255 yili zulhijja oyining sakkizinchi (milodiy 869 yil 16 noyabr) kuni vafot etgan va arafa kuniga toʻgʻri kelgan juma kuni dafn qilingan. Imom Buxoriy ustoz Dorimiyning vafoti haqida eshitganida, koʻzidan yosh toʻkib, ilm ahli katta judolikka uchraganini aytgan.

Ushbu risolada keltirilgan maʼlumotlardan qoʻyidagilarni xulosa qilishimiz mumkin:

* Imom Dorimiy va Imom Buxoriy bir necha shaharda birgalikda taʼlim olgan va ilmiy faoliyat yuritgan.

* Imom Buxoriy Samarqandga kelganida, shahardagi toʻrt yuz muhaddis yetti kun davomida uni imtihon qilgan. Demak, oʻsha davrda bu shaharda buyuk muhaddis bilan tenglashish salohiyatiga ega boʻlgan yoki tenglashishga harakat qilgan toʻrt yuz muhaddis istiqomat qilgan. Mana shunday muhaddislarning yetishib chiqishida Imom Dorimiyning xizmati katta boʻlgan.

* Imom Buxoriyning Imom Dorimiyga hurmati nihoyatda yuqorida boʻlgan. Imom Buxoriy “Sahihul Buxoriy”dan boshqa asarlarida Imom Dorimiydan hadis rivoyat qilgan.

* Imom Dorimiy ham Imom Buxoriyni qattiq hurmat qilgan. Uning ilmi va ziyrakligini alohida eʼtirof etib, koʻp maqtagan. Shu bilan birga, Imom Dorimiy oʻzi yozgan hadislarni Imom Buxoriyga tekshirtirib olgan.

* Imom Dorimiy Samarqandda hadis ilmining rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan va hadislarni orasiga yolgʻon maʼlumotlar kirib qolishidan himoya qilgan.

* Oʻsha davrda Samarqand dunyoning ilm-fan rivojlangan shaharlaridan biri boʻlgan. Bu shahardan koʻplab zabardast ulamo va muhaddislar yetishib chiqqan.

* Imom Dorimiyning “Sunani Dorimiy” asari toʻqqiz sahih hadis toʻplami sirasiga kirgan.

* Imom Dorimiy oʻzidan keyin Muslim ibn Hajjoj va Abu Iso Termiziy kabi hadis ilmida peshqadam boʻlgan shogirdlar qoldirgan.

* Imom Dorimiy Samarqandda yashab ilmiy faoliyat olib borgani uchun u yerga dunyoning turli oʻlkalaridan ulamo va muhaddislar hadis oʻrganish uchun kelgan.

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …